QAROQChI-15…

0

 

* * *

Nig'mat Yuraning mashinasida noma'lum tarafga ketib borardi-yu, vujudini qo'rquv, hadik, sarosima chulg'ab olgandi. U yana qalbidan najot kutar, nazarida bu noma'lum tovush sohibi Nig'matga haqiqiy himoyachi, suyanch edi.

«Quloq sol, — deya hayqirardi Nig'mat xayolan. — Bu melisa-ku! Meni ishlata-ishlata, bir kun boshqalar qatorida qamoqqa tiqmasligiga kim kafil bo'la oladi? Nima qilay? Bu nusxaga ishonmayman. Unga suyana olmayman. Nahotki, boshi berk ko'chaga kirib qolgan bo'lsam? Nega unda sen sukut saqlashdan nariga o'tmaysan? Nima uchun o'z vaqtida meni balolardan, kulfatlardan ogoh etmaysan? Mana, hozir ham jimsan. Men o'lib-tolib dardimni dasturxon qilish bilan ovoraman-u, sen miq etmaysan. Nega? Yo xudoning yuborgan yana bir balosimisan? Meni jarga qulatib, shundan keyingina xotirjam tortasanmi?»

— Ahmoq! — deya Nig'matni koyib berdi qalbi. — Men, axir o'zingman-ku! Ko'ksingning bir parchasiman! Qishloqda o'sganing, maktabda o'qishni yolchitmaganing, o'zgalar kabi to'laqonli tarbiya topmaganing ana endi sezilib qoldi. Qalbing qanday qilib senga dushman bo'lishi mumkin? Sen o'lsang, men ham o'zing bilan ketaman-ku boqiy dunyoga! Shuniyam tushunmaysanmi?

«U holda menga ochiq-oydin gapir, — dedi Nig'mat ijirg'anib. — Mana, biz yetti uxlab tushimizda ko'rmagan odamga ergashgancha qaergadir ketib bormoqdamiz. Xo'sh, keyin-chi? Balki bu meni qul qilib ishlatar? Yoki marazlarning qo'liga topshirar? Gapir! Qanday yo'l tutay? Nima qilay?..»

Ichki tovush bir necha daqiqa sukutga toldi. Bu qisqa muddat ichida Nig'matning bo'lari bo'lgandi. Chunki o'zi mustaqil ravishda miyasini ishlatib biror tadbir topa bilmasdi. Xayolning qay ko'chasiga bosh suqmasin, zulmatnigina ko'rardi. Shu sabab chidashdan, bardosh qilishdan o'zga chora topolmadi. Mashina salonidan tashqariga hissiz tikilgancha qalb sadosini kutishda davom etdi.

— Biz sen bilan shayton yo'rig'idagi bandalarmiz, — dedi nihoyat qalbi og'ir tin olib. Qalbining og'ir tin olishi Nig'matning ko'ksi bilinar-bilinmas ko'tarilib-ko'tarilib tushishida namoyon bo'ldi. — Shuni hech qachon yodingdan chiqarma. Yaxshi, to'g'ri so'zli, vijdonli, diyonatli, imonli kishilar hozir o'z yurtida, kulbasida shirin tushlar ko'rish bilan band. Ular erta tongda turishadi-yu, yaratgandan ishlariga, o'qishlariga, oilalari, turmush o'rtoqlari, ota-ona, farzandlariga yaxshilik tilashadi. So'ngra pok rejalari, maqsadlari yo'lida keta boshlashadi. Biz-chi? Xayolimizda zo'ravonlik, yomonlik, vahshiylikdan bo'lak narsa yo'q. Shunday ekan, yoningdagi melisadan ranjima. U o'z ishini qilyapti. Maqsadi yo'lida sendek notavon, jirkanch kimsani qanoti ostiga olmoqchi. Senga pul, yotar joy, yegulik bermoqchi. Buning evaziga sen uning xizmatini qilasan. Xotirjam bo'l, bu yumushni ham uddalaymiz. Ikkimizga bizni kutib turgan yumush chikora. Xavotirlanma. O'zingni erkin tut. Biz albatta o'z niyatimizga yetamiz…

* * *

Yura Nig'matni shaharning qaysidir mavzesiga olib keldi-da, to'rt qavatli uyning ikkinchi qavatiga boshladi.

— Mana shu yerda mening kvartiram bor, — dedi Yura Nig'matning yelkasiga qoqib. — Yaqinda ijarachilarni haydab solgandim. Omading borakan. Bir o'zing maza qilib yashaysan.

