TIRIKLAY KO'MILGANLAR… (10-qism. Birinchi fasl)

0

 

 

* * *

 

 

Rostdan ham yigitlar boshqa bezovta qilishmadi. Madali uyg'onganda kun tepaga kelib qolibdi. Shoshib yigitlar yotgan tomonga qaradi. Ular yo'q edi.

— Ie, qaerga gum bo'lishdi bular?

U benihoya qorni ochib, ko'ngli ozib borayotganini his etar, boshida qattiq og'rib turib, tizzalarigacha titrab-titrab ketayotgandi.

Jonholatda barglar ostini, daraxtlar panasini ko'zdan kechirib, yeyishga non qidira boshladi. Hech vaqo yo'q.

Qo'llarini alamdan musht qilib daraxtni savalab oldi.

«Itdan tarqaganlar, — o'ylardi u o'rniga qaytadan o'tirarkan. — Qaerga ketishdi? Nega uyg'otishmadi? Maqsadlari nima o'zi?»

Shu tobda ellik metrcha narida yigitlarning qorasi ko'rinib, Madali dast o'rnidan turdi va ular tarafga qarab yurdi.

— Ha, uyquga to'ydingmi? — so'radi sariq sochli yigit yaqin kelishgach.

Madali indamadi.

— Bilamiz, qorning ochgan, — davom etdi yigit. — Lekin biroz sabr qilib, navbatdagi imtihonni topshirishingga to'g'ri keladi.

— Bu ahvolda imtihon topshirolmayman, — dedi Madali yuzini teskari burib. — Holim qurib boryapti.

— O'lmaysan. Agar imtihon topshirishdan bosh tortsang, orqaga qaytamiz. Bilib qo'yki, shu kungacha chekkan zahmatlaring bir pul bo'lib qoladi. Xo'sh, nima qilamiz?

Madali o'ylab turib sal o'zini qo'lga olgan bo'ldi.

— Mayli, topshirsam topshiray. Qani, nima qilishim kerak?

— Mana bu boshqa gap, — deya uning yelkasiga qoqdi ikkinchi yigit. — Hozir bir joyga olib boramiz seni. Ketdik!

Madali yigitlarga ergashib, ular ko'zlagan manzilga yo'l oldi.

 

 

* * *

 

 

Yuz odimcha nari yurib borishgach, bir chuqurga duch kelishdi.

— Bu chuqurni atayin kavladik, — deya unga tushuntirdi yigitlardan biri. — Qara, bo'yi uch metr keladi. Sen hozir shu yerga tushasan va yuqoriga qo'llaring yordamidagina chiqasan. Uddalasang, bu imtihonga ham a'lo baho qo'yiladi. Tayyormisan?

— Tayyorman, — dedi Madali tavakkal.

— Bo'pti, shoshmay tur!

Sariq sochli yigit yugurib borib daraxtlar panasidan uzun arqon topib keldi.

— Shu arqonga osilib tushasan. Faqat bilib qo'y, yuqoriga o'z kuching, aqlingga tayanibgina ko'tarilasan. Bu arqon senga yordam bermaydi. Tush…

Madali ehtiyotkorlik bilan arqonga osilib pastga tusha boshladi. Yigitlar arqonni darhol tortib olishdi. Endi qanday bo'lmasin, yuqoriga ko'tarilishning yo'lini qidirish lozim edi. Chuqur aql bilan kovlanibdi. Biror yerida osilsa bo'ladigan kovak yo'q. Hamma yog'i tep-tekis.

Madali bosh qotira boshladi. Xo'sh, qay yo'l bilan chiqadi? Qo'llari bilan kovlab ko'rdi. Shu qadar qattiq ekanki, sal bo'lmasa, tirnoqlari sinayozdi…

Shu payt kutilmagan voqea sodir bo'ldi. Kengligi ikki metrcha keladigan chuqurda kattakon ilonga ko'zi tushdi. Ilon boshini ko'targancha unga tikilib vishillab-vishillab qo'yardi.

Madali qotib qoldi.

Peshanasini muzdek ter bosdi…

O'zini o'nglab ulgurguncha ilon bir sakrab uning o'ng tizzasiga yopishdi.

Madali tizzasida kuchli og'riq tuydi.

— Ablah, tishladi! — turgan yerida aylanib dodlay boshladi u. — Iflos, tishladi!

