QAROQChI-14…

0

 

* * *

Katta shahar hali uxlamagan, mashinalarning g'iz-g'izi tinmagan, yo'lovchilar hanuz shoshilishda, qaerlargadir chopishda davom etar, do'kon sotuvchilari garchi cho'zib esnashdan tiyila olmasalar-da, hali veri uyga ketishga taraddudlanishmasdi.

Nig'mat yo'l-yo'lakay ancha o'zini tutib olgan holda faqat bir manzilni — militsiya bo'limini qidirardi. Allakimlardan so'rashni istamasdi. Qalbigagina suyanar, faqat undan najot kutgan ko'yi qadam tashlardi.

Turli xayollar iskanjasida sershovqin mavzedan ancha uzoqlashib ham ulgurdi. Buyog'iga qorong'i ko'chalar, sokinlik buluti ortida qolgan hovlilardan iborat yangi mavze boshlandi.

Nig'mat hanuz atrofga olazarak boqqancha ketib borardi.

Shu mahal hovlilardan ancha narida qizil chiroqlar ostidan yuz ko'rsatib turgan yozuvga ko'zi tushdi. Nig'mat yozuvni ko'rgani hamono beixtiyor yuragi g'ash torta boshlaganini his etdi. Lekin qalbining daldasi bu g'ashlikni darhol nari haydab, Nig'matni oldinga yurishga undadi.

— Xayriyat, — dedi ovoz chiqarib Nig'mat kurtkasi yoqasini to'g'rilarkan. — Melisasigayam yetib kelibman. Ana endi buyog'iga peshonamdan ko'raman. Kameraga qamashsa, jonim biroz orom olsa, xavflardan nari bo'lsam bas. Menga desa, jonimni sug'urib olishmaydimi? Qahratonda qayoqdagi qalang'i qasang'ilar qo'lida xor bo'lib o'lgandan, shu yerda turma azobini tortganim ming chandon yaxshi. Ishqilib, sharmanda qilmasin!..

Bu yer haqiqatan shahar militsiya bo'limi edi. Eshik yopiq bo'lsa-da, ichkaridan navbatchi militsionerlarning uzuq-yuluq kulgisi, so'kinishlari quloqqa chalinardi.

Nig'mat eshikni qayta-qayta taqillatdi. Nihoyat tovushlar tinib kimdir eshik tomon yurdi.

— Senga kim kerak? — ostonada hozir bo'lgan baland bo'yli, zahil yuz, ingichka mo'ylov qo'ygan kapitan Nig'matga boshdan oyoq shubhali qarash qildi. — Qaerdan kelding? Kimsan?

Nig'mat javob berishga shoshilmadi. Qalbiga quloq tutgan ko'yi bir necha o'n soniya kapitanga tikilib turdi. So'ngra qayg'uli, hazin ohangda so'z boshladi.

— O'rtoq kapitan, xotiningiz og'irlashib qoldi, — dedi u yer chizib. — Hozir uni jonlantirish xonasiga olib kirishdi. Adashmasam, vaqtincha sizga xabar bermay turishni lozim topishgan ko'rinadi.

— Nima? — bu gapni eshitgan kapitanning ko'zlari kosasidan chiqayozdi. — S-sen q-qaerdan bilasan? Kimsan? N-nimaga og'irlashadi?..

— Hamshira noto'g'ri ukol qilib qo'ygan, — davom etdi Nig'mat. — Shoshilmasangiz bo'lmaydi. Yo'qsa…

— O'chir chakagingni! — beixtiyor baqirib yubordi militsioner. — Sovuq nafas! Turqingam gapingga o'xshab sovuq ekan!.. Eh, nima qildim endi, nima?.. Nima bo'ladi endi?..

— Shoshiling, — dedi Nig'mat qo'rqa-pisa kapitanga boqarkan. — Bu turishingiz o'zingizga dushman bo'lib qolishi hech gapmas!..

