Sergeli hokimi avtomobil bozorini shahardan tashqariga ko'chirishga qarshi

0

Sergeli tumani hokimi Nozim Husanov avtomobil bozorini Toshkent viloyati hududiga ko'chirishni xohlamaydi. Bu haqda u chorshanba kuni tashkil etilgan matbuot anjumanida ma'lum qildi, deb yozadi «Kun» nashri.

«Faqatgina avtomobil bozorini emas, balki barcha bozorlarni shahar tashqarisiga ko'chirish haqida g'oya bor edi. Hozircha bu masala ko'rib chiqilmoqda. Avtomobil bozori 24 gektar yerni egallaydi. Avval yangi hududni topib, uni obodonlashtirish kerak, keyin bozorni yangi joyga ko'chirish lozim. Bularning barchasi ma'lum bir vaqtni talab qilishi mumkin», – dedi Nozim Husanov jurnalistlarga.

Nozim Husanov avtomobil bozorini tuman hududida qoldirishni xohlashini aytib, bu bozordan byudjetga – yiliga 11 mlrd so'm tushishini ma'lum qilgan.

«Bozorni tumanimiz hududida yanada qulayroq va transportlar harakatiga xalaqit bermaydigan joyda qoldirishni xohlardim. Bizda bunday hududlar bor, ular Toshkent viloyati bilan chegaradosh», – deya qo'shimcha qilib o'tdi Husanov.

Ma'lumot uchun, bu yil shahar hokimligi «Sergeli» avtomobil bozori va «Yangiobod» bozorini poytaxtdan Toshkent viloyatiga ko'chirish rejalari haqida e'lon qildi.