O'ylab ko'rdingizmi? 2018 yil 12 iyul kuni yulduzlar sizga nimalarni va'da qilarkin?

0

 

 

QO'Y (21. 03 — 20. 04)

12 iyul kuni yaqin insonlar bilan iliq va qaynoq munosabatda bo'ling. Ishxonadagi ish orasida tanaffuslarga o'rin bering. Shaxsiy hayotda bugun standartlardan chekinib, butkul yangicha usulda kunni tashkil etishingiz lozim. O'tmishdagi hayot tarzingiz eskirdi. Bugungi hayot yangilik kutmoqda. Juftingiz yoki bo'lg'usi juftingizning minus jihatlariga e'tibor bermaslikka harakat qiling. Kechqurun salomatlikni mustahkamlash masalasiga e'tibor qarating. Puldan tashvish chekmang, u bugun sizga bo'lgan sadoqatini saqlab qoladi.

 

 

BUZOQ (21. 04 — 21. 05)

 

Erta tongdanoq kayfiyatingiz buzilish kutiladi. Chap yoningiz bilan turganmisiz, nima balo, qarindoshlar, yaqinlaringiz hadeganda sizga tanbeh bera boshlashlari mumkin. Mabodo kimlardir jufti bilan norasmiy tarzda hayot kechirayotgan bo'lsa, shuning ham nuqsi bo'lishi ehtimoldan xoli emas. Munosabatlarni rasmiylashtirishingizga to'g'ri keladi. Duch kelgan odamga bugun sirlaringizni ayta ko'rmang. Kechqurun yangi uyga ko'chish yoki ro'zg'or anjomlari xarid qilish amallarini bajarishingiz mumkin. Buning uchun pulingiz yetarli bo'ladi, qayg'uga botmang.

 

 

EGIZAKLAR (22. 05 — 21. 06)

 

12 iyul kuni har qanday ish, jismoniy zo'riqish siz uchun yengil kechadi. Vujudingizda quvvat keragidan ham ortiqligi eng mushkul vaziyatlardan ham oson chiqib ketishingizda yordam beradi. Oilada juftingiz qaysidir masalada xatoga yo'l qo'ygan bo'lib chiqadi-yu, bu xatoni to'g'rilash ham sizning chekingizga tushishi mumkin. Salomatlik haqida alohida qayg'uring. Aks holda yaqin orada juda bo'lmaganda shamollash orttirib olishingiz hech gap emas.

 

 

QISQIChBAQA (22. 06 — 23. 07)

 

Bugungi kuningiz shunchalar ulug' va quvnoq kechadiki, lof bilan aytganda yuz yildan keyin ham odamlar eslab yurishadi. Har bir sodir bo'layotgan voqea yoqimli lahzalarga boy kechadi. Taqdir sizga kun davomida neni in'om etsa, shukr qiling-u qabul qilib oling. Ayniqsa, muhabbatda oila qurmaganlarning omadi chopadi. Rostakam romantika faqat sizning hayotingizda mehmon bo'lmoqchi. Bir umr havas va qaynoq mehr qo'yib yashasangiz arziydigan insonni uchratasiz. Kechqurun toza havoda sayr qiling.

 

 

ARSLON (24. 07 — 23. 08)

 

12 iyul kunning birinchi yarmidayoq ishxonadagi barcha ishlarni o'zingizga bo'ysundiring, ichki dunyongizni ham nazoratingiz ostiga oling. Ish usullaringiz eskirganini o'zingiz ham sezib turibsiz. Demak, zudlik bilan ularni yangisiga almashtirish kerak. Shaxsiy biznes va siyosat bilan shug'ullanuvchilar jamiyatda yanada ko'proq olqishlarga, hurmat-izzatga sazovor bo'lishadi. Faqat bugun moliyaviy muammolaringiz ijobiy hal bo'lishda oqsay boshlashi mumkin. Bunga bo'lar-bo'lmas narsalarni xarid qilib tashlashingizgina sababchi bo'ladi.

 

 

PARIZOD (24. 08 — 23. 09)

 

Oila qurmagan bo'lsangiz, bugun taqdir sizga o'zingizga mos, juda yoqib tushadigan insonni ro'baro' qilishi mumkin. Qalbingiz muhabbatdan larzaga kelishi tayin. Ammo xayolan ham oldinga talpinishga urinmang. Hamma narsaning o'z vaqt-soatida bo'lgani ma'qul. Bugun safar, tabiat qo'ynida dam olib qaytish va do'stlar bilan gurunglashish xayrli kechadi. Kimdir sizga kechki payt yoqimli xabar yetkazishi mumkin. Bu ham mayli, kechqurun tanishlardan biri qo'lingizga pul tutqazganda quvonchingiz bir olam bo'lishini unutmang.