— Shunaqami? — kapitan tanasida paydo bo'lgan titroqni bosa olmay titray-titray cho'ntagidan sigaret olib tutatdi. Ammo bu ham taskin bermadimi, sigaretni chetga uloqtirdi-da, Nig'matning bilagiga chang soldi.

— Qani, yur, xudoning balosi, — deya uni qator mashinalar tomon sudradi u. — Men bilan birga borasan kasalxonaga! Agar aldagan bo'lsang, teringni shilvolaman! Yur dedim!

— X-xo'-o'p, boraman, aka, boraman! Faqat… Bilagimni qo'yvoring! Qochib ketmayman!

Kapitan Nig'matga quloq tutmadi. Aksincha bilagini yanada qattiqroq siqib mashinasiga o'tqazdi va motorga o't qo'ydi.

* * *

Oradan bir yarim soatcha vaqt o'tgach, kapitan Nig'matni yana militsiya bo'limiga olib keldi.

Shu tobda kapitanning chehrasi ancha ochilgan, titroqlar pasanda bo'lgan, stol qarshisida o'tirgancha ro'parasida qimtinibgina o'tirgan Nig'matga sirli boqardi.

— Sen, uka, ja balo chiqib qolding-ku, — dedi nihoyat kapitan oradagi sukutni buzib. — Kasalxonaga bormagan, xotinimniyam, meniyam umringda ko'rmagan bo'lsang, qanday xabar topa qolding hammasidan? Yo jodugar, folbinmisan?

— Yo'q, — deya boshini ko'tardi Nig'mat qovog'ini uyib. — Menga Xudo bergan. Odamni bir ko'rganimdayoq kimligini, qandayligini aytib bera olaman. O'zim… Tushunmayman buning nimaligiga. Ammo shundayman, aka! Kechiring!..

— Shunaqami? — yelka qisgancha Nig'matga qattiqroq tikilib qaradi kapitan. — Xo'sh, endi gapir-chi, bo'limga nima uchun kelganding? Faqat qo'rqma, senga yomonlik qilmayman. Axir… Nima bo'lgandayam, menga katta yaxshilik qilding, ukam! Aytaver dardingni! Menam qo'limdan kelsa senga yordam beraman!

Nig'mat gapni nimadan boshlashni bilmay, bir muddat garangsidi. Sal qursa, Soli, Valera to'g'risida gullab qo'yayozdi. Yaxshiki, qalbi o'z vaqtida uni to'xtatib, maqsadga o'tishga undadi.

— Sen faqat sekta haqida gapir, — uqtirdi qalbi Nig'matga. — O'zing ko'rasan, qarshingdagi melisa bezovtalanib qoladi. Tezroq bo'l! Fursatni qo'ldan berma! Aks holda yana bir begunohning qoni to'kilishi mumkin.

— Shahar chetida sekta borakan, — dedi Nig'mat. — Ikki tarafi dalalardan iborat joyda. Yonida yoqilg'i quyish shohobchasiyam boridi, ha, o'zim ko'rdim!

— Sekta? — birdan hushyor tortdi kapitan. — Sen qaerdan bilasan?

— Men u yerga tasodifan borib qoldim. Qo'noqqa joy qidirib yurgandim. Kirsam, kattakon zalda ayollar, erkaklar tik turishibdi. To'rda soqolli bir erkak ularga nimanidir uqtirayotgan ekan. Odamlar baravariga chayqalishardi.

— Xo'sh, xo'sh, keyin-chi? Keyin nima bo'ldi?

— Keyinmi? Keyin… Haligi soqolli meni ko'rishi bilan «ana, qurbonlik o'z oyog'i bilan keldi, endi uni qurbonlik qilamiz. Dunyo poklanadi» dedi.

— Yo'g'-e, — kapitan dast o'rnidan turib ketdi. — Rostmi shu gaplaring?.. Menga qara, o'sha soqollining ismi Maratmidi?

— Bilmayman, ismini so'rashga ulgurmadim. O'sha gapni gapirishi bilan ura solib qochdim.

