“Muhtasham yuz yil”dan “Chuqur”ga tushib qolgan Aras

0

Aras Bulut Iynemli — tomoshabinlar «Muhtasham yuz yil» teleserialidagi Boyazid roli bilan tanigan ko'rkam va boshqalarga o'xshamagan aktyor. Ammo endi muxlislar uni «Chuqur» serialidagi bosh rol ijrochisi deb bilishadi.

Manbalarda yozilishicha, Aras 1990 yil 25 avgustda Turkiyaning eng yirik sanoat va madaniy markazi — Istanbul shahrida tug'ilgan.

Arasning oilasi ziyoli bo'lib, besh kishidan iborat: Aras, onasi, otasi, opasi Jeyd va ukasi Orka. Ota-onasi ularda bolaligidanoq san'atga muhabbat uyg'otishga uringan. Shuning uchun Jeyd taniqli qo'shiqchiga aylanib, hayotini musiqa bilan bog'ladi, Orka esa yozuvchi va ssenariynavis bo'ldi. Ammo Aras taqdirini ijod bilan bog'lashga oshiqmay, o'zini boshqa sohada sinab ko'rishga qaror qildi.

O'rta maktabni bitirgach, Aras Istanbul texnika universitetining aviatsion texnika fakultetiga hujjat topshirdi. Yigit ko'rkam tashqi qiyofasi bilan tengdoshlari orasida ajralib turar, modellik agentlari va rejissyorlarning e'tiborini tortardi.

Aras ijodiy faoliyatini qator mashhur brendlarning reklama roliklarida suratga tushishdan boshladi. O'quvchiligidayoq «Qaytish maydoni» (2008) serialining suratga olish maydonchasida paydo bo'lib turdi.

«Bebaho vaqt» (2010-2012) loyihasida rol ijro etgandan so'ng Aras, nihoyat, tanildi. Garchi bu serialda u bosh rolni o'ynamasa ham, nufuzli mukofotni qo'lga kiritdi.

2016 yilda Aras Bulut Iynemli yangi «Ichkarida» teleserialida Chag'atay Ulusoy bilan birga suratga tushdi. Ikki iste'dodli aktyor ekranda taqdir tufayli yo'llari ayrilgan aka-ukani o'ynadi.

Yosh va ko'rkam aktyor doimo ayollar e'tiborida. Uning muxlisalari juda ko'p, ammo shaxsiy hayoti haqida jurnalistlar bilan gaplashishni istamaydi. Faqat shunisi ma'lumki, Aras hali uylanmagan, juftini topish umidida.

Mish-mishlarga qaraganda, «Muhtasham yuz yil» serialida suratga tushish chog'ida Aras va aktrisa Burju O'zberk o'rtasida ishqiy munosabat boshlangan, biroq ularning romantik munosabatlari haqidagi gap-so'zlar tasdig'ini topmadi.

Hozirda Aras aktrisa Bige Onal («Maral» filmidagi hamkasbi) bilan uchrashib turishi ma'lum. Manbalarda aytilishicha, ular ko'p vaqtlarini birga o'tkazishadi. 2017 yilda ular «Bu sodir bo'ldi» komediyasining taqdimotiga birga borishdi.

2018 yilda turk matbuoti Aras va uning sevgilisi Bige Onal munosabatlarini nikoh bilan mustahkamlashga tayyorligini, yaqin kelajakda shu tomon ilk qadam qo'yishlarini ma'lum qildi.

Shuningdek, joriy yilda Aras ishtirokidagi yangi drama — «Chuqur» teleseriali ekranlarga chiqdi. Bu serialda u murakkab rolni ijro etdi, «Chuqur» esa yilning eng ommalashgan va qiziqarli loyihalaridan biri bo'ldi.

AKTYoR HAQIDA QIZIQARLI FAKTLAR

Bo'yi: 182 sm.

Vazni: taxminan 70 kg.

Ijtimoiy tarmoqda: «Instagram»da o'z sahifasi bor, yangi suratlari bilan muxlislarini xursand qilib turadi.

Yoqtirgan mashg'uloti: musiqa tinglash, sayohat qilish.

Ishtirokidagi loyihalar: «Xavfli ko'chalar» (2006-2010), «Mahmud va Maryam» (2013), «Nahotki biz bir-birimizni tushundik?» (2013-2014), «Muhtasham yuz yil» (2014), «Tez orada» (2015-2016), «Maral: mening eng go'zal qissam» (2017), «Chuqur» (2018).

SEVINCh tayyorladi.

(“Hordiq plyus” gazetasi xazinasidan)