«Akam sevgilimga uylanyapti!.. Qanday chiday?..»

1

— Oilamizga hamma havas qiladi. Otam shaharda Mahmud hoji nomi bilan tanilgan. Juda ko'pchilik dadamni hurmat qiladi. Bir nechta restoran, kafelari bo'lsa-da, dadamda manmanlikni ko'rmaganman. Hamisha samimiy va kamtar inson. Shohga ham, gadoga ham bir xil munosabatda. Men u kishini nafaqat mehribon va g'amxo'r ota, balki chin inson sifatida ham qadrlayman. Shunday insonga farzand bo'lishni nasib etgani uchun ham Yaratganga hamdu sanolar aytaman.

Oilada ikki o'g'il, bir qiz bo'lib voyaga yetdik. Dadam hech qachon birimizni birimizdan kam qilmagan. Ayniqsa, mendan to'rt yosh katta akam ikkimizga ko'p nasihat qilardi.

Otamning nasihatlari tufaylimi yoki xonadonimizdagi o'zaro hurmat natijasimi, xullas, aka-uka juda inoq edik. Agar biror joyga borib, sal kechiksam ham akam darhol qo'ng'iroq qilardi. Shundanmi akamga havasim kelardi. Maktabni bitirib men ham institutga o'qishga kirdim. Aynan shu yili Nilufar opamni uzatdik. Bu paytda akam chet elda o'qirdi. Men ham akamdan qolishmaslik uchun tinimsiz izlanardim. Ammo uchinchi kursga o'tganimda hayot yo'llari meni boshqa tomonga boshladi.

Bir kuni tasodifan birinchi kursga kelgan bir qizni uchratib qoldim. Keyinchalik u xayolimni oldi. Ko'nglim Gulhayoni ko'rganda allanechuk bo'lib ketardi.

Avvaliga muhabbatimni ichimda saqlashga harakat qildim. Lekin qo'limdan kelmadi. U bilan yaqindan tanishgach, hatto qo'rqmasdan uyiga ham qo'ng'iroq qila boshladim.

Xullas, bir kuni Gulhayo bilan xiyobonda uchrashdik. O'sha kuni unga dil izhori qildim.

— Gulhayo, siz menga yoqasiz, — dedim oddiygina.

U menga qaramas, faqat nigohi bilan yer chizardi.

— Nega indamaysiz? — dedim yurishdan to'xtab.

U yana jim. Negadir menga qaray olmasdi.

— Dilshod aka, yaxshi boring, — dedi-yu, uyi tomon yugurib ketdi.

Sukut alomati — rizo, deb o'yladim o'zimcha.

Kunlar o'tib borardi. Gulhayo bilan haftada bir yoki ikki marta uchrashardik. Biz uchun qadrdon bo'lib qolgan anhor bo'yiga borib, soatlab suhbatlashardik. Uning sodda, samimiy so'zlarini tinglashni yaxshi ko'rardim (ammo u kam gapirardi). Gohida oilamiz haqida gaplashardik. Men akamni, dadamni maqtardim, u esa jimgina tinglardi.

Oradan bir oy o'tdi. O'sha kuni akam chet eldan qaytishi kerak edi. Hammamiz aeroportga chiqib, kutib olmoqchi bo'ldik. Ammo mening imtihonim borligi uchun imkonim bo'lmadi. Dadam:

— Sen o'qishingga boraver, o'zimiz kutib olamiz. Ammo tezroq qayt, — dedi.

O'sha kuni juda xursand edim. Imtihonni a'lo bahoga topshirdim-da, akamni ko'rish uchun uyga shoshildim.

— Murod aka! — deya baqirib kirdim darvozadan.

Bolalikda shunday qilardik. Akam yoki men biror qarindoshimiznikida uzoqroq qolsak, uyga baqirib kirish odatimiz edi.

— Dilshod!

Akamning ovozini eshitib, quvonib ketdim. Aka-uka quchoq ochib ko'rishdik.

— Ozib qolibsanmi? — dedi akam menga qarab.

— Siz esa semiribsiz…

— Ha, chet elda meni rosa boqishdi. Faqat oyim bilan dadam eshitib qolmasin, — deb ko'z qisdi akam.

Ertasi kuni esa uyimizda to'y harakati boshlandi. Oyim ammam bilan sovchilikka borib, qiz tomonning roziligini ham olib qaytishdi.