Joni og'rib turgan bo'lsa-da, kursda muallimlardan eshitgan bir gap yodiga tushdi: «ilon chaqqanda o'tkir tig'li buyum bilan badanning o'sha joyini kesib tashlash kerak…»

Madali chiqmagan jondan umid qabilida chuqur ichkarisidan shunday buyum qidirib ko'rdi. Xayriyat, bir burchakda piskaning yarimta bo'lagi yotgan ekan. Shartta qo'liga oldi-da, ilon tishlagan tizzasini ochdi. Tish tizzani ancha o'yib kiribdi. Ko'zlarini chirt yumib, piska bilan o'sha joyni qirqa boshladi.

To'g'ri, jon shirin. Badan qattiq og'riydi. Ammo yana besh-o'n daqiqa shu taxlit turadigan bo'lsa, avvaliga boshi aylanib, qayt qila boshlaydi. So'ngra a'zoyi badanida kuchli issiq paydo bo'ladi-yu, olamdan o'tganini o'zi ham bilmay qoladi…

Madali qanchalar og'ir bo'lsa-da, o'sha joyni kesib tashlab, tishlari bilan zaharni so'rib-so'rib tupurib tashlayverdi.

Oradan birmuncha vaqt o'tib og'riq pasanda bo'lgandek, ko'zlari sal ravshan tortdi…

— Ha-a, — dedi ovoz chiqarib Madali. — Josus bo'lish ham qimmatga tushayozdi. Yaramas ilon-ey! Poylab turganini-chi! Aytgancha, qaerga g'oyib bo'ldi o'zi?

U aylana atrofni ko'zdan kechirib, ilonni qidirdi. Hech qaerda yo'q.

«Ishqilib, arvoh bo'lmasin, — ko'nglidan kechirdi u. — Mayli, endi yuqoriga chiqishning imkonini qidiray. Vaqt ketyapti…»

Imtihon topshirish muddati naq uch soatga cho'zildi. Tuproq qatlamining naqadar qattiq ekaniga qaramay, Madali o'tkir, anchadan beri olinmagan uzun tirnoqlari yordamida oyoq va qo'l joylashishi mumkin bo'lgan chuqurchalar hosil qildi. Ularga tirmashib, keyingilarini kovladi.

Xullas, uch soat deganda, ne-ne mashaqqatlar bilan yuqoriga chiqib oldi…

— O', zo'r ekansan, yigit! — yigitlar bir daraxt panasida gaplashib o'tirishgan ekan. Qo'llaridagi sigaretlarni uloqtirib, yugurgilab holsizlikdan cho'zilib qolgan Madalining tepasiga kelishdi.

— Nega boya baqir-chaqir qilding? — so'rashdi baravariga. — Biror gap bo'ldimi?

Madali javob berish o'rniga o'ng tizzasini ochib ko'rsatdi.

— Ilon… Ilon chaqdi…

— Shunaqami? — yigitlar bir-birlariga ma'noli qarab olishdi-da, cho'ntaklaridan ikkita oppoq doka chiqarib, Madalining qon sizib chiqayotgan yarasini boylashga tushishdi…

Madali ular yaraga teginganlaridayoq qaytadan badanida kuchli og'riq sezib hushidan ketgandi…

 

 

* * *

 

 

— Biz sen bilan endi imtihonning eng oxirgisini boshlashimiz kerak, — deyishdi yigitlar tunaydigan yerga yetib kelganlaridan keyin. — Ixtiyoringda qolgan besh kunni mana shu so'nggi imtihonni topshirishga bag'ishlaysan.

— Shunchalik uzoq vaqt topshiriladimi? — so'radi Madali hayron bo'lib.

— Ha, juda uzoq vaqt.

— U holda oldin qorinni to'yg'azib olay. Ko'z oldim qorong'ilashib ketyapti.

Yigitlar kulib qo'yishdi. Sariq sochli yigit Madalining yelkasidan mahkam quchdi:

— To'g'risi, senga biz ham achinamiz. Afsuski, kasbing shuni taqozo etadi. Haqiqiy josusning qalbida rahm-shafqat hissi umuman bo'lmasligi kerak. U o'ta sovuqqon bo'lishi lozim. Xullas, qorin to'yg'azishingning o'zi imtihon hisoblanadi.

— Q-qanaqasiga? — yigitga qattiqroq tikilib so'radi Madali.

— Gap shundaki, yalinsang ham, tiz cho'kib so'rasang ham bizda bir tishlam non yo'q. Atayin shunday qilingan. Shunday ekan, qorinni nima bilan to'yg'azasan?

— Bilmadim, — yelka qisdi Madali.

— To'g'ri, bilmaysan. Qani, oshna, olib kel!

Ikkinchi yigit sekin borib daraxt kovagidan bir shisha idish olib keldi.

Idishning ichi qurt-qumursqaga to'la edi.

— Mana shularni yeyishing kerak bo'ladi, — uqtirdi yigit Madaliga.

