«Bozor dunyo» yoxud erini o'zgaga nikohlatgan ayol iztirobi (8-qism)

1

—   Pulda, pul… — boshini ushlab uh tortdi Nabi Musayevich. Nozima indamadi, oshxonaga yurdi. Ortidan qaynotasining:

—   Yosh emas, qirqqa borib qolayotgan kap-katta odamlar o'yin o'ynashadi-ya, sadqai odam ketlaring, — degan luqmasini eshitdi.

Nozima dasturxon tuzab, chuchvara suzdi, choy damladi, uyni epaqaga keltirishni boshlar ekan oromkursida boshini changallab o'tirgan qaynotasiga eshitarli qilib:

—  Dada, ovqat tayyor, — dedi.

U uyni o'z holiga keltirib, Nabi Musayevichning oyoq kiyimlarigacha tozalab, ketishga chog'langanda ham oqshom cho'kib, tarzi buzuq havodan qorong'ilikka cho'mgan xonada qaynotasi o'sha alfozda o'tirganini ko'rdi.

—   Men ketyapman, dada, — dedi, — xayr, ertalab kelaman.

—  Nonushtaga ovora bo'lmang, qizim, shu ovqat yetadi, — dedi Nabi Musayevich.

Nozima tashqari chiqqanda havo sovuq, qor uchqunlay boshladi. U Zebonikiga shoshildi. Yetib kelganda, qor to'xtadi. Qor yog'ib-yoqqisi kelmayotgan edi. Ichkariga shitob bilan kirarkan, xayolida xuddi Mansurjon kelib kutib o'tirganga o'xshardi. Eshikni ochgan Zeboxondan beixtiyor:

—  Hech kim qo'ng'iroq qilmadimi? — deb so'radi.

—  Yo'q, o'zim akamga telefon qildim, — dedi Zebo.

—  Nima dedi? — Zeboga qattiq tikildi u.

—   Hech kim olmadi. Dadam tuzuklarmi? — so'radi Zebo.

—   Yaxshilar, — dedi Nozima va ust-boshlarini ham yechmay serrayib turib qoldi, xayoliga: «Telefon esiga kelarmidi» degan o'y keldi va shu zahoti o'zini koyidi: «Darrov unga ayb qo'yishni boshlama», so'ng yechinib sho'xlik qilayotgan bolalar bilan o'zini ovutishga tushdi.

Bolalar uxlagach, Zebo ikkovi ovqatlandilar, choy ichdilar. Ismoiljondan darak yo'q edi.

—   Ismoiljon ham kelsa, chuchvara yoyilib ketmay yeb olardi, — ilindi Nozima.

—  U kishi uzoqroqka ketganlar, — dedi Zebo. «Xayriyat, u kishi xabar topmagani ma'qul, bemalolroq yotaman» o'yladi Nozima.

—  Dadam nima dedilar? — gap boshladi Zebo.

—   Hech nima…

Zebo tushundi, bu haqda boshqa gap qo'zg'amadi. Nozima kecha ham mijja qoqmagan edi, uni esnoq tutdi. Zebo unga alohida xonaga joy qilib berdi. Yotishga yotdi-yu, kiprigiga uyqu ko'nmadi. Tun bo'yi bir uxlab, bir cho'chib yumalanib chiqdi. Uyg'onganda adoqsiz o'ylarga chek qo'ya olmay qiynaldi, ko'zi ketganda cho'chidi. Buni u hech qachon o'zga joyda yotmaganiga, ko'nikmaganiga yo'ydi. Ertalab nosog' uyg'ondi. Ko'zi ochilgan zahoti yana ming xil xayol girdobida o'rtanaverdi. Kaniza bilan shirin to'shak suhbatini qurib, uni mutlaqo unutgan Mansur akasi ko'zi oldidan ketmadi. Uning toshu-torozi pallalari u yon-bu yon bosilaverib, to'lib toshib ketdi: «Uni bevafo deyish mumkinmi? Yo'q. U hozir nima kilyapti?.. Kechasi nima-lar^bo'ldi?.. Bundan keyin nimalar bo'ladi?»

