TIRIKLAY KO'MILGANLAR… (13-qism. Birinchi fasl)

0

 

* * *

 

 

Kursda o'zlashtirgan mashg'ulotlarni esga olish vaqti yetdi.

Madali har bir darsni birma-bir xotirasiga tushirib, nihoyat kompyuter qarshisida o'tkazgan onlarini ko'z oldiga keltirdi.

— Sen nafaqat kompyuterni, hatto o'zingni ham yolg'onlaringga ishontira olishing lozim, — deya tayinlagan edi muallima ayol o'shanda. — O'shanda ko'zlagan maqsadingga osonlikcha yetasan, dushmanni tor-mor qilasan.

Madali yo'l-yo'lakay qanday yo'l tutish rejalari haqida bosh qotirib, kameraga kirib bordi.

Tepakal mahbus hamon karavotga cho'zilib yotganicha sigareta tutatardi.

Madalining kirib kelganini ko'rib, yotgan yerida kulib qo'ydi.

— Ha, boshliq adabingni bermadimi, deyman? — so'radi u sigaretini cho'zib-cho'zib tortib. — U yer-bu yering ko'karmabdiyam? Odatda ulush olishi kerak bo'lganlarni boshliqning huzuriga olib kirishardi.

— Ablahlar! — so'kindi Madali qovog'ini uyib. — Pullarni topib berishimni talab qilishyapti.

— Qaysi pullarni?

— Qaysini bo'lardi? Bankdan olib chiqib ketgan pullarimni-da!

— Ha-a, shunaqami? — tepakal shoshilmay o'rnidan turib o'tirdi. — Be, meniyam dastlabki kunlarda holi-jonimga qo'yishmagandi. Ikki marta karserigayam kirib chiqdim. Oltinlarni topib qo'limizga topshirasan, deydi.

— Xo'sh?

— Ahmoq bo'libmanmi, topshirib? Yaxshisi, katta pulga sotaman-da, bu yerdan yarmini berib bo'lsayam chiqib ketishga harakat qilaman.

— Turmadan pul berib chiqib ketmoqchimisiz? — Madali negadir qariyani sizlashga o'tgandi. Buni o'zi ham endigina payqadi-yu, indamadi. — Ovora bo'lasiz. Bular siz bilan mendan o'lib qolsayam pul olishmaydi.

— E, g'o'rsan-da hali, bola! — dedi tepakal. — Meni Timofey deb qo'yishibdi. Qishlog'imdagilar Tima deb chaqirishardi. Bundaylarni ko'raverib pishib ketganmiz, ha!

— Menga qarang, Tima amaki! — dedi Madali ehtiyot shart eshik tomonga ko'z tashlab olgach. Uning amaki deb chaqirishi qariyaga yoqib tushdi shekilli, tabassum paydo qilib karavotdan pastga tushdi.

— Nima deysan, jiyan?

— Bir gap aytsam, hech kimga gullab qo'ymaysizmi?

— Men-a? Vey, meni Tima deb qo'yibdi. Xafa qilmagin!

— Bo'pti, uzr! Xullas, siz bilan kelishib oladigan bir ish bor edi. Albatta, rozi bo'lishga so'z bersangizgina aytaman.

— Qani, ayt! Yuragimni siqaverma senam!

Madali ovozini pasaytirib so'z boshladi.

— Mana, o'zingiz o'ylab ko'ring! Menda katta pul, sizda esa oltin bor, shundaymi?

— Xo'sh?

— Keling, o'sha oltinlaringizni men sotib olaman.

— O', sotib olaman? Puling yetarmikan, sotib olishga?

— Nega yetmas ekan? Axir, bilmaysiz-ku, qancha pulim borligini! Yaxshisi, narxini ayting!

Qariya bir muddat o'ylanib turgach, yelka qisdi.

— Oltinlarim ko'p. Taxminan yuz ming ko'kiga tortadi.

Madali bu gapni eshitib kulib yubordi.

Hozir u o'zini shunday tuta boshlagandiki, puli ko'pligiga o'zi ham qattiq ishonib borayotgandek edi.

— Juda oz-ku! — dedi nihoyat kulishdan to'xtab. — Men bir milliondan kelasizmi, deb o'ylovdim.

— Nima? Bir milllion? Hali… shuncha pulni o'marganmiding?

— Siz nima deb o'ylovdingiz? Meni bekordan-bekorga shuncha yilga kesishmagandir?

— Qoyil! — silkinib-silkinib kuldi qariya. — Yosh bo'lsang ham balo ekansan. Mayli, endi. Yoshimni hurmat qilsang, picha qo'shib berarsan-a?

— Ha, qo'shib beraman. Faqat aytganimdan chiqmaysiz.

— Hozircha, — ta'kidlab qo'ydi qariya. — Oramiz ochiq bo'lgandan keyin…

— U yog'ini o'zim ham bilaman. Unda bugun tiniqib uxlaymiz. Ertalab soat beshlarga yaqin soqchilar bizni ombor yaqiniga olib borishadi. U yerdan tuzlangan karam olib kelgan mashinaga o'tirib juftakni rostlaymiz. Faqat, bilib qo'ying, mabodo aldashni ixtiyor etgan bo'lsangiz, kechirmayman.

— Unaqa odatim yo'q, yigit! Lekin bir narsani tushunmay turibman. Kim bilan qochishga kelishib qo'ya qolding, darrov?

— Bunisi mening ishim.

— Tushunarli. Boshqa savol bermayman.

Suhbat shu bilan yakun topdi.

Madali qariyaga e'tibor ham qilmay, xayolan navbatdagi rejalarni kallasida pishita boshladi.

Uning birdan-bir maqsadi turma boshlig'i aytgan ishni bajarish-u, mana shu sassiq kameralarga qaytmasdan, xizmatni davom ettirishdangina iborat edi.

 

 

* * *

 

 

Madali tunni ko'z yummasdan o'tkazdi. Aksiga olgandek, o'ng ko'ksining pastrog'i qur-qur sanchir, ana shu og'riq uning bemalol yotishiga xalal berardi.

— Itdan tarqaganlar, — so'kindi u alam bilan xurrak otayotgan tepakal tomon nazar tashlab. — Manavinaqalarga baribir. Ustidan poezd o'tib ketsayam balo urmaydi. Men-chi? Nega kursda o'qib yurgan kezlarimda qancha kaltak yemay, jonim buncha og'rimasdi-yu, hozir og'riy boshladi? Nimalar bo'lyapti o'zi? Ishqilib, jigarni ezib qo'ymagan bo'lishsa bas.

Soat chorak kam beshga bong ura boshlaganda, soqchi ortiqcha tovushlarsiz kamera eshigini ochdi.

— Sherikniyam uyg'otib, tashqariga chiqing! — buyurdi u. — Omborda kutishyapti sizlarni!

Madali oyog'i bilan turta-turta tepakalni o'rnidan turg'azdi. Ikkovi ham kerakli narsalarini apil-tapil qo'ltiqlariga qisdi-da, tashqariga yo'l oldi.

 

 

* * *

 

 

Rostdan ham ombor qarshisida yuk mashinasi turar, bortiga o'ntacha bochka yuklangandi.

— Hov ichkaridagi ikki bochkaga tushib, ustilaringdan qopqoqlarni yaxshilab yopinglar! — tushuntirdi haydovchi. — Shaharga yaqin qolganda to'xtayman. O'sha yerda tushasizlar.

Madali avval qariyani bir amallab bochkaga joylashtirdi va qopqoqni yopdi.

O'zi esa sira qiynalmasdan bochkaga kirib oldi. Qopqoq yopilganidan so'ng nafas olish ancha og'ir kecharkan.

Biroq kursda o'zlashtirgan mashg'ulotlar xayoliga kelgach, yopiq sharoitda ham o'ziga kerakli kislorodni qabul qilib olish imkonini topdi.

