Mafiya sardori (85-qism)

0

Bo'ron chidolmadi. Darrov uyga kirib ketdi. Farangiz borib qizlarning kenjasini ko'tardi. Shu mahal homiladorligi esiga tushdi. Qulog'ining ostida do'xtirning gaplari jarangladi: “Og'ir ko'tarish mumkin emas”. U qizni sekin yerga tushirdi-da:

— Endi uyga kiramiz, — dedi.

Ammo Farangizning uyiga kirish Ra'noga nasib etmadi. Darvoza dang'illab, sochlari to'zg'igan, ko'zlari olaygan G'aybullo kirib keldi. Uning ortidan ikkita formali kishiyam kirdi.

— Ana! — baqirdi G'aybullo. — Mening bolalarim!

Ra'noning eti muzlab ketdi. Birdan u qaltiray boshladi. Farangiz ham garchi avvaliga qo'rqib ketgan esa-da, keyin darrov o'zini o'ngladi. Shu bilan birga achchig'i chiqdi. Bu muttaham kim bo'libdiki, uning uyiga bostirib kirsa?

— Haromilar! Marazlar! Bolalarimni o'g'irlab chet elga sotmoqchi bo'ldinglarmi?! Men senlarga ko'rsatib qo'yaman! Ha, hammangni turmaga tiqtiraman! — deya baqirishda davom etdi G'aybullo.

Bo'ron uy kiyimlarini endigina kiyayotgan edi. U ham baqiriqdan cho'chib tushdi va pala-partish kiyinib tash-qariga yugurdi va singlisining tepasiga kelib o'dag'aylab turgan kuyoviga ko'zi tushdi.

— Nima gap?! — dedi baland ovozda.

— Ana, bosh o'g'ri! — dedi G'aybullo o'zi bilan birga kelgan militsionerlarga. — Hammasi o'shaning ishi!

Bo'ron pinak buzmadi. Bir-bir bosib, zinadan tushdi. Militsionerlardan biri unga darrov salom berdi. Ular tanish edilar. Bo'ronning tadbirkorligi, boshqalarning oldida yaxshigina obro'si borligini bilgan Zufar ismli yigit shunday odamning bunaqangi ishga qo'l urishi mumkinmasligini darrov anglab yetdi. Kasalxonadan Ra'noni olgan Bo'ronni mashinasiga o'tirayotganida tanimaganliklari bois, orqasidan tushgan va shu yergacha yetib kelishgandi.

Bo'ron ham uni darrov tanidi. Ikkalasi qo'l berib ko'rishishdi.

— Ha-a-a! — deb baqirib yubordi birdan G'aybullo. — Sizlar darrov tanish-bilishchilikka o'tib oldinglarmi?! Men toza odam deb, g'irt poraxo'rni boshlab keldimmi hali?!

Uning odamning asabini qo'zg'aydigan ingichka ovozi militsionerning peshonasini tirishtirdi. U hali so'zlashga ulgurmasidan G'aybullo yonidan pichoq chiqardi-da, birdan Ra'noning bo'ynidan quchoqlab pichoqni ayolning ko'ksiga tiradi.

* * *

Vitya Timofeevich rost gapirayotgandi. Bir safar u yoshligidan birga o'sib, bir sinfda o'qigan, ikkovi bitta qizga oshiq bo'lib, so'ng huquqshunoslik institutida ham birga tahsil olgan Narimon ismli o'rtog'ini Roman Fyodorovichning ko'z o'ngida so'yib tashlagan. Arzimagan narsa uchun. “Nega uyimga bording?” — deb so'ragandi Vitya Timofeevich o'rtog'idan. “Seni qidirgandim. To'g'rirog'i, uyingning oldidan o'tib ketayotgandim, birrovga kirdim”, — deb javob qilgandi Narimon. “Birrovga kirib, ikki soatdan so'ng chiqib ketgansan. To'g'rimi?” Narimon boshqa gapirishga ulgurmagandi o'shanda. Vitya Timofeevich shartta shamshirini qinidan sug'urib uning bo'ynini uzib tashladi. Roman Fyodorovich shu paytgacha undan nega bunday qilganini so'ramagan. Qo'rqqan. Tergashim yoqmay, meni ham burdalab tashlamasin, deb o'ylagan. Hozir ham do'stining xatti-harakatiga mutlaqo tushunmayapti. Qizi ichib, mast bo'libdi. Shuning uchun uni mayib qilish kerakmi? Buning ustiga, kelgindilar g'o'dayib turishgan bo'lsa… Umuman, Vityaning ular bilan nima ishi bor?..

Roman Fyodorovich o'yini oxiriga yetkazmasdan, Vitya Timofeevich shamshirini havoga ko'tardi. Endi birgina harakat qoldi. Qilichni tashlab yuborsa, tamom, bankirning boshi pol ustida koptokday dumalaydi.

Kallakesar bankirning boshini uzib tashlamadi. Kutilmaganda shamshirni Shohruhning bo'yniga yaqinlashtirdi. Uning bu qilig'iga Yulduz chidab turolmadi. Vitya Timofeevichning ko'kragiga shunaqangi qattiq tepdiki, qotil gursillab yiqildi. Roman Fyodorovich bilan Shohruh birdan o'rnidan turib ketdi. Bankir jon holatda “do'st”ining yoniga borib, turishiga ko'-maklasha boshladi.

— Boplading, — dedi Vitya Timofeevich bankirni nari surib, ko'ksini uqa-larkan. — Bo'l-di, imtihondan o'tdinglar!

U shamshirni qiniga tiqib qo'ydi. Boshqatdan Shohruh bilan Yulduzning qo'llarini siqib ko'rishdi.

— Odamning yuragini yording, — dedi Roman Fyodorovich, — bu palakat haqiqatan ham meni o'ldiradimi, degan xayolga borgandim.

— O'ziyam ishtoningni ho'llab qo'yding-ov, — deb kuldi Vitya Timofeevich.

— Sendan hamma narsani kutsa bo'ladi. Do'sting Narimonni ayamaganda, menga shafqat qilarmiding?

— U qilgan ishni sen ham qilganingda, kallangni uzib tashlagan bo'lardim. Lekin ikki qizning janjallashib qolgani uchun yoqa yirtayotganing nihoyatda ahmoqligingdan dalolat berib turibdi, — dedi Vitya Timofeevich stolga o'tirarkan.

— Agar Yulya boshqa qizlarga o'xshaganida, “g'ing” demasdim. Lekin buning nimalarga qodirligini o'zing ko'rding, — dedi Roman Fyodorovich Yulduzga ko'z qiri bilan qarab.

— Yetarli, — dedi Vitya Timofeevich, — qizing tuzaladi. Keyin ikkisi bir-biridan kechirim so'raydi, shu bilan olam guliston. Darvoqe, biz mehmonmiz. Mehmonga, hech qursa, aroq qo'yishadi, — deb u Shohruhga qaradi.

Yulduz o'rnidan turib, aroq keltirib stol ustiga qo'ydi, lekin erkaklar bilan o'tirishga asabi chidamay, chiqib ketdi.

Vitya Timofeevichga xuddi shu kerak edi. Ikki qadahdan aroq ichishgach, sekin gap boshladi.

— Seni biz Moskvaga jo'natmoqchimiz. Darvoqe, men senga o'zimni tanishtirmadim. Manavi odam bilan eskidan qadrdonmiz, — dedi u bankirni ko'rsatib. — Ko'p ishlarni birga qilganmiz. Mening oldimdagi qarzi ancha oshib qolgan, — shunday deb u bankirga ko'z qisib qo'ydi. Ochiq-oshkor. Xuddi “Esingdan chiqarib qo'ymadingmi?” degandek. — Xullas, do'stim, seni katta davraga olib chiqishga qaror qildik. To'g'rirog'i, bir necha daqiqa muqaddam men shunday qarorga keldim. O'zingni tutishing, gapirishing shunga undadi. Qolaversa, qaylig'ing ham chaqqongina ekan. Qisqasi, Moskvaga borib kerakli odamlarga uchrashasan. U yerdan Gollandiyaga o'tasan. Chunki o'sha davlatda geroin iste'mol qilishga ruxsat berilgan. Demak, bizga keng yo'l ochilgan. Har hafta AQShdan kelayotgan “dori”ning yo'lini to'sishimiz kerak. Ular o'ta makkor odamlar. Geroinni o'zlari yetishtirmaydi, lekin afg'on bilan Kolumbiya “mol”ining oldi-sotdisi o'shalarning qo'lida. Gollandiyada ana shunday qonun paydo bo'lishigayam okean ortidagi “semizlar”ning qo'li bor, albatta. Biz ko'pikkamas, balki, ko'pik ostidagi suvga e'tibor berishimiz zarur.

— Gapni chalkashtirmay dangaliga o'ting, — dedi Shohruh Vitya Timofeevichning “ma'ruza”sini oxirigacha eshitishga sabri yetmay.

— Kalta o'ylarkansan, do'stim.

— Vazifamni ayting.

— Kerakli “dori-darmon”ni qo'riqlash.

— Men askar emasman.

— General bo'lish uchun ko'p qurbon berishing zarur.

— Yetarlicha qurbonlik bo'ldi.

— Oz!.. Qo'shilmasliging ham mumkin. Lekin unda ketmonchiligingcha qolaverasan, mayda-chuydalar bilan mushtlashib. Yana bir gap: bu yerda bir kun ham yashamaysan! Ochiq aytayotganimga xafa bo'lma. Ammo majburman shunga. Yetmish-sakson yoshgacha yashash yo'lini topsang, albatta, dunyodagi eng baxtli odamga aylanasan. Balki bugun, hozir eng oxirgi kuningni yashayotgandirsan. Bunisiga ham kafolat yo'q. Men seni qo'rqitayotganim yo'q, ochig'ini, achchiq haqiqatni aytayapman. Shuningdek, qanday ko'rsatma bersak, bo'yin tovlashing ham mumkin emas. Shu paytgacha sen piyodalar bilan ishlab kelding. Bu yog'iga to'raga aylanding. Ehtimol, vaqti kelib shoh ham bo'larsan. Bunisi ehtimolning shimolida joylashgan. Gaplarimni ikki qulog'ingga ham quyib olgandirsan! — dedi Vitya Timofeevich Shohruhga o'tkir nigohini qadab.

— Siz bir narsani esingizdan chiqarib qo'ydingiz, janob. Odamning aytgani, o'ylagani yigirma foizgacha amalga oshsayam katta gap. Shuning uchun folbinlik qilmaylik-da, siz aytganingizday, nafas olib turaylik.

Shu kungacha birorta odam Vitya Timofeevichning gaplariga qarshi bormagandi. Hatto manavi puldor, dunyoning istalgan joyidan panoh topishi mumkin bo'lgan Roman Fyodorovich ham. “Ammo qayoqdagi mishiqi menga tik qaradi, keskin gapirdi, — o'yladi Vitya Timofeevich. — Demakki, bundan kelajakda juda ko'p foydalansa bo'ladi. Xuddi Nikolay poshsho singari. Uning aql-zakovati butun Osiyoni egallashga yetdi. Siyosat bilan shuncha yerga ega chiqdi. Keyingilar… Ular eslashga-da arzimaydi. Hammasi bemaza urug'dan bo'lgan. Shuning uchun ham rasvo qilishdi davlatni. Men esa, makkorman. Manaman degan milliarderlar ham hisoblashishga majbur. Shunday qilmasa, ishlari bitmaydi ularning. Juda qisqa muddatda hammasini gadoyvachchaga aylantirib qo'yaman”.

— Gapingda jon bor, yigitcha. Rost so'zlaganing uchun ham kechiraman. Biroq boshqa bunaqangi gaplarni aytma. Har qanday rost so'z ham, mavridsiz aytilganda, aksini berishi mumkin. Bo'ldi, ortiqcha maynavozchilikni yig'ishtiraylik. Tonggi reys bilan Moskvaga uchasan. Qaylig'ing shu yerda qoladi. Garov sifatida.

Shohruh hech nima demadi. Qadahni to'ldirib bir ko'tarishda ichdi.

— Siz gapirayapsiz-u, men yuz gramm ichishga ulgurarmikanman, deb o'ylayapman, — dedi u Vitya Timofeevichga qarab. — Odam g'alati bo'p ketarkan, to'g'rimi?

— Nafaqat g'alati bo'ladi, boshqa ahvolga tushishiyam hech gap emas, — dedi Roman Fyodorovich gapga aralashib.

— Menga hech narsa va'da qilinmasdan xo'jayinlik qilinayotgan ekan, bir narsani so'rashimga to'g'ri keladi, — dedi Shohruh o'ziga tegishli qadahni qo'liga olarkan.

Vitya Timofeevich unga o'qrayib qarab qo'ydi. So'ng xayolini tiniqlashtiradigan suyuqlikni yutdi. Sigareta tutatdi. Tutunni miriqib ichiga yutdi. Keyin:

— So'ra, — deya amr qildi.

