KO'K KABUTAR…

0

 

 

***

 

Anna uyda o'tirgancha o'g'lini kutardi. Mana, soat tungi uchga bong urdi. Undan darak yo'q…

Ha-a, u yaramas o'sha yotoqxonada anavi mallasoch bilan aysh qilayotgan bo'lsa kerak. Xudoyim, axir u SPID bilan og'rigan deyishadi-ku!.. Nahotki, uning o'g'li ham shu kasalga yo'liqsa?..

Ana, u tobora ozib boryapti. Sal o'tib xuddi sham kabi eriydi-yu, bu dunyoni tark etadi. Anna esa bir umr o'g'li nimadan o'lganini birovga aytolmay yashaydi. Eh, nega o'shanda uylanishiga qarshilik qildi? Hammasi yaxshi bo'lardi. Bu balolar yo'q edi…

Nimalar deyapti o'zi? U qiz o'g'lidan olti yosh katta bo'lsa, ustiga-ustak bolasi bor. Buyam mayliydi, go'dakni davlatga topshirib, o'zi Moskvaga er qidirib kelibdi. O'g'li esa o'shanga yopishdi-qoldi…

O'shanda nimalar qilmadi. Cherkovga qatnadi, yalindi-yolvordi… Ishqilib, uni ko'ndirdi. O'g'li u qizdan voz kechdi. Endi esa…

To'xta, nimalar deyapti o'zi? Qanaqa yotoqxona? Qanaqa SPID?.. Balki do'stlari bilan biror yerda o'tirgandir? Ie, ichvolib mushtlashayotgan bo'lsa-ya?.. Yolg'iz bo'lsa, ko'plashib qoniga botirib qo'yishgan bo'lsa-chi?..

Anna shosha-pisha telefonga yopishdi. 09 raqamini terdi-da, shu kecha sodir bo'lgan ko'ngilsiz hodisalar haqida surishtirdi. Hammasini aytishdi.

— Sizlarga yosh yigit kelmadimi? — har ehtimolga qarshi so'radi u.

— Yoshi nechada?

— Yigirma yettida.

— Qanaqangi kiyimda?..

Anna aytishga ulgurmadi. Aloqa uzilib qoldi…

Shu tobda eshik qo'ng'irog'i jiringladi. Borib ochdi. Ostonada o'g'li bir mallasoch qizni qo'ltiqlab turar, g'irt mast edi.

— Oyi, tanishing, bu Irochka! — dedi o'g'li ichkariga kirgach.

Anna shu qilig'i uchun uni boplab urishmoqchi edi-yu, begona qizning oldida uyaldi.

— Oyi, maylimi, Ira biznikida tunab qolsa? — so'radi Oleg. — Yotoqxonasiga kech bo'ldi. Eshiklarni ochishmaydi kechasi…

— Siz qaerliksiz? — qizga o'girildi Anna qovog'ini uyib.

— Stavropollikman.

Anna indamadi. Sekin xonasiga kirdi-da, eshikni ichkaridan tambaladi…

Mana shunaqa. O'g'ling katta bo'lgan sari onaga qiyin kecharkan. Go'dakligida oynadan tushib ketmasin, deb qayg'urdi. Kvartirasini birinchi qavatga almashtirdi…

Uf-f… Eri ham erta kunda o'lib keta qolgani-chi…

Ertalab o'zining ilmiy tadqiqot institutiga ketdi-yu… Kechqurun qo'ng'iroq qilishdi. Olamdan o'tibdi…

Anna uni dafn qildi. O'g'li bilan yolg'izlani-ib qolaverdi…

Bir kuni tush ko'ribdi. Eri tepasiga kelib, jilmaygancha unga tikilib o'tirganmish.

— Axir, sen o'lgansan-ku!.. — hayron bo'ldi Anna.

— Men bir ayolni sevib qoldim, — javob qildi eri. — Undan sira voz kecholmadim. Lekin seni xafa qila olmasdim. Shuning uchun o'zimni o'likka solib qo'ya qoldim. Aslida tirikman…

Ertalab Anna ko'zida yosh bilan uyg'ondi. Eri haqiqatan o'lganiga ishonsa-da, tush ta'sirida o'ziga kela olmasdi…

Demak, tirikligida qaysidir ayolni sevgan ekan-u, oilasidan voz kechib keta olmagan ekan-da!.. Shu sababli osongina o'lib qo'ya qolibdi. Eh, yaxshisi, o'sha ayolnikiga ketsa alam qilmasdi. Tirikligini bilib tinch yashardi…

 

***

 

 

Bir kuni Oleg xursand bo'lib uyga qaytdi. Har qachongidek yonida Ira ham bor edi.

