«Nega buncha mag'rursiz, azizim?»

0

«Bugun yana hijronlarning ummonida yolg'iz suzmoqdaman. Izlayapman izlaringizni, nurli ko'zlaringizni, hayot baxshida etguvchi purma'no so'zlaringizni. Biroq sira topolmayapman. Hattoki soyangiz tushgan salqin ko'chalarni ham, nafasingiz ufurib turguvchi yo'llarni ham topolmayapman negadir.

Azizim, ba'zan alam qilarkan siniqqan yurakka… Sababi — ayon. Umid bog'lab, yo'llariga intizor kutgan insoning vasling tomon oshiqmasa. Bir og'iz so'ziga mushtoq bo'lsang-u, lekin u ayasa sendan shuni ham. Albatta, eziladi-da bu qurg'ur yurak. Qalbing talpingan tomonga mehr bulog'ing tomib tursa-yu, ishonch deya atalmish daraxtning ildizlariga quyilmasa bu buloq, albatta, baxtning butunligini his qilmaydi-da bu kemtik qalbing. Qiziq, qachon siz tomon yetib borarkin-a qalbimning sadosi? Qachon qalbingiz mening nomim bilan urib turarkin-a? Aziz insonim, bilmadim, bu qachon sodir bo'ladi.

Hislarimning sirtmog'iga sog'inch degan maxluqdan bo'lak hech narsa ilinmayapti negadir. Achinaman nochor qolgan sevgining nolasini eshitib. Yuragim zirqiraydi og'riqdan. Nahotki qalbimga izhori dilingizning otashin taftini emas, sog'inchning tikanlarini botirish sizga xush yoqsa. Berahmsiz! Nega shunchalar bag'ringiz tosh, nahotki ko'zlaringiz sizga mehr-muhabbat bilan boqib turgan nigohimni ilg'amasa?! Azoblarni ayamay berasiz, bu beorom qalbimga. E'tiborsiz tutasiz o'zingizni, xuddi hech qanday iliqligu nafis tuyg'ular tug'yonini tuymaydiganday. Nega shuncha mag'rursiz, g'ururingiz yo'l bermaydimi menga samimiy munosabatda bo'lishga? Yoki sizga bo'lgan nozik tuyg'ularimning nuri ko'zlaringizga ko'rinmayaptimi? Qalbimning butun dunyoni larzaga keltiruvchi ovozini eshitmayaptimi quloqlaringiz? Yuragimning sizga talpinib urayotganini his qilmayaptimi yuragingiz? Qadrdonim, mendagi muhabbatning o'tli taftidan hatto toshlar erib ketadi, ammo sizning qalbingiz toshdan-da qattiqroq ekan. Dardimni aytsam, olam o'z quloqlarini berkitib yig'laydi-yu, lekin sizning dilingizdan zarracha achinish hissi o'tmaydi. Izhori dil qilsam hatto gullar poyimga bosh egib, menga iltifot ko'rsatadi-yu, biroq sizdan bir og'iz iliq so'z ololmayman. Nechun menga shunchalar beshafqatlik bilan e'tiborsiz tikilasiz, azizim?! Anglamaysizmi sizni butun borlig'im bilan sevishimni, his qilmaysizmi faqat sizga talpinishimni? Aytadilarki, sog'inch qanchalar kuchli bo'lsa, visol shunchalar totli bo'ladi. Men ham o'sha visolni intiqlik bilan kutib yashayapman. Sizga shuni va'da beramanki, bizning o'rtamizda paydo bo'lajak muhabbat Farhodu Shirinlarning, Tohiru Zuhrolarning qalbidagi sevgidan-da kuchliroq va otashin, qalblarimizni kuydirar darajada bo'ladi».

SANAM,

«Hordiq plyus» gazetasidan

Siz hozir hordiq.uz saytidasiz. Yangiliklardan o'rtoqlaringizni ham xabardor qiling:

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here