O'rnidan inqillab, go'yo haftalab yotgan bemorday turdi. Bet-qo'lini yuvish uchun kirganda oynaga karab, butunlay o'ziga o'xshamay qolganini sezdi. Yuzlari salqi, rangpar, ko'z osti do'mpayib shishgan, peshonasiga ajin tushib qolganga o'xshadi. Oyoqlarida mador yo'q, ilojsiz stulchaga cho'kdi, uzoq o'tirdi. Balki, tashqari chiqsam g'ovlab turgan boshim yozilar, tanamga quvvat kirar, degan umidda bet-qo'lini chayib chiqdi. Yeru tomlarni barradek qoplab olgan oppoq qor ko'zlarini qamashtirdi, andak bo'lsa-da, miskin ko'ngliga yorug'lik soldi. «Bor-e, osmon qulab yerga tushmaydimi? Bittagina bechora boshi bir kavakka sig'ib qolar. Mansurni, uy-joyu molu mulkini, e-e, butun boshli dunyoni bog'lab beribdimi, hammasi o'tkinchi, bu dunyo kimga vafo qilibdiki, u quruq qolgan bo'lsa? Birga o'qiganman, yoshim teng, sen qoloq eding demadi, itdek xizmatini qildi. Yalinib ham tekkani yo'q edi. Tog'asi, o'sha o'zi boqqan tog'asi o'g'liga qilmoqchi edi, shu Mansurni deb, unga unamadi. Mana ular begona, guruhida zo'r-zo'r yigitlar yo'q emasdi. Nabi Musayevich sabab bo'ldimi, Mansurning etagini tutdi. Aynisa, ana katta yo'l, zori bor, zo'ri yo'q.

To'g'risidagi kuchuk katagi oldida ikki chumchuq bolasi biram inoq u yon-bu yon sakrab, bir-birlariga suykalishib, pirr-pirr uchar, qor bosgan yerga, katak panjarasiga qo'nishib orqavorot don qidirishardi. Kuchuk titraganday to'planib olgan. Och qarg'a qag'illaydi. Nozima shunda sovuq o'tib junjukkanini sezdi. «Uyda, tashqarida nimalar qolgan esa, kran ham o'ralgan emas edi…»

U ichkari kirdi. Nonushtaga taklif qilgan Zebo:

—   Akamning qo'lidagi telefoni ham ishlamayapti, «xizmat doirasidan tashqarida» deyapti, — dedi sekingina.

—   Akangiz yangi kelinayangizni qudug'iga tushib ketdi, shekilli?

Zebo yerga qaradi. Nozima «ishtaham yo'q» deb xonasiga o'tib ketdi, kirib ketayotib «telefon qilmang» dedi.

Oradan to'rt kun o'tdi. Mansur tomondan na qo'ng'iroq, na biror xabar bo'lmadi. Nozima bir tishlamgina bo'lib, so'lib qoldi. Qaynotasinikiga iloj qilib qatnab turdi. Yo'l-yo'lakay Zebonikiga ul-bul xarid qilar, sumkasidagi pul ham tugab borardi. Qaynotasi ham tund bo'lib oldi. Hozircha aralashmaslikka, kutib turishga qaror qilganini aytdi. Shunday ham ich-etini yeyayotgan Nozimaga gapirmas, ehtiyot qilardi. Zeboning eri uzoq safardan tunda keldi, «Yaxshi, opam shu yerda ekan» deya yana jo'nab ketdi. Hozir Nabi Musayevichga nonushta tash-lab qaytar ekan, Nozima Salimaning yoniga borishni o'yladi. Nima deb boradi? U necha martalab urg'u berib, «O'zingiz qilyapsiz» deya takror-takror o'zining bo'yniga qo'yib qo'ygan bo'lsa? Umuman, unda nima ayb? Nozima o'zi qo'ymadi. Bu ishdagi uning ulushi «inkubassa»ni gapirgani, shu gapni topib kelgani, xolos. Mayli, Xudo bir yo'lga boshlar. U Zebonikiga kelib yana ko'rpa-to'shak qilib yotib oldi.

Soat o'n birlarda yoniga Zebo kirdi, bir ishxonasidan xabar olish uchun ketayotgani va qizchasi uyda qolayotganini aytdi.

—  Tashvish chekmang, — ming'illadi Nozima.

Zebo to'ppa-to'g'ri akasinikiga bordi. Darvoza ichkaridan qulf edi. Qo'ng'iroqni qayta-qayta chalib, kutishga to'g'ri keldi. Oxiri ichkaridan erkak kishining yo'talgani va «hozir» degani eshitildi. Tom va darvoza ayvoni sumalaklaridan oqayotgan suv Zeboning sochi va yelkalarini ho'l qildi. Darvozani akasi ochdi. U xalatda edi. Ranggi siniqqan, yuzi salqi, bo'yinlari tirishib qolibdi. Indamay Zeboni ichkariga kiritdi. To'g'ridagi xonaga olib o'tdi. O'tirib fotiha qilishgach:

—  Ha, tinchlikmi? — dedi u.