— Oyi, biz turmush qurdik! — dedi u Annaning yelkasiga boshini qo'yib. Ona qotib qoldi.

— Nima?!

— Biz turmush qurdik. Bizni tabriklang!..

— Q-qachon? Qaerda?..

— To'yni restoranda o'tkazdik.

— Unda… Nega menga aytmading?.. Onangsiz to'y qildingmi?

— Ha, sizga aytmadim. Chunki ish buzilishidan qo'rqdim…

— Qaysi pulingga to'y qilding?

— Qarz ko'tardim.

— Nega mendan pul so'ramading?..

— Aytdim-ku, qo'rqdim!..

— Iraning ota-onasi ham keldimi to'ylaringga?

— Yo'q.

— Nega?

— Bilmadim.

— Nega bilmay turib uylanasan?.. Kim o'zi bu qiz? Kelib chiqishi qanaqa? Surishtirmadingmi?

— U universitetda o'qiydi… Tartibli qiz…

Ira hammasini eshitib turardi. Bir mahal shartta qo'liga narsalarini oldi-da, Olegning xonasiga yo'l oldi.

Anna  tosh qotgancha qolaverdi…

 

***

 

 

Oradan yetti oy o'tdi. Oleg arazlab uydan chiqib ketgan. Onasining ta'malari joniga tekkandi. Talabalar yotoqxonasidan bir xonani ijaraga olib, o'sha yerda Ira ikkovlari yashashdi shu kungacha. Iraning oy-kuni yaqin…

Biribir ona-da! Oleg Annani sog'indi. Ayniqsa, kechalari tushiga kirib qolsa, yarim tun bo'lishiga qaramay, uyg'onib ketar, yostiqni quchoqlagancha onasini o'ylab chiqadigan bo'ldi.

— Yur, oyimni ko'rib kelamiz! — dedi nihoyat bir kuni.

Ira ham juda og'ir-bosiq ayol. Gina-kuduratlarni tez unutadi. Qolaversa, Olegni sevadi. Uni sira xafa qilgisi kelmaydi.

— Bo'pti, boramiz… Kiyinishimga yordamlashvor!..

Oleg Iraning kiyinishiga yordamlashib, o'zi ham egniga plashchini ildi.

Ikkovlari yetaklashib, tramvay bekatiga chiqishdi. Odam bekatda unchalik ko'p emasdi. Faqat qish bo'lgani sabab yer muzlagan, agar ehtiyot bo'lib qadam bosilmasa, yiqilib tushish hech gapmas…

Oleg Irani qo'ltig'idan tutib, ohista bekatga yaqinlashdi…

Kim bilibdi?! Ira aksiga olgandek, poshnasi baland etigini kiyib olgandi. Kutilmaganda toyib ketdi. Oleg qayoqqa qaragandi, Xudo biladi. Ayol uning qo'ltig'idan chiqib, asfaltga quladi. Oleg jonholatda uni turg'azishga tutindi…

Kech edi. Ira asfaltga miyasi bilan tushgan ekan. Qon sizib yuzlarigacha tushib kelganini ko'rgach, o'ylab o'tirmay, taksi to'xtatdi-da, xotinini kasalxonaga olib ketdi…

— Afsuski, xotiningiz shol bo'lib qoladi endi!.. — vrach ichkaridan chiqib kelib Olegning yelkasiga qo'lini qo'ydi. — Biz qo'limizdan kelganini qilpmiz…

— O'chiring ovozingizni!.. — kasalxonani boshiga ko'tarib qichqirdi Oleg. — Men o'zim jarrohman!.. Nega vrachning xotini shol bo'ladi? Nega?..

— O'zingizni bosing, uka!.. Biz qo'limizdan kelgan hamma ishni qildik!.. Nima qilaylik, peshonasida shu kunlar bor ekan!..

Oradan uch kunlar o'tib, Irani uyga olib kelishdi. Sochlari qirib tashlangandi. U ko'zlari ochiq bo'lsa-da, xuddi jonsiz haykaldek bir nuqtaga termulgancha o'tirar, go'yo hech kimni sezmayotgandek, eshitmayotgandek edi…

Iraning tezroq sog'ayib ketishi uchun Anna bir tanishidan dala hovlisini so'rab oldi. Hammalari o'sha yoqqa ko'chib o'tishdi…

Ko'z ochib yumguncha bahor kelib, kunlar ancha isib qoldi. Irani har kuni tushga yaqin boqqa olib chiqib qo'yishar, u u yoqdan-bu yoqqa shataloq otib chopayotgan echkilarni tomosha qilib kun o'tkazardi.

— Farishtani o'ldirishdi! — deb qoldi bog'bon chol Irani ko'rsatib.

— Nima? — Anna hech narsaga tushunmay, qariyaga hayron bo'lib boqdi. — Qanaqa farishta?

— Ha, bu farishta, odam emas. Odamlar farishtani o'ldirishdi…

“Aqldan ozibdi chol, — ko'nglidan o'tkazdi Anna. — Qayoqdagi gaplarni gapiradi-ya!.. To'xta, Ira balki haqiqatan farishtadir?.. Shuning uchun ota-onasi haqida gapirmas?.. Balki farishta bo'lgani uchun yorug' dunyoning bor dardini o'ziga olgandir?..”

 

***

 

 

Yana kuz keldi. Ira endi o'zi mustaqil yura oladigan bo'ldi. Faqat hamon gapirmasdi.

Oleg esa uyga kam kelardi. Ko'p vaqtini ishda o'tkazardi… Balki o'ziga boshqasini topib olgandir?.. Kim bilsin? Bemor xotinga termulib o'tiraverish joniga tekkan bo'lsa…

Ira bu narsalarga e'tibor qilmasdi. Hech kimni kutmasdi, hech kimga yolvorgan nigohlar bilan boqmasdi. U boshqa bir dunyoda yashardi. Yerdan judayam uzoqda… Allaqanday to'lqinlar qa'rida hayot kechirardi…

Ana, nihoyat u kutgan onlar yaqinlashdi. Ira osmonga parvoz qildi. Eh, osmon qanchalar tiniq va sokin!.. Nafas olish ham oson bu yerda… Ana, har-har yerda o'ziga o'xshagan kabutarsifat qushlar uchib yurishibdi… Hov anavisi kim bo'ldi? Qiziq, kabutarning sarig'ini birinchi ko'rishi… To'xta, bu… Axir onasi-ku!.. Nega ters o'girilib oldi? Go'dakligida tashlab ketgani yetmaganday, hozir ham yuz o'girmoqchimi?..

Ira ko'k kabutar qiyofasida edi. Aslida ko'k kabutarlar yorug' dunyoga tegishli emas. Ba'zan adashib tug'ilib qolishadi-yu, baribir hech qancha o'tmay o'z makonlariga parvoz qilishadi. Parvoz qilishganda ham shunchaki… Boshqalardek emas, yorug' dunyodagi eng og'ir dardlarni o'zlari bilan olib ketishadi. Ular ketishi bilan kimlardir yengil tortadi, kimlardir anchadan beri nuqul ko'ngilsizlikka yo'liqayotgan bo'ladi-yu, birdan omadlari kela boshlaydi…

Xo'sh, Ira ketib kimga yaxshi bo'ldi? Oleggami? Yo'q, u istamaydi Olegga yaxshi bo'lishini. U Ira kasal bo'lib yotib qolgandan so'ng boshqa ayol bilan don olisha boshlagan. Ira hammasini bilardi. Lekin gapira olmasdi. Negaki, farishtalar gapirmaydilar…

Shu payt haligi sariq kabutar beixtiyor Iraga yaqin keldi. Uni aylana-aylana erinmay kuzatdi. Qanotlari bilan Iraning ko'm-ko'k qanotlarini silab ko'rdi. Ko'zlariga boqib o'zicha nimalarnidir xomcho't qilgan bo'ldi.

— Sen… Bu yerlarda nima qilib yuribsan? — nihoyat tanib Irani so'roqqa tutdi u. — Bu yer meniki!.. Uni hech kimga bermayman!.. Yo'qol!..

— Oyi, bu nima deganingiz? — yig'lagudek bo'lib onasiga termuldi Ira. — Siz mening onamsiz, axir! Haydaganingiz nimasi? Undan ko'ra meni bag'ringizga bossangiz-chi!..

— Nima?.. Bag'rimga bosay?.. Bekorlarni aytibsan! Men seni chaqirmaganman bu yerga!.. Bor, yo'qol!..

— Hech qayoqqa ketmayman! — dedi Ira. — Menam xuddi sizga o'xshagan farishta ekanman. Kasalga chalinganimda aytishdi menga!

— Qaysi gumroh shunday dedi? Gapir!..

— Sizga baribir emasmi?.. Eng asosiysi, sizni qidirib topdim.

Sariq kabutar birdan ma'yus tortib, qanotlarini yoyib yubordi.