— Shunaqa degin?.. — kapitan picha Nig'matning tepasida aylangan bo'ldi-da, ilkis engashib uning yelkasidan tutdi. — Menga qara, sen shu yerda o'tir, hech qaerga jilma! Biz o'sha joyga yigitlar bilan borib kelamiz.

— X-xo'p, — dedi Nig'mat ko'ngli yorishib. — O'tir desangiz o'tiraman.

— Hozir o'sha iflosni tutamiz. Sen guvohlik berasan.

— Gap yo'q.

— Faqat qochib ketishni xayolinggayam keltirma!

— Xo'p.

— Hoy, Grisha, tez tezkor guruhni otlantir! Tezroq bo'l!

Ko'z ochib yumguncha hammayoqning to's-to'poloni chiqdi. Qaerdandir yuzlariga qora niqob tutgan yigitlar yelkalarida avtomatlar bilan hozir bo'ldi.

Kapitan ularni ortidan ergashtirgancha tashqariga otildi.

* * *

Ichki ishlar bo'limida yarim kechasi ham hayot qaynashi Nig'matning yetti uxlab tushiga kirmagan ekan. Navbatchilar xonasining bir burchagida o'tirardi-yu, goh ayol, goh erkak jinoyatchi, bezorilarni militsionerlar sudraklab kirib qolishar, shu zahoti xonalar, yo'laklarni birovlarning yig'i-sig'isi, bo'ralab so'kinishi, yalinib-yolvorgancha qiladigan oh-vohlari tutardi. Goho qaysidir militsioner buyruqqa bo'ysunishni istamaganni do'pposlab qolardi. Bir so'z bilan aytganda, bu maskan naq qiyomatni eslatib yuborardi.

Ammo Nig'matning ushbu manzaraga qarashi umuman boshqacha edi. U olib kelingan yoshu qariga o'zga nazar bilan boqar, o'zgacha o'ylardi.

«Melisalar nega bularni xo'rlayveradi? — o'ylardi u g'ijinib. — Aybi nimaykan? O'g'irlik qilgandir, kimnidir do'pposlagandir, nari borsa bezorilik qilib kimningdir tinchini buzgandir. Lekin hammalari bir odam-ku! Nimaga shu aybi uchun kaltaklash, haqoratlash kerak? Demak, men ham shulardan birining o'rnida bo'lsam, meniyam do'pposlasharkan-da! To'g'ri, men qarshilik ko'rsata olmayman. Chunki ular ko'pchilik. Biriga qarshi chiqsam, boshqasi tepamda hozir bo'ladi. Eh, qanday kunlarga qoldim! O'sha iflos Umarni kaltaklamasam, uydan qochmasam, ichkilik ichmasam hammasi yaxshi kechardi. Hech kimning qarshisida mulzam bo'lmasdim, hech kimga yalinmasdim, qo'rqib-pusib yashamasdim. Afsus, o'zimga o'zim qildim. Endi kech. Buyog'iga peshonamda yozilganini ko'rishga mahkumman. Uf-f… Bag'rim ezilib ketyapti. Qalbim, nima qilay? Qanday yo'l tutay? Nima dey? Kimga ishonay? Nega jimsan?

— Sen ahmoqona xayollarni kallangdan chiqarib tashla, — ovoz berdi qalbi. — To'g'ri yo'lda turibsan. Bundan keyingi tutadigan yo'ling bitta. U ham bo'lsa, vositachilik, kerak bo'lsa, chaqimchilik, sotqinlik qilasan. Agar shu yo'lni tanlasang, xato qilmaysan. Kut, sabr qil, ishon, umidvor bo'l, qaddingni tik tut, boshingni baland ko'tar!

Bu maslahat Nig'matni picha tinchlantirdi va kapitanning qaytishini kuta boshladi.

Oradan taxminan yarim soatcha vaqt o'tgach, hiyla sokinlik qo'yniga cho'mgan yo'lak tag'in shovqin-suronga to'ldi. Bu gal Nig'matning qulog'iga kapitanning hayqirig'i chalinib dast o'rnidan turdi-yu, oynadan yo'lakka qaradi.