— Qumursqalarni-ya? — Madali ko'zlari olayib idish ichida o'rmalayotgan qumursqalarga bir bor jirkanch nigoh tashlab oldi-da, yuzini teskari burdi.

— Ha, aynan shularni. Chunki, josusning hayotida har ish bo'lishi mumkin. Agar sen boshingga tushadigan ochlik, yalang'ochliklarga tayyor turmasang, itday o'lib ketasan.

— Men bularni yeya olmayman, — dedi Madali. — Ko'nglim aynib ketadi.

— Bizga qizig'i yo'q. Sen imtihon topshiryapsan. Bundan boshqa yo'l yo'q senga.

Madali ikki-uch daqiqa o'ylanib turdi. Yigitlar esa zimdan unga tikilib, hamon javob kutishardi.

— Xo'sh, yeysanmi yo jo'nab ketaveraylikmi? — so'radi sariq sochli yigit toqati toq bo'lib. — Bir qarorga kel! Bizning vaqtimizni bekorga o'g'irlama!

Madali asta borib idishni qo'liga oldi.

— Yeganim bo'lsin! — u idishning qopqog'ini ochdi-da, ichidan shilliqurtni chiqarib oldi. Qurt ham ajali yeta boshlaganini payqadimi, sirg'alib barmoqlari orasidan chiqib ketishga urinardi.

Madali uni ohista lablariga yaqinlashtirdi. Qurtdan qandaydir yoqimsiz, badbo'y hid taralardi.

Madali ko'zlarini chirt yumdi-da, og'zini katta ochib qurtni tashladi. Tashladi-yu, bir marta chaynadi. Aslida chaynashga-da hojat yo'q ekan. Qurt og'zida yog'day erib ketdi…

Ammo ko'ngli aynib o'qchib yubordi.

— Hechqisi yo'q, — kulishdi yigitlar. — Ko'nikasan. Bizni aytdi dersan, ertaga o'zing qumursqa qidirib qolasan…

Madali ancha vaqt o'qchib turdi. Lekin qusmadi.

Sal ko'zlari ochilgach, qaytadan idishga yaqin borib, bu gal katta bir qo'ng'izni qo'liga oldi…

 

 

* * *

 

 

Xayriyatki, kutilgan onlar yaqinlashib, bu kimsasiz oroldan jo'nab ketadigan bo'lishdi.

Madali besh kun ichida qurt-qumursqalar bilan oziqlanishga anchagina ko'nikib qoldi. So'nggi ikki kunda o'zi daraxtlar oralarini kavlashtirib, qurt, qo'ng'iz qidirib topadigan bo'ldi.

Baribir bu hayotga uzoq bardosh berib bo'lmaydi. Odam bolasi o'zining odatiy hayotini, qaynoq ovqatlarni sog'inaveradi.

Yigitlar uni jo'nashga undashgandayoq sevinib ketdi. Hatto, mana shu barvasta yigitlarni bir-bir quchoqlab, ko'tarib olgisi keldi…

— Ozgina qurtlardan olib ketsammikan? — hazillashdi u piyoda vertolyot kelib qo'nadigan ochiq maydon sari yo'l olishgach. — Odam sog'inadi-da!

— Xavotir olma! — deyishdi unga. — Uzoq sog'intirib qo'yishmaydi. Xizmatni boshlaganingda ularning o'zi seni qidirib topadi…

Aytilgan muddatda vertolyot ham yetib keldi.

Madali salonga chiqib o'tirarkan, oynadan shoxdan-shoxga sakrab irg'ishlayotgan maymunlarga, bir-birini quvlab yurgan olmaxon-u, rang-barang sayroqi qushlarga qarab xo'rsinib qo'ydi. Og'zidan esa yaqindagina ishtaha bilan tanovul qilgan yashil shilliqurtning ta'mi hamon ketmagan edi…

 

 

* * *

 

 

Kursga yetib borishgach, yigitlar Madalini to'ppa-to'g'ri polkovnikning kabinetiga olib kirishdi.

U ko'zoynagini taqib qandaydir qog'ozlarni titkilab o'tirgan ekan. Madaliga ko'zi tushib ko'zoynagini yechdi va o'rnidan turib unga qo'l cho'zdi.

— Yaxshi yetib keldingmi, bolam?

Bu so'zni polkovnik o'qish davomida ilk bor tiliga ko'chirdi. Madali anchadan beri «bolam» so'zini quloqlarida tuymagani uchunmi, yuragi hapriqib, a'zoyi badani titrab ketgan ko'yi o'zini yo'qotayozdi. Sal qursa, «otajon», deya hayqirib yuborayozdi.