 

 

TAROZI (24. 09 — 23. 10)

 

12 iyul kunning birinchi yarmida shaxsiy ishlar bilan yaqin manzilga safar qilishingiz kutiladi. Hoynahoy, bu safarda sizga suyukli insoningiz ham hamrohlik qilsa kerak. Moliyaviy muammolar sizni xafa qilmoqchi emas. Silliqchasiga ijobiy hal bo'lib, pulga aylangan holda kissangizga tushishni xohlaydi. Demak, o'zingizga yoqqan xaridlarni amalga oshirishga imkon tug'iladi. Agar quyosh tig'ida uzoq vaqt qolib ketmasangiz, salomatligingiz ham sizga pand bermaydi.

 

 

ChAYoN (24. 10 — 22. 11)

 

Bugun siz uchun haqiqiy mehnat kuni bo'ladi. Lekin mehnat ketidan albatta muvaffaqiyat hamda yoqimli lahzalarni ergashtirib keladi. Faqat ishxonada rahbarlar bilan dahanaki janjal yuzaga kelish ehtimoli bor. Bunday lahzalarda o'zingizni qanday tutishni yaxshi bilasiz. Shunday ekan, tashvish chekishga o'rin yo'q. Qarindoshlar bilan munosabatlarda muloyim bo'lishga intiling. Ayniqsa, yoshi sizdan ulug' bo'lsa, albatta hurmat bajo aylang, kam bo'lmaysiz.

 

 

O'QOTAR (23. 11 — 21. 12)

 

12 iyul kuni o'z prinsiplaringizga sodiq qolgan ko'yi harakatlar sodir etishingiz kutilmoqda. Hatto muloyim va bosiq bo'lish zarur vaziyatlarda ham baribir prinsiplardan voz kecha olmaysiz. Ammo uzoq vaqt bunday kayfiyatda yurishingiz yaxshilikka olib kelmaydi. Tanigan-bilganlar ko'z o'ngida o'ta agressiv odamga aylanib qolishingiz hech gap emas. Kechqurunga yaqin ayrimlar yo lotereya o'ynab katta pul yutadi, yo mo'may daromad egasiga aylanishi mumkin.

 

 

TOG' EChKISI (22. 12 — 20. 01)

 

Anchadan beri xotirjam tortishni, tinchlanishni orzu qilardingiz. Mana, o'sha lahzalar yaqin. Bugun orzuingizni haqiqatga aylantira olasiz. Ayollar, qizlar uchun go'zallik saloniga borish, tashqi ko'rinishiga oro berish juda xayrli va yoqimli kechadi. Oilalilarni jufti o'z sadoqati bilan yana bir karra xursand qilmoqchi. Bu voqeadan keyin rashk va uning ortidan kuzatishni bas qilsangiz juda yaxshi bo'lardi. Shubhasiz, bu ba'zi rashki o'ta kuchli do'stlarimizga taalluqli.

 

 

QOVG'A (21. 01 — 19. 02)

 

12 iyul kuni qovg'a burji ostida tug'ilganlar ziyolilar davrasiga yaqin bir do'sti bilan tushib qolishi kutiladi. Bu siz uchun notanish va yangi davra. Lekin afsus chekmaysiz. Chunki bu yerda ajoyib insonlar bilan tanishib, do'stlashasiz. Ish joyingizga kechikmasdan yetib borishga harakat qiling. Aks holda rahbarlarning tanqidiga uchraysiz. Mukofotdan mahrum qilishsa, bundan alamlisi bo'lmaydi. Kechqurun xonadoningizda chaqaloq yig'isi jaranglashi kutiladi. Ayrim do'stlarimiz xonadoniga kutilmagan mehmonlar tashrif buyurishi mumkin.

 

 

BALIQ (20. 02 — 20. 03)

 

Baliq burjida tavallud topganlar o'zini yoqtira qolmayotgan odam tomon hadeganda talpinavermasliklari tavsiya etiladi. Agar siz buni muhabbat deb o'ylasangiz, xato qilasiz. Asablarni asrang va o'zingizni yetarlicha sevishga odatlaning. Plyajda cho'milish, olisga safar qilish amallari bugun muvaffaqiyatli kechadi. Qancha ko'p harakatda bo'lsangiz, bo'lmag'ur xayollardan shuncha tez xalos bo'la borasiz.

Xushvaqt bo'ling! Hammavaqt bo'ling!

Olimjon HAYIT tayyorladi

Aziz do'stim, sizni o'zimizning “WhatsApp”dagi kanalimizga lutfan taklif etamiz! Siz bu kanalda qiziqarli va tezkor xabarlar, bir-biridan ajoyib hikoyalar, davomli asarlarni o'qib, maroqli hordiq olasiz, yana bir qator shu kabi ma'lumotlarga boshqalarga nisbatan oldinroq ega bo'lasiz! Kanalimizga a'zo bo'ling!

https://chat.whatsapp.com/Jwpkj16hPyS5jkvcZxybVc