SIG'INDI-12…

0

 

* * *

— Voy-do-od! — beixtiyor qichqira boshladi Mannop. — Yo'qol, shayton, yo'qol! Daf bo'l!..

U jazava ichida boshini bir necha marta silkitib, ko'zlarini qayta-qayta yumib ochdi.

Qabr yonida hech narsa ko'zga tashlanmasdi.

— Ko'zimga jinlar ko'rindi shekilli, — dedi ovoz chiqarib. — Go'ristonda jinga balo bormikan?..

Shu mahal oyoqlariga nimadir botgandek battar vahimasi ortib yerga engashdi.

Kimningdir bosh chanog'i, suyaklari sochilib yotardi. Shosha-pisha ularni qo'liga oldi-da, ortga tislandi.

— Itlarning ishi bu, — dedi yana ovoz chiqarib. — Mana shu go'rni kovlashgan yaramaslar! Buni qaerga berkitsam ekan? Ha, o'zim kiradigan go'r ichiga qo'yaman. Har holda odam suyagi-ku!..

Mannop boyagina qabrga tushib ketganini, kunduzi kelishga qaror qilganini unutgandi. Qaytadan ochiq qabrga yaqin borib pastga tushdi. Bu gal ancha dadillanib qolgandi. Qo'rqmadi. Miyasini yomon, vahimali xayollar chulg'ab olmadi. Ehtiyotkorlik bilan lahadni yopib turgan g'ishtlarni bir chetga olib, ichkariga kirdi.

U zulmatda o'zini xuddi so'qirdek his etardi. Hech narsani ko'rmas, paypaslanishga majbur edi.

Bir mahal cho'ntagida gugurt borligi yodiga tushdi. U shoshilib gugurtni qo'liga olib yoqdi. Qorong'i go'r yorishdi. Mannop emaklagancha ichkarilab bordi.

Bu yer shu qadar badbo'y ekanki, nafas olishga qiynalgani yetmay, ko'ngli ag'darilay derdi.

Murda juda eski ko'rindi. Bosh chanoqlari, tizza suyaklari qorayib ketibdi.

Mannop qorong'i go'r ichida jim o'tirib yuragida paydo bo'la boshlagan qo'rquvni yengishga urinardi. Shu niyatda cho'ntagidan pullarni chiqarib bosh chanoq ustiga qo'ydi. So'ngra tizza suyaklarni qo'li bilan ushlab ko'rdi va suyaklarni chetroqqa surdi.

— Kim bo'lsangizam uzr, — dedi ovoz chiqarib.

Ovozi qorong'i go'r ichkarisida bo'g'ilib chiqdi. Bundan yanada hayrati ortib qaytadan tilga kirdi.

— Kimsiz o'zi? Ayolmisiz, erkakmisiz? Men suyaklarga qarab odamning jinsini ajrata olmayman… Xullas, yoningizga yana bir odamning suyaklarini qo'yaman. Mening boyliklarimni ikkovingiz qo'riqlab yotasiz!.. Bundan buyon tez-tez kelib tursam kerak. Qisqasi, pul topdim deguncha shu yerda hozir bo'laveraman!.. Shunday qilishga majburman!..

Mannop shu yo'l bilan qo'rquvlarni yengdi. Endi u umuman cho'chimasdi.

Bir tuki seskanmay olib kirgan suyaklarni bir chetga avaylab qo'ydi-da, qo'llari bilan chuqurcha kovlay boshladi.

Qariyb yarim soatcha vaqt o'tgach, chuqurcha ham tayyor bo'ldi. U pullarni chuqurchaga joyladi-yu, ko'mdi. Shu orada peshonasidagi terlarni yengiga artib oldi.

«Xayriyat, — xayolidan o'tkazdi Mannop. — Bu ishni ham uddaladim. Bu go'r mening xazinamga aylanadigan bo'ldi. Xuddi kinolardagi qaroqchilar kabi o'z xazinamni yaratdim. Yashavor, Mannop!.. Sen go'rlardanam, o'g'ri, bosqinchilardanam qo'rqmaysan!.. Umring oxirigacha shunday o'tasan! Bo'sh kelma, shovvoz! Zo'rlarning sho'rini qurit!»

Mannop shunday o'ylar bilan ko'nglini ko'tardi. Ruhan tetiklashib, dunyoga zabtini o'tkazar darajada dadillashdi.

Co'ngra pul yashirgan chuqurni yana bir karra tekshirib ko'rdi. “Xazina”si negadir omonatdek tuyulib ketdi. Chuqurni kovlab pullarni chiqarib oldi.

“Yo'q, bu yerga pul qo'ymayman, — o'yladi o'zicha. — Go'r ichi yoqmayapti. Yaxshisi, tashqaridan biror ishonchli joy topaman. Shunday joy topamanki, hech kim payqamasin, o'sha yerda pul yotgani yetti uxlab tushiga kirmasin!..”

Pullarni qo'yinga urdi-da, qaytadan emaklab chiqib lahad og'zini mahkamladi. Keyin esa yuqoriga ko'tarilib, tuproqni yana pastga tushirdi.

Lekin qabrni qaytadan ko'mishga ulgurmadi. Avvaliga tanasi birdan qizib, ichini nimadir kuydirib o'tgandek bo'ldi. So'ngra tomirlari tortishib, oyoq-qo'llarida kuchli og'riq sezdi.

Mannop yerga dumaladi. Yotgan yerida uyog'idan buyog'iga aylanib xirillayverdi.

Qancha harakat qilmasin, tomirlari bo'shasha qolmasdi.

— Voy-y! — ingranardi u ko'zlari ola-kula holda ko'kka boqib. — O'lib qolaman! Voy jonim, o'layapman!.. Yo-yordam…

Shu asnoda boshi gir-gir aylandi-yu, hushidan ketdi. Bir necha soniya ichida o'zini ko'm-ko'k suvini to'lqinlar opichlagan poyonsiz dengiz bo'yida ko'rdi.

Cohilda jikkakkina, oltmish yoshlarni qoralagan, yuzlari ichiga botgan oppoq sochli kampir dengizga boqqancha tek turar, boshidagi oq ro'moli shamolda hilpirardi.

Onaxon bir necha daqiqa suvga tikilib tikilib turgach, seskanib ortga o'girildi va nima qilishni bilmay garangsib turgan Mannop tomon yurdi.

Avvaliga hayron bo'ldi. Kampirni qaerdadir ko'rgandek bo'lardi-yu, sira eslay olmasdi.

«Nega u dengiz bo'yida yolg'iz yuribdi? — o'yladi yelka qisib. — Kim o'zi? Nega meni ko'riboq chopqillab qoldi? Yo meni taniydimi?»

O'ylab o'yining oxiriga yetmay, kampir Mannopning qarshisida hozir bo'ldi.

— Yaramas! — deya hayqirdi u g'azabdan ko'zlari yonib. — Birovlarning ruhini chirqiratishga, jasadini oyoqosti qilishga qanday hadding sig'di?

— Ena, kimsiz? — so'radi Mannop hech narsaga tushunmay. — Nega meni qarg'ayapsiz? Sizni birinchi marta ko'rib turgan bo'lsam! Yo kimgadir o'xshatdingizmi?

— Hozirgina go'r ichini ag'dar-to'ntar qilib tashlading-ku!.. Ko'r emasman-ku, juvonmarg!

— Ena, go'r ichidagi jasad siznikimidi? — qo'rqa-pisa ortga tislandi Mannop. — Kechiring! Aslo unday qilmoqchi emasdim. Hayot shunga majbur etdi, ishoning!..

— Yo'q, — bosh egdi kampir. — Mening jasadimni itlar tashqariga opchiqib sochib tashlashgandi. Sen ularni go'r ichiga olib kirib to'g'ri ish qilding. Ko'pchilik bosib o'tgandi suyaklarimni. Bolakaylar to'p ham qilib o'ynashdi bir kuni. Lekin o'sha go'r ichidagi jasad yaqin dugonamnikiydi. U hozir uyoqda o'tirvolib qon yig'layapti. Nima qilsin bechora? Kelay desa, cho'loq, notavon!.. Sen-chi, yaxshi ish qildim deb kerilma! O'sha go'rdagi jasadni bezovta qilganing uchun senga jazo beraman. Shunday azoblanginki, tug'ilganingga pushaymonlar yegin!..

— Ena, nega?.. Unday qilmang!.. Men u ishni atayin qilmadim-ku-u!!!

Kampir uning oh-vohlariga quloq tutib o'tirmadi. Qaerdandir qo'liga bir to'p changal oldi-da, Mannopni savalay ketdi. Changalning o'tkir tikonlari badaniga sanchilgani sayin Mannop yanada qattiqroq dodlar, baxtga qarshi qochib ketishga o'zida kuch topolmasdi. Kaltaklanish davomida og'ziga mayda toshchadek qattiq bir narsa kiirib ketgandek bo'ldi. Jonholatda yutinganda toshcha tomog'idan o'tib ketdi. Ammo bunga parvo qilib o'tiradigan ahvolda emasdi. Tezroq changal zahridan xalos bo'lishga urinardi.

Kaltaklashlar uzoq davom etdi. Mannopning qonga bo'yalmagan yeri qolmadi. Nihoyat kampir kaltaklashdan to'xtadi-da, “Iloyo xor bo'lib o'lgin!” deya qarg'angancha kutilmaganda ko'zdan g'oyib bo'ldi. Shundan so'ng oradan bir necha soniya vaqt o'tib, Mannopning ko'z o'ngini oppoq parda qopladi. Boshi gir-gir aylanib, yuragi hapriqdi.

Bu holat ham bor yo'g'i bir necha soniya davom etdi. Yana o'ziga kelib ko'zlari moshdek ochildi. Mannop tanasi muzlab borayotganini his etib cho'chib boshini ko'tardi. Atrof zim-ziyo edi. Yon-verida itlar qabrlarni iskalab yurishgan ekan. Uning o'rnidan qo'zg'alganini sezishdi-yu, tiraqaylab qochishdi.

«Menga nima bo'ldi o'zi? — ko'nglidan o'tkazdi u qorong'ilikda tevarakka alanglab. — Nima uchun hushimdan ketdim? Kim edi kampir?.. Ha-ya, tush ko'rdim shekilli… Ammo… Haqiqatga yaqin edi. Rostdan ham suyaklarni go'r ichiga berkitganimni eslayman. Nahotki, bu o'sha jasadning ruhi bo'lsa?… Nimani yutdim o'zi?.. Toshmidi? Endi nima bo'ladi? Ichimda kattarib ketsa-ya!?. E, o'lib ketmaydimi. Hozir shoshilish kerak, shoshilishim!.»

* * *

Kiyimlari qora tuproqqa botib ketgan ekan. Ko'cha chirog'i shu'lasida yaxshilab changlardan tozalandi. Yo'l chetidagi kranda yuz-qo'llarini yuvdi.

Ana endi shaharga jo'nasa bo'ladi. Belgi qo'yildi. U kovlagan chuqurni mushuk ham, it ham kovlab ocholmaydi. Birov tut daraxti ostida chuqurcha borligini ham bilmaydi. Xohlagan vaqtida pullaridan xabar olib qaytaveradi.

«Zo'r bo'ldi-da, — o'ylardi Mannop dunyoga boshqacha ko'z bilan boqib. — Hech bir o'g'ri, tanbalning xayoliga kelmaydigan ishni qildim. Xudo ko'rsatmasin, qamalib ketgan taqdirimdayam pullarimga hech kim tegmaydi. Qani, topib ko'rishsin-chi!»

Shahar shirin uyquda edi. Mannop allamahalgacha ko'cha kezdi. Qorni ham tatalab borardi. Puli bor. Biroq oshxona-yu, do'konlar berk. Ertalabga qadar kutishga majbur. Shunday ekan, qandaydir pana-pastqam joy topib mizg'ib olsa bo'lardi.

U daydiy-daydiy, oxiri vokzalga bordi. Ichkarida odam ko'p edi. Kimdir poezdga ilinib qolish ilinjida yukini ko'tarib tashqariga chopar, kimlardir o'rindiqlarga yastanib olgancha miriqib uxlardi.

Baxtiga vokzal bufeti ishlab turibdi ekan. Mannop xursand bo'lib bufetga kirdi va ehtiyor shart atrofga alanglab bir nechta pirashka sotib oldi. Shundan so'ng yashin tezligida vokzaldan chiqib qorong'ilik qa'riga sho'ng'idi.

U temir yo'llarni kesib o'tmoqchi bo'ldi. Baxtga qarshi poezd o'tayotganiga to'g'ri kelibdi. Ko'tishdan bo'lak iloji yo'q…

Poezdning taraq-turug'i asabiga tegib bezovtalana boshladi.

Shu payt orqadan kimdir mahkam yelkasini siqdi.

Kutilmagan tahdid Mannopni dovdirab qo'ygandi. Tanasi bir necha soniya ichida muzlab, o'zi haykal kabi qotib qoldi.

Beixtiyor ortga o'girilishga urindi. Ammo begona qo'llar yelkasini shu qadar qattiq siqib turardiki, burilishning sira iloji yo'q edi.

Mannop so'nggi kuchini yig'di-da, tavakkal keskin harakat bilan bir siltanib orqasiga o'girildi va beixtiyor rangi dokadek oqardi.

Ne ko'z bilan ko'rsinki, qarshisida To'lqin tirjayib turardi.

— Sen?.. — beixtiyor ortga tislandi Mannop. — Q-qaerdan paydo bo'lding? Shaytonmisan?

— Qanaqa shayton, oshna? — kulib yubordi To'lqin. — Men To'lqinman, xumpar, To'lqin!.. Nima, tanimadingmi?

— Y-yo'q… Shunchaki kutmagandim… — zo'rg'a javob qaytardi Mannop. — A-a-a… Milisa… lar qani?..

— Qanaqa milisa?.. Biz ularni chalg'itib qochdik. Rosa quvlashdi. Baribir yeta olishmadi. Shunaqa boplab adashtirdikki, ko'rchsang, kulib o'larding. O'zing-chi? Qay go'rda qolib ketganding?

— E, adashib qoldim, — qo'l siltadi Mannop. — Botqoqlarmiey, ariqlarmiey… Qorong'ida o'blarim bo'ldi. Ustimni qara, changa botdim. Tag'in bu quritganim. Bir soat oldin ko'rganingda meni tanimasding.

— O'zingdan ko'r, — deya sinfdoshini koyigan bo'ldi To'lqin. — Zovurga tushvolib o'tiraverding-da! Harakatingni qilsang bo'lmasmidi?

— Jinnimisan? Qornim burab tursa, qanday harakat qilaman?..

— Bo'pti, bo'lar ish bo'ldi… Aytgancha, ulushing yoningdami?

Bu savol Mannopni birdan hushyor torttirdi. Yer ostidan To'lqinga ma'noli boqdi. Niyati neligini fahmlashga urindi. Ammo buning ilojini topa olmadi.

— Nimaydi? — so'radi ehtiyotkorlik bilan. — Tinchlikmi?

— Meniki qochgan paytimda qaerdadir tushib qopti. Qarz berib turasanmi demoqchiydim.

— O'zing mendan battar so'tak ekansan-ku! — deya kerildi Mannop. — Tag'in katta gapirganingga o'laymi?!.

— Xo'sh, qarz berasanmi-yo'qmi? — gapni kesdi To'lqin. — Pul hozir mana munday kerak.

— Nimaga? Ochig'ini ayt!

— Bahrom aka bilan Mehmonqul Tojikistonga o'tib ketishdi. Shunday qilmasa bo'lmasdi. Ko'rding-ku ahvolni!.. Qo'l pul ko'rguncha kun ko'rib turish kerak-ku!

— Tojikistonga? Nima, uyoqda ish zo'rmikan?

— Albatta-da! Uyoqdagi militsionerlarning qo'liga pul tutqazsang bo'ldiykan, xohlagan ishingni qilib yuraverarkansan! Hech kim mushugingni pisht demasakan. Bahrom akalarning esa uyoqda tanishi tiqilib yotibdi. Manaman degan o'g'rilarminan bir tovoqdan osh yeyishadi. Maza qiladigan bo'lishdi.

Bu xabarni eshitib Mannopning rangi o'zgardi. Eng ashaddiy o'g'rilar qo'ldan chiqqanidan afsuslanib ketdi. Tarvuzi qo'ltig'idan tushgan odam kabi bo'shashgancha beton ustiga o'tirib qoldi.

— Ha, senga nima bo'ldi? — engashib Mannopning ikki bilagidan mahkam siqdi To'lqin. — Mazang qochdimi?

— Yomon bo'libdi-da, — dedi Mannop sinfdoshiga alam aralash boqib. — Ular menga erta-indin juda kerak edi.

— Nimaga? Nima ishing boridi ularda?

Mannop lab tishlagancha nari ketdi. O'zini nimalarnidir xomcho't qilgan kabi tutib uyoqdan buyoqqa yura boshladi. To'lqin esa bezovtalik bilan nuqul tevarakka alanglar, shunda ham Mannopning niyatini bilishga oshiqardi.

