Tor ushlagan Alisher Fayzning fayzli konsertidan fotoreportaj

0

… may kunlari. Muhtasham «Xalqlar do'stligi» san'at saroyining oldi muxlislar bilan to'la. Negaki ayni kunlarda O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Alisher Fayz yana bir bor muxlislari bilan diydoolashish maqsadida «Vasling izlab» nomli o'n birinchi yakkaxon dasturini taqdim etdi. Biz ham ushbu konsertning shukuhini g'oyibona bo'lsa-da, siz azizlarga ilinish uchun san'at saroyiga tashrif buyurdik.

Zal muxlislar bilan to'lgan, konsert mehmonlari va ashaddiy muxlislar o'zlarining sevimli xonandasini intiqlik bilan kutmoqda. Konsert boshlovchiligini o'z zimmasiga olgan so'z ustasi Botir Imomxo'jayev sahnaga chiqib, dasturni ochib berdi va shundan so'ng  sahnaga kecha sababchisi Alisher Fayzni taklif qildi.

Alisher Fayz o'zining yakkaxon dasturini «Diyorimizga» taronasi bilan boshlab berdi.

Qo'shiqdan so'ng xonanda muxlislari bilan salomlashar ekan, barcha tashrif buyurganlarga o'z tashakkurini izhor qildi. Shuningdek, oz fursatda san'at saroyi atrofida yuz bergan o'zgarishlarni e'tirof etarkan, bunday manzara konsert mehmonlarining ham kayfiyatini ko'tarayotganini alohida ta'kidlab o'tdi. Ushbu so'zlardan so'ng xonanda «O'zgarmas» nomli qo'shig'ini kuyladi.

9 may — Xotira va qadrlash kunida boshlangan konsertida Alisher Fayz ustoz san'atkor Nuriddin Haydarovni xotirlab, uning ijodidan «Yur muhabbat» taronasini kuyladi.

Konsertning birinchi qismi «Sinfdosh» taronasi bilan yakunlandi va xonanda ustozlar an'anasini davom ettirgan holda sahnaga ukasi — xonanda Xurshid Turdiyevni taklif etdi. Hayajon bilan ukasini muxlislarga tanishtirarkan, ezgu niyatlarini bildirib, sahnani yosh xonandaga topshirdi. Yosh ijodkor Xurshid Turdiyev shoira Rislig'oy Hotamova tomonidan yozilgan «Alisher Fayzning ukasiman» qo'shig'ini ijro etdi.

BU — FAKT!

Konsert uch qismdan iborat bo'lib, unda Alisher Fayz 20 dan ortiq qo'shiq ijro etdi.

Xonanda konsert davomida muxlislar bilan jonli muloqotda bo'ldi. Ayniqsa, samimiy hazillari, har bir qo'shiq va chiqishlarga bergan izohi muxlislarning zerikishiga imkon qoldirmadi.

Xonanda konsertiga qaysi viloyatdan muxlislari ko'proq tashrif buyurganini aniqlab olish maqsadida qo'liga tor olib, «Bog'im bor» qo'shig'ini jonli kuyladi. Muxlislar esa o'zlari istiqomat qiladigan viloyat nomi tilga olinganda olqish va qiyqiriqlar bilan xonandani qo'llab-quvvatlashdi.

Ikkinchi qism «Kuz» nomli sokin tarona bilan boshlandi. Mazkur blokda «Rashk qilasanmi?», «Davralarda o'ynasin onam», «1100 km» kabi xit taronalar taqdim etildi.

BU — FAKT!

Ikkinchi blokda ijro etilgan «Sog'indim» taronasining so'zlari xonandaning ukasi Xurshid Turdiyev qalamiga mansub.

Uchinchi qism qiziqchi Avaz Oxunning chiqishi bilan davom etdi va so'z ustasi muxlislarga yana bir bor ko'tarinki kayfiyat ulashdi.

Dasturning so'nggi qismida yangi: «Buvijon», «Janon», «Yarashibdi», «Akam bor» qo'shiqlari ijro etildi.

«Buvijon» taronasiga ajoyib sahna ko'rinishi tayyorlangan bo'lib, buvi rolini ustoz san'atkor Dilbar Ikromova ijro etdi.

Shu o'rinda bir narsani ta'kidlashimiz joizki, Alisher Fayzning bu yilgi konsertining fayzli va chiroyli o'tishida rejissyor Mirmaqsud Oxunov va xonandaning prodyuseri Lutfulla Allaqulovning hissasi katta.

Shuningdek, dasturda xonandaning ona haqidagi ta'sirli monologi har bir tomoshabinning etini jimirlatib yubordi, desak mubolag'a bo'lmaydi. Buni tinimsiz qarsaklardan bilish mumkin edi.

Xonandaning sovchilar mavzusida kuylangan «Talabdi» taronasiga O'zbek milliy akademik drama teatrining aktyor-aktrisalari kutilmagan sahna ko'rinishi tayyorlashgan. Tarbiyaviy ahamiyatga ega hamda bugunning eng og'riqli muammosini aks ettirgan bu chiqish muxlislarni kerakli xulosa chiqarishga undaydi.

O'zbekiston va Qoraqalpog'iston Respublikasi xalq artisti Ozodbek Nazarbekov ijodiga mansub «Saharda» taronasining so'zlari Alisher Fayzga tegishli bo'lib, bu yilgi konsert dasturida xonanda ustozining o'sha qo'shig'ini kuyladi.

Xonadaning bu yilgi konsertida yakkaxon raqqosalarning chiqishi ham tahsinga loyiq edi. Masalan, «Kammi?» taronasiga mahoratli raqqosa Iroda Ismoilova, «Hay-hay» qo'shig'iga esa taniqli raqqosa Shodiyora Omonova rahbarligidagi «Shodiyona» raqs ansamblining jajji qizlari «Qaldirg'och» qo'shig'iga raqs ijro etdi.

Shuningdek, xonanda dasturda «Sabo»  raqqosalari bilan ilk bor hamkorlik qildi.

Konsert davomida muxlislar o'z olqishlari bilan xonandani qo'llab-quvvatlab turgan bo'lsa, sho'x qo'shiqlarga zavqlanib raqsga tushishni ham unutishmadi.

Ayniqsa, xonandaning hamkasblari ham muxlislardan qolishmay Alisher Fayzni 5 kun davomida qo'llab-quvvatlab turdi.

Yulduz ISOQOVA

Fotomuxbir Islom RO'ZIYEV