Oshqozon, ko'z, teri, asab va nafas yo'lidagi kasalliklarning davosi bu – asal

0

Asalning shifobaxsh xususiyatlari haqida juda ko'p bor gapirganmiz. Ayniqsa, qish faslida bu bebaho darmondorining o'rni alohida. Asalning turli kasalliklarga darmon bo'lishda chinakam mo''jiza ekani qadimdan isbotlangan. Buyuk tabib Abu Ali ibn Sinoning aytishicha, asal quvvatlantiruvchi va tozalovchi darmondori sifatida 1001 dardga davo ekan.

* Oshqozon yarasi bezovta qilganida kuniga ikki mahal — ertalab va kechqurun bir choy qoshiq asalni og'izga solib, shimib yurish lozim.

* Bolangiz kechalari ko'p yig'lab, uyqusizlikdan azoblansa, vaqti-vaqti bilan labiga asal surtib qo'ying. Asal kattalarga ham uyqusizlikda yordam beradi. Buning uchun valeriana eritmasini asalli suvga qo'shib ichish kerak.

* Ko'rish qobiliyatini yaxshilash uchun esa asalni qizil sabzi sharbatiga qo'shib, doimiy ravishda ichib yurish lozim.

* Agar shamollashdan yoki asabiylashishdan bosh og'risa, bo'yimodaron damlamasiga asal qo'shib, soch ildizlariga surtish foyda qiladi.

* Agar kamqonlikdan aziyat cheksangiz, kundalik taomnomangizga asalni qo'shing. U qonni ko'paytiradi.

* Agar kefirga asal aralashtirib ichsangiz, tomoq og'rig'i va gaymoritdan xalos etadi.

* 1 litr qaynagan suvga 100 gramm asal va 50 gramm tuz qo'shing-da, yaxshilab aralashtiring. Keyin ushbu aralashma bilan tomoq va og'iz bo'shlig'ini g'arg'ara qiling. Bu muolaja tomoqdagi yallig'lanish va qizarishni daf etadi.

* Agar asalni yalpiz va kashnich sharbatiga aralashtirib ichsangiz, tomoq yo'lidagi shamollashni olib, bosh miya faoliyatini yaxshilaydi.

* Agar tishlaringizni oqartirishni istasangiz, asal aralashtirilgan yerqalampir (xren) sharbati bilan ularni yuving.

* Teri kuyib qolsa yoki boshqa yallig'lanishli yaralar toshsa, asal aralashtirilgan shivit suvini dokaga shimdirib qo'ying. Bu muolaja jarohat bitishini tezlashtiradi.

* Qovug'i bo'sh bolalarga esa doimiy ravishda no'xat, asal va petrushkani aralashtirib berib turing. Bu muolaja peshob tutishni yaxshilaydi.

* Qish kirishi bilan gripp xavfi kuchayadi. Uning oldini olish uchun ham asalli darmondori yordamga keladi. Buning uchun 200 grammdan asal va sariyog', 20 gramm un va uch dona tuxum sarig'ini qo'shib, ko'pirtiring va bir massaga aylangan aralashmani muzlatkichda saqlang. Keyin uni kuniga 3 mahal 2-3 choy qoshiqqa 1 tomchi lyugol eritmasidan solib, ovqatdan oldin qizil sabzi yoki limonli suv bilan iching.

* Chipqon va yaralarda 1 osh qoshiq asalga 2 ta tuxum sarig'i, yarim choy qoshiq tuz va ozroq un solib, xamir qoring. Xamircha chipqon va boshqa yaralarga qo'yib bog'lansa, ularni oson bartaraf etadi.

* Buyrak muammolaridan xalos bo'lmoqchi bo'lsangiz, asalni na'matak damlamasiga qo'shib iching. Bu darmondori buyrakni quvvatlantirib, undagi tuz va chiqindilarni chiqib ketishiga yordam beradi.

* Agar xotirangiz zaiflashsa, 200 grammdan asal, piyoz suvi va limon sharbatini bir idishga solib aralashtiring. Keyin undan ovqatlanish vaqtida 1 osh qoshiqdan yeb turing. Bu aralashma miya faoliyatini yaxshilab, xotirani mustahkamlaydi.

* Zamonaviy tibbiyotda mastitni davolashda ham asaldan foydalaniladi. Asalni zaytun yog'i bilan aralashtirib, ko'krakka kompress qilsangiz, mastitni davolaydi.

* Miomaga qarshi chora ham asalli darmondoridir. Xalq tabobatida isbotlanishicha, jo'ka (lipa) quyuq sharbati va asal aralashmasi bilan miomadan qutulish mumkin. Buning uchun har kuni 2-3 qoshiqdan shu asalni iste'mol qiling.

* Asal jigar uchun juda foydali. Buning uchun tvorogga asal qo'shib iste'mol qilinsa bo'lgani.

KOSMETOLOGIYaDA…

* 3 osh qoshiq tvorogga ozroq qaymoq va 1 osh qoshiq asal qo'shib, quyuq aralashma tayyorlang. Keyin uni yuz va bo'yin terisiga surtsangiz, tiniqlashtiradi, yuz mushaklari tonusini yaxshilaydi. Eng muhimi, u har qanday yuz terisiga to'g'ri kelaveradi.

* Yuz terisini tozalash uchun 50 grammdan asal va bodring suvini aralashtirib surting. Yarim soatdan so'ng yuvib tashlang. Bundan nafaqat yuzingiz tozalanadi, balki, taranglashib, oqaradi.