— Murodjon, bolam ertaga uchrashuvga chiqasan, — dedi ammam akamga.

— Amma, qizning ismini ayting-da, yana akam adashib yurmasin, — deb qo'shimcha qildim o'zimcha ustamonlik bilan.

— Gulhayo! — dedi onam.

Yarq etib onamga qaradim. Ichimdan nimadir uzilgandek bo'ldi. Mening Gulhayom bo'lsa-ya?.. Ammo shu tobda na akamni, na onamning kayfiyatini buzishni istamasdim. Balki, adashayotgandirman?!

— Qaerda turarkan? — deb so'radi akam.

— Nodir amakingdan keyingi mahallada.

Men tamom bo'lgandim. Xuddi shu ko'chada turardi u. Ammo bildirmaslik uchun kulib turdim. Ey, Alloh, bu qanday sinoat?

— Ha-ya, sen o'qiydigan joyda o'qirkan, — dedi ammam menga qarab. — Qiz tarafga o'zimiz o'qitib olamiz, dedik.

— Bu yog'ini mening maktabimda o'qiydi, dedingizmi? — akam hazil qilib gapirdi.

O'sha kuni Gulhayoga telefon qildim. Ammo hech kim javob bermadi. Ertalab o'qishga ham kelmadi. Tushdan so'ng esa akam og'zi qulog'ida qaytib keldi.

— Onajon, men roziman. Sizga yoqqan qiz menga yoqmasligi mumkinmi? Nihoyatda andishali qiz ekan, — dedi akam bosiqlik bilan.

Men esa indayolmadim. Hammasini ichga yutdim. Yig'lab yig'lolmasdim. Onamga ham, dadamga ham, sirdoshim — akamga ham bu haqda aytolmasdim. Aytishga haqim yo'q edi!

Ikki kundan so'ng Gulhayoning dugonasi qo'limga xat tutqazib ketdi. Unda: «Meni kechiring. Meni boshqaga fotiha qilishdi. Meni unuting. Baxtli bo'ling», deb yozilgandi. Nazarimda, u hali menga kelinoyi bo'layotganini bilmasdi. Agar bilsa-chi? Nima bo'ladi? Hech narsa! U ham men kabi indamaydi. E, Xudo, bir hovlida o'zim sevgan qiz bilan qanday yashayman? Uni qanday kelinoyi deb atayman? Qanday u bilan so'zlashaman? Akamga aytsammikin? Yo'q, akam, shu paytgacha qizlar haqida so'z ochmagan. Endi birgina yoqtirganini undan tortib olishga haqim yo'q. Menga jigarimning quvonchi afzal. Mayli, muhabbatimni o'ldirib, ko'mib qo'yganim ma'qul.

Ikki o'tning orasida qolganman-u, chiqib ketishga imkonim yo'q. Men Gulhayoni jon dilimdan sevaman! Usiz yashash… bir azob bo'lsa, yonimda bo'la turib, boshqaga tegishli ekanini bilib yashash undan-da battar.

Shu payt akam qo'ng'iroq qilib qoldi.

— Qaerdasan, Dilshod? Vaqt allamahal bo'ldi, onam so'rayapti.

Nima deb javob berganimni bilmayman.

Ammo tongda uyda ko'z ochgandim, boshim lo'qillab og'rirdi. Tunda nima bo'lganini eslolmasdim. Qanday qilib uyga keldim, mashinani kim haydadi? Kim meni olib keldi? Savollarimga javob topolmay yotgan mahal eshik ochildi. Ostonada akam ko'rindi.

— Yashang, ukaginam! — dedi u kinoya bilan.

Sekin o'rnimdan turdim. Aybdorman, boshim egik.

— Agar dadam bilan oyim bilib qolsa, bilasanmi nima bo'ladi? Nima deb o'ylashadi? Dadamning gaplarini esingdan chiqardingmi?

— Uzr, aka, — dedim aybdor ohangda.

— Kim u qiz?

Yarq etib akamga qaradim-da:

— Qanaqa qiz? — dedim shosha-pisha.

— Seni ichishga majbur qilgan. Kecha aytding-ku: «Men uni sevaman», deding-da.

«Voy, nodon, nahot shunday degan bo'lsam?» Akamning ko'zlariga qarolmasdim. Yuzimni o'girdim.

— Ayt, kim u?

«Ishqilib ismini aytmagan bo'lay», derdim ichimda.