— Men zo'r ish topgandim, — dedi Mannop nihoyat sinfdoshiga yaqin kelib. — Chekka bir qishloqda katta ferma borakan. O'shani o'marish kerak edi.

— Qanaqa ferma? Bo'ladiganmi? Borganga arziydimi?

— Arzimasa asabim buzilmasdi buncha. Ammo biz Bahrom akasiz hech narsa qila olmaymiz. Qattiq qo'riqlashadi fermani.

— E, o'zimiz tunay qolamiz o'sha fermangni! Qoyillatardik!

— Senminan-a? — mensimagandek To'lqinga boqdi Mannop. — Hazillashayapsanmi?

— Unda nima qilasan boshni og'ritib? — qo'l siltadi To'lqin. — Undan ko'ra qutulib qolganingga xursand bo'l!

— Men o'sha ishni qilmaguncha tinchlana olmayman, — dedi yolg'ondan qovoq uyib Mannop. — Qanday bo'lmasin, Bahrom akalarni topishim shart.

— Gijondan topasan ularni. Allaqachon dumini tugib bo'lgan Bahrom aka.

— Harqalay, Amerikaga ketmagan-ku! Qo'shni davlat bo'lsa, amallab o'ta olarman?

— Senmi? — sovuq kulimsiradi To'lqin. — Vey, u yerdagilar qanaqaligini bilasanmi o'zing? Yutib yuborishadi sendaqalarni!

— Meni kim deb o'ylayapsan? — kutilmaganda sinfdoshining yoqasidan bo'g'di Mannop. — Qachon ko'rgansan yutishganini? Ayt, qachon ko'rgansan?

— Q-qo'yvorsang-chi! — xirilladi To'lqin. — Bir narsa dedimmi? Shunchaki aytdim-qo'ydim-da!..

— Sen hammasini bilasan! Qani, tez ularning aniq manzilini ber! Abjag'ingni chiqarvoraman hozir!..

— Jinnimisan? O'ldirib qo'yasan hozir! Qo'yvorsang-chi!

— Fe'limni bilasan-ku! — To'lqinni qattiqroq bo'g'ib do'qladi Mannop. — Tutgan joyimni jonini chiqarmaguncha qo'yib yubormayman! Xo'sh, aytasanmi, yo o'lging kelayaptimi?

— Aytaman, aytaman! — Mannopning bilagini mahkam ushlab bazo'r shivirladi To'lqin. — Faqat qo'yvor, o'rtoq, qo'yvor!

Mannop uni qo'yib yubordi. To'lqin hiqillay-hiqillay bir muddat yerga engashgancha turib qoldi. U og'ir-og'ir nafas olar, ora-sirada o'qchib-o'qchib qo'yardi.

— Bo'l tez! — uning tepasiga keldi Mannop. — Kutayapman!

— Chegaradan o'tganingdan keyin birinchi qishloqqa kirasan, — nihoyat ma'lumot bera boshladi To'lqin. — Qishloq juda katta. Uch-to'rt chaqirimga cho'zilib ketgan. Oxirigacha borib Polvon akani so'raysan. O'ziyam haqiqiy polvon odam. Yuz ellik kilocha keladi. Bahrom akalar o'shanikiga joylashamiz degan.

— Boshqa hech narsa deyishmaganmi?

— Agar ilojini topa olishsa, birovlar orqali buyoqqa mol jo'natisharkan. «Sen kutvolasan» deb tayinlagan.

— Kutvolarmish, — aftini bujmaytirib yuzini ters berdi Mannop. — Hech qanaqa mol kelmaydi. Ularning o'zini opkelaman!

— Menam senminan birga boraymi, o'rtoq? — yalingannamo ohangda so'radi To'lqin. — Bir o'zim nima qilaman shaharda? Biror foydam tegib qolar!

— O'chir! — uni jerkib tashladi Mannop. — Pishirib qo'yibdimi sen so'takka? Bizni kut!

Shunday deb Mannop To'lqinning yelkasiga qoqib qo'ydi-da, ko'z ochib yumguncha ko'zdan g'oyib bo'ldi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

Olimjon Hayitning turli mavzulardagi xabarlari, maqolalari, hikoyalari endi “Telegramm” dagi alohida kanalda! Bizga qo'shiling, afsuslanmaysiz!

t.me/olimjonhayit

 

 

Siz hozir hordiq.uz saytidasiz. Yangiliklardan o'rtoqlaringizni ham xabardor qiling:

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here