—   Sizda-chi?

—   Sal mazam qochgan. Ishga ham bormayapman, — kalovlandi Mansur.

Zebo endi chidamadi, yuragiga tugib kelgan hujumga o'tdi:

—  Aka?! — dedi u ko'zlari chaqnab.

—  Bas! — bu so'zni Mansur shu darajada vajohatli aytdiki, Zebo o'chdi. — Keldingmi, dardingni ayt, boshqa narsaga toqatim yo'q, — dedi.

Zebo ancha jim qoldi, so'ng o'zini bosib:

—   Aka, men siz bilan urushgani kelganim yo'q, — gapni burdi u, — faqat Nozima kelinayam ezilib ketdi-ku, nahot ekan bir telefon yoki…

—  Senikidami? — gapni bo'ldi Mansur.

—  Nima, bilmaysizmi?

—  Menga zaharhanda qilma.

—  Aka?! Juda shunchalik bo'lsa…

—   O'zimning dardim o'zimga yetib turibdi, ikkita magazinni departament bosgan…

—  Endi bosishi emas-ku?..

—   To'g'ri, senikiga borib… — dudug'landi Mansur, — undan xabar olishim kerak edi… Hech narsa ko'nglimga sig'mayapti…

Zebo qor ostida turgan mashinaga qaradi.

—  Mashinani olib kirib qo'ymapsiz…

—  Aytdim-ku, yurakka hech narsa sig'mayapti, deb.

—  Hech bo'lmasa kelinayamni xabar olib qo'ying, iloji bo'lsa hozir…

Mansur ancha o'ylanib qoldi va o'rnidan turib katta uyga kirib ketdi. Kirishi bilan Kaniza:

—   Ha, elchi yuboribdimi? — dedi, — chidamay qolgandir-da… — ovozini pasaytirdi.

—  Men singlimni tashlab kelaman, — dedi ko'zlarini yashirib Mansur.

—  Sog'inib qoldim, ko'rib kelaman, deng. Bormaysiz! Mansur unga hayron tikildi.  «Nima bu, buyruqmi yoki istig'noli nozmi?» Kanizaning bu gapi ozgina malol keldi, ammo kayfu safo esiga keldi-yu, darhol uni yuvib yubordi.

—  Kanizaxon, boshqa ish bor ekan…

—   Hozirgacha yo'q edi. Darrov paydo bo'ldi. Mayli boring. Men ham ketaman. Yalinib kelganim yo'q…

Nima qilishni bilmay hayron bo'lgan Mansur:

—  Bunday qilsangiz bo'lmaydi-da…

—  Bari gapingiz yolg'on.

—  Quloq soling, Kaniza…

Kaniza yotoqxonaga yugurib kirib ketdi. O'zini yig'ishtiriqsiz turgan karavotga otdi, yig'iga tushdi. Ortidan kirgan Mansur uning sochlarini silab bag'riga bosdi. U yomon ahvolda qoldi. Hozirdan bunaqa qilsa? Yon bersa tamom, bayrok ketdi deyaver… Hozir shartta turib jo'nasa, Kaniza ketib qolsa-chi? Uni bag'ridan bir daqiqa xam qo'yib yuborgisi yo'q. Bormay desa, No-zima-ku, mayli-ya, hozir ko'zining o'ngida emas, singlisiga nima deydi? Singlisi-singlisi, gapiga kirish kerak. Borib biror narsa deb, Nozimani aldab qo'yar… Boshqa nima iloj bor? Erta-pertaga ishni bahona qilib ko'cha-po'chaga chiqadi, shunda boradi… «Men hozir» deb tashqari yurdi.

Akasi kirib ketganicha chiqavermadi. Zebo tashqari chikdi. Kran muzlab qolibdi. Oshxonaga kirdi, oshxona pala-partish, tartibsiz bo'lib yotar, anchadan buyon ovqat qilinmagani bilinib turardi. U timirskilanib u yoq-bu yoqqa yurdi, uni-buni ko'rdi, so'ng akasi kirib ketgan tomonga ancha qarab turdi. Tashqaridan qo'ng'iroq tugmasi bosildi. Borib eshikni ochdi. Qo'lida o'rog'liq karton quticha bilan bir rus yigit turardi.

—  Xozyain doma? — dedi u. — Zakazali tabaku? Vot vam schyot, — muhr qo'yilgan qog'oz va qutini uzatdi.

Zebo qo'lidagi narsalar bilan akasi kirib ketgan eshik oldiga bordi va akasini chaqirdi. Mansurjon hayallab chikdi, uning qo'lidagi narsalarni biroz hijolatomuz oldi va:

—  Zebo, sen ketaver, men o'zim boraman, — dedi, tez burilib kirib ketdi.

