Hayit kuni uyida ta'ziya ochgan o'ziga choh qazigan bo'ladi

0

Hayit – musulmonlarning eng ulug', orziqib kutilgan bayramlaridan biri. Ramazon oyi tugagach, Hayit namoziga chiqiladi, barcha do'st-birodarlar bir-birlarini bu bayram bilan tabriklashadi. Qarindosh-urug'lar, beva-bechoralar holidan xabar olinib, ularning ko'ngli ovlanadi, bolajonlarga shirinliklar ulashilib, quvonchlariga sabab bo'linadi. Bu kunda barchaning yuzida tabassum, kayfiyatida ko'tarinkilik va dilida Alloh zikri, shukronalik tuyg'usi mujassamlashadi.

Ammo mana shunday kunda, xonadonidan o'tib ketgan marhum uchun uch kun ta'ziya ochib, “Marhum hayitligi” kabi bid'at marosimlarni o'tkazuvchilar ham topiladi. Aynan mana shu mavzuga to'xtalar ekan, Toshkentdagi “Shayx Zaynobiddin ota” jome masjidi imom xatibi Odilxon qori Yunusxon o'g'li shunday fikr bildirdi.

“Bu gapni 21 yildan buyon iltimos qilaman. Meni vazifam yetkazib qo'yish: amal qilganga ham, amal qilmaganga ham Alloh shohid. Shundan keyin ham hayit kuni uyida ta'ziya ochsa, hukumat uch kun hayit bayrami degandan keyin ham hayotida bog'lamagan belbog'larni beliga bog'lab, hayotida kiymagan do'ppilarni sandiqdan olib, chakmonlarni kiyib olib uyida ta'ziya ochgan odam, bilib qo'yin, o'ziga choh qazigan bo'ladi.

Hayit kuni bayram. Mabodo o'sha kuni ta'ziya to'g'ri kelib qolsa, unda mayli. O'shanda ham uch kun aza qilinadi. Lekin marhum ancha oldin qazo qilgan bo'lsa va yaqinlari “hayitliklari” deb aza ochib, shunga bel bog'lab, shunga yelkadosh bo'lib, o'sha azaga kirib, o'sha yerda Qur'on o'qigan odam diniga dushmanlik qilgan odam bo'ladi. Hayitmi, hayitni bayram qilishsin. O'sha aza egalari ham bayram qilishsin.

Bu ishlarni yig'ishtiraylik endi… 70 yillik mustabid davri o'tdi. O'zbekiston musulmonlari idorasi, hukumat, ommaviy axborot vositalari, hatto prezident aytayapti – endi to'xtatish kerak-da! Bundan ortiq yana qanday qilib aytish kerak?”

 

manba: kun.uz