QALBIMNING QO'RIQChI FARIShTASI…

0

UChINChI MAKTUB

 

Azizam! Bugun umid osmonimni qora bulutlar qopladi.

Qalbimning bir cheti darz ketgandek bo'lyapti. Ko'ngil ko'zlarim so'qirga aylanib, xayolan qop-qora quyun ichida qandaydir jarliklar tepasida tuproqni paypaslash bilan bandman.

Men aslida bu tuproq orasidan nima izlayotganimni bilaman. O'zimni qidiryapman. Kuyib kul bo'lgan bag'rimni, sarobga aylangan muhabbatimni qidiryapman.

Shu lahzalargacha siz farishtam edingiz. O'ylarimni jilovlashda, tuyg'ularimni sof holda asrashda, har onimni quvonchli va mazmunli o'tkazishda yelkadosh edingiz. Afsuski, bugun sizni taniy olmadim. Bir kulib qo'ydingiz-u, osmonu falaklarga parvoz qildingiz. Hatto, sizni chorlashga, ismingizni aytib yolvorishga, dardu hasratlarimni bayon etishga-da ulgura olmadim.

Nima qilay? Ojiz bir bandaman. Balki farishtalar dilini, tilini yetarlicha anglay olmaganim o'zimga yov chiqqandir.

Endi mening ko'nglim bir umr so'qirlikda o'tadi. O'zimni ham, o'zgalarni ham taniy olmay halak bo'laman.

Siz esa… Siz baribir meni eshitmaysiz. Shu qadar olisdasizki, mungli tovushim osmon-u falakka yetmaydi. Sizni tushlarimda ko'rsam, yaqin o'tmishdagi mehringiz, muhabbatingiz, joziba-yu, salobatingiz haqida xayollar surib quvonsam koshkiydi…

Faqat unutmang! Siz har qanday holatda ham o'zimning farishtam bo'lib qolaverasiz! Xayolan sizni o'zgalardan qizg'onib, sevib, ardoqlab yashayman. Har soniyada siz tomon talpinib umr kechiraman!

Balo-yu-ofatlar iskanjasida qolganimda o'zingiz, sizning shirin xayolingiz bilan ovunaman, ular menga ko'makdosh, sirdosh va darddosh bo'lib qolaveradi.

Meni kechiring, farishtam!

Olimjon HAYIT