— U boshqasiga erga tegyapti, — dedim xo'rsinib.

— Fotihasi bo'lganmi?

— Ha.

— Unda taqdirga tan ber. Fotihani buzish yaxshilikka olib kelmaydi. Qizlar ko'p. Bir paytlar men ham bir sinfdoshimni yaxshi ko'rardim. Ammo o'ziga aytolmaganman. Mana hozir ikkita bolaning onasi u. Xudoga shukr, menga ham Alloh yaxshi qizni ro'para qildi. Sen ham qayg'urma, uka. Hammasi yaxshi bo'ladi. Turib, yuvin-da, o'zingga qara. Dadamning yoniga bunday ahvolda chiqma, — deb eshikni yopdi akam.

O'zimni yana o'ringa tashladim. E, Xudo. Akamga aytsammikin? Ammo… iloji yo'q. Akam ham uni yaxshi ko'rib qolganini bilardim. Qolaversa, dadamga bu gapim yoqmaydi. Yaxshisi, yopig'lik qozon yopig'ligicha qolsin. Lekin…

Uch kundan so'ng akam menga qo'ng'iroq qilib:

— Dilshod, Gulhayoning uyiga borib, uni restoranga olib borib tur. Men ham yetib boraman. Xorijdan mehmonlar kelgan ekan, ularni tashlab ketolmayapman. Unga aytdim. Ukam boradi, dedim. Birga tushlik qilmoqchi edik. Bahonada tanishib olasan, iltimos, uka, — deya go'shakni qo'ydi.

Hatto javob aytishga ulgurmadim. Eh, aka, bizni tanishtirmoqchisiz, agar bilganingizda edi…

Istar-istamay mashinada uning ko'chasiga bordim. Uzoqdan Gulhayoning kelayotganini ko'rib, yuragim hapriqdi. Nahot mashinamni tanimagan bo'lsa? Yo'q, yaqinlashgan sari Gulhayoning qadami ham sekinlasha boshladi. U meni tanigandi. Mashinaning yoniga kelib to'xtadi.

— Assalomu alaykum, — dedim mashinadan tushib.

— Assalomu alaykum, — dedi u yerdan ko'z uzmay.

— Akam bizni kutib turibdi, — dedim beparvo ohangda.

U esa sassiz mashinaga o'tirdi. Ichimizdan nima o'tayotgani o'zimizga ayon edi. Biz mashina salonida ham gaplashmadik. Ko'zgu orqali uni kuzatib qo'yardim. Lablarini qimtib, oynadan tashqariga qarab ketardi.

— Murod aka mening akam bo'ladi, — dedim sekingina.  — Taqdir ekan, hammasiga ko'nikamiz. Akamga hech narsani bildirma… bildirmang… Biz hattoki tanish emasmiz.

Xullas, o'sha kuni ikkimiz ham rol o'ynadik. Akam ham hech narsani sezmadi. Ammo yuragimiz azobda qoldi. Qiynaldi, dod solib, tanimizni yorib chiqqisi keldi…

E, Xudo, bir marta ko'rganda shunchalik azob va iztirob. Ertaga bir uyda yashasak, nima qilaman? Undan ko'ra sevgilim yiroqlarga ketgani yaxshiydi… Qanday chidayman? Bilmadim.

Ikki haftadan so'ng to'y. Ammo mening qalbim allaqachon aza tutyapti. Ichimga chiroq yoqsa yorishmaydi. Ota-onam, akamning yonida kulib, hech narsani bildirmaslikka harakat qilaman. Ammo boshqa paytda o'ylar meni yeb tashlayapti. Maslahat bering, nima qilay? Qanday yashay?

DILShODning so'zlarini

SAIDA oqqa ko'chirdi.

(«Hordiq plyus» gazetasi xazinasidan)

Siz hozir hordiq.uz saytidasiz. Yangiliklardan o'rtoqlaringizni ham xabardor qiling:

1 TA FIKR

  1. Endi kech buldi usha kuni Gulxayo orqali akangizga yaxshi kurgan yigiti borligi uni ismi Dilshod ekanligini ayttirishingiz kerak edi. Shuncha azob chekmasdingiz. Bulgan ish buldi, endi foydasi yo'q xammasini vaqt davolaydi. Siz xam tezroq boshqa qiz bilan tanishib uylanish chorasini ko'ring. Inson xar narsaga ko'nikadi

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here