— Bir oy muhlat berasiz. Qiladigan ishlarim bor. Qolaversa, hali bunaqangi ishga tayyor emasman. Aslida juda yaxshi taklif. Har qanday odam bunga jon-jon deb rozi bo'ladi. Men uning mas'uliyatini juda yaxshi his qilib turibman, shuning uchun vaqt kerak.

— Aqlli odamning gapi. Hovliqmalik qilmaganing uchun seni mukofotlasa bo'ladi. Ishimiz pishdi. Men ertaga tushga yaqin uchib ketaman. Sening chiptangni esa, bekor qilamiz, — dedi Vitya Timofeevich, so'ng bankirga yuzlandi, — do'stim, bir maishat qilaylik. Hammomi, restorani, raqqosalari bor-u… O'sha yerda… Qani, endi bitta-bitta olaylik.

Shohruh ular bilan birga ketmadi. Rosa charchaganini bahona qilib, uyida qoldi. Uning boshi tinimsiz g'uvillar, fikrini bir joyga jamlashga qiynalardi. Nimalar bo'layotgani, nega va'da berib yuborganini sira tushunolmasdi.

Nuriddin ISMOILOV

(Asarning keyingi qismlarini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi qismlarni o'qish uchun quyidagi havolalarni bosing:

Mafiya sardori (1-qism)

Mafiya sardori (2-qism)

Mafiya sardori (3-qism)

Mafiya sardori (4-qism)

Mafiya sardori (5-qism)

Mafiya sardori (6-qism)

Mafiya sardori (7-qism)

Mafiya sardori (8-qism)

Mafiya sardori (9-qism)

Mafiya sardori (10-qism)

Mafiya sardori (11-qism)

Mafiya sardori (12-qism)

Mafiya sardori (13-qism)

Mafiya sardori (14-qism)

Mafiya sardori (15-qism)

Mafiya sardori (16-qism)

Mafiya sardori (17-qism)

Mafiya sardori (18-qism)

Mafiya sardori (19-qism)

Mafiya sardori (20-qism)

Mafiya sardori (21-qism)

Mafiya sardori (22-qism)

Mafiya sardori (23-qism)

Mafiya sardori (24-qism)

Mafiya sardori (25-qism)

Mafiya sardori (26-qism)

Mafiya sardori (27-qism)

Mafiya sardori (28-qism)

Mafiya sardori (29-qism)

Mafiya sardori (30-qism)

Mafiya sardori (31-qism)

Mafiya sardori (32-qism)

Mafiya sardori (33-qism)

Mafiya sardori (34-qism)

Mafiya sardori (35-qism)

Mafiya sardori (36-qism)

Mafiya sardori (37-qism)

Mafiya sardori (38-qism)

Mafiya sardori (39-qism)

Mafiya sardori (40-qism)

Mafiya sardori (41-qism)

Mafiya sardori (42-qism)

Mafiya sardori (43-qism)

Mafiya sardori (44-qism)

Mafiya sardori (45-qism)

Mafiya sardori (46-qism)

Mafiya sardori (47-qism)

Mafiya sardori (48-qism)

Mafiya sardori (49-qism)

Mafiya sardori (50-qism)

Mafiya sardori (51-qism)

Mafiya sardori (52-qism)

Mafiya sardori (53-qism)

Mafiya sardori (54-qism)

Mafiya sardori (55-qism)

Mafiya sardori (56-qism)

Mafiya sardori (57-qism)

Mafiya sardori (58-qism)

Mafiya sardori (59-qism)

Mafiya sardori (60-qism)

Mafiya sardori (61-qism)

Mafiya sardori (62-qism)

Mafiya sardori (63-qism)

Mafiya sardori (64-qism)

Mafiya sardori (65-qism)

Mafiya sardori (66-qism)

Mafiya sardori (67-qism)

Mafiya sardori (68-qism)

Mafiya sardori (69-qism)

Mafiya sardori (70-qism)

Mafiya sardori (71-qism)

Mafiya sardori (72-qism)

Mafiya sardori (73-qism)

Mafiya sardori (74-qism)

Mafiya sardori (75-qism)

Mafiya sardori (76-qism)

Mafiya sardori (77-qism)

Mafiya sardori (78-qism)

Mafiya sardori (79-qism)

Mafiya sardori (80-qism)

Mafiya sardori (81-qism)

Mafiya sardori (82-qism)

Mafiya sardori (83-qism)

Mafiya sardori (84-qism)

Siz hozir hordiq.uz saytidasiz. Yangiliklardan o'rtoqlaringizni ham xabardor qiling:

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here