TIRIKLAY KO'MILGANLAR… (41-qism. Ikkinchi fasl. Oxiri)

0

 

 

* * *

 

 

«To'g'ri, bu odam jinoyat ko'chasiga kirib qolgan, — xayolan mulohaza qilardi Obidjon. —Qanchalab odamlarni vahshiylarcha o'ldirib yuborgan. Balki, xavfli jinoyatchi deb atashlari to'g'ridir. Ammo inson sifatida nega baholamaydilar? Uning qalbiga nima sababdan quloq tutib ko'rmaydilar? Birinchi kun kameraga kirib kelganimda, o'zim ham bu odamdan nafratlana boshlagan edim. Bundaylar yer yuzida tirik qolmasligi lozimligini qalbimdan kechirgandim. Lekin u bilan hamsuhbat bo'lib, qalbiga kirib borgach, dard-hasratlarini tinglagach, negadir bu odamga nisbatan munosabatim o'zgara boshlaganini his etdim. Yo'q, men Stepanni mana shu qo'llarim bilan o'ldira olishimga ko'zim yetmaydi. Bunday istakdan asar ham qolmadi. U kundan-kunga mening eng yaqin kishilarimdan biriga aylanib borayotgan bo'lsa-yu, qo'limga qurol olsam-da, uni mo'ljallab otsam. Shuyam insofdanmi? Diyonatli odam ham shu ishni qiladimi? Yo'q, baribir men uni o'ldira olmayman. Qo'lim bormasligi aniq. Xo'sh, unda tog'amning tashkilotidagilar, general menga qanday jazo belgilaydi? Shu turmada qoldirib, rostakam mahbusga, jinoyatchiga aylantiradimi? Yo kimlarnidir yollab o'ldirtirib yuboradimi? Ha, ularning qo'lidan keladi. Chunki, ular josus. Undaylar vahshiy jinoyatchidan ming chandon qo'rqinchliroq, xavfliroq bo'lishadi.

Obbo, qanday kunlarga qoldim o'zi? Ne zamonlardan beri onamni, qishlog'imni, yaqinlarimni, do'stlarimni ko'rishga zorman. Lekin keta olmayman. Qo'yishmaydi. Har tarafimdan go'yoki qurshovga olgandek o'rab turishibdi. Qayga qarab yursam, o'sha yerda paydo bo'ladilar.

Menimcha, aytganlarini bajarmagunimcha qo'yishmasa kerak. Ha, qo'yishmaydi. Qanday yo'l bilan bo'lmasin, majburlashadi. Eh, Stepa, senday odamni o'ldirsam, bir umr o'zimni kechira olmasligim aniq. Qanchalar og'ir gunohga botishimni tasavvur qilsayding.

Kechir, bu yorug' dunyoda har doim ham odamning aytgani bo'lavermas ekan. Ba'zida vijdoningga qarshi borishga ham majbur bo'larkansan. Eh, koshkiydi, o'sha kun kelganida, otgan o'qim bu insonga tegmasa!..»

 

 

* * *

 

 

Bu orada Stepanni qaergadir olib chiqib ketishdi. Oradan yarim soatlar o'tgach, kameraga xafaqon qiyofada qaytib kirgan Stepan Obidjonning tepasiga keldi-da, unga tikilib qoldi.

— Nima gap? Tinchlikmi? — yotgan yerida so'radi Obidjon. — Nega tikilib qoldingiz?

— Sengayam oson emas, — eshitilar-eshitilmas javob qildi Stepan. — Senga juda qiyin bo'ladi. Chunki, boshqacha yigitlardansan.

— Tushunmadim.

— Hammasini eshitdim, — dedi Stepan majburan kulimsirab. — Sen jinoyatchi emas ekansan.

— Kim ekanman, unda? — so'radi Obidjon dast o'rnidan turib. — Farishta ekanmanmi?

— Yo'q, farishta ham emassan. Shunchaki… seni yollashibdi.

— Nimaga yollashadi?

— Nimaga bo'lardi? Bilib qo'y, otayotganingda yaxshilab nishonga ol! Yuragimni mo'ljallaydigan bo'lsang, o'qing sal xato ketishi mumkin. U holda do'stingni qiynab qo'ygan bo'lasan.

— Tushunmadim. Nimalar deyapsiz? Qanaqa o'q? Qanaqa otish? — hammasini anglab yetgan bo'lsa-da, talmovsirab so'radi Obidjon.

— O'zingni go'llikka solma! Hamma gapdan xabardorsan. Mana, bugun mening o'zim ham xabar topdim. Bir tomondan xursandman. Anovi kallakesarlarning qo'lida o'lsam, bir umr armon qilib o'tardim. Sen esa har holda yaqin bo'lib qolding.

— Yo'q, men sizni o'ldira olmayman, — dedi Obidjon bosh chayqab. — Bu ish qo'limdan kelmasligini ko'nglim sezib turibdi.

— Qo'y, bo'lmag'ur gaplarni gapirma. Sen o'ldirmaganing bilan boshqasi tayyor turadi. Undan ko'ra, yoshsan, xizmatni a'lo darajada bajargin-u, boshliqlaringning ishonchiga kir!

Shu payt kamera eshigi ochilib ostonada soqchilardan biri paydo bo'ldi.

— Tashqariga chiq! — buyurdi u Obidjonga.

— Nega? — garchi turmada savol berish taqiqlangan bo'lsa-da, atayin savol tashladi Obidjon.

— Chiqqaningda bilasan.

Nimayam qilardi? U qoidaga ko'ra qo'llarini orqaga qilganicha soqchining oldiga tushib hovliga yo'l oldi.

— O'zi tinchlikmikan? — so'radi u yo'l-yo'lakay soqchidan.

— Seni ko'rishga bir eski tanishing kelibdi. Hozir o'sha bilan uchrashtiraman.

— Qiziq, qaysi tanishim bo'lishi mumkin?

Ular hovliga chiqib to'g'ri uchrashuv xonasi tomon yurishdi. Uchrashuv xonasi markaziy darvozaning shundoq biqinida joylashgan edi.

Obidjon yaqinlasha borgani sayin qiziqishi ortib yuragi bezovta urar, shu tobda xonada onasi o'tirgan bo'lib chiqishini juda-juda istardi.

Nihoyat soqchi yugurib borib eshikni ochdi.

Obidjon shoshilinch o'zini ichkariga urdi.

Xona to'rida kerilganicha Valera o'tirar, ichkariga qadam qo'ygan Obidjonga yeb qo'ygudek sovuq tikilib qolgan edi.

 

 

* * *

 

 

Obidjon Stepanning boshidan o'tkazganlarini berilib eshitdi. U qizining nomusi uchun qotillikka qo'l urgan ekan. Stepanning oqko'ngilligi, yaxshi insonligini bilgan Obidjon vijdon azobida qiynala boshladi. Axir uni qanday o'ldiradi? Sal o'tmay Stepan hamma sirdan voqif bo'ldi. «Menga sening qo'lingda o'lganim afzal», dedi Obidjonga. Soqchilar Obidjonga uni yo'qlab kelishganini aytdi. Uni Valera kutib turardi…

Obidjon Valeraga ko'zi tushgani hamon taqqa to'xtadi. Go'yoki tanasidagi qon yuziga ko'pchib chiqib, tizillab otiladigan ko'yi a'zoyi badanini isitma bosib, ko'zlari chaqchayib ketdi.

Yo'q, u ortiq chidab tura olmadi. Bu sovuq basharaga uzoq muddat boqib turishga toqati yetmadi.

— Senga nima kerak? — kutilmaganda qichqirib yubordi, u, hanuz so'zsiz tirjayib turgan Valeraga. — Nima ishing bor, yana?

— Avval salom-alik qilsang bo'lardi, — tilga kirdi nihoyat Valera. — Yo qiyomatli akangniyam tanimay qoldingmi? Seni qattiq kaltaklab qo'yishdimi yo?

Obidjon javob bermadi. Unga bir-ikki soniya tikilib turgan bo'ldi-da, yonidagi soqchilardan biriga yuzlandi.

— Iltimos, meni kameraga qaytarib olib kiringlar! — dedi u soqchilarga. — Bu odam bilan gaplashishni istamayman!

— Bu sizning ixtiyoringiz! — kulib qo'ydi soqchi. — Ketdik unda!

Obidjon zarda bilan orqaga burildi va kamera tomon yugurib ketdi.

 

 

* * *

 

 

Ammo kamera eshigiga yaqin borib ulgurmay, Obidjonni turma boshlig'i chaqirayotganini aytib qolishdi.

U ana shu taklifni so'nggi haftada juda intizorlik bilan kutayotgandi.

Styopaning g'amgin chehrasiga boqib o'tirish, shu qadar kamsuqum, kamtar bir bandaning qonga botgan tanasini, qiynala-qiynala jon berayotganini tasavvur qilish, o'zining ikki kaftiga ko'zi tushganda, «nahotki, shu qo'llarim bilan o'zim uchun og'adek bo'lib qolgan bir begunohni otib o'ldirsam?» degan xayolni ko'ngildan kechiraverishga bezib qolgandi.

«Xudoga shukur, — ko'nglidan o'tkazdi Obidjon soqchining oldiga tushib turma boshlig'i kabineti tomon ketib borarkan. — Tushimdayam ayon bo'lgandi. Tezroq shu iflos ishdan qutulsam, so'ngra ona qishlog'imga qanot boylasam-u, uchib ketsaydim! Aks holda bu kallakesarlarning qo'lidan osonlikcha xalos bo'lishning sira imkoni yo'q. Aytgan ishlarini qildirmaguncha qo'yishmaydi. Lekin qanday tepkini bosaman-u, qay yurak bilan otaman? Mayli, butkul begona bir kimsa bo'lsa, barmog'im ham titrab qo'ymasdi. Axir, Stepan bilan qancha vaqt birga kamerada o'tirdim, hamsuhbat, hamdard bo'ldim!»

Shunday xayollar bilan Obidjon boshliq kabinetiga kirib bordi.

— Sizni tabriklayman! — dedi boshliq salom-alikdan so'ng Obidjonni o'tirishga taklif etib. — Xodimlarimiz xafa qilib qo'yishmadimi?

— Aslo, — dedi Obidjon tavoze bilan. Xayolan esa tezroq maqsadga o'tishini istardi.

— Juda xursandman! Bilasizmi, bugun asosiy ishni amalga oshirishingizga to'g'ri keladi. Xo'sh, tayyormisiz?

— Shunaqa desayam bo'ladi, — javob berdi Obidjon sovuqqonlik bilan.

— Unda yana o'n besh daqiqalardan so'ng so'nggi bor soqchilarimiz qurshovida tayin etilgan joyga borasiz. Sizga o'sha yerda qurolni topshirishadi. Aytgancha, rahbaringiz ham shaxsan ishtirok etishini bildirgandi. Hali zamon kelib qolishi kerak.

— Men ketaveraymi? — sekin o'rnidan turishga chog'landi Obidjon.

— Albatta, albatta! Hozircha ketish tadorigini ko'raversangiz ham bo'ladi. Kerakli hujjatlarni xodimlarimiz tayyorlab ham qo'yishgandir.

Obidjon dast o'rnidan turdi-da, nomigagina xayrlashgan bo'lib eshik tomon yo'naldi.

 

 

* * *

 

 

Turmaning maxsus ajratilgan yerto'lasi. Bu yerda faqat o'limga mahkum etilgan mahbuslar bo'lar, ularning ustidan so'nggi hukm o'qilar va jazo ijro etilardi.

Yerto'laning devorlariga temirsifat qandaydir mato qoplab chiqilgan bo'lib, bu o'q ovozi, mahbuslarning baqir-chaqirlari tashqariga eshitilmasligi uchun o'ylab topilgan edi.

Obidjon kirib kelganida, hukmni o'qib bo'lishgan va o'limga mahkum etish xonasida boshiga qop kiydirilgan Styopa, turma boshlig'i, ikki soqchi va bir chetda shaxsan rezidentning o'zi turardi.

Obidjon Stepanni aniq tanidi. Ha, o'sha! Ana, yo'g'on bilaklari, kaftlaridan tanidi. Adashmasa, u aynan Obidjon tomonga o'girilib turibdi.

— Mana senga qurol! — Obidjonga rezidentning o'zi o'qlangan to'pponchani uzatdi. — Endi sen zimmangga yuklangan vazifani mana shu guvohlar ishtirokida ado etishing kerak. Xo'sh, tayyormisan?

Obidjon javob sifatida bosh irg'adi va qurolni qo'liga olib avval yig'ilganlar bir-bir alanglab oldi. Bu orada rezident va qolganlar Obidjonning orqasiga o'tib olishdi. Oldinda faqat Stepangina qoldi.

U Obidjonning to'pponcha qabul qilib olganini ko'rdimi yo ko'ngli sezdimi, kutilmaganda ikki qo'lini ko'tarib amalga oshirishi kerak bo'lgan harakatni qo'llab-quvvatlagan bo'ldi. Bu ishi bilan «o'ldirsang, o'zing o'ldir, inim», demoqchi ekanini bildirdi go'yo.

— Nishonga ol! — qichqirdi rezident o'zini yanada orqaga olib. — Nimani kutyapsan? Bo'l tez!

Obidjon o'qlangan to'pponchani oldinga cho'zib, Stepaning boshini nishonga oldi.

Shu tobda nafaqat qo'llari, hatto, yuragigacha kuchli titroq iskanjasida qolib ketgandek edi.

Ammo qochib qaerga ham borardi? Qismat ekan. Hayot odam zotini shunday mushkul va kechirilmas sinovlar girdobiga ham solib qo'yarkan.

Tepki bosilib, o'q ovozi butun dunyoni tutib ketgandek bo'ldi.

Yo'q, Obidjon baribir bu dahshatli manzaraga tik qarab tura olmasdi.

U tepkini bosayotgan mahal ko'zlarini yumib olgandi.

O'q ovozi tinishi bilan shoshib ko'zlarini ochdi-da, Stepan tomon nigoh tashladi.

U devor ostiga qulagan, tizillab oqqan qon devorga yopishtirib chiqilgan temirsimon matoni ham bo'yab ulgurgandi.

Ammo ortiga o'girilib, hayron qoldi.

Rezidentning qo'lida ham to'pponcha paydo bo'lgan-u, u qizib tutayotgan to'pponchani puflash bilan ovora edi.

Obidjon hech narsaga tushunmay, qo'lidagi to'pponchani ko'zdan kechirdi.

To'pponcha sovuq.

Unda kim otdi Stepanni? Axir, u tepkini bosgan edi-ku!

— Sen hayron bo'lma! — Obidjonning yelkasiga qoqdi Rezident. — Sening to'pponchangda o'q yo'q edi. O'zim senga yordamlashib yubordim. Lekin, barakalla, aytilgan topshiriqni a'lo darajada ado etding! Rahmat! Endi ketdik! O'likni olib chiqib ketishlariga xalal bermaylik!

Shundan keyingina Obidjon xiyla yengil tortdi. Xayriyat, Stepanning ruhi oldida aybdor bo'lib qolmabdi. Sodiqligicha qolibdi.

— Kechir meni, og'a! — dedi dumalab yotgan murda tomon so'nggi bor o'girilib ko'zlaridagi yoshni yengiga artarkan. — Qiyomatda uchrashguncha xayr endi! Ishqilib, go'ringda tinch yotsang bo'ldi!

Obidjon shosha-pisha zinalardan yuqoriga ko'tarila boshladi.

Uni tashqarida rezidentning mashinasi kutib turardi.

           

* * *

 

 

1989 yil. Sentyabr. Obidjon tashkilot taqdim etgan katta miqdordagi pullar joylangan sumkani ko'targanicha ikki kun shahar kezib Marinani topa olmadi. Uni na militsiya idoralari, na qidiruv bo'limidagilar bilishardi. Topishiga ko'zi yetmagan yigit nihoyat ona qishlog'iga jo'nadi.

Ana, daraxtlarning sarg'ayib yer bilan bitta bo'lgan barglari Buxoroda ham kuz hukmron ekanidan darak berib turibdi. Odamlar esa har qachongidek o'z yumushlari bilan band. Haydovchilar mashinalarida g'izillab u yoqdan-bu yoqqa borib kelishadi. Bozorchilar bozorni boshiga ko'tarib o'z mollarini maqtashadi. Dehqonlar esa lo'ppidek ochilgan paxtani etaklariga joylasharkan, ahyon-ahyonda «ishqilib yomg'ir yog'ib yubormasin», degan xavotirda osmonga tez-tez qarab qo'yishadi.

Obidjon ona qishlog'iga kirib kelganda, vaqt tushdan oshayozgan edi. Qishloqchilik-da, o'smir bolalar uni ko'rishlari hamon so'rashishni-da unutib suyunchi olish niyatida Xosiyat xolaning oldiga chopib ketishdi.

Obidjon bir narsaga juda hayron bo'lardi. Qishloqdoshlar, tasodifan uchrab qolgan tengqur yigitlar ham uni ko'rdi, deguncha ortga tislanib olar, o'zlaricha nimalardir deya shivirlashar, shundan keyingina ko'rishish uchun qo'rqa-pisa quchoq ochishardi.

— Sen, o'g'lim, hayron bo'lma! — dedi o'zini bir paytlar olis yo'lga kuzatib qo'ygan go'rkov bobo hamqishloqlarga ishora qilib. — Hamma seni «o'ldi»ga chiqarib bo'lgandi. Darvozang oldidagi to'shak to'shalgan kursilarni ko'rib ham ajablanma. Axir, o'lgan odamnikidan fotihachilar arimas ekan. To'g'risi, ikki hafta burungina onang Xosiyat bibi aza ochgandi senga.

— Axir, men o'lmaganman-ku! — haqiqatan darvoza ro'parasiga o'rnatilgan kursilarni ko'rib xitob qildi Obidjon. — Biron kim o'lganim haqida xabar bermagandir… Nega endi?

Obidjonning toqati yetmadi. Darvozaga yaqin borib ulgurmay, qichqirib yubordi.

— Aya! Ayajon, qaerdasiz? Men keldim!

Hovli qo'ni-qo'shniga to'lib ketgandi. Birov kirar, boshqasi chiqar, xullas, to'polon yetarlicha edi. Biroq Obidjon qancha baqir-chaqir qilmasin, negadir Xosiyat xoladan darak bo'lmadi.

Ha, onani hovlining o'rtasidagi o'sha eski so'riga yotqizib ikki-uch xotin-xalaj nuqul yelpish bilan ovora ekan.

— Aya, sizga nima bo'ldi? — Xosiyat xolaning tepasiga kelib mahkam quchoqlab oldi Obidjon. — Ko'zingizni oching! Men keldim, axir!

Xosiyat xola tanish ovozni eshitgach, asta ko'zlarini ochdi.

— T-tirikmisan, bebosh bolam? — bazo'r pichirlab so'radi u. — Q-qaerlarda yurganding, shuncha paytdan beri?

— Qaerda bo'lardim? Tog'am rahmatlining ishi bilan, keyin yangamni qidirdim. Ayajon, yangam… Afsuski, olamdan o'tgan ekan. Qabrini topdim, xolos.

Xosiyat xola javob o'rniga Obidjonni mahkam quchoqlab yuz-ko'zlaridan o'pa boshladi.

So'ngra uning ko'magida o'rnidan turib uzoq vaqt kiyimlarini hidlab o'tirdi.

— Qo'shnilar, bu mening bolam, mening Obidjonim! — deya hayqirdi u bir mahal hidlashdan to'xtab. — Ishonmagandim. Ishonmagandim boshida. Mana, hididan tanidim bolamni! Mening bolam bu! Obidjonim bu!

Kampirning gapiga yig'ilganlar qotib-qotib kulishdi.

Bu voqea haqiqiy bayram edi. Bunday kunda qancha kulsa, qancha quvonsa arzirdi.

 

 

* * *

 

 

Qishloqda yigitlar armiyaga ketayotganda, undan keyin qaytib kelganda qo'y so'yib tengqurlari chaqiriladi. Ular erta tongga qadar mazali taomlardan tanovul qilib, «obi-zamzam»ga to'yishadi. Kayflari oshgach, askarning u yoqdagi hayoti, sarguzashtlari bilan qiziqishadi. Har bir hikoyasini berilib, hayajon bilan tanglashadi.

Bu kecha Obidjon ham ikkinchi marotaba askarlikdan qaytib kelgandek, tengqurlari orasida aziz bo'ldi. Yigitlar uning og'ziga tikilishdan nariga o'ta olishmadi.

Xursandchilikdanmi, to'yib ichib olganidanmi, Obidjon ham o'z sirlarini dasturxon qilishdan tiyilib o'tirmadi. U barchaga tog'asi Madali aslida kim bo'lib xizmat qilganini, qanday yumushlarni ado etganini, o'zi ham tog'asining xizmatini davom ettirib bir dunyo taassurotlar olib qaytganini jo'shib so'zlardi.

Afsuski, Obidjon bu sirlarni ochish mumkin emasligini unutib qo'ygan edi. Sharob bunday o'ylashga yo'l bermasdi.

Yarim tunda tengqurlar bir-bir uy-uylariga tarqalib ketishdi.

Lekin Obidjonning uyqusi kelmadi. Anchagacha Xosiyat xola bilan gurunglashib, marhum xeshlarini yodga olib o'tirgach, bi-ir ko'chalarni sayr qilishni ixtiyor etdi va egniga sport kiyimini ilib ko'chaga chiqdi.

Darvozalaridan yigirma metrlar narida qora «Volga» turardi. Hayron bo'lib o'sha yoqqa qarab yurdi.

Yaqinlashib qolay deganda mashinadan kimdir tushib, u tomon yura boshladi. Notanish kimsaning qo'lida to'pponcha borligini Obidjon qorong'ilikda payqamabdi.

Kimsa birdan to'xtadi-yu, to'pponchani Obidjonga to'g'riladi.

Oradan ikki-uch soniya o'tib-o'tmay, qurolning varanglagan tovushi butun qishloqni tutib ketdi.

Ko'ksi qonga bo'yalib yerga chalqancha qulay boshlagan Obidjon g'ira-shira qotilni tanishga ulgurdi.

U bir paytlar Obidjonni shifoxona darvozasida tutib ogohlantirgan, keyinroq vokzalgacha ortidan ergashib borgan erkak edi.

Tamom

Olimjon HAYIT

Facebook'dagi sahifamizda yangiliklarni kuzatish yanada qulay!

Marhamat! A'zo bo'lish uchun "Nravitsya stranitsa" tugmasini bosing:

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here