Akasi bunaqa emas edi. Zebo, umuman, kelganiga xafa bo'ldi. Kelmasa ham bo'lar ekan. U darvoza eshikchasini yopib, yo'lga tushdi. Eshik «shilq» etib qulflanib qoldi. Ozgina yurib ham ediki, ro'parasidan sovqotib kelayotgan akasining horg'in yon qo'shnisini ko'rdi.

—   Zeboxon qizim, eson-omon yuribsizmi? — ko'rishdi Salima opa va hol-ahvol so'radi. — Akangizni ko'rgani kelibsiz-da?

Xayrlashar ekanlar, u to'xtab:

—  Zeboxon, kelinayangiz siznikidami? — so'radi.

—  Ha, — dedi Zebo.

—  Qachon kelarkan? Zebo yelkasini qisdi.

—  Zeboxon, telefoningiz bormi?

—  Bor.

—   Telefon qilsam bo'ladimi? Nozimaxon shunday ko'zimdan o'tib…

Zebo sumkasini kavlab telefon raqamini yozib berdi va tayinladi:

—  Xola, meni bu yerga kelganimni aytmang…

Zebo uyga kirib kelganda, Nozima Asalini o'ynatib o'tirardi, Zeboni ko'rib:

-Ha, tinchlikmi, ishxonangizda biron gap bo'ptimi? ~ dedi.

—   G'avg'osiz joy bormi? — deb qo'ya qoldi Zebo va yechina boshladi. — Qiynamadimi?

—  Yo'q, uyqusi kelib qoldi, endi uxlashga yotadi, a? Zebo bolasini oldi. Nozima tushlik tayyorlashni o'yladi, oshxonaga yurdi. Shu payt telefon jiringladi, go'shakni oldi.

—   Allo, — dedi Nozima, yuragi tapir-tupir urib, ammo ayol ovoz:

—  Allo, Nozimaxon kerak edi, — dedi.

—  Salima opa?

—   Nozimaxon, bormisiz, egachi? Yaxshimisiz? O'sha yerlik bo'lib ketdingiz-mi?

—  Ha, endi…

—  Bu yoqqa kelmaysizmi?

—  Bir-biriga to'yib olishsin…

—  Mansurjon bordimi, xabar olib turibdimi?

—  Ha…

—  Nima deyapti endi?

—  Nima derdi, uni bilasiz-ku, kamgap…

—  Ishqilib, mendan xafa bo'lmaysiz-a?

Nozima indamadi. «Endi Salimaning cho'zilishi yetmay turgandi».

—  Nimadan xafa bo'laman?

—   Endida… Mansurjon ko'chaga ham chiqmayapti, shekilli. Bir-ikki kechqurun ishxonasidan kelib ketishdi. Tashqarida turgan edim. Qisqa gaplashishdi. Eshikcha ochiq turgan ekan, kelib qoldingizmi, deb ichkariga mo'ralasam, muzika baland, kelinposhsho qarsillatib o'yin tushib beryapti… Yo tavba, yoqamni ushlabman. Indamay izimga qochib chikdim. Kelmasangiz bo'lmaydi. Nima, bitta yalangayoq bozorchi qanchiqqa hammayoqni bo'shatib ketaverasizmi?

«Muncha laqilladi-ya», go'shakni qo'yib qo'ygisi keldi Nozimaning.

—   Innakeyin, — davom etdi Salima — eshityapsizmi?

—  Ha.

—  Anovining eri keldi bozorga izlab, xali ertalab. G'irt qishloqi go'laxi ekan. Soqoli o'sgan, po'payka kiyib olibdi. Piyanistaga o'xshaydi. Muttahamligini ko'ring, menga rosa odamlarni ichida topib berasiz deb baqirsa, deng. Bo'lganimcha bo'ldim. Uyingizga olib boray dedim, yana shaytonga hay berdim, qo'y dedim. Ammo topsa ham o'ldiradi, ishonavering, juda avzoyi buzuq. Turqidan odam qo'rqadigan.

Bu gaplarni eshitib, Nozima biroz tinchlandi. «Har holda bunday battol erkak tek qo'yib qo'ymas. Bir kelgan yana keladi. Olib ketar axir, ota-onalar xam aralashar». Darrov tez xulosa qilganiga, xuddi Kaniza hamma yoqni egallab oldi-yu, Mansur akasi ko'ndi-yu, Nozima quruq qolgandek o'y-fikrlardan uyalib ketdi. Tomiriga sal qon yugurgandek bo'ldi.

