SAROBGA AYLANGAN SEVGI… (Real voqealarga asoslangan)

0

 

* * *

 

 

To'rt soat deganda tog' oshib vodiydan kelgan yo'lovchilarni Qo'yliq bozori yoniga tashlagach, Vali og'ir xo'rsingancha «Neksiya» o'rindig'iga bor gavdasini tashladi. Tunda kam uxlaganidanmi, ko'zlari yumilib borardi.

— Hali orqaga qaytishim kerak, — o'ylardi Vali lab tishlab. — Bu ahvolda yo'lda uxlab qolmasaydim. Tirikchiligiyam qurib ketsin…

Shu tobda qo'l telefoni jiringlay boshladi.

U tanish raqamni ko'rdi-yu, battar tutoqdi.

— Sira tinch qo'ymas ekan-da shu xotin! — g'udrandi o'zicha. — Allo, nima gap? Tinchlikmi?..

— Xo'jayin, yaxshi yetib oldingizmi? — so'radi mayin ovozda xotini Mehribon. — Yo hali…

— Vey, hadeb ejikilayverarkansan-da-a? — baqirib tashladi Vali. — Yo'lga chiqqanimdan beri besh marta so'rading.

— Xavotir olaman-da!

— Xavotir olma! Yosh bolamidim senga? Bo'ldi… Ie… Anavini qara…

— Nima? Nimani qaray?..

— Bo'ldi, o'chir telefonni! Senga gapirganim yo'q!

Vali mashina yonidan o'tib ketayotgan o'rta bo'yli, kalta yubkali, yoyiq sochlari yelkasi osha tashlangan qizni ko'rib tamom bo'layozgandi.

Gapni kalta qilib telefonini cho'ntakka joyladi-da, tashqariga chiqdi.

Qiz ham negadir ikki-uch qadam nari borgach, ortga qaytdi va Valining ro'parasida to'xtadi.

— Taksimi? — so'radi erkalash ohangida. — Voy, nega baqa bo'lib qoldingiz? Odam ko'rmaganmisiz?

— Menmi?.. Y-yo'q… Ha… Taksi… Q-qaerga borasiz?..

— Qoraqamishga, — dedi qiz kulgisi qistab. — Oborib qo'yasizmi?..

— A-albatta, — dedi Vali hamon tutilib. — Siz aytasiz-u, yo'q dermidim?

— Qancha bo'ladi?

— Hech qancha… O'-o'tiring!..

— Yo'q, men tekinga ketmayman. Yo'l haqini ayting.

— Shunaqami?.. Xo'p, to'rt ming to'g'ri keladimi?

— Rostdanmi? — qiz mayin jilmaygancha taklifni ham kutib o'tirmay, mashinaga o'tirdi.

 

 

* * *

 

 

— Kechirasiz, otingiz nima? — yo'l-yo'lakay qizga gap tashladi Vali.

— Voy, otimni nima qilasiz? — hiringlab javob qildi qiz. — Undan ko'ra yo'lingizga qarang!

— Sizni… Ishoning, siz… Juda chiroyli ekansiz.

— Buni o'zim ham yaxshi bilaman, — dedi qiz endi jiddiy tortib. — Lekin baribir xursand bo'ldim. Rahmat!

— Otingizni ayting, iltimos!

— Sarvinoz, — dedi qiz unga xayolchan boqib. — Qishloqdanmisiz deyman?

— Ha, qishloqdanman. — picha xijolatomuz ohangda javob qildi Vali. — Taksichilik qilaman.

— Shahardami?

— Yo'q, vodiyminan Toshkent o'rtasida.

— Qiyin bo'lsa kerak-a? — so'radi Sarvinoz. — Har holda yo'l olis…

— Ishning osoni bor ekanmi. Albatta qiyin. Ammo o'rganib ketganman.

— Ko'p pul topasizmi?

— Nasibaga yarasha.

— Uylangan bo'lsangiz kerak?

— Afsuski, ha.

Sarvinoz bu gapni eshitib kulib yubordi.

— Hamma erkaklar ham bir ekan-da! — dedi kulgidan o'zini bazo'r to'xtatib. — Ko'chaga chiqdi deguncha xotinidan nolishadi.

— Shunaqa-da! — og'ir xo'rsinib oynadan tashqariga qaradi Vali. — Sochidan suzma hidi keladi. Mundoq o'ziga qarashniyam bilmaydi…

— Ha-a, — dedi Sarvinoz biroz jiddiy tortib. — Kiyimlaringizdanam sezgandim buni. Peshona-da!.. Agar xotiningiz o'rnida men bo'lsam…

— Koshkiydi siz bo'lsangiz! — xuddi shu gapni kutayotgandek Sarvinozning gapini kesdi Vali.

— Nima qilardingiz? — hiyla erkalangan ohangda so'radi Sarvinoz.

— Boshimda ko'tarib yurardim.

— O', unda oyoqda yurishni unutib qo'yarkanman-da!

— Unutsangiz ham mayli… Ishoning, sizni yoqtirib qoldim. O'zi… Shu gapni sizga qanday aytishni bilmay turgandim. Gapim rost.

— Bo'pti, yetib ham keldik! Shu yerda to'xtatib yuboring!

Vali keskin tormoz berdi-da, rulni yo'l chetiga burib to'xtadi.

— Sarvinozxon, endi qachon uchrashamiz?.. Hech bo'lmasa, telefon raqamingizni bering!

Qiz o'ylanib turib bosh chayqadi.

— Menga qo'ng'iroq qilmaganingiz ma'qul. — dedi u norozi ohangda. — Yaxshisi, o'zingizning telefon raqamingizni yozib bering. O'zim topvolaman sizni.

— Aldamaysizmi? — qizga umidvor tikilib so'radi Vali. — Ishonsam bo'ladimi?

— Xafa qilayapsiz. Men va'da bersam, albatta ustidan chiqaman.

— Uzr, ming bor uzr, Sarvinozxon. Hozir…

Vali shosha-pisha mashina qutichasidan ruchka-qog'oz oldi-da, kerakli raqamlarni yozib, Sarvinozga tutqazdi.

— Qo'ng'irog'ingizni zor bo'lib kutaman.

— Kelishdik.

 

 

* * *

 

 

Yigit qalbini muhabbat egallamasin ekan. Dunyo ko'zlariga tor ko'rinib, dunyoda sevgilisi bilan yolg'iz ikkovlari qolishini orzulashdan bo'shamay qolarkan.

Vali kun qanday o'tganini ham payqamadi. Umuman, hozir unga baribir edi. Gohi-gohida xotinining qo'ng'iroqlariga istar-istamay javob berardi. Har qo'ng'iroq bo'lganda uni jerkib tashlagisi kelardi-yu, shundoq ham yaqin orada ajrashib ketishini ko'z oldiga keltirib, o'zini tiyardi.

Erta tongda shahardagi ijara kvartirasidan mashinasini olib chiqib, yo'lga otlanganda, Sarvinoz qo'ng'iroq qilib qoldi.

— Xayriyat-ey, — deya xo'rsinib telefonni qulog'iga bosdi Vali. — Sog'inganimni sezibdi, asalim! Eh, baxtim chopganga o'xshaydi! Yo'qsa shunday ketvorgan qizning xayolini o'g'irlamagan bo'lardim.

— Qaerdasiz? — muloyimlik bilan so'radi Sarvinoz. — Yo'ldamisiz?

— Ha, endigina chiqqandim, Sarvinozxon! — dedi Vali hovliqib. — Yaxshi yotib turdingizmi?

— Rahmat!.. Bilasizmi… — qiz tutilibroq gap boshladi. — Bir… Iltimos chiqib qoluvdi. Shunga…

— Ie, ayting-da o'sha iltimosni! Nima qilay, azizam?.. Biror yoqqa oborib kelaymi?

— Juda dilgir ekansiz-ku! — kuldi Sarvinoz. — Ichimdagini qanday topdingiz?

— Ichimsiz-da! — yaltoqlandi Vali. — Nafas olishingizdan sezdim, nafas olishingizdan!

— Mayli… Bilasizmi, bir dugonamnikiga borib kelmoqchiydim. Juda zarur ishim chiqib qoldi.

— Jonim bilan! Q-qaerga boray?

— Kechagi joyni eslab qolganmidingiz?

— Albatta.

— O'sha yerda ko'rishaylik!

— Xo'p bo'ladi. Sekundda yetib boraman!

— Rahmat, Valijon aka!

 

 

* * *

 

 

— Men negadir sizga bog'lanib borayotganimni his etayapman, — dedi Sarvinoz mashinaga chiqib o'tirgach. — Tuni bilan negadir sizni o'ylabman. Shunday katta shaharda pul topaman deb kechayu kunduz yo'l bosishingizni tasavvur qilib, sizga achindim ham…

— Hozir hammagayam osonmas, — mamnun javob qildi Vali mashinaning kichik ko'zgusi orqali qizga suq bilan boqib. — Ochig'i, shu kungacha charchardim, tan olaman. Itday charchardim. Lekin sizni uchratganimdan beri uyqum qochgan, tomog'imdan ovqat ham o'tmaydi… Juda g'alati ahvolga tushib qoldim, Sarvinozxon.

Qiz hech narsa demadi. Miyig'ida kulgancha tashqariga qarab olgach, hashamatli bino tomon ishora qildi.

— Mana, keldik! Shu yerda to'xtaysiz!

— Dugonangiz shu hovlida turadimi? — so'radi Vali naqshinkor darvozadan ko'z uzolmay. — Rosa boy bo'lsa kerak-da-a?..

— Shunaqa desayam bo'ladi, — dedi istar-istamas Sarvinoz va sumkachasini kovlab uch-to'rtta mingtalik chiqardi-da Valiga uzatdi. — Manavini olib qo'ying!

— Ie, bu nima qiliq? — deya beixtiyor qichqirib yubordi Vali. — Odam yaqin tanishigayam pul beradimi? Oling-e pulingizni!.. X-xafa bo'laman-a!..

— Voy, shuncha yo'l bosib keldingiz, axir! — dedi Sarvinoz xijolat tortgan ko'yi. — Olib qo'ysangiz-chi! Benzin-menzin olarsiz.

— Unday qilolmayman! — Vali yuzini ters burib qovoq uydi. — Men sizni… Yo'q, undan ko'ra, qachon qaytishingizni ayting, kelib o'zim sizni opketay!

— Uf-f, odamni rosa xijolatga qo'ydingiz-da, Vali aka!.. Mayli, bir kun surishib ketarmiz…

— Savolimga javob bermadingiz-ku! — xijolat tortgan ko'yi yoyiq sochlarini orqaga tarab-tarab olayotgan qizga boqdi Vali.

— Qaysi savolingizga?..

— Op-pketish haqidagi…

— Ha, umi?.. Mayli, tushdan keyin kelib olib ketsangiz, sizni palovminan siylardim.

— O', zo'r-ku! Joni dilim palov, Sarvinozxon!.. Gapni shundan boshlamaysizmi?.. Bo'pti, albatta shu yerga kep turaman!

— Xo'p, hozircha xayr!

Sarvinoz nozli jilmayish qilib mashinadan tushdi.

 

 

* * *

 

 

Vali Sarvinozning ikki xonali mo''jazgina kvartirasida ikki soatcha qolib ketdi. Ketgisi ham kelmasdi. Tanasini tobora qizdirib, kayfini chog'layotgan ichkilik uni shu tobda ochiqchasiga gaplashib olishga, qishloqdagi xotini bilan orani ochiq qilishga undardi. Ayniqsa, Sarvinozning kaftlari orasiga momiq kabi botib borayotgan nozik qo'llari yigitni adoyi tamom qilayozdi. Sevgilisini bag'riga tortib yuzlaridan mehr bilan o'pdi. Sarvinoz sal o'zini olib qochgandek siltanib qo'ydi. Bu Valini yanada ilhomlantirib, dast o'rnidan turdi va deraza qarshisiga borib sigaret tutatdi.

— Ortiq chiday olmayman! — dedi u entikib. — Cho'zmaylik, Sarvinozxon! Turmush quraylik! Axir, sizni bir umr orzu qilganman!

— Voy, namuncha shoshqaloqsiz? — erkalanib kuldi Sarvinoz. — Oilali bo'lsangiz… Buning ustiga hali bir-birimizni yaxshi bilmasak…

— Buning ahamiyati yo'q, — Vali stol tomon qaytib Sarvinozning ikki yelkasidan tutdi. — Xotinimning javobini beraman! Ishoning, tez orada siz bilan birga bo'lamiz. Faqat menga ishonsangiz bo'ldi.

— Bilmadim, — dedi Sarvinoz lab tishlab. — O'ylab ko'rishim kerak… Har holda bu umr savdosi.

— Mayli, o'ylab ko'ring! Faqat cho'zvormang, iltimos!

Sarvinoz bosh chayqab o'rnidan turdi-da, zalga ishora qildi.

— Kech bo'lib qoldi. Zalga kirib divanda dam olishingiz mumkin.

— S-siz-chi?.. — talmovsirab so'radi Vali. — Balki birga…

— Haddingizdan oshmang! — uning yelkasiga ohista mushtlab qo'ydi qiz.

— Axir, bir-birimizni sevamiz! Buning nimasi yomon?

Sarvinoz noz aralash yo'rg'alab yotoqqa yaqin bordi-da, eshikni ochish asnosida luqma tashladi:

— To'y o'tsin, ana undan keyin siz aytgan narsa bo'ladi!..

— Kechiring, — qizga yaqinlashib bosh egdi Vali. — men ahmoqni kechiring!.. Mayli, unda men bora qolay.

— Voy, vaqt kech bo'lib qoldi-ku! — dedi Sarvinoz. — Buning ustiga ichgan bo'lsangiz!

— Amallab yetvolaman kvartiramga! Bir-ikkita ishlarim boridi.

— Mayli, o'zingiz bilasiz.

— Demak, va'da berasiz-a? Aldamaysiz-a? — Sarvinozga umidvor termuldi Vali.

Qiz unga javoban bosh irg'adi va so'zsiz tashqari eshikni ochib Valining yelkasiga bosh qo'ydi.

— Yaxshi yetvoling! O'zingizni ehtiyot qiling!

 

 

* * *

 

 

Oradan bir oy vaqt o'tdi. Vali qizga butkul bog'lanib qolgandi. Ammo Mehribonga aytishi lozim bo'lgan so'nggi so'zni sira tiliga chiqara olmay qiynalardi. Yaqinlari orqali yetkazmoqchi bo'lardi-yu, tag'in ikkilanardi. Buyoqda esa Sarvinoz sovchilarni kutayotgan kabi har ko'rishganda sirli boqishlar qiladi.

— Nega cho'zayapman o'zi? — o'yladi xufton mahali taksichilikdan charchab ijara kvartirasiga qaytgach. — Bir og'iz so'zni aytish shunchalik qiyinmi? Axir, o'zim Sarvinozning quchog'iga kirishga oshuftaman-ku!.. Qaysar qiz to'ygacha baribir o'ziga yaqinlashtirmmasa… Nima uchun bo'shang odamning yo'lini tutayapman?… Taloq qilsam, yo'lim ochiladi, sovchilarning Toshkanga kelishi tezlashadi. Yo'q, hoziroq qo'ng'iroq qilaman. O'ziyam yaramas jonimga tegib ketdi qachon kelasiz deyaverib…

Vali shosha-pisha qo'liga telefonini oldi-da, kerakli raqamlarni terdi.

Zum o'tmay, go'shakdan tanish ovoz eshitildi.

— Voy, xo'jayin, yaxshimisiz? Sog'lig'ingiz yaxshimi?.. Kelayapsizmi? — quvnoq ohangda so'radi Mehribon. — Yaqinlashib qoldingizmi deyman uyga?

— Yo'q, — dedi Vali sovuqqonlik bilan. — endi bormayman!

— Ie, bu nima deganingiz? Hazillashayapsizmi?

— Namuncha g'alchalik qilaverasan-a? — baqirdi Vali toqati toq bo'lib. — Jonimga tegib ketding-ku!

Bu hayqiriqdan so'ng Mehribon jim bo'ldi.

— Sen onangnikiga ketaverishing mumkin, — endi sal bosiqlik bilan davom etdi Vali. — Men shu yerda qoladigan bo'ldim.

Birpaslik sukutdan so'ng nihoyat Mehribon so'rashga jazm etdi.

— Nega unday deyapsiz, xo'jayin?.. Sizga nima yomonlik qilgandim?..

— Gapni ko'paytirma! — o'shqirdi Vali. — Senda ko'nglim yo'q! Menga umuman yoqmaysan!.. Aytdimmi ajrashamiz deb, tamom!

Ayol so'zlashga ulgurmadi. Vali jahl bilan telefonni o'chirdi-da, tashqariga yo'l oldi.

— Eh, taloq qilmadim-da!.. Til o'lgur aylanmadi… Yo'q, bunday so'zni guvohlar yonida aytish kerak-ku!.. Kallavaramman-da o'zim ham!.. Demak, taloq uchun Sarvinozga uylanganimdan keyin alohida borib kelaman… Xo'sh, endi nima qildim?.. Ha, bu xushxabarni Sarvinozimga albatta yetkazishim kerak.

