QOChQINDAGI ARISTON… (4-qism)

0

 

* * *

 

Ha, peshonasida qo'lga tushish bor ekan. Qochib qaerga ham borardi? Bu qozoqlar pul ilinjida o'ldirib yuborishdanam toyishmaydi…

Yo'ldosh itoatkorona mashinadan tushib, qariya ta'qibi ostida niqobli yigitlar yotgan yerga bordi.

— Ularni ehtiyot qil! — buyurdi qariya. — Yaralari jiddiyga o'xshaydi. Har birini alohida-alohida ko'tarib mashinaga ortasan. Ko'tar!..

— Ana endi sening qo'l-oyog'ingni boylab qo'yaman. — dedi qariya bortni yopayotib. — Har ehtimolga qarshi. Chunki, senga o'xshagan katta o'ljalar bizning tomonlarda juda kam uchraydi. Xafa bo'lma, birpas joning og'risa, o'lmaysan!..

Yarim soatlar chamasi yo'l yurishdi chog'i. Qariya kutilmaganda mashinani to'xtatib, Yo'ldosh yotgan joyning pardasini ko'tardi.

— Ana, o'tovga yetib kelding, yigit! Hozir qo'l-oyog'ingni yechaman. Faqat qochishga urinma! Bu yerlardan qochib ketolmaysan. Mabodo qochishni xayol qilsang, itlarimni olkishlayman. G'ajib tashlashadi seni!

Yo'ldosh indamadi. Arqondan bo'shalgach, yana avtomat ta'qibi ostida pastga tushdi.

— Yur, o'tovga qarab yur! — buyurdi qariya avtomat qo'ndog'i bilan uning bo'yniga turtib. — Sekin-sekin yur!

Yo'ldosh itoat bilan qora uy ichkarisiga qadam qo'ydi. U yerda besh-o'n chog'li qozoq yigitlari o'tirishardi. Yo'ldosh ichkariga qadam bosishi bilan ulardan biri dast o'rnidan turib orqadagi pardani ko'tardi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, u yerda qo'llari boylangan holda xotini Mavjuda turar, sochlari to'zg'igan, ko'zlari jiqqa yosh edi.

— Ifloslar! — beixtiyor qichqirib tik turgan yigitga tashlandi Yo'ldosh. — Kuching ayol kishiga yetdimi? Qani, zo'r bo'lsang, men bilan olish! Qo'yib yubor uni!

Yigitlar baravariga kulib yuborishdi. Tik turgan yigit esa, holdan toygan Yo'ldoshni bir zarb bilan yerga qulatib ustiga o'tirib oldi.

— Xo'sh, boring shumi? — hiringlab kulgancha Yo'ldoshning yuzlariga piyoladagi qaynoq choyni tomchilatib so'radi u. — Seni ja baquvvat deb ta'riflashgandi-ku!.. Juda bo'sh ekansan… Ha, mayli, qariya nima desa shu!.. Ortiqcha harakat qilsang, jononingga jabr bo'ladi. Qimirlama!

— Iflos!.. — yigitning ko'zlariga nafrat bilan boqdi Yo'ldosh. — Bilib qo'y, agar xotinimni qo'yib yubormasalaring, kuningni ko'rsataman! Hammangni bo'g'izlab ketaman!

— Hoy, Nabi, — qariya yigitga yuzlandi. — Bor, buni yerto'laga qamab qo'y! Birpas o'sha yerda yotib damini olsin. Keyin gaplashamiz u bilan…

Yigit qo'llarini ko'ksiga qo'ygancha Yo'ldoshni o'rnidan turg'azib tashqariga itarib yubordi…

 

* * *

 

— Ifloslar! — yerto'ladan turib qichqirdi Yo'ldosh. — Marazlar!.. Mard bo'lsang, menminan urish!.. Xotinimni qo'yvor!.. Hezalaklar!..

— Vey, namuncha xo'rozga o'xshab qichqirmasang? — yuqorida turgan miltiqli qozoq hiringlab kulgancha Yo'ldoshning boshiga kichkinagina toshchani tashladi. — Opkelishadi xotinchangni! Birpas sabr qilib tur!..

Yo'ldosh shu tobda qorni ochligini ham, holdan toyib, tizzalari qaltirab borayotganini ham butkul unutgandi. Xayolida faqat Mavjuda aylanar, hamon bularning qo'liga qanday tushib qolganini tushunolmay garang edi.

— Mayorning ishi bu. — dedi o'ziga o'zi ovoz chiqarib. — Poraxo'rning xotini deb uni ham… Ammo nega aynan bu sahroga kep qoldi? Kim opkeldi? Nimaga? Nahotki, Mavjuda ham qamalgan-u, menga o'xshab kameradan qochgan? Nahotki, ikkalamizning ham taqdirimiz bir xil bo'lib chiqsa?..

— Ol, xotinchangni pastga tushiryapman! — qichqirdi soqchi pastga arqon tushirish asnosida. — Bugun bir maishat qil mana shu chuqurda! Ertaga esa, yo kattaning shartiga ko'nasan, yo turgan yering senga qabr bo'ladi. Yaxshi dam ol! Men uchun ham o'pib qo'y jononingni!..

Yo'ldosh bu taxlit masxaraomuz so'zlarga quloq tutib o'tirmay ehtiyotkorlik bilan Mavjudani pastga tushirib oldi va mahkam bag'riga bosib yuz-ko'zlaridan o'pa boshladi.

— Jonim, asalim! Meni deb senam ozor chekdingmi? Seni shu ko'yga solib qo'ygan men emasmi? O'zimni hech qachon kechira olmayman.

— Yo'q, siz emas, — shivirlab erining pataklashgan sochlarini siladi Mavjuda. — Sizda ayb yo'q. Hammasiga o'zim sababchiman.

— Nega unday deyapsan? Axir, men qamalganim tufayli shu kunlar boshingga tushdi-ku!..

— Aslo… O'sha… Ketgan kuningiz kechgacha kutib o'tirdik Mavluda bilan. Kelmadingiz. Soat tungi o'n ikki bo'ldi. Sizdan darak yo'q. Yuragim g'ash bo'lib ishxonangizga qo'ng'iroq qila boshladim. Ular bo'lsa… Qamaldi deb aytishdi sizni. Jon-ponim chiqib ketayozdi. Hech narsaga qarab o'tirmay shartta qizimni qo'lga oldim-da, melisaxonaga jo'nadim…

— Xo'sh, xo'sh, keyin-chi? Keyin nima bo'ldi?

— U yerda boshlig'ingiz o'tirgan ekan. Kira solib yuzi bormi, bo'yni bormi, chang solib yulib tashladim. Baqir-chaqir qildim… Meni… Shundan keyin qamab qo'yishdi…

— Ablahlar!.. Ularga bahona kerak qamash uchun. Hali shoshmay tursin, sening ham o'chingni olaman hammasidan. Shunday olamanki, tug'ilganlariga pushaymon yeyishadi…

— Kamerada bir… Hijobga o'rangan yoshi kattaroq ayol o'tirgan ekan. O'sha mening qochishimga yordam berdi… Xullas, menam sizga o'zshab o'zimcha qahramon bo'lmoqchi bo'libman. Lekin eplayolmadim. Yo'lda manavilarga duch kelib qoldim. Avvaliga bular yaxshi odamlarga o'xshaydi, hozir uyimga eltib qo'yishsa kerak deb xayol qilibman. Qarasam, bular mashinani butunlay boshqa tarafga burishdi. To'polon ko'tara boshlashim bilan qo'l-oyoqlarimni boylab tashlashdi. Og'zimayam latta tiqib qo'yishdi…

— Shunaqa degin? — tishlarini g'ijirlatib yuqoriga alamzadalarcha tikilib qaradi Yo'ldosh. — Mayli, biz yo'lini topamiz. Bularning qo'lida bekora o'lib ketadigan ahmoq yo'q… Aytgancha, Mavluda-chi? U qani? Farzandim qaerda?

— Uni qo'shnimiz Nigoraga qarab turing deb berib kelgandim… Sho'rlik hozir bo'lganicha bo'lib o'tirgandir…

— E, ahmoq, bolani o'zingminan olib borganingda qamay olishmasdi-ku!

— Men qaerdan bilibman? Tushimga kiribdimi bu kunlar?..

— Bo'pti, umridan bo'lsa, hech narsa qilmaydi… Biz-chi, jonim, endi bu do'zaxdan ham qochishning yo'lini topishimiz zarur. Shunday qilmasak, ertaga boshimizga it kunini soliadi bu qozoqlar… Xudo xohlasa, eson-omon qochib chiqib olsak, seni ishonchli joyga berkitaman. Be, topgandayam hech narsa qila olishmaydi. Jinoyatchi emassan-ku!.. Aksincha, o'zing vazirlikka o'sha mayorning ustidan ariza berishing mumkin. Bahonada menga qilayotan tuhmatlariyam ochiladi. Adabini yeydi. O'shanda sen to'polon ko'tarmay, sekin ariza berishing kerak edi. Sen bo'lsang…

— E, bilganimda-ku…

— Xo'p, xafa bo'laverma, hozir… Uf-f, qornim shunchalik ochki, ko'nglim ag'darilay-ag'darilay deb ketyapti…

— Menam sizdan battarman. Anavilar oldimga go'sht qo'yishgandi. Yemadim ifloslarning go'shtini. Endi o'zimga ziyon bo'ldi. Boshim aylanib boryapti, dadasi!

— Hechqisi yo'q, biroz chidagin, bir yo'lini toparmiz!.. Men… Hozir…

Yerto'laning kengligi bir metrdan oshiqroq edi. Negadir bir tomoniga qamish taxlab tashlashibdi. Yo'ldoshni ana o'sha qamish hushyor torttirdi va ehtiyotkorlik bilan qamishlarni bir chetga surdi…

— Ajabo!.. Mavjuda, buyoqqa qara, biz deyarli ozodlikdamiz!..

Mavjuda shoshib eri ko'rsatgan tomonga o'girildi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, qamish orti ochiqlik, bir odam bemalol boshini ko'tarib yurgulik yerosti yo'li mavjud edi…

 

* * *

 

— Qani, Xudoning o'zi bizni asradi, Mavjuda! — deya xotinini oldinga yetakladi Yo'ldosh. — Yuraqol, harqalay, oxiri bordir bu yo'lning! Manavilarning changalidan qutulsak bo'ldi. Qolganiga Xudo poshsho!..

Mavjuda anchagina holdan toygan, oyoqda turishga majoli yo'q edi. Lekin Yo'ldosh ham undan kam emas. Ochlik, kuchli charchoq uni ham tobora holsizlantirib borardi. Biroq dam olishga, bo'shashib o'tirishga vaqt yo'q. Nima qilib bo'lsa-da, uzoqroqqa ketib olgan ma'qul.

U Mavjudani opichdi-da, o'zi engashgancha oldinga intildi.

Yerosti yo'li juda qorong'i edi. Ustia ustak nimalarningdir chiyillagan ovozi asabga tegardi.

— Ih!.. — Bir chaqirimcha yurishdimi-yo'qmi, Yo'ldosh kutilmaganda to'xtab xotinini yelkasidan tushirdi-da, oyog'iga yopishdi. — Ih, yaramas, nimadir tishlaganday bo'ldi!..

— Voy, nimaykin? — shosha-pisha qorong'ida erining oyoqlarini paypaslay ketdi Mavjuda. — Yomon tishladimi? Og'riyaptimi?..

— Chimillab og'riyapti. Ishqilib yaxshilikka bo'lsin!..

— Voy, oyog'imdan nimadir sakrab ketganday bo'ldi! — Mavjuda qo'rqib mahkam eriga yopishdi. — Bu yerda nimalardir borga o'xshaydi…

Yo'ldosh nimadir esiga tushgandek, cho'ntaklarini paypasladi.

— Ha, mana, topdim. Gugurt borligi xayolimdayam yo'q ekan-a!..

Gugurtni yoqib atrofni yoritgan ham ediki, oldinda chopqillab yurgan yuzlab kalamushlarga ko'zi tushdi.

— Qara, bular, axir, kalamushlar-ku! — dedi hovliqib Yo'ldosh. — Ehtiyot bo'lish kerak. Sen… Kel, yelkamga osil! Meni tishlasa mayli, senga ziyon yetmasin!.. Faqat oyoqlaringni silkitib-silkitib borgin! Yaramaslar oyog'ingga osilib olishdanam toyishmaydi…

Shu taxlit ular yana ikki chaqirimcha yo'l yurishdi. Nihoyat yerosti yo'lining oxiri ko'rindi. Uyoqdan-buyoqqa vizillab o'tib turgan mashinalar tovushini eshitgan Yo'ldosh yer ostidan tashqariga chiqdi-yu, Mavjudani yerga tushirib o'zi chalqancha yotib oldi…

 

* * *

 

— Xo'sh, buyog'iga nima qilamiz? — so'radi Mavjuda alang-jalang atrofni kuzatarkan. — Shoshilmasak bo'lmaydi. Qozoqlar qidirib kelib qolishsa, tag'in qo'lga tushamiz.

— To'g'ri aytasan, — Yo'ldosh bazo'r o'rnidan qo'zg'alib katta yo'l tomon tikilib qaradi. — Endi harakatimizni qilishimiz shart. Menga qara, biz hozir boshqacharoq yo'l tutamiz.

— Qanaqa yo'l?

— Mashina to'xtatamiz-da, haydovchisini yarim yo'lda qoldirib o'zimiz ketamiz.

— Y-yo'q, o'zi qil ustida turgan bo'lsangiz, boshingizga yana bir baloni orttirib nima qilasiz?

— Qo'rqma, odam o'ldirmayman-ku!.. Shunchaki tashlab yuboraman xolos… Umuman, hozir ham ja farishta emasman. Qamoqdan qochganman. Shunday bo'lgandan keyin buyog'igayam iflosligimcha qolib turay-chi!

— Bilganingizni qiling! — norozi qo'l siltadi Mavjuda. — Sizga aql o'rgatib bo'larmidi…

Yo'ldosh e'tibor qilmay katta yo'l o'rtasiga chiqdi. Uzoqdan bir mashina o'qday uchib kelardi. Ovoziga qaraganda, yuk mashinasiga o'xshamaydi.

U tosh qotgancha yo'l o'rtasida turaverdi. Mashina nihoyat yaqin kelib qattiq tormoz berdi.

— Vey, joningdan to'yganmisan? — ozg'ingina, unchalik bo'ydor ham bo'lmagan haydovchini ko'rib Yo'ldosh quvonib ketdi. Hatto, uning asabiy qichqirishi ham qulog'iga kirmadi.

— Bizni shaharga oborib qo'yolmaysanmi? — yo'l-yo'lakay Mavjudaga ishora qilib o'zi kabinaga yaqin bordi Yo'ldosh. — So'raganingni beraman. Tez yetib borishim kerak shaharga.

— Shuni odamga o'xshatib to'xtatsang ham aytarding. — to'ng'illab qo'ydi haydovchi. — Yo'l o'rtasiga chiqvolishingga balo bormi?

— Ha, endi to'xtamaysanmi deb o'yladim-da!..

— Bo'pti, o'tiringlar, oborsam oborib qo'yay!..

Er-xotin darrov kabinaga chiqib o'tirishdi. Yo'ldosh haydovchining yonida edi.

— To'xtat mashinani! — taxminan o'n chaqirimlar yo'l bosishgach, haydovchiga o'girildi Yo'ldosh. — Tez bo'l, tashqariga chiqib kelmasam bo'lmaydi…

— Xo'p, faqat tez bo'l, shoshib turibman!..

Yo'ldosh pastga tushdi-da, sal orqaroqqa o'tib xuddi hojat chiqarmoqchiday kamariga qo'lini qo'ydi. Aslida maqsadi cho'ntakdagi to'pponchani chiqarish…

Chiqardi ham. Imi-jimida o'qlangan-o'qlanmaganini tekshirib ko'rib, ko'ngli xotirjam tortgach, to'pponchani orqasiga yashirgancha haydovchi o'tirgan eshikka yaqinlashdi va bir zarb bilan eshikni ochib yigitning iyagiga to'pponcha tiradi.

— Tush mashinadan!

— Ie, n-nega?.. Bu nima qilganing?..

Haydovchi kutmagan ekanmi, dag'-dag' titrab ohista mashinadan tushdi.

— Ana endi to'rt tomoning qibla! Bor, bor, xohlagan tomoninga ketaver! Senga tegmayman! Bor dedim!.. Hov uyoqda qolib ketgan qozoq amakilaringga salom deb qo'ygin!..

Yo'ldosh shartta mashinaga o'tirdi-yu, gazni bosdi…

Haydovchi esa, hamon karaxtlangan ko'yi ular ketgan tarafga tikilib turardi…

 

* * *

 

— Vey, baribir «Neksiya» zo'r mashina-da! — xotiniga qarab kuldi Yo'ldosh. — Qara, qamoqdan qochgan bir jinoyatchi hash-pash deguncha yap-yangi mashinaga ega chiqib tursa. Bundan ham kattaroq baxt bormidi-a, nima deding?

— Ko'p maqtanavermang halitdan! — xijolatomuz javob qildi Mavjuda. — Undan ko'ra buyog'iga nima qilishimizni o'ylang!

— Xavotir olma, menam anoyi emasman. Shu uch-to'rt kun ichida ko'p narsani ko'rvordim. Ishonasanmi, shuncha yil melisada ishlab sira kameralarga e'tibor qilib qaramagan ekanman. U yerdagi katta-katta suvaraklarni bir ko'rsayding… O'shalarni deb bir kecha uxlayolmay chiqdim…

Yo'ldosh birdan jiddiy tortib Mavjudaga yuzlandi.

— To'g'risini ayt, menga xiyonat qilmadingmi ishqilib?

— Voy, o'ylab gapiryapsizmi? Men bilan shuncha yildan beri yashab kimligimni bilib olmaganmidingiz?

— Ha, endi… Aytdim-qo'ydim-da!..

— Gapingiz qursin!.. Boshimizga bir dunyo ofat yog'ilib turibdi-yu, bu kishi qayoqdagi gaplarni gapirib asabimga tegadi…

Yo'ldosh boshqa hech nara demadi. Mavjudaga o'g'rincha boqib miyig'ida kulib qo'ydi xolos…

 

* * *

 

Harqalay, er-xotin yo'ldan adashishmadi. Tong yorishib qolgani sabab ko'chalarda odamlar onda-sonda ko'rinib qolardi. Bir joyga yetganda to'xtab, shaharga ketadigan yo'lni so'rab olishdi.

— Mavjuda, biz kunduz kuni shaharga kirib borolmaymiz. — uqtira boshladi Yo'ldosh. — Kel, yaxshisi, biror pana yerda to'xtaylik-da, kech tushishini kutaylik. Har holda bexavotirroq bo'ladi.

— Yo'q, — dedi Mavjuda norozi bosh chayqab. — Men kechgacha sabr qila olmayman. Bolamni o'ylasam, yuragim qinidan chiqib ketguday bo'lyapti. Bormasam bo'lmaydi yoniga. Bechora qizim qon yig'lab o'tirgandir.

— Axir, qo'lga tushamiz, tushunsang-chi mundoq!..

— Boya ja maqtanishingiz boshqachaydi shekilli? Endi qo'rqa boshladingizmi?..

— E, bu ayollarga bir narsani tushuntirib bo'lmas ekan-da!.. Xo'p, peshonaga yozilgani-da!..

Yo'ldosh gazni qattiqroq bosib tezlikni oshirdi…

Shaharga har ehtimolga qarshi aylanma yo'llar bilan kirib borishdi. Bu yo'llar ancha xavfdan yiroq edi. Chunki aylana atrof mahallalardan iborat, bu yerlarga melisa, DAN xodimlari kelmaydi…

— Soat ham birdan oshibdi. — dedi u endi-endi pinakka keta boshlagan xotiniga yuzlanib. — Qornim tatalab ketyapti… Jin ursin, biror yerda mundoq to'xtab ovqatlanishgayam qo'rqadi odam…

— Yana ozgina chidang. Hozir uyga yetib olsak, yegulik olvolamiz… Menga qarang, bizni qaerga yashirmoqchisiz o'zi?

— Ha-ya, esimdan chiqibdi. Hozir borgandan keyin tez qizchamizni opchiqasan-u, orqa-ketingga qaramay mashinaga o'tirasan. Sizlarni olis bir qishloqqa oborib qo'yaman. Tog'li joylar. Xavfdan uzoq.

— O'zingiz-chi?

— Mendan xavotir olma. Jin urmaydi meni. Nasib bo'lsa, yana tez kunlarda ko'rishamiz. Manavinaqangi qochib-pusib yurmaydigan kunlar kelsin, o'shanda maza qilib uchchalamiz ko'chalarni sayr qilamiz…

Tanish uy ro'parasiga kelganda Yo'ldoshning ko'zlari yaqindagina o'zi ishlagan uchastka noziri kabineti yonida turgan tanish militsionerlarga tushdi…

— Uh, yaramaslar! — shivirladi Mavjudani turtib. — Arvohga o'xshab yo'ldan chiqqanini qara bularning!..

— Voy, to'g'ri uyoqqa haydamang! Mana, hov anavi dom tomonga buring!

— O'zim ham bilaman. O'rgatmay qo'yaqol!..

U mashinani keskin o'ng tomonga burdi-da, boshqa domlarni aylanib nihoyat qadrdon podyezdi oldida to'xtadi.

— Sen tez bolani olgin-da, — tayinladi xotiniga. — Hozirgi burilgan yerimizga bor. Men o'sha yerda turaman…

Oradan o'n daqiqalar o'tdi-yov!.. Yo'ldoshga bir yildek tuyulib ketdi…

Haqiqatan, qochoq odamga oson emas. Ko'zlari olma teradi. Qaysidir tarafdan melisa kelib qolmasmikan, biror tanish ko'rib sotib qo'ymasmikan? degan savol ich-etini yeyaveradi…

Xayriyatki, uzoq kutdirmay, qizchasini bag'riga bosib Mavjuda yetib keldi…

Yo'ldosh bir ahvolda bo'lishiga qaramay, qizchasini ko'rgach, go'yo qayta tirilgan murda kabi ko'zlari moshdek ochildi.

— Oh, o'zimning asal qizi-im! — qizini erkalagan sari ko'zlaridan yosh quyilib kelardi. — Seni shunchalar sog'indimki… Qani endi boshqalarga o'xshab bemalol ko'chada yura olsam. Seni bir daqiqayam qo'limdan qo'ymasdim…

— Tezroq keta qolaylik!.. — Mavludani qaytadan qo'liga oldi-da, erini turtdi Mavjuda. — Bu yerlarda hamma sizni otning qashqasiday taniydi. Tag'in boshimizga balo orttirib olmaydik!

— Xo'p, ketsak ketaveramiz-da!.. Ishqilib Xudo yor bo'lsin!..

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

Do'stlar, Telegramm kanalimizga barchangizni taklif etib qolamiz! Siz kanalimizga a'zo bo'lib, dunyo yangiliklari, qiziqarli hikoyalar va davomli asarlar, kundalik burjlar bashoratidan o'z vaqtida voqif bo'lasiz. Kanalimizda kutib qolamiz!

https://t.me/olimjonhayit

 

Aziz do'stim, sizni o'zimizning “WhatsApp”dagi kanalimizga lutfan taklif etamiz! Siz bu kanalda qiziqarli va tezkor xabarlar, bir-biridan ajoyib hikoyalar, davomli asarlarni o'qib, maroqli hordiq olasiz, yana bir qator shu kabi ma'lumotlarga boshqalarga nisbatan oldinroq ega bo'lasiz! Kanalimizga a'zo bo'ling!

https://chat.whatsapp.com/Jwpkj16hPyS5jkvcZxybVc

 

 

 

 

Facebook'dagi sahifamizda yangiliklarni kuzatish yanada qulay!

Marhamat! A'zo bo'lish uchun "Nravitsya stranitsa" tugmasini bosing:

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here