Ya'ni, bochkaning sezilar-sezilmas tirqishchalariga og'zini to'g'rilab oldi.

 

 

* * *

 

 

Mashinada chayqala-chayqala ketib borarkan, Madali faqat va faqat shahardagi maxfiy aloqa qutisi, unda noma'lum shaxslar qoldirib ketgan xat haqida o'ylar, turmadan eson-omon qutulib chiqqaniga shukronalar keltirardi. Turma boshlig'i qo'ygan shart esa unga arzimas bir yumushdek tuyulardi.

“Shuncha vaqt tahsil olib, qancha sinovlarni, azoblarni boshimdan kechirib qayoqdagi bir tepakalning ixtiyoridagi oltinlarni olib qo'ya olmaymanmi? — o'ylardi u bochka tirqishidan to'yib-to'yib nafas olishga intilib. — Bu ish nari borsa ikki soat vaqtimni egallaydi. Undan so'ng zudlikda shaharga qaytishim va o'z ishim bilan mashg'ul bo'lishim kerak…”

Mashina bir soatlar chamasi yo'l yurgach, birdan to'xtadi.

— Qani, chiqinglar bochkadan! — buyurdi haydovchi pastdan turib. — O'lib qolmadilaringmi?

Birinchi bo'lib bochkadan Madali chiqdi.

Semizligi tufayli qariya o'z kuchi bilan chiqib keta olmasdi. Unga ham ko'maklashib yubordi.

Ular to'xtagan joy shaharga kiraverishdagi bir qishloq edi.

— Bizning ketimizdan soqchilar kuzatib kelishlari kerak edi-ku! — haydovchini bir chetga tortib qulog'iga shivirladi Madali. — Negadir ko'rinishmayapti! Tinchlikmikan?

— Sen shoshilma, — dedi haydovchi sovuq tirjayib. — Turma boshlig'i sen o'ylaganchalik ahmoq emas. Kerak bo'lganingda o'zlari topib olishadi. Hozircha o'ylab qadamingni bosaver!

Haydovchi jo'nab ketdi.

Ikki mahbus esa, bir muddat nima qilishni bilmay turib qolishdi.

— Xo'sh, qaerda oltinlaring? — toqati toq bo'lgan Madali qariyani turtdi. — Nega qoqqan qoziqday qotib qolding? Ko'rsat, boshla!

— Namuncha hovliqasan? — jerkib berdi qariya. — Yana besh daqiqa shu yerda kutamiz.

— Nega?

— O'shanda bilasan.

Madali qo'l siltab nari ketdi. Qishloq ko'chasi boshidan anhor oqib o'tgan ekan. Muzdek suvda yuz qo'llarini chaygan bo'ldi.

— Ana, kelishyapti! — qichqirdi qariya uzoqdan katta tezlikda yaqinlashib kelayotgan qizil mashinani ko'rsatib. — Biznikilar kelishyapti!

Madali birdan hushyor tortdi.

— Bu nimasi? — so'radi qariyaga tik boqib. — Qanaqasiga biznikilar bo'ladi? Axir, hech kim bilmaydi-ku bizning turmadan qochganimizni!

— Nega endi bilmas ekan? Bilishadi. Mening odamlarim bilishadi.

— Qanaqa odamlar?

Tepakal kutilmagan harakat bilan Madalining yoqasidan bo'g'di.

— Men seni kameraga kirib kelganingdayoq tanigandim, — o'shqirdi u yigitning bo'ynini mahkamroq bo'g'ib. — Kimligingni saroyimga borganingdan keyin bilasan!

Bu orada qip-qizil «Mersedes» ularning ro'parasiga kelib to'xtadi va undan ikki nafar barvasta rus yigiti tushib keldi.

Yigitlarning biri qariya bilan bosh irg'ab salomlashgan bo'ldi-da, Madalining orqasiga tepdi.

— Yo'q! — uni to'xtatdi qariya. — Shoshilma! Oldin saroyga olib boraylik, keyin uraverasanlar!

Madali istasa, uchchalasini ham bir yoqlik qilardi. Ammo bir narsa — qariyaning aslida kim ekani, u og'iz ko'pirtirib aytayotgan saroy qiziqtirib qolgandi.

Shu sababli o'zini atayin hushdan ketganga solib yigitlarni mashinaga ko'tarib o'tqazishga majbur qildi.

Orqa o'rindiqqa o'tqazayotib ikkovi galma-gal bir mushtdan tushirdi.

Bu mushtlar kursdagilarga nisbatan biroz kuchliroq edi. Ammo chidadi.

Noma'lum, sirli makonlarga yetib olish, u yerdagi tilsimlardan voqif bo'lish umidi unga kuch, matonat hadya etdi.

 

 

* * *

 

 

Mashina katta tezlikda yarim soatcha yo'l bosdi. Qariya ham, yigitlar ham jim ketib borishar, ikki yigit Madalini boshidan bosib olgani sabab qaysi yo'l bo'ylab, qaerga ketayotganliklarini ko'rishga umuman imkon yo'q edi.

Nihoyat ular qaergadir yetganda to'xtashdi.

Yigitlar epchillik bilan Madalini pastga sudrab tushdilar.

Mashina kelib to'xtagan joy ikki yoni daraxtzor bir qishloq ko'chasi edi. Shundoqqina ro'paradagi darvoza lang ochiq, darvoza qarshisida katta bir ovcharka qariyaga dumini likillatgancha qarab turardi.

— Ie, asalim, kelmaysanmi? — kuldi qariya itga yaqin borib.

It yugurib keldi-da, unga bir-ikki suykalgan bo'lib Madali tomon chopdi va irillay boshladi.

— Yo'q, bas qil! — itni tinchlantirdi qariya. — Irillashingga hali erta! Qani, Misha, bu ablahni ichkariga olib kiringlar!

Yigitlar Madalini hovliga sudrab olib kirishdi.

— Hozircha uni omborga qamab qo'yinglar! — buyurdi qariya. — Sal nafasni rostlab olaylik! Ana undan keyin gaplashaveramiz.

 

 

* * *

 

 

Oradan yarim soatcha vaqt o'tib Madali qamab qo'yilgan ombor eshigi ochilib, ichkariga to'rt nafar barvasta yigitlar kirishdi. Barchalari qo'llarida uzunligi yarim metrdan keladigan temir ushlab olganini ko'rgan Madali ko'ngli g'ash tortib sekin o'rnidan turdi.

Sezdi. Bu nusxalar shunchaki kirishmagan. Hozir o'rtada mushtlashuv boshlanadi. Uni sindirishga urinishadi. Ammo… Nima sababdan? Nahotki, bular haqiqatan Madalining puli ko'p-u, shu pullarni kuch ishlatish yo'li bilan olib qo'yishga urinayotgan bo'lishsa? Nahotki, tepakal o'z so'zidan qaytgan bo'lsa? Umuman, kim o'zi bu qariya? Nima uchun hamma unga ta'zimda?

— Senlarni aldashibdi! — dedi Madali o'ziga tobora yaqinlashib kelayotgan yigitlarga. — Menda hech qanaqangi pul yo'q! Shuning uchun o'zlaringni qiynamanglar! Aks holda joningga jabr bo'ladi!

Yigitlar bu gapni eshitib baravariga kulib yuborishdi.

— O'zingni shunchalik zo'rman, deb hisoblaganmiding, Misha? — deya gap boshladi oldindagi mo'ylovli rus yigiti. — Yo'q, sendan ko'ra biz zo'rroq chiqib qoldik!

— Misha? — Madali hayron bo'lib qarshisida tish qayrab turgan yigitlarga bir-bir nazar tashladi. — Qanaqa Misha? Mening ismim unday emas!

— Shunaqami? — so'radi orqaroqda turgan yigit. — Haliyam esing kirmadimi? Mana senga!

U shu qadar tez yaqinlashib Madaliga zarba berdiki, sal bo'lmasa, chap berishga ulgurmay qolay dedi.

— Voy iflos-ey! Qani, josusligingni bir namoyish et-chi, sotqin!

Unga sheriklari ham qo'shilishdi.

Endi Madali astoydil himoyalanmasa bo'lmasdi. Avvaliga qarshisidagi mo'ylovlining uyqu tomiriga zarba yo'lladi.

U yiqildi-yu, ammo negadir sapchib o'rnidan turib ketdi.

“Zarba yaxshi chiqmadi, shekilli,” — ko'nglidan o'tkazdi Madali va boshqalarning temiriga chap bergan ko'yi yana bir marotaba zarba berdi.

Afsus! Bu gal ham hushidan ketkaza olmadi.

Baxtga qarshi, yigitlar temirni aynan Madalining chap ko'ksiga yo'llashar, shundoq ham og'rib turgan tana kuchli zarbalardan yanada qattiqroq simillardi.

Bu safar Madali rostakamiga kaltak yedi. Ko'pchilik bo'lishgani uchunmi yo boshqa sababdanmi, qancha urinmasin, baribir temir tutgan qo'llar ustun kelib uni oxir-oqibat yerga qulatdi. Ayniqsa, oyog'iga ketma-ket besh-olti marta kelib tushgan temir zarbalari jonini sug'urib olay dedi.

— Ma, manovi ignalar bilan yirtilgan yeringni tikib ol! — mo'ylovli yigit allaqachon hushini yo'qotib cho'zilgancha yotgan Madalining oldiga igna va qora ip tashladi-yu, sheriklarini boshlab tashqariga chiqib ketdi.

 

 

* * *

 

 

U qancha vaqt hushsiz yotganini ham eslay olmasdi. Ko'zlarini ochganda xona ichi qop-qorong'i, chap ko'ksidan pastrog'i, chap oyog'ida paydo bo'lgan og'riqqa chidashning iloji yo'q edi.

Madali o'zini sal o'nglab olgach, ruhan og'riqlardan ustun kelib sekin o'rnidan qo'zg'aldi.

Biroq oyoqdagi og'riq baribir tik turishga qo'ymay, o'tirib qoldi.

Sekin o'sha joyini paypaslab ko'rdi.

Eh, panja yirtilib ketgan! Go'sht ochilib qolgan yer yetti-sakkiz santimetrcha kelardi.

Shu tobda qo'liga igna va ip ilinib, ko'zlari salgina ochilgandek bo'ldi.

— Ifloslar! — so'kindi qorong'ilikda tavakkaliga ignaga ip o'tkazayotib. — Sal bo'lmasa, o'ldirib qo'yishayozdi. Meni qaysi Mishaga o'xshatishdi o'zi? Kim o'sha Misha? To'xta!

Madali nimadir esiga tushgandek, bir muddat o'yga toldi.

— Menga… «Sen endi Mixail Salayevsan», deyishgandi bir kuni. Kim ekan aslida Mixail Salayev? Nega menga bunday ism berishdi? Ha, mayli, buni baribir aniqlayman! Shu yerdan omon-eson chiqib olsam, albatta, aniqlayman!

To'rt qavat qilib ignaga o'tkazilgan ip tayyor bo'lgach, avvaliga ignani paypaslab tekshirib olgan bo'ldi. Ha, zararsizlantirilgan. Zahri yo'q. Demak, bemalol qo'rqmasdan tikaversa bo'ladi.

Madali ehtiyotkorlik bilan yirtilib ketgan tanasiga ko'zlarini chirt yumgancha igna sanchdi.

Yo'q, unchalik og'riq sezmadi. Balki, og'rib turgan teri ignani sezmagandir? Nima bo'lganida ham, yarim soatcha urinib, yirtilgan joyini tikib olishga muyassar bo'ldi. Faqat chap ko'ksidan pastroqdagi og'riqni bosishning sira imkoni yo'q edi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT