QALBIMNING QO'RIQChI FARIShTASI…

0

 

Birinchi maktub

 

* * *

 

Azizam! Ovozingizni olisdan turib telefon go'shagi orqali eshitganimdayoq buni payqagandim. Qo'ng'iroqdek tovushingizda bir olam fayz zohir edi.

O'zingizni ko'rdim-u, yuragimning dilgirligiga yana bir karra amin bo'ldim. Nahotki, shuncha yillar meni kutdirib yashagan bo'lsangiz?

O'sha kuni ko'zlaringiz g'amli edi. Dardlaringiz ko'pligini so'lg'in yuzlaringiz oshkor etib turardi.

Men sizni berilib tingladim. Dardlaringiz, qayg'ularingiz yuragimning tub-tubiga ignadek sanchilaverdi.

Siz bilan xayrlashib ketganimdan so'ng dardlarim yanada avj oldi. So'niq chehrangiz ko'z o'ngimda gavdalanib, vujudim titradi. Gohida xayolan sizga tasalli bergandek bo'ldim, gohida bu chirkin hayotga la'natlar aytgim keldi. Lekin tilimni tiydim.

 

* * *

 

Bahor shamoli kabi beg'ubor nigohlaringizni o'ylarkanman, sizni uchratgani uchun Yaratganga shukronalar keltirdim. Negaki, men ham bu yorug' dunyoni xuddi yo'l topa olmay halak bir so'qir kabi darbadar kezardim. Xayollarim, tasavvurlarim toraygandan torayib borardi. Kechayotgan har kunim qur-qur zindon yanglig' qalbimni ezardi. Tutayotgan ishlarimning to'g'ri-noto'g'riligini anglay olmay azoblanardim.

Ciz bilan uchrashib, shirin suhbatingizdan bahramand bo'lgach, o'sha tun allamahalgacha ko'zlarimga uyqu kelmadi.

Totli orzular ummoniga sho'ng'idim va shu ko'yi tongga yaqin uyquga ketdim…

 

* * *

 

Tush ko'ribman. Tushimda siz oppoq libosda dengiz sohilida turganmishsiz. Men narigi sohildan turib sizga qo'l siltabman-u, quvonganimdanmi, o'zimni suvga otibman. Suzishni bilmasligim ham yodimga kelmabdi…

Shu zahoti meni ulkan to'lqinlar qa'riga torta boshlabdi. Siz tomon talpinib qichqirarmishman-u, ovozim chiqmasmish.

Bir mahal shundoq tepamda paydo bo'ldingiz va menga qo'l cho'zdingiz. Qo'l cho'zishingiz hamono to'lqinlar nari chekindi. Boyagina hayqirib, dunyoga jar solayotgan dengiz sukutga toldi. Meni avaylab qirg'oqqa olib chiqdingiz-da, jilmaygancha yerga boqdingiz…

Azizam! Men uchun o'sha tong juda xayrli kechdi. Qalbimda poklik, orastalik va kuchli mehr hissini tuydim.

Olimjon HAYIT

Aziz do'stim, sizni o'zimizning “WhatsApp”dagi kanalimizga lutfan taklif etamiz! Siz bu kanalda qiziqarli va tezkor xabarlar, bir-biridan ajoyib hikoyalar, davomli asarlarni o'qib, maroqli hordiq olasiz, yana bir qator shu kabi ma'lumotlarga boshqalarga nisbatan oldinroq ega bo'lasiz! Kanalimizga a'zo bo'ling!

https://chat.whatsapp.com/Jwpkj16hPyS5jkvcZxybVc