GO'R AZOBI… (5-qism)

0

 

 

* * *

 

Bunisi endi butkul ortiqcha edi. Nozimani ko'rganim zahoti vujud-vujudimga jazava hukmini o'tkaza boshladi. Yaqin o'tmish ko'z o'ngimda gavdalanib, bor bo'yimni yovvoyi titroq, qo'rquv, vahima chirmab oldi. Shunda ham o'zim xohlamagan, sezmagan holda yaqin o'tmishni yodga olishga majbur edim…

Ha, men Nozimani o'n bir yoshida yetimxonada ko'rib yoqtirib qolgandim. Bu qiz nazarimda haqiqiy malika, yo'q, malika emas, farishta kabi go'zal, benuqson, jozibali va afsonaviy bir qiz edi. Men ko'nglimning bir chetida qo'qqisdan paydo bo'lgan yovuz niyatimni birovlar payqab qolmasligi uchun Nozimaga xuddi bolamdek munosabatda bo'ldim. Uyga olib kelganimdan keyin ham niyatimni hech kimga sezdirmadim. Shu taxlit ikki yil chidadim. Nozimaning bo'y yetishini kutdim va… Kunlarning birida hovlida hech zog' yo'qligidan foydalanib, qo'riqchilarni darvozadan tashqariga chiqarib yubordim-u, xonasiga kirib bordim va niyatimni aytdim…

Yo'q, men o'shanda ham kimdir ra'yimga qarshi borishini, meni ranjitadigan so'z aytishini hazm qila olmasdim. Nozima ham qarshi so'z aytib qo'ydi. Men bo'lsam, azbaroyi ranjiganimdan unga kuch ishlatishga majbur bo'ldim…

U esa nomus azobiga chiday olmabdi.

Joniga qasd qilibdi.

Pullarimning hovuri shu qadar kuchliligidan, prokurorlar, militsiya ham ortiqcha dahmaza qilib o'tirmadi. Ish ochilmadi. Hatto pataloganatomining ham og'zini «moy»ladim. U men xohlagan xulosani yozib berdi. Shunday qilib yopig'liq qozon yopig'ligicha qoldi. Ammo… Xudoning ta'qibidan, g'azabidan qochib qutulib bo'lmas ekan-da! Manavi go'rso'xtani yuboribdi. Gunohimni isbotlashga jalb qilibdi. Xo'sh, keyin-chi? Keyin nima bo'ladi? Bo'lar ish bo'lgan, qiz, ana, o'tiribdi gullarga termilib!

— Men bu yerdan ketishni xohlayma-an! — daf'atan jazava ustun kelib baqirib yubordim. — Olib ket meni bu yerdan! Nega qarab turibsan! So'rog'ing bo'lsa olib bor! Nega meni uyoqdan buyoqqa sudrayverasan? Qani so'roq qiladiganing? Obormaysanmi?

— O'zingni bosvol, — dedi barzangi. — Bu olamda xudoning, undan so'ng bizning aytganimiz bo'ladi! Sen qasrlarday, harom pul evaziga qurilgan uyingdamassan, bizning ixtiyorimizdasan! Haliyam anglab yetmadingmi shuni, qo'rs? Nimangga qo'rslik qilasan o'zi?

— Sening olamingmi, boshqanikimi, obket meni bu yerdan!

Hayqiriqlarim ta'sir qila qolmagach, yalinishga o'tdim. Chunki jonim qaqshardi, menga ters o'girilib o'tirgan Nozima har qimirlab qo'yganda, jonimning allaqaeri uzilgudek tortishib og'rir, go'yo boshimdan oyog'imgacha hojatxona go'ngi quyilayotgan kabi dimog'imda badbo'y hidlarni tuyar, ko'nglim ag'darilib, qusgudek bo'lardim. Ammo qusolmasdim. Dimog'imda zahru-zaqqum yanglig' yoqimsiz va achchiq zardob aylanib, azob berardi. Titroqlar esa ikkinchi tarafdan meni zabtiga olib tinchlik bermasdi.

— Iltimos, — deya kutilmaganda tiz cho'kdim. — Obor meni qabrga! Men ortiq bardosh qila olmayman. Mayli, gurzi bilan urasanlarmi, tanamni bo'laklab, maydalab tashlaysanlarmi, o'zlaring bilasanlar! Faqat meni sudraklab yurishni bas qil, iltimos, yolvoraman! Axir, sendayam yurak bordir? Nega shafqat qila qolmaysan?

— Shafqatni xudodan so'raysan, — barzangi sovuqqonlik bilan meni bir qo'lida ko'tarib oyoqqa turg'azdi. — Lekin shafqat senga nasib etmasa kerak. Sen Yaratganning g'azabiga uchraganlardan birisan. U esa g'azabiga duchor bo'lganlarga shafqat qilish tugul, qayrilib qarab ham qo'ymaydi. Xudoyim sendaqalarni huzuriga yaqin yo'latmaydi. Sendaylar ikki olam oralig'ida qolib azoblanishga, xor-u zor bo'lishga mahkumsan.

— Xo'sh, unda mana shu zulmatlarda xor bo'lib o'tamanmi bir umr?

— Qanaqa umr? Senda umrning o'zi qolmagan.

— Unda bu nima umr bo'lmasa? Yo'qlikmi, borlikmi? Yo tushmi?

— Unisiyam, bunisiyammas. Buni abadiyat deb qo'yishibdi. Abadiyatga kirganlar yo so'ngsiz jannatmakon maskanlarda huzur qilib yashashadi, yo manavinaqangi zulmatlarda xor bo'lib kezishadi. Sen xursand bo'l, xudoning zulmatdan boshqa jazolari ham bir talay. Agar xohlasa, seni biyday sahroga tashlardi. Sahroda yorug'lik hukm suradi. Lekin u yerda hozirgi turganing, boshdan kechirayotganlaring holvaga aylanardi. Ulkan, vahshiy, so'yloqtish echkemarlar, eniga quloch yetmas ilonlar zahrini so'rib it azobini ko'rarding.

— Mayli, — dedim zo'rg'a o'zimni qo'lga olib. — Qabrga oboraqol! Shunisigayam xursandman. Sen haqsan. Faqat meni qabrga olib bor. So'rog'ing bo'lsa, boshla! Qiynalib ketdim!..

Shu so'zlarni tilga ko'chirardim-u, ko'zlarimdan duv-duv yosh quyilib kelardi. Biroq bu yoshlar tirikligimdagidek oppoq, shaffof emasdi. Balchiq aralash, ko'kimtirmi, qoramtirmi, ishqilib, qarashning, qo'lga olishning o'zi dahshat edi. Ulardan taralayotgan o'ta yoqimsiz, sassiq hid balchiq isiga qorishib, meni keragicha azoblardi, hatto, bir marta yutinishga-da qo'rqardim. Yutinsam, mana shu sassiq islar ichimga kirib oladigandek tuyulardi.

— Nega indamay qolding? — barzangiga javdiradim men. — Nimani o'ylaysan, jo'ra? Oboraqolgin endi makonimga!

— Yo'q, — dedi barzangi zarda aralash. — Sen har bir yo'l qo'ygan gunohing uchun dastlabki so'roqlarni mana, menga berasan! Men senga hamrohman. Sening dastingdan jabr ko'rganlarning har biriga ro'baro' bo'lishga mahkumsan. Hozir esa…

Barzangi beo'xshov tirjayib yuqoriga ishora qildi.

— Qisqa muddatga o'zing kelgan dunyoga chiqasan. Yashagan, o'sha harom pulga qurilgan uyingga borasan. Adashmasam, hozir tun uyoqda. Mana shundan foydalanib, uyingdan xabar olasan. Lekin mening hamrohligimda borasan.

— Keyin-chi? — so'radim barzangiga umid aralash boqib. — Meni o'sha uyimda qoldirasanmi?

— Hecham-da! Men bilan yana ortga qaytasan. Mana shu zulmat qo'yniga qaytamiz. Xo'sh, tayyormisan?..

— Tayyorman, — dedim shosha-pisha. — Shu yerdan vaqtinchaga bo'lsayam chiqib ketsam bas. Boshla o'sha dunyomga!

— Buyruqni bu yerda men beraman, ovsar! — dedi barzangi va bo'ynim aralash musht tushirdi…

Bu musht gurzi zarbidan-da og'irroq edi. Tirikligimda shu mushtni yesam, go'yo ko'zimdan o't chaqnardi. Hozir esa ikkala ko'zimdan balchiqsifat, ko'kimtir suyuqlik otilib chiqdi. Bir muddat engashgan ko'yi turgan joyimda aylanib qoldim. To og'riq zarbi pasanda bo'lguncha nafas olishdan ham mosuvo bo'ldim. Ammo saldan keyin o'zimga keldim. Asta qaddimni tikladim. Alam qilgani, mendek Daminboy barzangiga zarbasi uchun bir og'iz ham qarshi so'z ayta olmadim. Aksincha, tag'in musht tushirib qolishidan cho'chib hadeganda u tarafga zimdan qarab qo'ya boshladim.

— Bizning olamga kelganingga sizlarchasiga hisoblaganda bir oy bo'libdi, — dedi barzangi. — To'g'rimi?

— Bilmadim, — dedim turgan yerimda tipirchilab. — Menga desa ming yil bo'lmaydimi, jo'ra? Boshlayqol o'sha dunyomga! Qiynalib ketyapman!..

Barzangi meni yugurtirgancha itdek sudraklab o'zim suygan, hanuz umidimni uzolmayotgan, o'zgacha jozibali, diltortar, go'zal va fayzli dunyomga olib keldi. Hash-pash deguncha o'sha uyimga, qasrlardan-da salobatliroq hovlimga keldik.

Tashqarida yarim tun edi. Uyim chiroqlari o'chgan. Faqat qizim Sarvinozning yotog'ida chiroq o'chmagandi…

Aytgancha, Sarvinoz qizim yaqinda 20 ga kiradi. Juda go'zal, mehribon edi. Har «adajonim» deb erkalanganda, erib ketardim…

— Sen faqat ana shu chirog'i yonib turgan xonaga kirasan, — tayinladi barzangi. — Seni hech kim ko'rmaydi, sezmaydi, buni bilsang kerak. U yerdagi manzarani mening guvohligimda ko'rasan-u, darhol ortga qaytamiz!..

Ensam qotdi. Qizimning xonasida manzara nima qilsin? Uxlayotgandir, yo telefonda allakimlar bilan laqillashib o'tirgandir. Shuni ko'ramanmi? Mayli, ko'rsam ko'ray. Bu mishiqiga yo'q deb bo'lmasa. Tag'in musht tushirib qolsa…

Men so'zsiz barzangi kuzatuvi ostida qizimning yotog'iga qadam qo'ydim…

Shundagina barzangi aytgan gapning ma'nisiga yetgandek bo'ldim. Niyatini angladim…

Bir umr beozor, iffatli, aqlli, nomusli deb atagan Sarvinoz qizim bir karavotda… Mening shaxsiy qo'riqchim bilan quchoqlashib yotardi…

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

Siz hozir hordiq.uz saytidasiz. Yangiliklardan o'rtoqlaringizni ham xabardor qiling:

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here