Saudiya Arabistonida ayollarga tergovchi bo'lishga ruxsat beriladi

0

Saudiya Arabistoni rahbariyati yaqin orada ayollarga huquq-tartibot idoralarida tergovchi bo'lib ishlashga ijozat beradi.

Telekanal ma'lumotlariga ko'ra, bu lavozimga nomzodlar yuridik ta'limga ega bo'lishlari lozim. Shundan keyin ular bir nechta imtihon, sport normativlari topshirishadi. Bu ularning jismoniy tayyorgarliklari va xizmatga yaroqliklarini aniqlashga imkon beradi. Eng yaxshi natija ko'rsatganlar tergovchi lavozimini oladilar.

“Tanlov juda qat'iy bo'ladi, chunki biz bunday muhim ishni bajarish uchun munosib, malakali nomzodlarni izlamoqdamiz. Barcha talablar qanoatlantirilgandan keyin tergovchi bo'lishni istovchilar bilan birma-bir suhbat o'tkaziladi”, deb aytgan qirollikning bosh prokurori shayx Saud al-Muajib.

Uning aytishicha, ayol tergovchilar xizmat doirasiga “turli maxsus funksiyalar”, jumladan jinoiy tergovlarni olib borish, sudda ma'lumotlar berish, hukmlar ijro etilishini nazorat qilish, mahbuslar bilan ularning shikoyatlari bo'yicha muloqot qilish hamda mahbuslarning ozod qilinishi muddatlarini nazorat qilish kiradi.

Al-Muajibning aytishicha, qirollikda yaqinda oilaviy yarashtiruvlar nazorati qo'mitasi shakllantirilgan. Bu qo'mita tarkibiga bo'lg'usi ayol tergovchilar ham kiritiladi.

Saudiya Arabistonida oxirgi yillargacha ayollar ko'plab huquq va erkinliklardan mahrum bo'lganlar. Vaziyat valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon tomondan “Nuqtai nazar-2030” dasturi amalga oshirilishi e'lon qilinishi bilan o'zgargan. Bu dastur qirollikning barcha fuqarolari uchun teng huquqlik va erkinlik beradi hamda ayollarning jamoat ishlariga jalb qilinishiga qaratilgan choralarni ko'zda tutadi.

Ayni vaqtda qirollikda ayollarga futbol uchrashuvlari va musiqiy konsertlaga tashrif buyurish, sportning ko'plab turlari bilan shug'ullanishga ruxsat berilgan.

Iyun boshidan esa saudiyalik ayollar haydovchilik guvohnomalari olishlari va avtomobil boshqarishlari mumkin bo'ladi. Bundan keyin ayollardan ko'pchiligi shofyor yoki taksichi bo'lib ishlashlari mumkin. Ayollarni, shuningdek, yo'l inspektorlari yoki nazorat-o'tkazish punktlari xodimlari sifatida ishga taklif qilish rejalashtirilmoqda.

 

manba: azon.uz

Facebook'dagi sahifamizda yangiliklarni kuzatish yanada qulay!

Marhamat! A'zo bo'lish uchun "Nravitsya stranitsa" tugmasini bosing: