“Sevsa, ardoqlaydi, sevmasa ham zulm qilmaydi”

0

Nikoh biror bir shaxs yoki mansabdor tarafidan o'ylab topilgan marosim emas. Yoki biror bir davlat yo millatning milliy urf odati, bayrami ham emas. Nikoh bu – olamlar Rabbisi bo'lgan Alloh taoloning bu dunyoda to qiyomatgacha davom etadigan inson naslining ko'payishi uchun halol sabab bo'lgan yagona vositasidir. Yer yuzida qanchadan-qancha maxluqotlar, turli-tuman mavjudotlar, necha milliard insonlar bor. Ularning hammasi ham o'z juftini topib oila quradi, o'zidan avlod-zurriyotlar qoldiradi…

Alloh taolo bandalarini nikohga buyurdi va nikoh sababli ularga o'z xazinasidan behisob mol dunyolarni ham va'da qildi. Xususan, Nur surasida shunday marhamat qildi: “Oralaringizdagi nikohsizlarni va qulu cho'rilaringizdan solihlarini nikohlab qo'ying. Agar faqir bo'lsalar, Alloh ularni O'z fazlidan boy qilur. Alloh (fazli) keng, o'ta bilguvchi zotdir” (Nur,32) Rasululloh s.a.v. ham bir muborak hadislarida: “Serfarzand, tug'adigan ayolga uylaninglar, men qiyomat kunida o'z ummatlarimning ko'pligi bilan faxrlanaman”, deya aytganlar. Demak, inson nikohlanar ekan, avvalo, Alloh taoloning amrini bajargani uchun ajr olsa, ikkinchidan, Rasululloh s.a.v.ning qiyomat kunidagi xursandchiliklariga sababchi bo'lgani uchun alohida savob oladi. Bulardan ma'lum bo'ladiki, demak, nikoh Alloh tarafidan bizga berilgan ne'mat ekan.
Ming afsuslar bo'lsinki, bugun bu ne'matga noshukrlik qilayotganlar, oila atalmish mo''tabar dargohni arzimas sabablar ila barbod qilayotganlar tobora ko'payib bormoqda. Bugun qaysi OAVlari faoliyatini kuzatmang, barchasida oila muqaddasligini tushuntirish, ajralishlarning oldini olishga qaratilgan chora tadbirlar, muammoning yechimlarini izlashga qaratilgan ko'rsatuv va eshittirishlar, maqola va maslahatlarga ko'zingiz tushadi.

Biroq shuncha harakatning ta'siri va ijobiy tarafi ko'payish o'rniga ajralishlar soni yanada ortib borayotgani  achinarlidir. Kasbimiz taqozosi bilan kunda kunora oilaviy janjallar va yarashtirish tadbirlarida ishtirok etaman. Oilaviy janjallarning sabablari bilan qiziqqanimda esa ularning judayam ko'p qismi arzimagan ikir-chikirlar, behuda gap-so'zlar va asossiz narsalar oqibatida yuzaga kelganiga guvoh bo'laman.

Hamma ushbu muammoning yechimini izlagan, har ikki tarafga nasihat qilgan… Har ikki taraf ham aybni bir-biriga yuklagan, bir-birining “kamchiligini” yuziga solgan… Eng qizig'i aybdor “yo'q”… Hamma “oppoq”… Go'yoki bu ikki yoshning nikoh to'yini bu ota-onalar o'tkazmagan, ayollar tog'ora ko'tarib qiznikiga sovchilikka borib, “qulchilikka keldik aylanay”, deya bo'lajak kelinning qo'lini so'ramagan… Go'yoki yigit va qizdan rozilik so'ralmagan, ular o'z to'yida ishtirok etmagan, baxtdan sarxush bo'lib yettinchi osmonda uchmagan. Jajjigina chaqalog'ini esa shunchaki,  “laylak tashlab ketgan…” Hech kim, ha, hech kim! biror yaxshi kun va shirin xotirani eslamaydi. “Aybdor” faqat bu ikki yoshni bir-biriga halollab nikoh o'qigan imom domla, mahalla oqsoqoli, uchastka noziri va mahalliy hokimiyat vakillari… judayam achinarli holat.