* Ajinlarni yo'qotish uchun 25 gramm asalga bitta tuxum sarig'i, yarim choy qoshiq glitserin solib aralashtiring. Tozalangan yuz terisiga surtib, 15 daqiqadan so'ng yuving.

ASABNI TINChLANTIRADI

Asal azal-azaldan uzoq umr garovi, deb tan olingan. Tadqiqotlarda aniqlanishicha, bu ajoyib mahsulotda inson salomatligi uchun kerakli bo'lgan yuzdan ortiq komponentlar mavjud. Asal tarkibida yuqori darajada saqlanayotgan oddiy qandlar (glyukoza va fruktoza) inson organizmiga tez singishi orqali jigarni ortiqcha zo'riqishdan asraydi.

Yurak kasali bilan og'rigan bemorlar uchun asal juda foydali. Bu hattoki, Abu Ali ibn Sino qaydnomalarida ham e'tirof etilgan. Asal glyukozaning inson organizmiga tez o'zlashishi va qon tomirlari kengayishiga yordam beradi.

Yurak kasali bilan og'rigan bemorlarga 1-2 oy davomida kuniga 50-140 grammdan asal iste'mol qilib turish buyuriladi.

Stenokardiya (yurak muskullarining siqilishi natijasidagi og'riq)ga qarshi quyidagi resept tavsiya etiladi: 100 g aloe sharbati, 300 g asal, 500 g maydalangan yong'oq, 1-2 dona limon sharbatini aralashtirib, uni kuniga 3 mahal ovqatdan 30 daqiqa oldin 1 osh qoshiqdan iste'mol qilish lozim.

Quvvatlantiruvchi, qonni tozalovchi, immunitetni ko'tarib, kamqonlikdan xalos etuvchi xususiyatlarga ega mazkur shifobaxsh mahsulotni shifokorlar kamquvvat bolalar, qariyalar va kasallikdan endi turganlarga tavsiya etishadi.

TUBERKULO'ZNI DAVOLAShDA ASALLI SUT

Xalq tabobatida tuberkulyozni davolash uchun asal aralashtirilgan sut ichish tavsiya etiladi. Unga har xil yog'lardan biri (sariyog', g'oz yog'i, qo'y yog'i va boshqa)ni qo'shish yanada foydali. Agar darddan tezroq qutulishni xohlasangiz, bu darmondoriga aloe sharbati ham qo'shishingiz mumkin.

1-resept

100 grammdan asal, sariyog', eritilgan charvi, g'oz yog'i, kakao va 15 gramm aloe sharbatini aralashtirib, past olovda qizdiring (faqat qaynab ketmasin). Darmondori tayyor bo'lgach, undan 1 osh qoshiq olib, 1 stakan sutga aralashtiring va kuniga 2 mahal iching.

2-resept

Aloe barglarini yuvib, maydalang va ezib suvini oling (150 g). So'ng 250 g asal va 350 g vino aralashtirib, qorong'i va salqin xonaga 4-5 kunga bostirib qo'ying. Darmondori tayyor bo'lgach, undan kuniga 3 mahal ovqatdan 30 daqiqa oldin 1 osh qoshiqdan qabul qiling.

NAFAS YO'LIDAGI KASALLIKLARNI DAVOLASh UChUN…

* Nafas yo'llari kasalligi, ya'ni zaharlanish natijasida yuzaga kelgan intoksikatsion o'zgarish, o'tkir zararlanishni yengish va haroratni tushirish uchun asalli reseptlarni tavsiya etamiz.

1 stakan achchiq ko'k choyga 1 choy qoshiqdan asal, shakar aralashtirilgan qizil malina va chakanda (oblepixa) hamda shuncha miqdorda ta'bingizga qarab balzam yoki konyak va 1 bo'lak limon qo'shsangiz, beqiyos darmondoriga ega bo'lasiz. Bu choyni 1 oy davomida uzluksiz holatda kechasi uxlashdan 30 daqiqa oldin ichsangiz, juda tez foyda ko'rasiz.

* Nafas yo'llari shamollaganda (laringit, faringit, sinusit va tumov) asalari uyasini chaynab yurish tavsiya etiladi. Bunda har 15 daqiqada bir chimdim uyani chaynab tashlash mumkin. Agar shamollash surunkali tarzda davom etayotgan bo'lsa, birinchi kun bu mumni 4-6 soat chaynashingiz lozim. Keyinchalik kuniga 1-2 marta 15-20 daqiqadan chaynasangiz yetadi. Agar yengil shamollash orqali tomog'ingizda qichishish paydo bo'lib, yo'tala boshlasangiz, mumdan bir marta chaynasangiz, kifoya qiladi.

* Asalli ingalyatsiya nafas yo'llaridagi kasalliklar (rinit, laringit, sinusit, traxeit, bronxit, bronxial astma)ni davolashda juda qo'l keladi.

* Bolalardagi dizenteriyani davolash uchun ularga kun davomida 30-60 g asal iste'mol qilish buyuriladi.

Eslatma: reseptlardan foydalanishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

Yana bir gap: choy asalning foydasini kamaytiradi. Shuning uchun asalni choy bilan emas, balki, suv bilan iching.

 

 

7 Mo''jiza gazetasidan olindi

 

Facebook'dagi sahifamizda yangiliklarni kuzatish yanada qulay!

Marhamat! A'zo bo'lish uchun "Nravitsya stranitsa" tugmasini bosing: