Birinchi marta chet davlatda O'zbekiston yili o'tkaziladi

0

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 mart kuni Qozog'istonga amaliy tashrif bilan boradi, deb yozmoqda Daryo nashri. Ostona shahrida O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining ilk maslahat uchrashuvi bo'ladi, deb xabar berdi Prezidentning matbuot kotibi Komil Allamjonov.

Shavkat Mirziyoyev shunday uchrashuv o'tkazish taklifini ilk bor 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan edi. Bu tashabbus noyabr oyida Samarqandda o'tgan «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo'lidagi hamkorlik» mavzusidagi xalqaro konferensiyada mintaqaning barcha davlatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan qo'llab-quvvatlangan, Qozog'iston tomoni birinchi uchrashuvni Ostonada o'tkazishni taklif qilgandi.

Tashrif doirasida yana bir muhim tadbir – Qozog'istonda O'zbekiston yilining rasmiy ochilish marosimi bo'ladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu marosimda nutq so'zlaydi.

«Shu paytgacha chet davlatlarda O'zbekiston kunlari o'tkazilgan, lekin hali O'zbekiston yili bo'lmagan edi. Bugun davlatimiz rahbari ‘Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo'nonboyev ijodiy merosini keng o'rganish va targ'ib qilish to'g'risida’ qaror chiqardi. Bu ikki qardosh xalqning bir-biriga hurmat-e'tiborining yana bir ifodasi bo'ldi», — dedi Komiljon Allamjonov.

Ma'lum qilinishicha, ushbu yirik tadbirga tayyorgarlik ko'rish uchun Ostonaga madaniyat va san'at namoyandalari, hunarmandlar, jurnalistlar va boshqa soha vakillaridan iborat katta delegatsiya yetib borgan.

Facebook'dagi sahifamizda yangiliklarni kuzatish yanada qulay!

Marhamat! A'zo bo'lish uchun "Nravitsya stranitsa" tugmasini bosing: