«Bozor dunyo» yoxud erini o'zgaga nikohlatgan ayol iztirobi (14-qism)

0

—  Uchtasini olasan. Narxini to'g'rilab berishadi.

—  Xo'p.

—  Hali oldingga shu masalada odam boradi.

—  Xo'p.

—   Endi, haligi pulga odam jo'nataman. Mamat akang keladi, bilasan-a?

—  Ha.

—  O'shandan berib yuborasan.

—  Xo'p.

—    Eshitdingmi, Nozima kasalxonada ekan? — Zokir bir dam kiprik qoqmay qarab turdi.

—  Io'-o'q.

—  Dadamga uchrab tur. Uni bilasan-a?

—  Xa.

—   Ehtiyot bo'lib ish tut. O'shani uyga olib kelmay, bitta kvartira obera qolsang bo'lardi-yu…

—  Keyin gaplashamiz.

Ular quyilgan shaftoli sharbatidan ho'plashdi. Har kim o'z mashinasi tomon ketdi. Mansur idorasida o'ylagan gaplariga pushaymon bo'ldi. «Akam akam-da, delavoy odam. Bekorga rayonga hokim bo'ladimi? Mayda gaplar bilan uning nima ishi bor? Men o'zim maydakash bo'lib ketibman. Kasalxonada bo'lsa nima qipti? Og'rigandir. Erta-perta borib qo'yaman. Nega menga na Zebo, pa dadam indamadi? Bu, dadam bironta fitna tayyorlayaptimikin? «Men nega baloga giriftor bo'laveraman? Nima bo'lyapti o'zi?» Siqilib ketganidan ilkis miyasi qalqigandek bo'ldi. Hech qancha yurmasdan, daf'atan qayoqdan keldi bu nido, ichidan otilib chikdi, bo'g'ziga giqildi. Olis-olisdan u shunday so'z eshitdi: «Eh, nomard Mansur, Nozima yetimcha senga kim edi, senga u iima qildi?» Bechoraning yetimligi, onasini ko'rmay o'stan mushtipar Nozima o'zi aytib bergan bolaligi, tortgan azob-uqubatlari, yig'lab turgan qizaloq ko'ziga ko'rinib ketdi. Kaniza, kecha bino bo'lgan Kaniza uzoqlardan mittigina zarradek ahamiyatsiz nuqtaga aylandi. «O'zi nimalar qilyapti Mansur? Kallangni shun-chalar  ham yo'qotasanmi,   Mansur?».

U mashinani shartta burdi, Zebonikiga uchdi. Go'yo shu daqiqada Nozimaning yonida bo'lmasa, u o'ladiganday, Mansur uni qayta ko'rmaydiganday tuyuldi. Eshikni ochgan Zebo akasining holatidan qo'rqib kedi. «Betiga ham qaramayman» degan so'zidan shu zahoti qaytdi.

—  Qaerda? — zo'rg'a so'ray oldi Mansur.

Zeboning gapini to'liq eshitib-eshitmay, mashinaga chopdi va o'kday uchdi. Shahar shifoxonasining «Nevrologiya» bo'limiga otilib chiqqanda, eshik tagidagi hamshiraning naq o'takasi yorilay dedi. Xonaga hovliqib kirdi. Eshik tomon qarab turgan Nozima uni ko'rib teskari qarab oldi.

«Mayli, — dedi Mansur, — uning ochiq ko'zlarini ko'rdim-ku». U kalovlanib atrofga qaradi. Xonada yotgan boshqa uchta xotin unga hayron bo'lib, tikilib qolgan edi. Orqasidan ko'zlari ola-kula, rangi o'chgan hamshira kirdi.

—   E-e, qanaqa odamsiz? Yurak-puragimni tushirdingiz-a, — dedi u va burilib chiqib ketdi.

Mansur nima qilishini bilmasdi. Xotinlardan biri o'ziga kelib, unga stul qo'yib berdi. Stulga cho'kkan Mansur shumshayib qoldi. Ayollar Nozimaning ko'zidan yumalayotgan yoshni ko'rib, asta-sekin chiqib ketdilar. Devordagi past qo'yilgan radiodan kelayotgan qo'shiqning so'nggi misralari yangrayotgan edi:

G'urur tilib yubordi baxtning yuzini, Rashk ayamay otdi nishli so'zini. Ikki tosh singari soldi ikki tan, Boshqa yor yo'liga tikib ko'zini…

Mansur jim. Nozima qimir etmaydi. Boshqa hech kim yo'q. Qancha fursat kechdi, Xudo biladi, shunda Nozima tilga kirdi:

—  Ishlariz yaxshimi, Mansur aka? Sog'misiz? Mansur bo'g'ziga nimadir tiqilganday, hech nima deyolmadi. Xonadan otilib chiqib ketdi, odam yo'q tomonga yurdi. Xotinlar asta xonaga qaytdilar.

—  Xo'jayiningizmi? — so'radi biri.

—  Ha, — deya boshini o'rab oldi Nozima.

Mansur burchakda turib-turib, o'zini bosib olgach, palata eshigi oldiga keldi, yana kirishni ep bilmadi, bir-ikki soatdan keyin kelishga ahd qildi. U pillapoyadan tushib kelarkan, birinchi qavatga yetganda oynaband eshikdan ehtiyot bo'lib kirib kelayotgan, qo'lida tuguncha, ko'zoynakli dadasini ko'rdi. Darrov o'zini chetga oldi. Keksayib qolgan bechora chol atrofga mo'ltirab qarab-qarab, pillapoya to'siqlarini ushlab, tepaga ko'tarildi. Mansur shifoxonani tark etarkan, chuqur xo'rsiniq tuydi. Hozir qayoqqa boshini urishni bilmasdi. Mashinaga o'tirib, kalitni ushlagancha ancha o'tirdi. So'ng jo'nab ketdi, yana Zebonikiga bordi.

—  Qachon og'ridi? — dedi u xomush, ko'zlarini singlisidan olib qochib.

—  Men yo'q edim.

—  Uyda yolg'iz edimi?

—  Yo'q, Muhabbat birga ekan.

—  Nima qilib bunday bo'pti?

—   Katta kelinayamning aytishiga qaraganda, dadam bilan u kishi biznikiga kelishganida, mazasi qochgan ekan, kelinayam skoriy chaqiribdi. Do'xtir kelib, ukol qilibdi, davleniyasini o'lchabdi. «Og'ir ruhiy charchoq bor» debdi. Sal o'ziga kelgandan keyin Muhabbatni qoldirib ketishibdi. Yarim kechada Muhabbat dod deb, ayasiga telefon qilibdi, shu. Bordingizmi?

—   Ha, do'xtirlar nima deyishyapti?  — so'radi Mansur.

—   Gaplashmadingizmi?

—  Yo'q.

—  Ko'rdingizmi?

—  Yo'q.

—  Voy aka-ey…

—  Sen nega menga aytmading? .

—  Dadam aytmagin, devdilar… — chaynaldi Zebo. Mansur chuqur  «uf»  tortdi.  O'rnidan turib chiqib ketdi.

—  Aka, qayoqqa? — so'radi ortidan chiqqan Zebo. Mansur unga bir daqiqa qarab turdi, so'ng mashinaga o'tirdi. Kechgacha nima qilarini bilmay tentiradi. Soat to'rtlarda shifoxonaga kelib, hakimning xonasiga kirdi.

—   Nozimaxon masalasida… — dedi hakim bilan salomlashib.

—  Kimi bo'lasiz?

—  Turmush o'rtog'i.

—  Komandirovkada edingizmi?

—  Ha.

—   Uch kun bo'ldi reanimatsiyaga tushganiga. Bugun palataga o'tdi. Tabletkalarni ichib yuborgan. Bunday holat ayol kishida ekstremal holatlarda bo'ladi. Yuragida taxikardiya alomatlari bor. Sariq bo'lmaganmi?

—  Yo'q.

—  Buyrak, jigar bezovta qilmaganmi?

—  Yo'q, soppa-sog' edi.

—   Bolalar nechta?

—  Yo'q, — yerga qarab javob berdi Mansur.

—  Hozir yaxshi, kirib ko'rdingizmi?

—  Ha.

—  Baribir, obdon tekshirib ko'ramiz.

—  Albatta.

—   Bir otaxon ertayu kech shu yerda, kim u? Dorilarni ham o'sha topib keldi.

—  Dadam.

—  Sizning dadangizmi?

—  Ha.

—   Yaxshi odam ekan, bechora. Birinchi kuni kechasi koridorda o'tirib chikdi. Kechasi navbatchi edim. Mayli, navbatchi do'xtir shu yerda. Men qaytmoqchiman.

—   Rahmat, do'xtir, – o'rnidan turdi Mansur. Mana shuni atab qo'ygan edim…

—  Yo'q, shoshilmang, qochib ketayotganimiz yo'q, avval tuzalsin, — ko'nmadi hakim.

Mansur qo'lidagi o'rog'lik narsani stolga qo'yib, tez chiqib ketdi. Palata eshigi oldiga kelib, ichkariga mo'raladi. Ayollar gaplashib yotishar edi. Begona odam yo'q. U ichkari yurdi. Uchala xotin Nozimani imlashdi, Nozima sal surilib yonidan joy bo'shatdi. Mansur karavotga ketini qo'ydi. Narigi bemorlar go'yo bular bilan mutlaqo ishi yo'kdek tek shipga tikilib yotishar, Mansurning nazarida nafas olmay, ularni kuzatayotganga, hozir Nozima nima qiladi-yu, Mansurda qanday holat bo'ladi, xuddi shuni kutib turishganga o'xshardi. Shu ko'yi qancha o'tdi, bilmadi. Bir payt Nozima ohista uning qo'lini ushladi, mas'um ko'zlari ila boqdi, uning nigohi Mansurga «nima bo'lsa bo'ldi, o'tgan ishga salovat, biz birgamiz-ku, endi diqqat bo'lavermang» degan ma'noni uqtirayotgandi. Mansur Nozimaning yonida qancha xohlasa shuncha qolishi mumkin edi. Eng yomoni, asosiy masala hal bo'lmagan, unga nima deyishni, nima va'da berishni bilmasdi. Na olib ketaman deyishga, na boshqa fikr bildirishga ojiz edi. Mansur uchun kuyib-yonib yurgan Nozimaning shu darajaga tushib, qiynalib, azoblanib, o'zini o'ldirishgacha borib yetishi oddiy, shunchaki gap emas. Bu o'z-o'zidan oilada zuhur bo'lgan muammoni tez hal etish, hamma narsani o'rni-o'rniga qo'yishni talab etayotgandi. Shu bois ham u Nozimaning yonida uzoq qololmasdi. Nozima undan so'rayotgani ham, biron narsa deyayotgani ham yo'q, ammo vaziyat Mansur istasa-istamasa shuni talab etayotgandi.

U Nozima bilan nigohda xayrlashdi. «Meni kechir… ertaga gaplashamiz», deya g'o'ldiray oldi xolos. Qo'lini iliq qisib qo'ydi. Bu bilan uni xavotir olmaslikka chorladi, demak, bugunoq masalani hal etishga kirishishi joiz, aks holda ertaga bu yerga kelishi bor, kelgandan keyin indamay ketib bo'lmaydi.

Uy tomon turli xayollar qamrovida ketib borarkan, mashina oynasiga urilayotgan qor uchqunlari, oyna ostida to'planayotgan qor, rutubatli qish oqshomining qora pardasiga burkangan shahar go'yo o'z fayzini yo'qotgandek, dilni ezuvchi motamsaro qora libos kiygandek tuyular, ilgari yoritilgan ko'chalarda ham chiroq yo'qligiga Mansur ilk bor e'tibor berib, hayron bo'lardi. Yura-gining bir parchasi shifoxonada qoldi. U ancha-muncha xotin emas, kursdoshi, dugonasi, yoshlik xotirasi, do'sti, umr yo'ldoshi, xullas, borlig'i… U shunchaki qo'ldagi uzuk emaski, shartta olib tashlasa. Hatto itini yo'qotib odam qanchalik qiynaladi. Nozimaning kasalxonaga tushishi, bugun bu hakda akasidan xabar topishi, bo'lib o'tgan hamma voqealar Mansurni o'zligiga qaytishga, anovi uydagiga juda berilib ketmaslikka undadi. Uyga yetib keldi, mashinani garajga qo'yib, ichkariga shoshilmay kirdi.

XII

Kechasi bilan qor yog'ib chiqdi. Hamma yoq qalin qor, havo sovuqligi uchun Salima bugun bozorga bormadi. Yaxshisi, yon qo'shnisi, jon qo'shnisi Nozimani ko'rib keladi. Kecha telefon qilib, yuz bergan ishlardan xabar topdi. Zebo bor gapni aytdi. Bugun borib bir egachisidan xabar olmasa bo'lmaydi. Bechora bekordan-bekor kasalxonaga tushgani yo'q, bunda ma'lum miqdorda Salimaning ham qo'li bor, albatta. Biroq, u o'zini xolis qilib olgan, bunaqangi ishlar bilan odam hazillashmaydi. Mana, nari borsa to'rt kunda ketishi kerak bo'lgan inkubassa joylashib o'tiribdi, mushugini birov pisht deyayotgani yo'q. Nozima bechora bo'ladigani-bo'ldi. Endi, qo'ni-qo'shnichilik, odam shunaqa kunda kerak. Bugun bormasa bo'lmaydi. Shu o'ylar bilan shifoxonaga borishga hozirlik ko'rar ekan, Salimaning ko'ngliga bir fikr kelib qoldi — qo'shninikiga kirib, inkubassa bilan gapla-shib, vaziyatni bilib borgani yaxshi emasmi? U qo'shnining ko'ng'irog'ini bosdi. Darvozaning kichik eshigini Kaniza ochdi.

—  Bormisiz, qo'shni? — dedi Salima .

—  Xayriyat, siz ham bor ekansiz, — o'pkaladi Kaniza .

—   Qorni qarang, qorni, — dedi Salima oyoq urib, ostonaga yaqinlasharkan.

—  Qish qishligini qiladi-da…

«Voy, o'l-ey, gap-so'zlari ham bosiq, boshqacha bo'lib qolibdimi, o'lgur» darhol xayoldan o'tkazdi Salima.

Kaniza uni mehmonxonaga boshladi. Televizor ishlab turar, qandaydir film ketayotgandi. Kaniza hol-ahvol so'rashib, choy keltirgani chikdi. Fursatdan foydalanib, Salima xonaga ko'z yugurtdi. Hammasi ilgarigiday, hech narsa o'zgarmagan, faqat devordagi Mansurjon bilan Nozimaning surati yo'q edi, balki Mansurjon olib qo'ygandir…

—  Sovuq qattig'-a? — choy ko'tarib kirdi Kaniza.

—   Bu yil qish qattiq keladi deyishayotgandi, to'g'ri ekan-da.

—  Nimasini aytasiz. Qishloqdagilarim nima qilarkin, deng?

—  Shuni ayting. Shaharda-ku, gaz yaxshi.

—  Dalalardagi tutlarni bultur odamlar yoqib bo'lgan, bu yil nima qilishadi, bilmayman, — dedi Kaniza.

—  O'sha kuni qishloqqa yaxshi borib keldingizmi? — so'radi Salima. — Hammalari tinch ekanmi? Bolalaringiz qalay?

—   Borib keldim. Qishloq o'sha qishloq, oftob milt etsa paxta bilan ovvora. Hali ham vakillar bor. Bittasi biznikida o'tirgan ekan. Dadam fermer emasmi, uyga chaqiribdi.

—  Paxtasi to'libdimi?

—  Bilmadim.

—  Eringizni ko'rdingizmi?

—  Ko'rib nima qilaman?

—  Ko'rmadingizmi?

—  Uni masalasi hal.

—  Qandoq?

—   Mansur akam yo'q qilib keling dedilar, shundoq qildim.

—  Ajrashdingizmi?

—   Menga bir tiyin u. Shaharga kelib, sizga bir o'zini ko'rsatib ketibdi-da.