— Eh, qizim-ey, nimalar qilyapsan o'zi?.. Hozir-ku, kimsasiz joydamiz. Yana picha uchib borsang Azroil huzuridan chiqasan… Yo'q, seni ko'rib qolishini istamayman!..

— O'sha Aіzroilingiz bilan gaplashganman. O'sha meni bu yerlarga yubordi…

— Yuborsa yuborgandir. Ammo sen hozircha yarim yo'ldasan. Esing borida qayt!.. Qorningdagi bolani nobud qilganing yetar!

— Qanaqa bola?.. — hayron bo'lib so'radi Ira.

— Sen homilador eding o'sha yigitdan. Lekin bolang nobud bo'lib qoldi… O'ylab ko'r, biz otang bilan hamisha qayg'uramiz sen haqingda. Hali yashashing lozim, bolajon.

— Sen farishtasan, yorug' dunyoning dardini olib kelishing kerak, dedi-ku azroil!..

— Unga qolsa nimalar demaydi. Farishtalar hov anavi yoqda. Hozir gapingni eshitib qolishsa, ranjishadi. Qo'y, bo'lmagan gaplarni gapirma!.. Tez qayt orqangga!

— Yo'q… Men yana dard tortib qiynalishni istamayman!.. Jon oyi, meni shu yerlarda olib qoling! yorug' dunyoda xor bo'lib yashagandan ko'ra…

— He, tiling qursin! — to'satdan qichqirib yubordi sariq kabutar. — Gunohlaring shundoq ham ko'p. Sen avval borgin, keyin menga rahmat deysan!

— Sizni sog'inib yashaymanmi?

— Sog'insang, kechasi yotayotib mening ismimni aytib chaqir!.. Tushlaringga kiraman. Diydorimga to'yasan…

Sariq kabutar so'zini tugatib ulgura olmadi. Uzoqdan katta bir to'fon kelib, ikkovlarini ham uchirib ketdi. Ira to'fon orasida qolib baqirmoqchi bo'lar, ammo og'ziga to'lib qolgan chang hatto nafas olishga qo'ymasdi…

— Kislorod!.. Tez kislorod beringlar!.. O'ziga kelyapti!

Bu tovushlar oyisinikiga o'xshamadi. Birpas inqillashdan keyin nafas olishi yengillashib, asta ko'zlarini ochdi. Tepasida Oleg yig'lab turardi…

— Ira, jonim, tirikmisan?..

— Oyim qani?.. — shivirladi Ira. Oleg Annani — o'z oyisini so'rayapti, deb o'yladi shekilli, shoshib javob qildi.

— Shu yerda!.. Xavotir olma! Yo'lakda turibdi oyim!

— Nima?.. Uyam men bilan keldimi bu yerlarga?

— Albatta. Seni kasalxonaga ikkalamiz opkeldik.

— Qanaqa kasalxona?.. Men narigi dunyoda edim-ku!..

— Nimalar deyapsan? Og'ir bo'lib qolding birdaniga. Biz tezda seni mashinaga o'tqazib, shu yerga olib keldik… Qo'y, meni qo'rqitma!.. Xudoga shukr, tirik qolding. Qara, gapirib ham yubording.

— Oyim yordam berdi, — dedi Ira kulimsirab. — Eshityapsizmi, men o'z onamni uchratdim u yoqda.

— Uf-f!..

Oleg xo'rsinib vrachga yuzlandi.

— Do'xtir, buni qanday tushunsa bo'ladi-a?

— Nega jig'ibiyron bo'lyapsiz? — kuldi vrach. — Xotiningiz komaga tushib qolgandi… Axir, odam komada nimalarni ko'rmaydi. O'lim bilan olishadi.

— Onamni ko'rdim deyapti. Bu… Bo'lishi mumkinmas…

— Hechqisi yo'q. Ko'rgan bo'lsa ko'rgandir. Asosiysi, tirik qoldi. Be, tajribamdan bilaman. Qancha bemorlar komadan chiqmay o'lib ketishgan. Ira bo'lsa, aksincha, og'ir kasaldan ham birato'la xalos bo'lib qaytdi… To'xtang, bu juda g'alati haqiqatan… Shol bo'lib yotgan ayol birdan komaga tushsa-yu, kasalidan xalos bo'lib uyg'onsa…

  Vrach boshini changallab u yoqdan-buyoqqa yura boshladi.

— Ha, bu sira aqlga sig'maydigan ish… Tekshirib ko'rish lozim… Qizim!..

Ira uxlamagandi. Ko'zlarini ochib vrachga tikildi.

— Siz qaerda bo'lib qaytdingiz?