Yo'lak bo'ylab avval o'zi o'sha fayzsiz binoda ko'rgan, uni qurbonlik deya atab ayuhannos solgan soqollini, ketidan yana olti nafar baland bo'yli erkakni olib o'tib ketishdi.

Nig'mat xayollarini bir joyga jamlab ulgurmay, xonaga hovliqqancha kapitan kirdi.

— Xo'sh, zerikmadingmi, ukam? — so'radi u kaftlarini bir-biriga ishqalab. — Hech kim xafa qilmadimi ishqilib?

— Y-yo'q, — dedi Nig'mat yelka qisib. — Tomosha qili-ib o'tiribman, o'rtoq kapitan.

— Barakalla! Sen haqiqiy erkakning ishini tutding. Bizga o'ta xavfli jinoyatchilarni tutib berding. Shuni bilasanmi?

— Sezgandim, — dedi Nig'mat garchi bu jinoyatning ma'nisiga yeta olmagan bo'lsa-da sir boy bermaslikka tirishib. — Soqollining turqi sovuq edi. Payqagandim.

Kapitan kiyimlarini yechdi-da, o'z kursisiga o'tirib, bir muddat o'yga toldi. Ora sirada Nig'matga yer ostidan ma'noli ko'z tashladi. So'ngra da'fatan jonlanib qayta o'rnidan qo'zg'aldi.

— Sen boya xotinim to'g'risida fol ochganding-a? — so'radi u Nig'matning tepasiga kelib. — To'g'rimi yo tonasanmi?

— Fol ochmadim, — dedi Nig'mat qovog'ini uyib. — Men folbin emasman, o'rtoq kapitan. Shunchaki… Xudoning inoyati edi.

— Mayli, nima bo'lgandayam, baribir to'g'ri axborot berding. Agar sen kelmasang, do'xtirlar bilan hozir qirpichoq bo'lardim. Kennoyingdan ajralib ham qolishim mumkin edi.

— Hammasi xudodan, — dedi Nig'mat bosh chayqab. — Har kimga umr o'lchab berilgan.

— O', ja dono ekansan-ku, — kuldi kapitan. — Xuddi avliyolarday gapirasan-a!

— Bori-da, — yuzini ters burib norozilandi Nig'mat. — Bolaligimda enam rahmatli shunday derdi.

— Oting nima o'zi? Qara, tanishish ham esdan chiqibdi.

— Nig'mat.

— Meniki Yuriy Antonovich. Sen Yura aka deyaver. Senlarda «aka» deyish odat-ku! Yo adashdimmi?

— To'g'ri, — dedi Nig'mat majburan kulimsirab. — O'zimiz hurmat qilgan odamni yoshi ulug' bo'lmasayam aka deyaveramiz.

— Yaxshi-i… Lokigin zo'r ish qilding. Kennoying, buyoqda anavi sektantlar… Vey, bular nima qilib yurganini bilasanmi?

— Yo'q, Yura aka, bilmayman. Nima qilishdi? Odam o'ldirishdimi?

— O'ldirganda-chi!?. Shu kungacha sakkiz kishining boshiga yetgan. hali bu taxmin xolos. Tergov boshlansin, balki undanam ko'proq jinoyatlari ochilar. Hammasini tergov ko'rsatadi.

— Demak, yana biroz tursam, meniyam o'ldirvorarkan-da?

— Aniq edi. Omading borakan. Qochib qolmaganingda… Bo'pti, bularni gaplashishga hali vaqt bo'ladi. Endi uka… Nimaydi? Folbinmidi? Yo'q, folbinmasman deding. Unda seni ekstrasens deya qolay. Nima deysan?

— U nima degani? — soddalarcha ko'zlarini chaqchaytirib kapitanga tik boqdi Nig'mat. — Jinoyatchimi?

— E, qanaqa jinoyatchi? Nima desam ekan? Xullas, topqirlarni shunday deb atashadi. Ekstrasenslar har qanday sirni ochib bera olishadi. Masalan, ayt, men aslida qanday odamman? Faqat rostingni gapir. Shuni to'g'ri ayta olsang, senga zo'r ish bor. O'zingam xursand bo'lasan keyin.

Nig'mat savolni eshitgandanoq qalbiga quloq tutgandi. Ichki ovozdan najot kutardi. Shu ko'yi bir necha daqiqa tek o'tirdi-da, beixtiyor o'rnidan turib kapitanga juda yaqin keldi.

— Siz… Yo'q, buni aytolmayman, — dedi Nig'mat ikki yuzini kaftlari orasiga olib. — Buni aytish men uchun og'ir, aka.

— Aytasan, — kapitan Nig'matning ikki yelkasini mahkam siqib bir necha marta silkitdi. — Boshladingmi, tamom, aytmaganingga qo'ymayman.

— Xafa qilib qo'yishdan qo'rqaman sizni.

— Xafa bo'lgan nomard, — dedi kapitan jiddiy ohangda. — Aytaver, yigit, aytaver. Xo'sh, nimaykan o'sha sir?

— Siz… Qaynsinglingizni sevasiz, — dedi Nig'mat tavakkal. — Bir yildan beri o'sha qora soch, uzun bo'yli huriliqo tinchingizni o'g'irlagan. Ismi… Yanglishmayotgan bo'lsam, Yelena.

Kapitan bu xabarni eshitgandayoq tosh qotgandi. Xuddi katta boylik topib olgandek, Nig'matga baqraygancha turar, lablari, qovoqlari uchib-uchib qo'yardi.

Shu taxlit ancha vaqt turgach, kutilmaganda seskandi. Hech narsa demay xonani telbalarcha aylana boshladi. Nig'mat esa kapitanning bu holatini sira tushuna olmasdi. Xonadan chiqishni ham, turaverishni ham bila olmay hayron edi.

— Sen avliyo ekansan, — dedi nihoyat kapitan o'zini qo'lga olib. — Yo'q… Qanday qilib bunchalik to'g'ri topyapsan-a hammasini? Ismini-chi? Yo… Lenani, meni oldindan tanirmiding? Balki anchadan beri ortimdan kuzatib yurgandirsan? Yo'q, bo'lishi mumkinmas. Sen shaharda uzoq yashamagansan. Yaqindagina kelgan bo'lsang kerak. Turqing aytib turibdi. Ammo… Baribir tan berdim senga. Barakalla!..

— Aka, iltimos, endi menga ruxsat bersangiz, — dedi Nig'mat bo'shashib. — Men ketsam devdim.

— Ketsam? Qaerga? Ko'chagami? Nima qilasan ko'chada? Yo'-o'q, uka, seni qo'yib yubora olmayman.

— Nimaga, aka?

— Birinchidan, anavi soqollining tergovi boshlansa, guvohlik berishing kerak. Ikkinchidan, senga yana zo'r ish bor. O'sha ishda bizga albatta yordam berishing shart. Hozir seni bir kvartiraga olib boraman. Damingni ol, to'yib uxla, qorningni to'yg'az. Ertaga qolgan gaplarni gaplashaveramiz. Aytgancha, pasportingni menga berib qo'y!..

— P-pasportim?.. N-nimaga?

— Qo'rqma, shunchaki… Rasmiyatchilik uchun. Pasporting menda bo'lsa, qochib ketolmaysan. Xo'sh, kelishdikmi?

Nima ham qila olardi? Qalb istagi ham shu edi. Nig'mat qalbiga qarshi bora olmasligini bilardi.

Bosh irg'ab kapitanning taklifini ma'qulladi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

Olimjon Hayitning turli mavzulardagi xabarlari, maqolalari, hikoyalari endi “Telegramm” dagi alohida kanalda! Bizga qo'shiling, afsuslanmaysiz!

t.me/olimjonhayit

 

 

Siz hozir hordiq.uz saytidasiz. Yangiliklardan o'rtoqlaringizni ham xabardor qiling:

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here