—  Badjahlgina ekan…

—   E-e, badjahl bo'lmay to'ng'iz qo'psin. Menga g'ing deb ko'rsin!

—  Rostdan ajrashdingizmi?

—   Ha, shpionlikka chikdingizmi? — ko'zlarini lo'q qilib so'radi Kaniza .

—   Nimaga shpionlikka chiqarkanman? Endi shpion bo'lib qoldimmi? O'zlarini kim olib keluvdi bu yerga? — to'satdan sapchidi Salima.

—   O'pkayzi bosing, — beparvogina dedi Kaniza va yana og'ir-vazmin ilova qildi: — Yaxshiligingizni hech kim bilmasa ham men bilaman, xavotir olmang, — dedi.

Salima bosildi. Choy quyib, «oling-oling» deb o'tirgan Kanizaga zimdan nazar soldi. U chinakam o'zgargan edi. O'n-o'n besh kundayoq osoyishta va sokin, to'kin-sochin hayot o'z tamg'asini bosgan, unga nihoyatda latofat, jiddiyat va ulug'vorlik bag'ishlagandiki, Salima birinchisini tushunar, ammo ikkinchi-uchinchisi — Kanizada zuhur bo'lgan jiddiyat va ulug'vorlikka hech aqli bovar qilmasdi. «Nahot aqli shu darajada buning? — o'ylab o'yiga yetolmasdi Salima. — Bu qishloqi o'lgurning ketadigan siyog'i yo'q, mayli yana surishtirib quloq tutaveray-chi?»

—  Bozorga chiqyapsizmi? — so'radi Kaniza televizordan ko'z uzmay.

—  Bugun qor uchun chiqmadim.

—  Bozorlar tinchmi o'zi?

—  Anavi so'tak sizni so'ragani-so'raganda.

—  E, o'lsin o'sha.

—   Nimasini aytasiz, — Salima bozorda qulog'iga chalingan gaplardan gapirib o'tirdi va shunday xulosa yasadi: — Bozor kasod. Anavi eski bozorda odamlar g'imragani-g'imragan, yirtiq-yamoq ham pul emish. Buyog'i, qish qilichini qayraganini ko'rmaysizmi? Bolalaringizni usti-pusti yaxshimidi, ishqilib?

—   Yozda qilib qo'yganman ularning ustini, — Kaniza beparvo javob qildi.

«Qilasan-a, qilasan… Kechagi borganingda Mansurning puliga lang'illatib qilib kelgandirsan?» — ichida o'yladi Salima.

Xuddi uning fikrlarini uqib turganday:

—   Bir-ikki yuz ming berdilar, ulardan xabar olib keling deb, olmadim, — deya qoshlarini kerdi Kaniza.

—   Ha, berganda olavermabsiz-da, — bu gapga ishonmasa ham qo'shimcha qildi Salima.

«Hah, ilo-on… – o'yladi Kaniza, — Sekin ichimdagi gaplarni sug'urib olib, egachingga yetkazmoqchisan-da…»

—   Hali bu kishini bilmasam, — astoydil gapira ketdi Kaniza, — u yoqda xotinchalari nima hozirlik ko'ryapti, Xudo biladi. Mundoq kelsa, kelavermaydi. Men har kuni boring, olib keling, deyman. Indamay yuribdilar. Bir borgan ekan, gaplashmaptilar. Bularni tushunib bo'lmaydi. Menga bo'lsa, «Ajrashib keling» dedi uch-to'rt marta. Meni shu yerga sig'adi, deb o'ylaysizmi? Menda ham miya bor, axir. Shu ishni sizlar qildilaring, o'sha, hozir kelishga noz qilib, o'zini torozuga solayotgan xotin meni bu yerga olib kelib qo'yib, o'zi yo'q. U yoqda qaynotasi, otishga o'qi yo'q. Shunaqa joyga sig'amanmi, opa? Yana pulini olish kerak edida, deysiz? Olishni berishi bor. Bu odam ham ochiq-yoriq gapiradigan odam emas ekan, ichimdagini top. O'zimniki ursa ham, so'ksa ham ochik-oydin ish qilar edi. Shuning uchun shaharlik pishiqlar menga yoqmaydi. Sizi gapizga kirib, endi bu yog'i nima bo'ladi, deb o'tiribman.

—   Siz bilan yaxshi gaplashib, yoqtiryaptimi, ishqilib?

Kaniza javobga biroz iljayib og'iz juftlagan edi, telefon jiringlab qoldi. Borib go'shakni oldi va ovozini balandlatib:

—   Qaysi pulni? – dedi. — Spalnidagini? U kungi? Ha. Menga qarang! Men u kishini tanimasam axir. Yo'q, Mansur aka, to'g'ri, siz to'g'ri aytyapsiz. Bu ozgina pul bo'lsa ekan. Yo'q, o'zingiz keling. Ha, Salima opam chiqqan, gaplashib o'tiribmiz, — u go'shakni qo'ydi va Salimaga qarab: — Men jo'natgan odamini tanimasam, qanday qilib o'n million pulni berib yuboraman? — dedi.

—   Voy, o'lay, qaerda u pul? — so'radi Salima hayron bo'lib.

—  Ana spalnida, eshikni tagida turibdi.

—  Qachon olib keldi?

—  Besh kun bo'ldi.

—  Voy, ehtiyot qiling!

Kaniza Salimaning yuragi hovliqayotganini sezdi va yana sovuqqonlik, xushyorlikni oshirdi:

—  Egachingiz bilan gaplashib turibsizmi?

—  Yo'q, — dedi Salima yolg'on gapirib. Kaniza unga e'tibor qilmay dedi:

—   Bu kishidan so'rasam, singlisini telefoni ishlamas emish. Menga achchiq qilib kelmay o'tirgan bo'lmasa bo'ldi. Uyi, eri boshidan ordona qolsin, — Kaniza o'rnidan turdi, — ovqatni xabar olay, siz televizor ko'rib turing, — deya chiqib ketdi.

U oshxonada ancha yo'qoldi. Bu orada Mansur kelib ketdi. Salima opa bilan salomlashib, fotiha tortdi-yu: «ish zarur edi» deb Salimaning ko'zi oldida ro'paradagi xonadan xaltadagi yukni olib chiqib ketdi. Shu payt kirib kelayotgan Kaniza unga koridorda «ovqat ichib keting»lab qoldi.

—   Biram ishi ko'p, kechasiyu kunduzi tinmaydi, — dedi u Salimaning oldiga kirib.

—   Kechasi siz bilanmi axir? — dedi Salima ishshayib.

—   Bola unga kerak, menga emas. Qisir ketmasman, axir! — dangal javob berdi Kaniza.

Uning ishonchli gaplari, o'zini tutishi, xonadonda o'ziga yarashib yurishi, ayniqsa, uydagi pulga munosabati, hushyorligi, sermulozamatligi barchasi uning sohibjamolligiga qo'shilib, Salimaning hushini o'g'irlar, o'ziga muhabbat uyg'otayotgan edi. Shuncha kundan buyon u bilan bir marta, uyiga ketadigan kuni xalta qo'yganda gaplashdi Salima, boshqa ko'rgani ham yo'q, u haqda butunlay boshqacha salbiy fikrda edi. Hozir ko'rib turgan Kaniza uning ijodidagi Kanizaga sira o'xshamasdi. «Qurib ketgur-ey, quyib qo'ygandek shu uyning bekasi bo'lib qolibdi-ya». Bir-ikki odob yuzasidan Salima turishga chog'landi, Kaniza qo'ymadi, oxiri ovqat pishdi, birgalashib sho'rva ichdilar. Bir tovoq go'shtni alohida suzib keldi. Qip-qizil pomidorlar keltirdi, ulardan alohi-da tarelkaga kesib, go'shtning yoniga qo'ydi. Tutayotgan tutumi Salimani lol etayotgan edi. U bo'kib qolguncha go'sht yedi, Kaniza totinib o'tirdi, xolos. U archgan meva-lar Salimaga sig'mayoq qoldi.