Xo'sh, nega bunchalikka boryapmiz? Nahotki, nikoh atalmish bu inoyatning, oila atalmish muqaddas dargohning biz uchun qadri shunchalar past bo'lsa! Nega bu ajrimga ikki xonadon vakilliri sovuqqonlik ila qaramoqdalar? Allohning Arshini larzaga keltiruvchi taloq degan so'zning og'izdan chiqishi erkaklar uchun oddiy holatga aylanmoqdami? Bunday xunuk oqibatlarni oldini olishning chorasi nima?

Maslahatgo'ylar ko'p. Fikrlar va maslahatlar turli xil. Kimdir qaynonani aybdor qilsa, kimdir yoshlarning xayotga jiddiy tayyor emasligini sabab qiladi. Yana kimdir oilada so'zi o'tmay qolgan qaynotani ayblaydi.

Barchaning fikrida jon bor. Hammaning mulohazasi o'rinli. Biroq asosiy sabab bular emas. Kalavaning uchi boshqa tarafda.  Muammoga yechim izlash uchun esa asosiy sababni topish muhim. Asosiy sabab esa ikkita katta xatodir. Bular  quyidagilar:

Insonlarning judayam ko'pchiligi nikohdan ko'zlangan asosiy maqsadni unutib qo'ydilar. Ikki juftning bir-biriga nikohlanishidan ko'zlangan eng asosiy maqsad bu – Rasululloh s.a.v.ning bitta sunnatlarini hayotga tatbiq qilish orqali Alloh taoloning roziligini topish edi. Demak, nikoh – uni qoim qilish orqali oxirat yaxshiliklari talab etiladigan ibodatdir. Biroq bugungi kunimizda nikoh biz uchun faqat dunyo manfaatlari ko'zlanadigan, dunyoning zeb-ziynatlari jalb qilinadigan marosimga aylanib qoldi go'yo. Ikki yoshning nikohidan keladigan manfaatdan hamma umidvor. “Kelinni kelganda ko'r, sepini yoyganda ko'r”, deya orzu havaslarini chegaralay olmasdan sarpoli kelinni kutayotgan qaynona va qaynotalar, qimmatbaho sarpolar, dang'illama uy-joy va qaynota sovg'a qiladigan mashinadan umidvor bo'lgancha quda-tarafdan syuprizlar kutayotgan kelin- kuyovlar… xullas, “ Qassobga yog' qayg'usi, echkiga jon qayg'usi ”, degandek, har kimning orzusi har xil.
Xullas, nikoh to'yini boshlashdan oldingi birinchi qadam noto'g'ri qo'yildi. Har ikki tarafning niyat va maqsadlari ham Allohning roziligi ustida birlashmadi. Alloh taoloning roziligi ko'zlanmagan har qanday ishda esa, nafs va shayton g'olib bo'ladi. Rivoyat qilinadiki: “Bir solih taqvodor kishi yo'lda ketib borarkan, insonlarni bir daraxtning atrofida aylanib, uni tavof qilib, unga ibodat qilayotganliklarini ko'rdi. Bu holdan g'azablangancha iziga qaytdi. Maqsadi uyidan bolta olib kelib, shirk va ma'siyatga sabab bo'layotgan bu daraxtni chopib tashlamoqchi edi. Yo'lda unga iblis inson qiyofasida ro'baro' keldi va undan so'radi: “Nega buncha g'azablangan holda ketmoqdasan?” Kishi voqeani aytib berdi. Iblis: “ Odamlar bilan nima ishing bor, sen ularning ishiga aralashma”, deya uning yo'liga g'ov bo'lmoqchi bo'ldi. Haligi kishi esa  iblisni rosa do'pposladi. Kishini kuch bilan yenga olmasligini bilgan shayton endi hiyla yo'liga o'tdi. Aytdiki: “Agar sen daraxtni kesish fikridan qaytsang, senga har kuni ikki tillodan berib turaman”. Kuniga ikki tillo vasvasasi kishini o'ylantirib qo'ydi va ikkilangancha so'radi: “So'zingning rost ekanligiga qanday ishonaman?” Iblis: “Har tong uyg'onganingda yostig'ing ostidan ikki tillo topasan”, dedi. Kishi qaytib ketdi. Iblis aytganidek, erta tongda uyg'onar va yostig'i ostidan ikki tilloni olar edi. Bu hol bir necha kun davom etdi. Bir kuni tongda uyg'ongan kishi aytilgan joydan iblis va'da qilgan tillolarni topmadi va g'azab otiga mingancha, daraxtni chopib tashlash uchun bolta ko'tarib yo'lga tushdi. Yo'lda esa yana shaytonni uchratdi va unga dedi: “Sen o'z va'dangda turmading, men endi bu shirk daraxtini chopib tashlayman”. Ikkalasining orasida boshlangan janjal  kishining mag'lub bo'lishi bilan yakunlandi. Shunda iblis: “Ey inson, sen o'tgan safar daraxtni kesmoqchi bo'lib ketayotgan paytingda niyating xolis edi. Bu ishingni faqat Allohning roziligi uchun qilmoqchi eding. Alloh va uning farishtalari ham senga yordam berish uchun hozir edilar. Shuning uchun kurashda seni yengolmagandim. So'ngra, seni mol dunyo bilan vasvasa qilgandim. Bugun esa sen bu joyga tillolardan ayrilganing uchungina, dunyo matohining alamini olish uchun kelding. Shuning uchun seni yengish menga qiyin bo'lmadi. Sababi bugun senda Alloh taoloning nusrati yo'q. Agar daraxt sari yana bir qadam qo'ysang, bo'yningni uzib tashlayman”, dedi. Noiloj qolgan kishi ortiga qaytib ketdi”.  Ushbu voqeani hujjat bilan quvvatlash uchun asri saodatga nazar tashlaymiz. Rasululloh s.a.v. hazrati Abu Bakr r.a. bilan Makka mushriklaridan qochib Savr g'origa berkingan paytlarini eslang. O'shanda mushriklar g'orning og'ziga bordilar va bir muddat uyoq-buyoqqa qaraganlaridan so'ng ortga qaytib ketdilar. Shunda Abu Bakr r.a.: “Yo Rasululloh, agar ular shundoq oyoqlarini ostiga qarashganda bizni ko'rar edilar”, deganlarida, Rosululloh s.a.v. xotirjamlik bilan: “Ey Abu Bakr, uchinchi sherigi Alloh bo'lgan ikki kishi haqida qanday fikrdasiz?” degan edilar.

Demak, nikohdan ko'zlangan eng asosiy maqsad Alloh taoloning roziligi bo'lsa, ushbu ikki juftlikning uchinchi sherigi ham Alloh taoloning o'zi bo'ladi. Allohning O'zi sherik bo'lgan oila esa shubhasiz mustahkam bo'ladi.

2. Alloh taolo aytadi: “Va sizlarga sokinlik topishingiz uchun o'zingizdan juftlar yaratganligi va oralaringizda sevgi va marhamatni solib qo'ygani (ham) Uning oyat-belgilaridandir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavmlar uchun oyat-belgilar bordir” (Rum,21). Ushbu oyatda Alloh taolo erkak va xotindan iborat ikki juftlikka ikki narsani va'da qilmoqda. Ular sevgi va marhamatdir. Shubhasizki, Alloh taoloning ushbu ikki va'dasi nikoh orqali birlashgan juftlikka ato qilinadi. Shu o'rinda savol tug'ilishi mumkin. Nega endi Alloh taolo sevgi va marhamat ato qilgan er-xotin urushib janjallashadi, bir-biridan ajralib ketadi? Buning javobi esa oddiy. Aytganimizdek, sevgi va marhamat faqat nikoh sababli qoim bo'ladi. Modomiki, er va xotin nikoh atalmish muqaddas rishtaga nuqson yetkazmas ekanlar, ularning oralaridagi mehr-oqibat, sevgi va marhamat mustahkam turadi. Muqaddas nikoh rishtasining bog'lanishi uchun esa, eng katta shart bu – iymon kalimasidir. Ya'ni, er va ayol ham iymonli bo'lishi kerak. Bandada iymon mukammal bo'lsa, uning ustida voqe bo'lgan nikoh ham mustahkam bo'ladi. Nikoh mustahkam bo'lganda esa Allohning va'dasi sevgi va marhamat mustahkam bo'ladi. Agar er yoki xotindan biri ilmsizlik yoki qasddan iymonini nuqsonga uchrashiga sabab bo'ladigan so'z yoki amallarni bajarib qo'ysa, iymonga zarar yetadi. Iymonga yetgan zarar esa to'g'ridan-to'g'ri nikohga zarar yetkazadi. Ayni paytda, nikohga yetgan zarar er-xotin orasidagi sevgi va marhamatni barbod qiladi.  Bu ikki xislat bo'lmagan joyda urush-janjallar, tushunmovchiliklar, ziddiyatlar, alaloqibat, ajralishlar vujudga keladi.
Demak, oila mustahkam bo'lishi uchun eng avvalo niyatni to'g'ri qilaylik. Qizini uzatmoqchi bo'lgan ota-onalar Hasan Basriyning ushbu so'zini eslasinlar: “Qizingizni Allohdan qo'rqadigan yigitga bering. Agar sevsa, ardoqlaydi. Agarchi, sevmagan taqdirda ham zulm qilishga Allohdan qo'rqadi”.

O'g'lini uylamoqchi bo'lgan ota-onaning asosiy maqsadi esa Rasululloh s.a.v.ning ushbu so'zlari bo'lishi kerak: “Kim bir farzand ko'rsa, uning ismini va odobini chiroyli qilsin. Agar balog'atga yetsa uni uylantirib qo'ysin. Agar farzandini uylab qo'ymasa o'sha farzandga yetgan har bir gunohdan otasiga ham ulush yetib turadi” (Bayhaqiy).
O'ziga bir umrlik jufti halol, farzandlariga bo'lajak ona tanlayotgan yigit ham Payg'ambarimiz s.a.v.ning ushbu nasihatlarini eslasin: “Ayol kishi to'rt narsasi uchun nikohlanadi: moli uchun, nasabi uchun, chiroyi uchun va diyonati uchun. Baraka topgur, sen diyonatlisini tanlagin” (Abu Dovud va Nasoiy).

Uylangandan so'ng Alloh taoloning: “Ular (ayollar) bilan tinch-totuv yashanglar”, (Niso,19) degan amrini va Rasuli akram s.a.v.ning: “Sizlarning yaxshilaringiz xotinlariga yaxshilik qiladiganlaringizdir” (Termiziy) degan so'zlari hamda hajjatul vado'dagi: “Ayollaringiz to'g'risida Allohdan qo'rqinglar. Chunki sizlar ularni Allohning omonati o'laroq oldilaring, ular Allohning so'zlari bilan sizlarga halol qilindi”, degan muborak vasiyatlari asosida yashasinlar.

Jajji qizalog'i dunyoga kelganda unga atab olingan sandiqqa kelinlik seplarini yig'ayotgan ota-onalar ham bugun kelinlik ostonasida turgan qizlariga Payg'ambarimizning ayollarga aytgan ushbu so'zlarini eng katta sarpo sifatida qo'shib bersinlar: “Agar birovni birovga sajda qilishga amr qilgudek bo'lsam, xotinlarni  erlariga sajda qilishga amr qilgan bo'lur edim” (Termiziy) va yana: “Muhammadning joni Uning qo'lida bo'lgan Zotning nomiga qasam ichib aytamanki, ayol kishi to erini rozi qilmagunicha Allohni rozi qila olmaydi”, degan qasamlarini hamda ulug'larimizning: “Qaysi ayol eriga isyon qiladi?”, deya berilgan savolga: “Jannatdan umidini uzgan ayol”, deya bergan javoblarini ham eslatib qo'ysinlar.
Xullas, ikki yosh va ularning nikohi ustida turgan mas'ullarning niyatlari faqat Alloh taoloning roziligi ustida birlashsa, har bir inson o'z mas'uliyati to'g'risida Xudodan qo'rqsa va bir-biridan shariat talab etganidan ortiq narsani talab qilmasa, eng asosiysi, iymon degan ne'matga gard yuqtirib qo'ymasa, oilalar tinch va xotirjam, hayotimiz esa yanada farovon bo'ladi.

R. MARHUMOV,

Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom-xatibi