— O'rtoq kapitan, bir narsa so'rasam maylimi? — so'radi Nig'mat Yuraga sirli nazar tashlab. — Albatta… Ruxsat bersangiz…

— So'rayver, — dedi Yura kulib. — Nimani tushunmading? Yo bu yerlar yoqmadimi senga? Boshqa joyga olib boraymi?

— Yo'q, gap undamas. Faqat bir narsani bilmoqchiydim. Mana, siz yolg'iz o'zimni kvartirangizga tashlab ketasiz. Lekin kimligimni bilmaysiz. Balki siz o'ylaganchalik yaxshi odammasdirman? O'g'ri battol bo'lsam-chi?

— To'g'ri, — dedi Yura jiddiy tortib. — Seni yaxshi odamsan deyolmayman. Melisada o'n besh yildan beri ishlasam, sendaqalarning ko'pini ko'rganman. Agar yaxshi odam bo'lsang, begona yurtlarga kelib, qorong'i tunda daydimasding. Demak, yo o'g'risan, yo qaysidir bosqinchining yugurdagisan.

— Unda nega menga yordam bermoqchi bo'lyapsiz?

— Eh, soddagina yigit, — bosh qashigan ko'yi kvartira eshigini ochib qo'li bilan «kir» ishorasini qilgancha so'z qotdi Yura. — Haliyam hech narsani tushunmabsan. Agar folbinlikmi, nimaydi?.. Ishqilib, shunaqa narsadan xabaring bo'lmasa, kennoying og'irlashganini aniq aytib bermasang, senga boshqacha ko'z bilan qaragan bo'lardim. Hozir sen bo'lim kamerasida dam olayotgan bo'larding. Taqdiringda bor ekan. Militsiyaga yordaming tegadigan bo'lib turibdi. Ishon, militsiya yordam berganlarni quruq qoldirmaydi. Ko'chada ham qo'ymaydi. Och-nahor yurishinggayam yo'l bermaydi. Militsiya shunaqa tashkilot. Shunday ekan, kapitan menga shunchaki yordam beryapti degan xayolni miyangdan chiqarib tashla. Ertaga tergovchi do'stimning yoniga boramiz, o'shanda ishing nimadan iborat bo'lishini o'zing ko'rasan. Qoyillatsang, marra seniki. Kelajaging oydin bo'ladi. Tushundingmi?

— Tushundim, — bosh irg'adi Nig'mat yuzini ters burib. Shu bahonada xayolan norozi g'udranib olishni-da unutmadi.

«Senga yordam beradigan tilim, qo'l-oyog'im uzilib tushsa bo'lmasmidi? Afsuski, boshqa boradigan yerim yo'q. Aks holda senlar mening qoramni ko'rmasding… Mayli, melisa bo'lsangam insoflisidanga o'xshading. Bir marta yordam beraman. Keyin meni topib bo'psan. Yaqin orada yo'limni topib olay… Ishqilib topay-da o'sha yo'lni!..»

* * *

Kvartira juda shinam edi. Nig'mat yolg'iz qolgani zahoti xonalarni aylanarkan, did bilan bezatilgan zal, yotoqqa alohida razm soldi. Oshxonadagi orastalik, har bir jihozning tartib bilan terilgani, yarqirashini ko'rib hayratdan yoqa ushladi. Shu asnoda bu kvartirani piyonista ayolning uyi bilan solishtirdi. Yo'q, ikki kvartira orasida yer bilan osmoncha farq borligi shundoq ko'rinib turardi.

— Bu xizmatchi ayol yollabdi, — dedi qalbi unga. — Melisa-da, topish-tutishi yaxshi bo'ladi. Lekin o'sha xizmatchi ayol bilan shu uyda tez-tez aysh qilib turishi menga yoqmayapti. Ey, Xudo, qaerga qarama, nahs, zinoni ko'radi bu ko'zlaring. Shu gunohga yo'l qo'ymasdan yashashning iloji yo'qmi? Nahotki, bandasining toqati yetmasa shunga? Mana shu melisaning xotini ham binoyiday. Erini yeru ko'kka ishonmaydi. Ammo bu maraz xotinidan tashqari o'ynash ham topvolgan. Bu ham yetmaganday xizmatchi ayolga ko'z suzadi. Eh, qaniydi qo'limizdan kelsa-yu, nahs bandalarini birma-bir tig'dan o'tkazsak. Afsus, bunga hali erta! Erta!.. Yo'q, Bunday xayollarga berilmaylik, Ko'p bilsang tez qariysan. O'zingni ovsarlikka solib yashasang, bu dunyoda hurmating joyida bo'ladi. Ko'r, kar, soqov, gung bo'l. Hozir esa muzlatkichni och, aroq turibdi qulqillab. Yuz-yuz qilgin-da, damingni ol. Mana bu senga rostakamiga orom beradi. Men ham osoyish topaman.

