Tramp yangi urush olovini yoqdimi? AQShning Falastin bo'yicha qarori munozaraga sabab bo'lmoqda

0

6 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Al-Qudsning Isroil poytaxti deb tan olinishini e'lon qildi. U AQSh Davlat departamentiga Tel-Avivdagi elchixonani Al-Qudsga ko'chirishga tayyorgarlik ko'rishni boshlash vazifasini topshirdi. Bu haqda xorij matbuotiga asoslanib kun.uz xabar bermoqda.

Bu qarorga Turkiya birinchilardan bo'lib munosabat bildirdi va AQShni bu xato qarorini qayta o'ylab ko'rishga chaqirdi.

Yaqin Sharq mamlakatlari ham bu qarorga salbiy munosabat bildirmoqda.

Iroq hukumati bu qarorni «haqoratomuz qaror» deb atadi

«Iroq Tashqi ishlar vazirligi, mamlakat hukumati va boshqa siyosiy partiyalar Trampning Al-Qudsni Isroil poytaxti deb tan olish haqidagi qarorini qoralaydi», degan Iroqning Rossiyadagi elchisi Haydar Mansur Hodiy al-Ozariy.

«Menimcha, bu qadam mintaqada yangi muammolarni keltirib chiqarib, vaziyatni yanada og'irlashtiradi. Bu qaror musulmon olami uchun haqoratli qarordir», deya qo'shimcha qilgan Hodiy.

Suriya

Suriya hukumati Al-Quds taqdiri biron prezident yoki davlat qo'lida emasligini ta'kidlagan.

«Al-Qudsning kelajagi bir davlat yoki prezident tomonidan belgilanmaydi. Bu uning tarixidan, shu hududda yashayotgan xalq irodasidan kelib chiqib belgilanadi», deyilgan Suriya prezidenti Bashar Asad ma'muriyatining tvitterida.

Misr

Misr prezidenti  Abdul Fattoh as-Sisi Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan telefon orqali muloqot chog'ida AQSh prezidentining bu qaroriga qarshi munosabatini bildirgan.

«Prezident muloqot chog'ida bu qaror va uning salbiy oqibatlari haqida gapirgan», deyilgan Misr rahbarining matbuot xizmati xabarida.

Bayonotga ko'ra, Falastin va Misr rahbarlari Trampning bu qarori BMT rezolyutsiyasini ochiq buzish ekanini ta'kidlashgan.

Saudiya Arabistoni

Saudiya Arabistoni ham Trampning Al-Quds bo'yicha qarorini mas'uliyatsiz qaror deb ataydi va AQSh ma'muriyatini bu pozitsiyasini qayta ko'rib chiqishga chaqiradi.

Ar-Riyod AQShning qarorini «tushunarsiz va oqlab bo'lmas qaror», deb hisoblaydi.

«Saudiya Arabistoni AQSh ma'muriyatini Al-Quds bo'yicha pozitsiyasini qayta o'ylab ko'rishga, elchixonasini bu shaharga ko'chirmaslikka chaqiradi», deyilgan Al Arabiya telekanali xabarida.

Eron

Eron tomoni Donald Trampning bu qarori hududda yangi intifadani (qurolli mojaro) keltirib chiqarishi mumkin, degan fikrda.

«Trampning qarori yangi intifada uchun olov bo'lishi mumkin», deyilgan Eron Tashqi ishlar vazirligi xabarida.

Evropa

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi, Germaniya, Fransiya tomonidan Trampning qarori norozilik bilan qarshi olindi.

«Evropa Ittifoqi AQSh prezidenti Donald Trampning al-Quds bo'yicha bugungi qaroridan jiddiy xavotirda, u tinchlikka erishish bo'yicha istiqbollarga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin», – deya ma'lum qilgan YeI diplomatiyasi rahbari Federika Mogerini.

Mojaro tarixi

Jahon hamjamiyati Al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olmaydi. 1967 yili, «Olti kunlik urush» yakunlariga ko'ra, Isroil Sharqiy Qudsni egallab olgandi. Falastinliklar bu hududni o'z davlati poytaxti deb hisoblaydi. BMT va jahon hamjamiyati (shu kungacha AQSh ham) Sharqiy Qudsni anneksiya qilingan hudud, deb hisoblaydi hamda bu masala shaharning sharqiy qismiga da'vo qiluvchi falastinliklar bilan birga hal qilinishi kerakligini ta'kidlaydi. Shaharning maqomi noaniqligi tufayli boshqa davlatlarning elchixonalari Al-Qudsda emas, Tel-Avivda joylashgan.

Isroil esa Al-Quds to'liq o'z tarkibiga kirishini da'vo qiladi va shaharni o'z poytaxti deb biladi. Amalda Al-Quds bir necha o'n yillardan buyon Isroil nazoratida qolmoqda. BMT Xavfsizlik Kengashi, BMT Bosh Assambleyasi va boshqa ko'plab xalqaro tashkilotlar Isroildan okkupatsiyani to'xtatishni necha bor talab qilganiga qaramay, bu talab e'tiborsiz qoldirilgan.

Shu vaqtgacha AQSh bu masalada betaraflik namoyon etib kelgan, mintaqadagi manfaatlar muvozanatini saqlashga va o'z harakatlari bilan vaziyatni murakkablashtirmaslik pozitsiyasini tanlagandi. Ammo bu davlat — Isroilning ko'p yillik hamkori edi va kun kelib bunday qaror qabul qilinishi kutilgandi. 1960 yillardayoq, xususan, «Olti kunlik urush» vaqtida AQSh Isroil tomonida turib harbiy harakatlarda ishtirok etganlikda ayblangan. Qolaversa, AQShdagi ikki asosiy partiya Isroilni qo'llab-quvvatlaydi. Demokratik partiya nisbatan mo''tadil nuqtai nazarni tanlagan: partiyadagilar falastinliklarning o'zini o'zi boshqarish va o'z davlatini qurish huquqini tan oladi, Respublikachilar esa Isroil biror-bir hududni bosib olgani haqidagi qarashlarni to'liq rad etadi va falastinliklar bilan hech qanday muzokara olib bormaslik kerak, deb hisoblaydi.

Qaror oqibatlari

Bu qaror ortidan falastinliklar ommaviy namoyish boshlagan, turli hududlarda Isroil va AQSh bayroqlari, Trampning portretlari yoqilmoqda.

HAMAS guruhi rahbariyati 9 dekabr kuni «g'azab kuni» bo'lishini e'lon qildi. Tashkilot bayonotida juma namozidan so'ng Iordan daryosi G'arbiy sohilidagi falastinliklar imkoni bor har yo'l bilan Isroilga nisbatan o'z munosabatini bildirishi kerakligi qayd etilgan. Falastin muxtoriyatining Buyuk Britaniyadagi elchisi Manul Xasasianning ta'kidlashicha, Trampning bu qarori — «diniy ziyoratgohlar Isroil hukmronligi ostida qolishidan norozi 1,5 milliard musulmon va yuz millionlab nasroniylarga qarshi urush e'lon qilishdir».

AQShning Turkiya va Iordaniyadagi elchixonalari oldida namoyishlar o'tkazilishi kutilmoqda. AQSh Omandagi elchixonasi faoliyatini vaqtincha to'xtatdi.

Qatar amiri shayx Tamim ibn Hamad al-Soniy Tramp bilan telefon orqali gaplashdi va uning bu qarori Yaqin Sharqdagi tinchlik va barqarorlikka salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Siz hozir hordiq.uz saytidasiz. Yangiliklardan o'rtoqlaringizni ham xabardor qiling:

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here