SNAYPER… (13-qism)

0

 

* * *

 

Nastya xola hash-pash deguncha qo'lida eski bir surat bilan oshxonaga chiqib keldi.

— Mana, ko'r, shu otangmi? — so'radi u Mirsoliga tik boqib. — Ko'r, yaxshilab qara!

Ne ko'z bilan ko'rsinki, suratda otasi kulimsirab turardi. Yigirma besh yoshlar atrofidagi qo'lida bir yarim-ikki yashar o'g'lini ko'tarib turgan bu odamni Mirsoli darhol tanidi va beixtiyor ko'zlariga yosh qo'ndi. Yuragining allaqaeri uzilib ketgan kabi seskanib Nastya xolaga boqdi.

— Axir… Siz bu suratni qaerdan oldingiz? — so'radi u yig'lab yuborishdan bazo'r o'zini tiyib. — Bu… Suratdagi men va otam-ku!

— Endi manavinisini ko'r, — Nastya xola o'ng qo'lidagi berkitib turgan ikkinchi suratni Mirsoliga tutqazdi. Suratda yana bir yarim-ikki yashar bolakay, otasi… Va yashil libosda Nastya xola turibdi. U otasining yelkasiga bosh qo'ygan ko'yi o'y surmoqda.

— Bu… Tag'in nima? Biz tanishmizmi? — duduqlanib Nastya xolaga javdiradi Mirsoli. — Q-qachongi surat bu?

— Hamma gap shunda, — dedi Nastya xola o'zini bosishga urinib. — Seni ko'rdim-u, ko'zimga o'tday ko'rinib ketding, bolam! O'z oyog'ing bilan oldimga kelibsan-a, jonim! Bir paytlar otang bilan yashadik, u o'shanda hov anavi yoqdagi armiyada xizmat qilardi. Orada sen tug'ilding. Ammo… Otang nomardlik qildi. Xizmati bitgandan keyin seni o'ynatib kelaman deb ko'chaga opchiqdi-yu, qaytmadi. Opketib qolibdi seni. Men ahmoq manziliniyam so'ramagan ekanman. Dugonalar, qarindoshlar aytishdi, «Top, qidir bolangni», deyishdi. Quloq solmadim. «Bolamning o'zi bir kun meni topadi», dedim-u, yig'lab-siqtab yashayverdim…

Nastya xola shunday deb yig'lab yubordi va Mirsolining yelkasiga osildi.

— Ketma, jon bolam endi, ketma! Men adoyi tamom bo'laman! Seni zo'rg'a topganimda ketma!..

Mirsoli xayollari chalkashib, yuragi o'rtanib, Nastya xolani qanday yupatishni bilmay turganda, tashqari eshik taqillay boshladi. Nastya xola apil-tapil ko'z yoshlarini artdi-da, yo'lakka yuzlandi.

— Biror qo'shni shekilli, sen o'tir, darrov qaytaman, bolam!

Mirsoli eshikning bezovta taqillashini eshitgandayoq, ko'ngli qandaydir noxushlikni sezgandek bo'lgandi. Nastya xolani ikki yelkasidan mahkam siqib shivirladi:

— Siz boshqa xonaga kirib turing! Eshikni o'zim ochaman!

— Nega? — unga javoban shivirlab so'radi Nastya xola. — Tinchlikmi, o'g'lim?

— Bular meni qidirib kelgan bo'lishi mumkin! Jim!

Mirsoli asta yurib bordi-da, eshikka quloq tutib so'radi:

— Kim u?

— Eshikni och! — tashqaridan erkak kishining do'rillagan dag'dag'ali tovushi keldi. — Bilamiz, sen Krutoysan! Och yaxshilikchasiga! Bo'lmasa eshikni buzishga majbur bo'lamiz!

— Oldin muddaoingni ayt, keyin ochaman!

— «Topor»dan senga salom aytgani keldik! Endi eshitdingmi? Och!

Mirsoli bir muddat o'y surib, shu orada Nastya xola tomonga bir qarab oldi-da, ovozini pasaytiribroq so'z qotdi.

— Bilaman hammasini! Eshitlaring, hozir eshikni ochmayman! Uy egasi og'ir kasal. «Topor» bilan «Proletar» ko'chasi ichkarisidagi eski bino hovlisida uchrashaman. Borib aytlaring! Bir soatdan keyin uni o'sha yerda kutaman. Senlar bilan pachakilashishga tobim yo'q. Obro'ying borida tez ketlaring va gapimni yetkazlaring!

Ovoz egalari o'zaro nimalarnidir gaplashishdi. Keyin esa qadam tovushlari uzoqlashdi.

 

* * *

 

Mirsoli bu zo'ravon bilan hisob-kitob qilishning ham antiqa usulini topgandi. Nastya xolani arang tinchlantirdi-yu, ikki soatdan so'ng qaytishga va'da berib tashqariga otildi. Qurol xuddi o'sha o'zi aytgan tashlandiq bino ichkarisiga berkitilgandi. Taksi tutib binoga birpasda yetib bordi va tom ostidan topib qo'ygan ishonchli joyga joylashdi. Tek o'tirgancha qurolni tayyorladi. Har bir vintini obdon tekshirib oldi. Bildi. «Topor» albatta keladi. Pul, alam, o'ch otashi uni shu yerga yetaklab keladi. Ana shunda… Mirsoli o'zi puxta rejalashtirgan ishni amalga oshiradi. Shundagina tinchlanadi. Xumordan chiqadi…

Bu gal ham xudo ishini osonlashtirdi. «Topor» deganlari uchta mashinada gumashta-yu, qo'riqchilari bilan birga bino hovlisiga kirib keldi. Atrofda zog' uchmasdi. Bu manzil begona ko'zlardan pana bo'lgani sababli mushtumzo'rlar, kallakesarlar shu yerni tanlashar, o'zlarining qabih amallarini mana shu hovli burchaklarida bajarib, yana hech narsa bo'lmagandek jo'nab ketishardi.

— Hoy, ona suti og'zidan ketmagan tirrancha boy! — qichqirdi bo'yi ikki metrga yaqin, kurtkasi yoqasini ko'tarib olgan erkak. Xuddi shuning o'zi «Topor» edi. — Qanisan? Qo'rqib ketdingmi bizdan? Qo'rqma! Seni ko'p qiynamaymiz! Pulni berasan-u, badanchang chumoli chaqqanday bir chimillaydi, tamom! Tinchlanasan-qolasan! Chiqaver! Akalaring rahmdil! Go'daklarga azob berib o'tirishmaydi!..

«Topor» hayiriqlarini to'xtatib, to'rt tomonga alanglay boshlaganda, Mirsoli tepkini bosdi. «Topor» bir metr nariga uloqib ketdi va yerga chalqancha quladi. Gumashtalari esa zir yugurib o'q otilgan joyni qidira boshlashdi. Ammo ulardan ikki nafari hojasining yonidan joy oldi. Shundan keyingina qolganlar vahima iskanjasida mashinalarga o'tirdi-yu, murdalarni-da unutib, g'oyib bo'ldi. Oradan besh daqiqacha vaqt o'tib, Mirsoli xotirjam pastga tushib keldi. «Topor»ning jasadiga, ketidan qolgan murdalarga hissiz qarab turdi.

— Bu dunyoda «zo'rdan zo'r chiqadi», degan gap bor, oka, — dedi qandaydir musiqa asbobi g'ilofiga joylangan qurolning uch qismini changallab. — Mana, o'g'riboshining o'chini oldim. Mard ekansan, xunini to'lading. Endi otaginam go'rida tinch yotadi. Qo'rqmalaring, yo'l-yo'lakay «Tez yordam»ga xabar beraman. Nomard emasman. O'liklaring ko'chada qolib ketmaydi!..

Shunday deb jadal qadamlar tashlagancha ko'chaga yo'l oldi.

 

* * *

 

Qo'li qongan belangan odamning yurish-turishida ham bejolik aks etib qoladi. Mirsoli o'ylashga, fikrlashga, mulohaza qilishga o'zida kuch, sabr topib, yana vodiyga yo'l olish harakatiga tushgan bo'lsa-da, militsionerlarni ko'rganda, o'zini yo'qotgandek bo'lar, ulardan uzoqroq yurishga intilardi. Shunday lahzalarda podpolkovnikning qanoti ostida ekanligi ham yodidan chiqib ketardi.

«Nastya xolaning xabari g'alati bo'ldi, — o'ylardi u yo'lovchi taksida vodiyga kirib borarkan. — Qanaqa ona? Nega suratlarimiz uning qo'lida turibdi? Nima bo'lgan o'zi? «Onangman» deb turib olishi g'alati bo'ldi. Mayli, shu bahonada enamning qabrini tag'in ziyorat qip kelaman. Shuncha gunohlarni bo'ynimga ildim, hali bu boshlanishi bo'lsa, bilmadim, qancha tavba qilib, xudoga yolvorarkanman. Yo'q, bu narsalarni o'ylamasligim kerak. Men marazlarni o'ldirdim, ular tirik qolsa yana qancha odamning boshiga yetishini yolg'iz xudo biladi. Ena!.. Nega o'ris ayoli menga ena bo'ladi? Qanaqasiga? Yetti uxlab tushimga kirmagan ishlar bo'lib ketyapti. Agar shunday bo'p chiqsa, nima qilaman? Qay ahvolga tushaman? Aytgancha, Zarinaning qabrini qanday topsam ekan? Ha, go'ristondagilardan so'rayman. Uning oldiga ham o'taman. So'zsiz o'tiraman tepasida… Ahmoq qiz, menga bildirmasdan kutgani… Nega unday qildi? Tushunmayman… Bilmayman…»

Mirsoli qishloqqa bormadi. Oldin asosiy ishni bitirish ilinjida yolg'iz ammasi To'fanisa opanikiga burildi. Darvozasiga yetgach, haydovchiga kutishni tayinladi-da, qo'lidagi mayda-chuydalar solingan sumkani qo'ltiqlagancha ichkariga kirdi. Ammasi hovlida kir yuvayotgan ekan. Mirsolini ko'rib bir muddat baqrayib qoldi.

— Nima, tanimadingizmi jiyaningizni? — kulib ammasiga yaqinlashdi u. — Hov, amma, bu men!..

— Voy, ammaginang o'rgilsin, — Mirsolining yelkasiga osilib yig'lab yubordi To'fanisa opa. — Bo'ylaringdan aylanay! To'g'ri meni ko'rishga keldingmi, jonim?

— Albatta, — dedi Mirsoli qo'lidagi sumkani ammasiga tutqazib. — Qani pochcham, jiyanlar? Hech kim yo'qmi uyda?

— Pochchang Rossiyaga ishlashga ketgan-ku, xabaring yo'qmi? Jiyanlaring qaygadir chiqishibdi. Kep qolishar. Yur, so'riga o'tir! Hozir ovqatga unnayman.

— Yo'q, kerakmas, — dedi Mirsoli birdan jiddiy tortib. — Ko'chada taksi kutib turibdi. Ketishim kerak. Hali qabristonga o'tishim zarur.

— Qo'y, qachoniydi menikiga kelganing, Mirsolijon! Bir do'ppi osh damlay! Akaginamni esla-ab birga osh yeylik! Yo'q demagin!

— Keyingi safar, — dedi Mirsoli betoqatlanib. — So'riga o'tiraylik, sizda gapim bor.

— Bo'pti, yur!

Mirsoli tok ostidagi so'rining bir chetiga omonatgina cho'kib ko'kka boqdi. Kuz oxirlab qola boshlagani daraxtlar yaproqlaridan ma'lum bo'libdi. Demak, hademay qish keladi. Shu daraxtlar zil-zambil qorni novdalarida bazo'r ko'tarib, xuddi Zarina halokatga uchrab halok bo'lgan kunda Mirsoli bosh eggan kabi bosh egishadi. Mana bunday hovlida o'tirib choylashishlar bo'lmaydi…

— Nima gap? — uning tinchini buzib ammasi yelkasiga qoqdi. — Tinchlikmi?

— Amma, meni yaxshi ko'rasizmi? — gapni uzoqdan boshlash ilinjida so'radi Mirsoli. — Faqat rostingizni ayting.

— Tavba qildim, — dedi ichiga tuflab To'fanisa opa. — Bu qanaqa savol bo'ldi, jonim? Yaxshi ko'rishimga shubha qilarmiding? Voy tavba-a-a!!!

— Yo'q, shubha qilmayman. — maqsadga o'tdi Mirsoli. — Bir narsani so'rasam ochig'ini, haqiqatni aytishingizni xohlardim.

— So'rayver, o'rgilay, so'rayver!

— Mening enam kim?

— Nima?.. — To'fanisa opa kutilmagan savolni eshitib, biroz dovdirab qoldi. — Enang? Kim bo'lardi? Rahmatli Orzi kelinoyim-da! Kim bo'lardi?

— Haqiqatni aytaman deb va'da berdingiz-ku! Ayting endi!..

To'fanisa opa boshini sarak-sarak qilgan ko'yi Mirsolidan ko'zini olib qochdi. Nimadir demoqchi bo'ldi-yu, istamadi. Ammo Mirsolining qaysarligini bilgani bois, birpaslik sukutdan so'ng qayta boshini ko'tardi.

— Ayting, amma, enam kim?!. — uni tezlardi Mirsoli. — Menga rost gapni ayting! Aytmasangiz bo'lmaydi.

— Birov nimadir dedimi? — so'radi To'fanisa opa javob berishga shoshilmay. — Jonim, kim miyangni zaharladi?..

— Amma, — dedi tizzasiga mushtlab Mirsoli. — Rossiyada Nastya xola degan ayol yasharkan. Uni tasodifan ko'chada uchratib qoldim. Meni bolam dedi, amma! Meni tanidi u! Ishonmadim. Narsalarini ko'tarishib uyiga olib borgandim, menga bilasizmi nimani ko'rsatdi? Otam rahmatli bilan tushgan suratlarimizni ko'rsatdi. Bunga nima deysiz, amma?

To'fanisa opa yana sukutga toldi. Yer chizgancha bir necha o'n soniya tek o'tirib qoldi. Lekin uzoq o'tirmadi. Ko'zlarida yosh g'iltillab, Mirsoliga javdirash aralash boqdi.

— Orzi kelinoyim rahmatli seni o'z bolasidanam a'lo qilib boqqan, — shivirladi u yig'lamsirab. — Sho'rlik nuqul qo'rquvda yashadi. Sening bolasi emasligingni aytib qo'yishmasin deb bir umr og'zimizni poylab o'tdi.

— Demak, mening enam u emas, shundaymi?

— Dadang rahmatli seni o'sha yoqlardan olib qochib kelgan ekan. Orzi kelinoyim esa tug'mas bo'lib chiqdi. Peshona-da!.. Shuning uchunmi… Senginani yer-ko'kka ishonmay katta qildi, jonim. Tushunaman, o'sha Nastya opayam rosa kuygandir. Otangdan ranjigandir, qarg'agandir. Ona-da! Bolasini o'g'irlab ketishadi-yu, qarg'amaydimi?!.

Mirsoli bu gaplardan so'ng dast o'rnidan turdi.

— Rahmat sizga, amma, — dedi bosh egib. — Menam ahmoq, battolmasman. Orzi enamni haliyam yaxshi ko'raman, sog'inaman. Lekin Nastya enamniyam endi tashlab qo'yishga haqim yo'q. Ancha qaribdi. Bormay qo'yishimdan qo'rqib, telefon raqamlarimgacha olib qoldi. Bilaman, ko'z tikib o'tiradi yo'limga. Mayli, tez kunda boraman. Bilasizmi, hozir men bilan yursangiz, enam rahmatlining qabrini ziyorat qilsak. Aytgancha…

Mirsoli kissasini kovlab, bir dasta ko'kimtir pullarni chiqardi-da, To'fanisa opaga tutqazdi. — Mana bu pullarni meni duo qilib ishlatasiz, amma! Faqat olmayman demang. Qattiq xafa bo'laman.

— Iloyo yurgan yo'ling bexatar bo'lsin! — To'fanisa opa pullarni asta olib qaytadan Mirsolining yelkasiga boshini qo'ydi. — Kelinoyim tirik bo'lsa…

— Jim, amma! — dedi Mirsoli beixtiyor o'pkasi to'lib. — Unday demang! Mana ko'rasiz, enamning ruhini shod qilaman. Nimaiki kerak bo'lsa, hammasini bajaraman! Enam rahmatli uyoqlarda mendan rozi bo'lsa bas. Yuring endi, vaqt ketmasin! Hali samolyotgayam ulgurishim kerak!..

To'fanisa opa yugurgancha ichkari uyga kirib boshiga ro'molini tang'idi-yu, Mirsolining oldiga tushdi.