Salima yana bir narsaga amin bo'ldiki, qancha sinov o'tkazmasin, bu qishloqi anoyi emas, u shoxida yursa, bu bargida yuribdi. Demak, Nozimaning takdiri endi Mansurga bog'liq, u bilan esa gaplashishning imkoni yo'q. Salima hozir shularni juda-juda bilgisi keldi. Anovi esa hamma narsani bilib turibdi. Bu masalada uning ustunligi shunda edi.

—  Sho'rva biram shirin bo'pti, — dedi Salima og'ir hansirab.

—  Sho'rvani o'zim yaxshi ko'raman.

—  Go'sht mo'l bo'lsa, yaxshi ovqatta, sho'rva.

—   Go'sht mo'l bo'lsa, hamma ovqat ham yaxshi, — dedi Kaniza.

—  To'g'ri aytasiz.

Negadir, tez-tez mavzu tugab qolayotgan edi. Salimaning bugungi «ilmiy tahlili» ko'p natija bermadi. Qishloqi andi to'g'ri yo'ldan borayotgan shaxmatchiday, hozircha xatoga yo'l qo'ymayotir. Endi, bu yerdagi mehmondorchilik safari ham qarib, Salima o'zini o'ng'aysiz sezishga boshladi, shuning uchun ham asl muddaoga ko'chdi, gapni tilyog'lamalikdan boshladi:

—   Bu oilaga sizni topib adashmadim, deyman, sherik? Inneykiyin, yaxshi odamlar. Endi, siz ham chakana xotin emassiz. Ilgari ham necha marta aytganman, boyvachchalarni xotini bo'lishga arziysiz ham, loyiqsiz ham. Agar Nozimaxonni ko'ndira olsak, hozir hamma Mansurjonga o'xshaganlar ikki xotinlik…

—   Bu hakda gapirmang, Salima opa… Men birovning baxtini… — gapini bo'ldi Kaniza.

—  To'xtab turing…

—  Yo'q, o'zlariga nasib qilsin…

—   Xo'p. Mayli, to'xtang. Qayokdan topasiz keyin bunaqangi joyni? Aqlli-hushli xotinsiz, u-bu demasdan, tanaga bir o'ylab ish tutish kerak, bu zamonda. Xudo ol qulim, deb turibdi. To'xtangchi, bir o'ylab ko'raylik, deyman-da.

«Sen ikki dunyoda men tomon bo'lmassan» derdi ichida Kaniza, Salimaga munisu ma'yus qarab turarkan, u esa yurakdan sirlashayotganday ochilib kelardi.

—   Endi-i, bir kattani gapiga quloq tuting. Men sizga begona emasman. O'rtadagi bitta guvoh ham men. Issig'ingizga ham, sovug'ingizga ham yaraydigan menman. Bu yerda mendan boshqa kimingiz bor? Aytmoqchimanki, issiq o'rinni sovutishni emas, isitishni o'ylash kerak. Tug'ib, shu yerda, shu er bilan yashasangiz ham asakasi ketmaydi, davlati kamayib qolmaydi. Shuning uchun xotin kishi degan gapga quloq soliib, ish tutishi kerak. Sizdan o'nta-yigirmata ko'ynakni ortiq yirtganman. Men nima desam ham haqim ketmaydi. Raz, o'sha eringizda ko'nglingiz yo'qmi, bu yerdan qolmang, deyman, xolos. Menga nima, uyimni tilloga to'ldirib berarmidingiz? Yaxshi oshini, yomon boshini yeydi. Esli-xushli, aqlli xotin bo'lsangiz… Ko'rib turibman, shuncha pulni to'rt kunlik xotinga berib qo'yibdi, ishonadiki, beribdi. To'rt kunda ketadi degan odam, o'laman oblo, kelmasin, degan odam pisib qoldi. Yaxshidursizki, shunday bo'lgandur. Ammo, aytib qo'yay, u Nozimadan kechmaydi. Gap shunda! Bular hammasi Nozimani boshlariga ko'tarishadi. O'ziyam yaxshi xotin… — Salima gapini to'xtatib, Kanizani kuzatdi, qiziq, unda zarracha o'zgarish yo'q edi. — Balki, — davom etdi u, — u kelsa, ikkalangiz…

Tilavoldi Jo'rayev

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here