—   Nozimaxon, uzilib qolmadimi, eshityapsizmi? — dedi Salima.

—  Eshityapman, eshityapman…

—   Shunaqa mash-mashalar bo'lib o'tdi ertalab, deng. Hozir oyog'imni sudrab uyga keldim, sizga telefon qildim.

—  Bu telefonni bilarmidingiz?

—   Yozig'liq edi, endi topdim. Sog'lig'ingiz yaxshimi, ishqilib? Buni ham safari qaridi shekilli. Kelsangiz ham bo'lar endi. Qaynsinglingiz bo'lgani bilan birovni uyi bir ovnikida…

—   Io'q, yaxshi turibman. Telefon qilganingiz yaxshi bo'ldi. Yo'qlaganingiz uchun rahmat.

—  Voy, qiyomatli qo'shnimiz axir…

—  Bo'pti, telefon qilib turing.

Nozima oshxonaga kirdi, choy damladi. Ovqat isitdi. Yana telefon jiringladi. Yana yuragi orzikdi. Go'shakni Zebo oldi.

—   Ha, dada, yaxshimisiz? Uydamisiz? Ishga bordingizmi? Ha, ha. Bolalar yaxshi o'tirishibdi. Ana, hozir kuxnyadalar. Ha, o'zim bilaman. Borishmasinmi? Mayli. Yo'q, yo'q. Xo'p, xayr, dada.

—   Dadam, — dedi Zebo, oshxonaga kirib kelarkan. — Kechqurun bir joyga borib kelarkan, sizni ovora bo'lishmasin, dedilar. Salom aytishdi.

Zebo kelinayasi telefonda gaplashgandan keyin ancha o'ziga kelib qolganini sezdi. Birga ovqatlanishdi. Tashqarida qor o'ynab maktabdan qaytgan bolalarning ovozi keldi.

Nozima «biroz dam olay» deb xonasiga kirib ketdi, kirib karavotga cho'kar ekan, bir yuragi huvillar, bir hadikka to'lar, bir yengillar, bir vahimaga to'lardi. Nahotki, bugun ham xabar olmasa?

—   Menga qarang azizam. Bu, hamma narsaga darrov mundoq araz-turaz bo'lmaydi-da, — Mansur muk tushib yotgan Kanizaning orqalari va sochlarini siladi. — Turing, jonim, ana aytganingiz keldi, tabaka oldirdim, issig'ida mazza qilib yeymiz.

U shartta o'rnidan turdi.

-Kechiring, Mansur aka, unday qilmoqchi emas edim, — dedi jiddiy. — Shunaqa maraz odatim bor, itim kelib qoladi. O'sha xotiningizni o'ylasam, xuddi sizdan ajrab qoladiganga o'xshayman. Yaxshi qilmadim, o'zim bildim.

—   Hechqisi yo'q. Hali bir-birimizni rosa anglab, bilib olguncha, bu ham tabiiy hol. — Kanizani quchib, yetaklab dasturxonga olib chikdi Mansur.

Kaniza qiyomiga keltirib pishirilgan katta tovuq go'shtini qaylaga tegizib yerkan, ro'parasidagi suratga tikilaverdi.

—   Dadamning yonidagisi oyim rahmatlik, — dedi Mansur choydan ho'plab.

—   Pastdagi-chi? Zaynabning kundoshimi? Men, ammo Zaynab emasman, aytib qo'yay.

Mansur tushunmadi, Kanizaga iltifot ko'rsatishda davom etdi. Ammo bugun singlisi kelib ketgandagi bo'lib o'tgan mashmasha, hozir Kaniza kechirim so'raganini hisobga olganda ham, yana tag'in shu sabab singlisini, yo'qlab kelgan bitta-yu bitta singlisini uyiga olib borib ko'ymagani, ustiga-ustak to'rt kundan buyon Nozimadan xabar olishga iymanayotgani barchasi qo'shilib, Mansurni o'ylashga, hali hozircha kech bo'lmasdan Kanizani o'z huquk va tartibotlari bilan tanishtirib qo'yishga, tabiatan shun-cha husn, qaddi-qomat, nozik ta'b, erkak bag'rida olovdek yonuvchi shijoat, qo'r va latofat hamda maqbul harakat ato etilganiga qaramay, o'sgan shart-sharoiti bois qo'rs, to'pori, injiq va asov, biroq suyumli mavjudotga ta'lim zarurligiga imon keltirdi.

Tilavoldi Jo'rayev

1 TA FIKR

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here