Vali shunday xayollar bilan mashinasiga o'tirdi

— Oldin qahvaxonaga borib yuz gramm oqidan uray, ana undan keyin bafurja aytarman…

 

 

* * *

 

 

So'zga sal no'noqligini yaxshi bilgan Vali sabri chidamay ikkita qadahni ketma-ket ko'targach, ichi qizib, vujudida ehtiros tug'yon ura boshladi va Sarvinozning raqamini terdi.

— Uxlamadingizmi? — so'radi qiz salom-alikdan so'ng. — Yo haliyam ishdamisiz?

— Men hal qildim! — javob berish o'rniga maqsadga o'tdi Vali.

— Nimani?

— E, xotinimning javobini berdim. Endi boshim ochiq. Erkin qushman.

— Voy, namuncha shoshilinch? — erkalangan ohangda savol tashladi Sarvinoz. — Shunchalik hovliqmamisiz?

— Axir… Ikalamizam shuni kutayotgandik-ku! Mana, endi bemalol sizga sovchi qo'yishim mumkin. Aytgancha, o'ylab bo'ldingizmi? Bir oy o'tib ketdi.

— Yo'q, — dedi Sarvinoz kulib. — hali o'ylamadim.

— Unday qilmang-da! — o'pkalangan bo'ldi Vali. — Qanchalik qiynalib yurganimni bilasiz-ku!

— Ajab bo'pti! — gapni hazilga burdi Sarvinoz. — Qiynalib turavering-chi!

— Sizni sog'indim, jonim! Maylimi yoningizga borsam?

— Ie, bugun ko'rishdik-ku o'zi!

— Baribir sog'indim.

— Sabrsiz bo'lmang! Ertaga ko'rasiz.

— Xo'p, siz nima desangiz shu!

— Yaxshi dam oling!

— Xayr!

 

 

* * *

 

 

Bu suhbat Vali uchun juda yoqimli edi. Sarvinozning qo'ng'iroqdek tovushi yuragiga malham kabi yoqib, sarxushligi oshgandek edi. Shirin xayollar og'ushida mashinasiga o'tirdi-da, ijara uyi tomon jo'nadi.

Yarim yo'lga yetganda, yo'l chetida turgan «Mersedes»ga ko'zi tushib tezlikni kamaytirdi. Haydovchi old kapotni ochgancha jim turardi.

— Qiziq, boylarning ham mashinasi buzilarkan-da! — xayolidan o'tkazdi u. — Sho'rlikka qiyin bo'libdi. Kel, yordam bervoray!

Vali mashinani to'xtatib, yo'l chetiga qo'ydi-da, shoshilmasdan «Mersedes»ga yaqinlashdi.

— Assalomu alaykum, aka! — deya bashang kiyingan, o'rta yashar erkakka qo'l cho'zdi u. — Nima bo'ldi?

— E, uka, yaxshi yigit ekansan. — noliy ketdi erkak. — Ko'rmaysanmi, motor o't olmayapti. Og'aynilarga shuncha qo'ng'iroq qilsam ham birontasi javob bermayapti.

— Qani, ko'raylik-chi! — Vali chiroq yorug'ida motorni ko'zdan kechira boshladi.

— Mana, aka, tok yo'qolib qolgan ekan, — dedi nihoyat u qaddini rostlab. — Qani, kalitni burab ko'ring-chi!

— Yashavor-e, azamat! — haydovchi yugurib borib salonga o'tirdi-da, motorga o't qo'ydi va darhol pastga tushdi.

— Vey, qoyilman senga! — deya Valining yelkasiga qoqdi u. — Senga o'xshagan qo'li gul yigitlarni hurmat qilaman. Qaerliksan, uka agar sir bo'lmasa?

— Vodiydanman, — dedi sal tortinib Vali.

— Nima, mehmonga kelganmiding birontasinikiga?

— Yo'q, shu yerda tirikchilik qilib yuribman.

— Shunaqami? Yaxshi, yaxshi… Menga qara, hozir mashinangni mening orqamdan hayda!

— N-nega? — so'radi Vali tutilib. — Tinchlikmi?

— Menikiga boramiz. Seni o'zim bir mehmon qilaman.

— Aka… Sal kech qolayotgandim-da!

— Kech-pechi yo'q, hayda, uka! Aytgancha, oting nimaydi?

— Vali.

— Meniki Mirabbos. Mana, tanishib ham oldik. Qani, ketdikmi, Valijon?

— Xo'p, ketdik!..

— Ie, bu uy Sarvinozning dugonasiniki-ku! — tanish darvoza yaqiniga kelib to'xtagach, o'yladi Vali. — Bu o'sha qizning akasimi deyman?..

Ichkariga kirib o'tirishgach, so'ragisi keldi-yu, andisha yo'l bermadi. Shunday badavlat odamni behuda savollarga tutgisi kelmay, bosh egib qo'ya qoldi.

 

 

* * *

 

 

— Sen uyda hech kim yo'qligiga hayron bo'lma! — Mirabbos aka jilmaygancha konyak to'ldirilgan qadahlardan birini Valiga uzatdi. — Hammalari dala hovlida. Bugun tashvishlardan sal nariroq bo'lay deb uyga kelayotgandim. Uchraganing yaxshi bo'ldi. Qani, oldik!

Aroqqa konyak aralashgach, Valining kayfi tarang bo'lib, dunyoni unutgandek bo'la boshladi. Boz ustiga Mirabbos aka juda shinavanda ekan. Suhbat qizigandan qizib boraverdi.

— Obbo sen-ey! — deya qur-qur uning yelkasiga qoqib qo'yardi Mirabbos aka. — Mashinani yaxshi tushunarkansan. Barakalla!..

Bir mahal nimadir esiga tushgandek o'rnidan turdi-da, telefonini qo'liga oldi.

— Bilasanmi, — dedi Valiga ko'z qisib. — Shaharda anchadan beri yuribsan ekan. Kel, seni shu kecha bir xursand qilay!

— Aka, shundog'am yaxshi mehmon qildingiz, — dedi Vali xijolat chekib. — Rahmat!

— Yo'q, zo'r jonon bor. Suyuqoyoqlar malikasi, ha!.. Ana shuni chaqiraman. Seni bir xursand qilsin. Nima deysan?

Bu gapni eshitgach, Vali og'zining tanobi qochib bo'shashdi.

— M-mayli, — dedi yer chizib. — Sizday odam taklif kiritib turgandan keyin…

— Mana bu boshqa gap. Erkak kishi har zamonda bo'lsayam yosh qizlarminan birga bo'lib turishi kerak. Ko'ngil yosharadi, uka!.. Bo'pti, sen… Bemalol dasturxonga qara, men hozir.

Mirabbos aka pildiragancha oshxonaga chiqib ketdi va birozdan so'ng kaftlarini bir-biriga ishqalagan ko'yi ortga qaytdi.

— Ish pishdi, — dedi kulimsirab. — Jonon hozir yetib keladi. Ungacha, yana qittay-qittay olamiz.

 

 

* * *

 

 

Oradan qirq daqiqacha vaqt o'tib, tashqarida kimningdir oyoq tovushlari eshitildi. Mirabbos aka dast o'rnidan turdi-da, hovliga ishora qildi.

— Ko'rdingmi, ukam, o'z oyog'iminan keladi bular! Hozir, hozir…

Hech qachon suyuqoyoqlar bilan gaplashib ko'rmagan Vali uyoq-buyog'ini to'g'rilagan bo'lib kayf to'la nigohlarini yo'lakka tikdi.

Shu mahal kutilmagan voqea ro'y berdi. Tashqari eshik ochilib, Mirabbos akaning quchog'ida hiringlagancha ichkariga kirgan Sarvinozni ko'rdi-yu, miyasiga kimdir gurzi bilan urgandek qalqib ketdi. Ko'zlari moshdek ochilib, boshi g'uvilladi. Gandiraklay-gandiraklay ortga tislandi.

— Uka, nega qoqqan qoziqday turib qolding? — hech gapdan bexabar Mirabbos aka bor ovozda baqirdi. — Malikangni qabul qilib olmaysanmi?..

Qiz ham unga ko'zi tushgach, taqqa to'xtagan, Mirabbos akani o'zidan nari itarib nimalardir deya kalovlanardi.

— Siz?.. — nihoyat sal o'zini qo'lga olib Sarvinozga yaqin bordi Vali. — Hali sen… Suyuqoyoqmiding? Sen-a?..

— M-menga qarang… Vali aka, hammasini tushuntirib beraman!..

Alam va nafratdan yuragi tars yorilayozgan Vali hovliga o'zini urdi. Yo'l-yo'lakay Mirabbos akaning nimadir deya qichqirgani qulog'iga chalindi. Biroq to'xtamadi. Mashinasiga o'tirdi-yu, kalitni buradi…

 

 

* * *

 

 

— Nimalar qilib qo'ydim? — ko'zlaridagi yoshni artib ulgurmay nuqul hayqirardi Vali. — Ko'zim qayoqdaydi? Ablah! Qanjiq!.. Nega ilakishdim?.. Nega Mehribondan voz kechdim? Endi nima qilaman?.. Nima qilaman?..

Mashina katta tezlikda ketib borardi. Aldanish, xo'rlik va razolat vujudini kuydirib borayotgan Vali hech narsani ilg'amas, bo'g'zidan qon kelishi muqarrardek xirillay-xirillay qichqirardi.

Shu tobda to'satdan qarshisida qandaydir ulkan daraxt ro'baro' bo'ldi. Afsuski, tormozni bosishga ulgurmadi. Bir necha soniya deganda «Neksiya» daraxtga zarb bilan borib urildi…

 

 

* * *

 

 

Shahardan chetroqdagi kasalxona palatasi. Burchakdagi karavotda endigina jonlantirish bo'limidan olib chiqilgan Vali behush yotar, tepasida Mehribon, qo'shni karavotda esa qaynonasi Sobira opa yig'lab o'tirishardi.

Shu ko'yi hadik va xavotirda bir soat ham o'tdi. Mehribon qaynonasiga nimadir demoqchidek yonboshga o'girilgan ediki, Vali ko'zlarini ochdi.

— Voy, ko'zini ochdi! — xitob qildi Mehribon titrab. — Ena, o'g'lingiz ko'zini ochdi!..

Ona biroz o'zini bosib o'g'lining tepasiga keldi. Biroq hech narsa demadi. Ko'z yoshlarini ro'moli uchiga arta-arta bosh chayqay oldi xolos.

Mehribon bo'lsa, nuqul so'zlanardi.

— Xayriyat, tirik qoldingiz, xo'jayin! Sizsiz nima qilardim?.. Qanday yashardim?.. Xudoning o'zi qaytib berdi sizni, eshitayapsizmi?..

Valining qulog'iga bu so'zlar kirmasdi. Shunda ham qalliq so'zlashdan to'xtamasdi. Bor hasratlarini yig'lay-yig'lay, to'kib solardi.

— O'sha kuni erta tongda chiqib ketayotib meni uyg'otmadingiz. Faqat sochimni silaganingizni his qilib o'rnimdan turmoqchi bo'ldim. Urishib berganingiz uchun qo'rqqanimdan indamay yotishga majbur bo'ldim… Axir, anchadan beri bu qadar mehr bilan sochimni silamagandingiz-da!.. Ertalab turib ko'zguga boqsam… Qo'lingizdagi mashinaning qora moyini sochimga artgan bo'lib chiqdingiz… Baribir xursand bo'ldim. Erimning qo'llari boshimni siladi-ku dedim-qo'ydim… Nima qipti?.. Moy artsangiz artibsiz-da! Sizdan sochimni ayarmidim?.. Aytgancha, bosh yuvishga shampun sotvoldim. Ishoning, sochimni endi hech qachon qatiqda yuvmayman!

— J-jim!.. — zo'rg'a shivirlay oldi shunda Vali ko'zlari yumuq holda. — Meni qiynama!.. Qiynama, M-mehri!.. K-kechir… Kechiringlar!.. Kechiringlar!..

Qadrdon erining kutilmagan iltijolari yuragini mumdek eritib yuborayozgan qalliq dodlagancha o'zini uning ustiga tashladi.

Olimjon HAYIT

Aziz do'stim, sizni o'zimizning “WhatsApp”dagi kanalimizga lutfan taklif etamiz! Siz bu kanalda qiziqarli va tezkor xabarlar, bir-biridan ajoyib hikoyalar, davomli asarlarni o'qib, maroqli hordiq olasiz, yana bir qator shu kabi ma'lumotlarga boshqalarga nisbatan oldinroq ega bo'lasiz! Kanalimizga a'zo bo'ling!

https://chat.whatsapp.com/Jwpkj16hPyS5jkvcZxybVc

 

 

 

Facebook'dagi sahifamizda yangiliklarni kuzatish yanada qulay!

Marhamat! A'zo bo'lish uchun "Nravitsya stranitsa" tugmasini bosing:

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here