O'zbekiston 24″ telekanali xodimlari: «Ishga yarasha maosh olmayapmiz»

1

Yaqinda «Sizdan Telegram» ruknida O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi iqtisodiy tang ahvolda qolgani haqida maktub chop etilgan edi. O'zMTRKning «O'zbekiston 24» telekanali ham ayanchli ahvolga tushib qoldi. Xodimlarning norozilik kayfiyati esa ishga ham ta'sir qilmoqda. Ishga yarasha maosh berilmayotgani sabab telekanalning muxbir va operatorlari birma-bir ishdan bo'shab ketmoqda.

Telekanalning salkam 50 foiz xodimi yarim stavkada bo'lsa-da, haftasiga 6-7 kun, kuniga esa 12-14 soatdan ishlashga majbur qilinmoqda. Belgilangan vaqtdan oshgan ish soati esa hujjatlarda ko'rsatilmaydi, yarim stavkada ishlaydiganlar ko'p mehnat qilsa-da, kam maosh oladi.

Joriy yil may oyida montajchilarimiz rahbariyatga maoshni oshirishni so'rab murojaat qilgan edi. Rahbarlar esa ularga «Xohlasalaring, boshqa ish toplaring!» deb javob qaytargan. Keyin montajchilar 4 soat ish tashlash qildi, telekanal direktori o'sha zahoti montajchilarni xonasiga chaqirib, keyingi oydan maoshni oshirishga va'da berdi. Iyun oyida montajchilarning maoshi ancha yaxshi chiqdi, ammo bizning (rejissyor, muxbir va operatorlarning) maoshimiz yanada kamaydi. Surishtirsak, bizga beriladigan gonorar hisobidan montajchilarga qo'shib berilgan ekan. Endi biz ham ish tashlashimiz kerakmi?

Bayram puli nima ekanini Navro'zdan beri unutganmiz. Hatto kasb bayramimizda ham bayram puli olmadik. Maoshning kamligini, xech bo'lmasa mukofot pulini biroz ko'tarib berishini so'rab rahbariyatga murojaat qilganimizda, u «Ishlasalaring shu, maosh kamlik qilsa ana boshqa ish top! Ko'chada kanalga ishga kiraman deganlar tiqilib yotibdi!» deb qo'pollik bilan javob kaytaradi. Rahbarning xodimga shunday muomala qilishga haqqi bormi? Xodimlarni umuman eshitmaydi, faqat ish talab qiladi, iqtisodiy masalaga kelganda esa orqa o'giradi.

Hujjatlarni o'rganib, rahbariyatdagi ayrim odamlarga har oy 90-95 foizdan mukofot puli yozilayotganiga guvoh bo'ldik. Bu lavozim okladiga yana shuncha foiz pul qo'shiladi deganidir. Qolaversa, buxgalteriya, marketing bo'limidagilarga 80-90 foiz, rahbariyatning yaqin insonlari hisoblanmish ba'zi muxbirlarga 50-80 foiz mukofot puli yozilmoqda. Holbuki, ular qishda issiq, yozda esa muzdek kabinetda qahva simirib kanal pulini o'zlashtirish haqida o'ylab o'tirishadi, xolos. Eng achinarlisi, issiqni issiq, sovuqni sovuq demay mikrofonu 15 kilogramli kamerani yelkasiga ko'tarib ko'chada lavha tayyorlayotgan muxbir va operatorlarga 5-15 foiz mukofot puli yozilmoqda. Bu esa atigi 25-35 ming so'mni tashkil qiladi. Qani bu yerda adolat? Nimaga direktor muovini yoki boshqa rahbarlar 95 foiz mukofot olishi kerag-u, yarim stavkadaligiga qaramay 12-14 soatlab ishlayotgan muxbir yoki operatorlar 10 foiz olishi kerak? Insof ham bo'lishi kerak-ku axir!

Biz rahbariyatdan tog'ni so'rayotganimiz yo'q, hammaning xizmat vazifasiga ko'ra ish taqsimlansin, agar ish soati belgilangan vaqtdan oshsa qo'shimcha pul to'lansin!

Biz bu xatni telekanalimiz raxbarlarining xodimlarga «ishlasang ishla…» degan gaplaridan charchaganimiz uchun yozdik. Ishchilarning haq-huquqlari buzilishi yuzasidan prokuratura tekshiruv o'tkazsin, birovning haqini yeb yurganlarni jazolansin!

Prezidentimizdan ham televidenie sohasiga e'tibor berishlarini so'rab qolamiz. Milliy teleradiokompaniyaga tepsa tebranmas, jig'ildonini o'ylaydigan rahbarlar o'rniga o'z ishining jonkuyari, soha rivoji uchun tinimsiz mehnat qilib, halol pul topadigan insonlarni rahbar qilib tayyorlash kerak».

O'zbekiston va xalqaro hayotga oid eng so'nggi yangiliklar, qiziqarli foto-video tasvirlarni Ozodlikning Instagram sahifasida kuzating!

1 TA FIKR

Comments are closed.