— To'g'ri aytasan, — dedi Nig'mat qalbiga quloq tutgan holda muzlatkich eshigiga qo'l yuborib. — Menga nima. O'lib ketmaydimi?!. Sen bilan bizga «taka bo'lsin, sut bersin». Yoki xalqda «lo'lining eshagini sug'orib pulini ol» degan gap bor. Melisalarning pulini olaylik-u, quyon bo'laylik.

— Ana endi o'zingga kelding. Boya aytdim-ku, ikkimizdan hech qachon faylasuf chiqmaydi. O'g'ri, zo'ravon bo'lsak ham katta gap. Qani, ishrat qil, ko'ngil yoz, og'ayni! Hademay, tong otadi!

Nig'mat kolbasani kesib, bir bo'lagini qo'liga oldi-da, aroq to'la qadahni sipqordi.

Aroq juda o'tkiridan ekan. Bir necha o'n soniya ichida badani qizib, kayfi chog'langandek bo'ldi.

Ichkilikning yana bir qadahini ichgach, qalb amri bilan o'rnidan turdi va yotoqqa yo'l oldi.

* * *

Yura erta tongdayoq kelib eshikni taqillata boshladi. Charchoq yengibdimi, Nig'mat arang ko'zlarini ochib istamaygina, norozilangancha o'rnidan turdi-da, uyqu ustunligida xiyol gandiraklagan holda yo'lakka chiqdi.

— Ie, haliyam uxlayapsanmi? — so'radi Yura ichkariga kira solib. — Hamma ishda-ku allaqachon!

— Mening ishim yo'q, — sovuq javob qildi Nig'mat qovog'ini uyib. — Uxlashga haqim bor!

— Hali ulgurasan uxlashga. Tez kiyin, bizni tergovchi SIZO da kutyapti.

— U nima degani?

— Turma degani, turma, o'rtoq! Gumondorlar o'sha yerda sudgacha ushlab turiladi.

— Men u yerda nima qilaman? Kameraga qamashadimi?

— Borganingdan keyin tergovchining o'zi aytadi nima qilishingni. Tezroq bo'l, kechikyapmiz!

Nig'mat og'ir uf tortgancha yuz-qo'lini yuvish uchun vannaxonaga yo'l oldi.

Oradan o'n besh daqiqacha vaqt o'tgach, ular oldinma-ketin tashqariga chiqib Yuraning mashinasiga o'tirishdi.

* * *

Umrida bu qadar sovuqqon yerni ko'rmagan ekan.

Nig'mat turma darvozasiga ko'zi tushdi-yu, yuragi orqaga tortgan kabi beixtiyor qisina boshladi. Ko'ngli g'ashlandi. Biroq qalbi uyg'oq edi. Unga taskin berdi.

— Sen katta ish boshidasan, — dedi Nig'matga. — Bardam bo'l, qo'rqayotganingni hech kimga sezdirma. Umuman, seni yeb qo'yishmaydi. Chunki o'zing bilasan. Ko'zlaringni, nigohlaringni jodu zohir. Bu jodu manaman degan battolni ham tek qotishga, kerak bo'lsa, qarashlaring oldida tiz cho'kib ta'zim qilishga majbur etadi. Bo'shashma!..

Yura Nig'matni ergashtirgancha turma ichkarisiga kirdi. Yo'l-yo'lakay eshiklar qarshisida yelkasiga qurol osgancha turgan qo'riqchilarga hujjat ko'rsatib bordi.

Uzundan-uzun yo'lak bo'ylab borib, nihoyat ular kichik bir xonaga kirishdi.

Xona deyarli bo'm-bo'sh edi. O'rtaga qo'yilgan stol qarshisida fuqaro kiyimidagi pakana, mallasoch bir erkak o'tirardi. Nig'mat unga ko'zi tushgani hamono tergovchi ekanini, o'zidan ikki-uch yosh kattaligini payqadi.

Yura ikkovlarini yolg'iz qoldirdi-yu, tashqariga yo'l oldi. Barmoq ishorasi yordamida ikki soatdan so'ng olib ketishiga ishora qildi.

— Bu tergovchi ham katta boylardan, — dedi qalbi Yura chiqib ketishi bilan. — Ammo pulni rozi-rizolik bilan oladi. Birovni qo'rqitmaydi. Qonunni pesh qiladi, vassalom! O'zi juda laganbardor yigit. Boshliqlarning poyi patagi bo'lsa-bo'ladiki, maqsadiga yetadi. Mana, hozir u prokuraturada bosh tergovchi. Yegani oldida, yemagani ketida. Eng chigal, yirik jinoyatlarni ochish kerak bo'lsa, o'zi hozir turadi. Biladiki, bunday ishlar tufayli qo'liga mo'may daromad kelib tushadi. Eh, do'stim, qarshingdagi tergovchining oldiga qanday odamlar kelib qulluq qilishini bilsayding!..