 

* * *

 

— Ena, meni kechiring, — onasining qabri tepasiga tiz cho'kib so'z boshladi Mirsoli. — Mening enam ikkitaligini hozirgina bildim. Faqat siz bezovtalanmang! Sizniyam, o'sha Nastya enamniyam yaxshi ko'raman. Sizlar jannatisizlar, jannati, ena! Iltimos, izn bering! Nastya enamgayam farzandlik qilay! Burchimni ado etay! Axir, u kishidayam ayb yo'q. Meni dunyoga keltiribdi, oq sut berib boqibdi, meni yo'qotibdi, kutibdi, yig'labdi, kuyibdi! Oq sut bergan ayolni tashlab qo'ya olmayman-ku! Ammo sizning oldingizga albatta kelib turaman. Sizni juda-juda yaxshi ko'raman, sog'inaman, ena!..

To'fanisa opa ancha narida edi. Mirsoliga xalal berib qo'ymaslik uchun jimgina turar, qaytishini kutardi. Shu mahal qabrdan nariroqda, taxminan bir yarim metrcha yuqorida Orzi xolaning siymosi namoyon bo'lgandek tuyuldi. Mirsoli bu siymoni aniq ko'rdi. Ko'rdi-yu, yuragi hapriqib dast o'rnidan turdi. O'sha tomonga yurmoqchi bo'ldi. Lekin oyoqlari o'ziga bo'ysunmadi.

— Siz… Sizmisiz? — deya oldi zo'rg'a. — T-tirikmisiz, ena?..

— Yo'q! — ovoz yuqoridan emas, qabr ichkarisidan eshitilgandek bo'ldi. — Tirik emasman, bolam! Yuragimni kuydirvording-ku yig'layverib! Yig'lamagin! O'sha o'ris enangni tashlama! Mehr ber, mehr!..

Tovush tingani hamono yuqoridagi siymo ham g'oyib bo'ldi. Mirsoli esa baribir o'ziga kela olmasdi. Qo'rqibmi, yoki hayjonlanibmi, ehtiyotkorona ortga tislandi. O'zi sezmagan holda bilgan duolarini o'qidi va orqalay-orqalay ammasi yoniga bordi.

— Amma, men… Enamni ko'rdim, ha, ko'rdim! — dedi u To'fanisa opani quchoqlab. — U bilan gaplashdim, gaplashdim!

— Qo'y, yig'lama, qo'zim, yig'lama, — Mirsolining yelkasini silay-silay yupatardi ammasi. — Xudoyimning qudrati bilan senga ko'rinish bergandir-da kelinoyim! Manavinaqangi marmarlar bilan go'rini yasatib qo'yganingdan xursand bo'lib ketgandir-da! Qorong'i go'ri nurga to'lsin iloyim!

— Enam o'ris enangni tashlama dedi, amma! Mana shu quloqlarim bilan eshitdim ovozini!

— Bo'pti, yur, ketaylik endi, — Mirsolini oldinga yetakladi To'fanisa opa. — Tashlama degan bo'lsa, tashlamagin! Enang-da uyam!

— Be, amma, — yig'i aralash so'zlanardi hanuz Mirsoli. — Tashlash nimasi? Men Nastya enamni koshonaga ko'chirib o'taman. Qishloqqayam opkelaman, mana ko'rasiz! Enamning qabriga opkelib, gaplashtiraman!..

— Niyatingga yetkazsin, — mahzun javob qildi To'fanisa opa ichi kuyganini sezdirmaslik uchun majburan jilmayish qilib. — Sen dunyoda eng yaxshi qondoshimsan! Seni xudoyimning o'zi begona yurtlarda ofatlardan asrasin!..

Mirsoli o'sha kuniyoq samolyotga o'tirib ortga qaytdi. Yosh qalbi nimalar bo'layotganini anglab ulgurmagan bo'lsa-da, hayajonlanar, kuni kecha odam o'ldirganini, murdalarga qarab sovuq so'zlaganini, melisalardan narilay-narilay yurganini ham unutib, xuddi yettinchi osmonda parvoz qilayotgan erkin qush kabi to'lqinlanishdan tiyila olmasdi.

Manzilga yetgach, tanish kvartiraga kirdi-yu, narsalarini bir chetga irg'itib, ko'zlariga ishonmay, hayratdan tosh qotib qolgan Nastya xolani mahkam quchoqladi va qulog'iga shivirladi:

— Enajonim!

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

 

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here