— Men… Ko'zimni ochganimda kabutarga aylanib, qandaydir kimsasiz yerlarda uchib yurardim. Ko'k kabutarga aylangandim…

— O'sha joylarda daraxtmi, yo gullarmi, ishqilib, ekin-tikinlar bormidi?

— Yo'q, sahroga o'xshagan joy edi. Tinimsiz issiq shamol esib turgandi…

— Ha-a, — dedi vrach nimanidir tushungan ko'yi, — Demak, qizimiz hali yarim yo'lda ekan. Xudoga shukr!.. Sal nariga borib qolsa… Xudo ko'rsatmasin!.. Omadingiz bor ekan, ukam!..

 

***

 

 

Irani bir hafta deganda uyga olib ketishdi. Biroq Anna juda xavotirda edi. Tuzalgandan so'ng Ira negadir o'zgarib qoldi. Qandaydir beparvomi-ey, xayolparastmi-ey… Hech narsa bilan ishi yo'q. Hatto, eri bormi-yo'qmi, keladimi-kelmaydimi, umuman parvoiga keltirmaydi. Kimningdir baqir-chaqirini eshitsa, bir lab buradi-yu, kulib qo'ya qoladi…

O'zicha ko'k kabutarlar haqida gapirib qolishi-chi?.. Qiziq, ko'k kabutar borligini Anna birinchi marotaba eshitishi. Umrida ko'k kabutarni ko'rmagan. Nega kelini nuqul ko'k kabutar, ko'k kabutar deb xirgoyi qilaveradi?..

Bir kuni shu haqda so'ragisi keldi. Avvaliga qo'rqdi. Biror yomon narsa bo'lsa-yu, Ira tag'in kasal bo'lib qolsa deb ancha paytgacha so'ray olmadi…

Baribir tinchi yo'qolgandi. Qosh qorayib, o'g'lining keladigan mahali yaqinlashgach, tavakkal so'radi.

— Ira, ko'k kabutar degani nimasi o'zi?

Ira birdan uning ko'zlariga boqdi. Birpas qovog'ini uyib turgandan so'ng kulib yubordi.

— Bumi?.. Bu men, oyi!..

— Bo'lmagan gaplarni gapirmagin, qizim! — dedi Anna bezovtalanib. — Sen odamsan. Qanaqasiga ko'k kabutar bo'larkansan?..

— Shunaqasiga?.. Farishtalar ko'k kabutar qiyofasida bo'lisharkan. Buni oyim bilan uchrashib qolganimda bildim…

— Oying bilan qaerda uchrasha qolding? U bolaligingda o'lib ketgan bo'lsa…

— Qaerda bo'lardi? Uyoqqa borganimda uchrashdim… Oyim-chi, sap-sariq kabutar ekan…

— Xo'sh, nima bo'pti?

— Demak, men farishtaman. Bu dunyoning dardlarini yelkamga ortaman-u, ajoyib kunlarning birida yana u yoqqa ravona bo'laman…

— Jinni bo'lma! — Iraning yelkasidan tutib o'ziga qaratdi Anna. — Bir kasal bo'lding, hammamizni qo'rqitding, yetar!.. Endi buyog'iga sog'-salomat yurgin!..

Afsuski, o'sha tun hammasini barbod qildi. Ira uyquga yotdi-yu, jilmaygancha jon berdi…

U olis-olislarda ko'k kabutar qiyofasida uchib yurar, oyisi endi uni sira haydamasdi. Balki ikkovlashib farishtalar makon tutgan tomonga ketib borishardi.

Viktoriya TOKAREVA

Rus tilidan Olimjon HAYIT tarjimasi

Do'stlar, Telegramm kanalimizga barchangizni taklif etib qolamiz! Siz kanalimizga a'zo bo'lib, dunyo yangiliklari, qiziqarli hikoyalar va davomli asarlar, kundalik burjlar bashoratidan o'z vaqtida voqif bo'lasiz. Kanalimizda ko'rishguncha!!!

https://t.me/olimjonhayit

Aziz do'stim, sizni o'zimizning “WhatsApp”dagi kanalimizga lutfan taklif etamiz! Siz bu kanalda qiziqarli va tezkor xabarlar, bir-biridan ajoyib hikoyalar, davomli asarlarni o'qib, maroqli hordiq olasiz, yana bir qator shu kabi ma'lumotlarga boshqalarga nisbatan oldinroq ega bo'lasiz! Kanalimizga a'zo bo'ling!

https://chat.whatsapp.com/Jwpkj16hPyS5jkvcZxybVc