— Sizni bezovta qilib qo'ymadikmi? — o'rtadagi jimlikni buzib so'radi tergovchi. — Agar qarshi bo'lmasangiz, tanishib olsak. Ismim Nikolay.

— Meniki Nig'mat, — dedi Nig'mat tergovchining ko'zlariga tik boqib. — Iloji bo'lsa, tezroq maqsadga o'tsak devdim.

Nig'mat bu qadar dadil so'zlashini ko'rgan tergovchining biroz ensasi qotgandek bo'ldi. Ammo sezdirmaslikka urinib majburan jilmaydi.

— Yaxshi, — deya ikki kafti bilan boshini changalladi u. — Maqsadga o'tish juda ma'qul ish, o'rtoq. Xullas, siz haqingizda Yura gapirib qolgandi… Meni qiziqtirib qo'ydingiz.

— Bo'lishi mumkin. Xo'sh, men qanday vazifani bajarishim kerak?

— Sizmi? Umuman aytganda, ishingiz u qadar og'ir emas. Ekstrasenslar uchun bu xamirdan qil sug'urish bilan barobar. Shunday emasmi?

Nig'mat tergovchiga yanada qattiqroq termildi. O'zini madaniyatli, intellegent qilib ko'rsatishga urinayotgani, yasama muomalada bo'layotgani unga alam qildi. Ammo u ham ko'nglidan kechayotgan o'ylarni sezdirmay, sovuq tirjaydi.

— Buni siz tergovchilar hammadan ko'ra yaxshiroq bilasizlar, — dedi tergovchiga hissiz boqib. — Ishni ko'rsatavering. Qo'ldan kelsa, bosh ustiga!

Ochig'i, Nig'mat umri bino bo'lib hozirgidek madaniyatli, bolaxonador so'zlarni tiliga ko'chirib ko'rmagandi. Ko'ngliga shunday chiroyli so'zlarni solgani uchun qalbiga xayolan minnatdorchilik bildirdi.

— Bilasizmi, — tergovchi qo'li bilan tashqarini ko'rsatib so'z boshladi. — Kameralarning birida gumondorimiz o'tiribdi. U o'ta xavfli qotil. Umri deyarli turmada o'tgan. Afsuski, bu safar jinoyatini bo'yniga olmay kuydiryapti.

— Tag'in odam o'ldiribdimi?

— O'ldirgandayam kattakon rahbarning o'g'lini o'ldirgan. O'ligini yo'q qilib yuborgan. Iskovich itlarimizning qidirmagan yeri qolmadi. Hech qaerda yo'q.

— Picha qiynab ko'rmadilaringmi? — so'radi Nig'mat shumligi tutib. — Harqalay, sizlarda jinoyatni kimningdir bo'yniga qo'yish usullari ko'p-ku!

— E, bunaqalardan kaltak o'tarmidi? — tergovchi Nig'matning nimaga sha'ma qilayotganini darrov payqab, qo'l siltadi. — Tayoq yeyaverib eti tosh bo'lib ketgan bu marazning. Xullas, bo'yniga olmayapti. Dalillar esa faqat shu iflos o'ldirganini tasdiqlayapti.

— Men nima qilishim kerak?

— Siz o'sha kamerada o'tirib berasiz. Uzog'i bilan ikki soatcha kamerada bo'lasiz. Tanishasiz, ko'ngliga qo'l solib ko'rasiz. Ajabmas, uning haqiqatan qotilligini aytib bersangiz! Aytgancha, ishni do'ndirsangiz, mukofotiyam yo'q emas. Faqat mukofotni Yuradan olasiz.

— Tushundim, — dedi Nig'mat dast o'rnidan turib. — Iltimos, meni o'sha kameraga boshlang! Ko'nglim negadir alag'da bo'lyapti. Siz… E'tibor qilmang. Har bir ish oldidan shunaqa yomon bo'laman!

Tergovchi mamnun jilmaygancha Nig'matni bilagidan tutib tashqariga boshladi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

Olimjon Hayitning turli mavzulardagi xabarlari, maqolalari, hikoyalari endi “Telegramm” dagi alohida kanalda! Bizga qo'shiling, afsuslanmaysiz!

t.me/olimjonhayit

 

 

Siz hozir hordiq.uz saytidasiz. Yangiliklardan o'rtoqlaringizni ham xabardor qiling:

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here