Bularning barchasi ota-onasiga bo'lgan sog'inch hosilasigina edi.

— Sen bu imtihondan ham a'lo baholar bilan o'tibsan, tabriklayman! — dedi polkovnik Madalini o'tirishga chorlab. — Xo'sh, yigitlarimiz charchatib qo'yishmadimi?

— Aslo, — javob qildi Madali. — Charchatishgani yo'q.

— Juda soz. Unda gapni qisqa qilsak ham bo'ladi. Sen bugun damingni ol. Eng avvalo, oshxonaga kir! Harqalay, ovqatni sog'ingansan. Buni bilaman. Qorningni to'yg'azganingdan keyin yotib uxla. Ertaga qiladigan boshqa ishlar bor. Gapim tushunarlimi?

Madali sakrab o'rnidan turdi.

— Xuddi shunday!

— Unda senga ruxsat!

 

 

* * *

 

 

… Negadir uch kungacha Madalini bezovta qilishmadi. Faqat anchadan beri o'ziga qadrdon bo'lib qolgan serjantgina tez-tez kirib hol so'rar, ertalablari birgalikda jismoniy mashqlar bajarib qaytishardi.

Madali uning ismini bilmasdi. Hatto, qaysi millatga mansubligidan ham bexabar edi. Ruschani o'ziga nisbatan yaxshi bilgani sabab, rus bo'lsa kerak, deya taxmin qilardi…

Uchinchi kuni ertalabki nonushtadan so'ng serjant uni boshqa bino ichkarisiga boshlab kirdi.

Bu yerda xonalar ko'p. Biroq hammasining eshigiga qulf osilgan. Yo'lak oxiridagi yashil bo'yoq urilgan eshikkina ochiq turardi. O'sha yerga kirishdi.

Kabinetda elliklarga borgan, qaytarma mo'ylovli, moviy ko'z mayor o'tirar, kim bilandir telefon orqali gaplashardi.

Ularni ko'rdi-yu, gapni qisqa qilib go'shakni joyiga qo'ydi va o'rnidan turdi.

— Shu yigitmi? — so'radi serjantdan.

— Xuddi shunday, o'rtoq mayor!

— Bo'pti, sen boraver!

Serjant chiqib ketgach, mayor Madalini muloyimlik bilan kursiga o'tirishga taklif etdi.

— Xo'sh, uka, ishlar qalay? — so'radi hamon muloyimlik bilan.

— Yomon emas.

— Dam olib zerikkandirsiz?

Madaliga uning «siz»lab murojaat etishi g'alati tuyulib xijolatdan lab tishlab qo'ydi.

— B-bilmadim…

— Mana, imtihonlarniyam topshirib bo'psiz. Xizmatga tayyormisiz, endi?

— Albatta.

— Juda yaxshi. Unda quloq soling. Hozir mashina sizni gospitalga olib boradi. Sizdan yashiradigan sirimiz yo'q. Yuzingizni plastik operatsiya qildirishingiz kerak bo'ladi. Buning nimaligini bilasizmi?

— Yo'q, — dedi Madali mayorga hayrat aralash boqib. — Bilmayman…

— Tushunaman. Bu mamlakatda hali keng tarqalgan emas. Faqat bizning ishdagina qo'llashga to'g'ri keladi. Umid qilamanki, keyinchalik tushunib olasiz. Xullas, plastik operatsiya deganlari unchalik joningizni qiynamaydi. Operatsiyadan so'ng yuz tuzilishingiz butkul o'zgarib ketadi. Boshqa odamga aylanib qolasiz.

— Savol berishga ruxsat eting! — dedi Madali sekin o'rnidan turib.

— Ruxsat.

— Buning ishga nima aloqasi bor?

— Ayni shu masalada keyin gaplashamiz. Bundan buyon birga ishlashimizga to'g'ri keladi. Xo'pmi?

— Xo'p bo'ladi!

— Unda tashqariga chiqib zarur buyumlaringizni olvoling. Gospitalda o'n kuncha qolib ketasiz.

Madali itoat bilan kabinetni tark etdi.

 

 

* * *

 

 

Gospital kursdan ikki soatchalik yo'l ekan. Qoidaga ko'ra, Madalining ko'zlarini qora mato bilan berkitgan holda mashinaga o'tqazishdi. Buni o'zi ham tushunib qolgandi. Qaerga, qay yo'l bilan borganini esda saqlab qolmasligi uchun shunday qilishlarini bilardi.

Gospitalga kelib Madalini shaxsan serjantning o'zi ko'zlari bog'langan holda ichkariga olib kirdi va eshikdan o'tib bir-ikki qadam yurilganidan keyin matoni yechib oldi.

Gospital yo'lagi deyarli bo'm-bo'sh edi. Bemorlar ko'rinmaydi. Serjant bir marotaba yo'talgach, ro'paradagi xona eshigi ochilib ikki hamshira chiqishdi.

— Operatsiyaga sizlarni chaqirishganmidi? — so'radi ularning biri serjantga yuzlanib.

— Ha, bizni.

— Kimni operatsiya qilishmoqchi?

— Mana bu yigitni.

— Unda siz ketishingiz mumkin. Siz esa… — Madaliga yuzlandi hamshira, — Orqamdan yuring!

Madali serjant bilan ko'z urishtirib oldi-yu, hamshira qizning ortidan ergashdi…

 

 

* * *

 

 

Operatsiya xonasiga kirishdan avval Madalini analiz topshirish xonasiga olib kirishdi. Bu ish yarim soatcha davom etdi va nihoyat, u hamshira hamrohligida operatsiya xonasi tomon yo'l oldi.

U yerda hamma narsa taxt qilib qo'yilgan edi. Projektorlar yoqilgan, og'ziga oq doka tutib olgan jarroh ularni intiqlik qilan kutib turardi.

Madalini ko'rgach, og'zidagi dokani olib tashlab, mayin jilmayish qildi.

— O', senmi plastik operatsiya qildiradigan? — so'radi u Madalining yelkasiga qoqib.

— Ha, men.

— Tayyormisan?

— Tayyorman.

— Buncha ozib-to'zib ketibsan? — hazillashdi jarroh. — Yo, qismlaringda ovqat berishmadimi?

Madali kulib qo'ydi. Jarroh ham ortiqcha savol berib o'tirmay, uni operatsiya stoliga yotishga buyurdi.

— Bu yigitga me'yorida narkoz beravering! — uqtirdi u yonidagi erkakka. — O'zi zo'rg'a oyoqda turibdi. Igna badaniga sanchilib ulgurmay uxlab qoladi…

Ukol qilindi. Madali shundan keyin ham taxminan o'n daqiqacha shiftga tikilgancha o'y surib yotdi. Keyin… Keyin uyqu bosayotganini his eta boshladi…

Xudo biladi. Uxlab ulgurdimi-yo'qmi, pulsiz, ovqatsiz tashlab ketilgan o'rmon ko'z o'ngida namoyon bo'ldi…

Xuddi o'sha o'rmon. Chunki, bu yerda oq qayinlar juda ko'p edi. Hov anovi shoxlab ketgan, shoxlaridagi qalin qorni arang ko'tarib turgan qayinni yonlab o'tganda, chuqurga tushib ketgandi…

Ie, bu nimasi?.. Murda-ku!.. Ha, kostyumi, burni… Xuddi o'sha erkakning murdasi!..

Qanday qilib o'rnidan turdi, u? Axir, o'lgandi-ku!

Erkak Madaliga xo'mraygancha yaqinlashib kelardi.

U sekin burilib ortga chekinmoqchi bo'ldi. Biroq qay tarafga yursa, daraxtlar sekin o'rnidan siljib yo'lini to'sardi…

Afsuski, qochib keta olmadi.

Erkak yaqinlashib keldi-da, go'shtsiz, faqat suyaklari qolgan qo'rqinchli qo'llari bilan Madalining tomog'iga chang soldi.

— Ha-a, iflos! — erkakning tishlari yo'q, gapirganida tiligina kirib-chiqib turardi. — Pullar qani? Qaerga gum qilding, pullarimni? Mening uxlaganimdan foydalanib qochib qolmoqchi bo'ldingmi? Qochib bo'psan! Endi o'zingni o'sha chuqurga tashlab, ustingdan tuproq tortaman! Do'zaxilar! Do'zaxda chiritaman hammangni! Topib ber! Topib ber!..

Erkak bir zarb bilan Madalining jig'ildonini sug'urib oldi. Qon tizillab erkakning yuziga sachradi…

Og'riq dahshatli darajada kuchli edi…

Madali jonholatda qichqirib o'zini orqaga tashladi…

Yo'q, bu tush ekan. Dahshatdan uyg'onib ketdi…

Baxtga qarshi yuz-ko'zlarini doka bilan tang'ib tashlashibdi. Qo'l-oyoqlarini qimirlatmoqqa tutindi. Uddalay olmadi. Shifokorlar qo'l-oyoqlarini ham karavotga qo'shib bog'lab qo'yishgan ekan…

U shundagina esladi.

Axir, operatsiyaga olib kirishgan-ku!..

(davomi bor)

Olimjon HAYIT