SNAYPER… (21-qism)

0

 

* * *

 

Mirsoli Nastya xoladan qolgan kvartirada yana ikki kun yolg'iz qoldi. O'yladi, hashamatli uy sotib olishni mo'ljalladi. O'zini o'sha hashamat ichkarisida his etib ko'rdi. Lekin negadir yuragi hovliqish hissini tuymadi, potirlamadi, Mirsolini hayajonlanish, qo'rqish, xavotirlanishga qo'ymadi. U ilgarigidek sokin, xotirjamlik bilan internet klubiga qatnadi, ishlarni boshqardi. Baribir ko'nglining allaqaerida bezovtalik tug'yon qilaverdi. Masha tutgan ish yodiga tushganda, jahd otiga minaverdi.

— U jazo olishi shart, — dedi oxiri. — Xiyonatkor ayollarni yoqtirmasligimni aytgandim. U esa jonimga qasd qildi. Bu men uchun xiyonatdanam yomonroq. Demak, u manjalaqini qidirib topib jazolashim zarur!..

Mirsoli qo'l ostida ishlaydigan qo'riqchi yigitlar yordamida ohori ketmagan to'pponcha, to'pponchaga o'rnatiladigan ovoz pasaytirgich topdi va kurtkasi kissasiga qurolni joylab erta tongda tashqariga chiqdi. Bemalol yangi mashina sotib olsa bo'lardi. Unday qilmadi. Hayoti har daqiqa jiddiy xavf iskanjasidaligini o'ylab fikridan qaytdi. Yaxshisi, taksida yurishni ma'qul topdi.

Yo'l chetidagi avtobus bekatiga yetgach, o'rindiqlarga nazar tashladi. U yerda faqat bir kampir o'tirar, nuqul piq-piq yig'lar, qur-qur atrofga ko'z tashlab olardi. Mirsoli keksa kampirning ahvolidan ta'sirlanib, beixtiyor o'rindiqlar tomonga yurdi.

— Nima bo'ldi sizga? — so'radi kampirning qarshisida tiz cho'kib. — Biror yeringiz og'riyaptimi, ena?

— Og'risa yaxshiydi, — dedi kampir Mirsoliga javdirab boqarkan. — Bittagina o'g'limni, pahlavonimni anavi manjalaqi hiylaminan o'ldirib qo'ydi. Nima qilay? Qarib qoldim, hech kimim yo'q, undan o'ch ololmadim.

— Nimaga o'ldiradi? Nima ayb ish qilibdi o'g'lingiz?

— Aybi o'sha maraz qizga ilakishgani bo'ldi. U bir zo'ravonga xizmat qilarkan. Yaqinda bozorda o'g'lim o'sha zo'ravonminan mushtlashib qolganakan. Pahlavonim Volodya sportchiydi. Unaqa zo'ravonlarning o'ntasini yer tishlatar kuchi boridi. Ifloslar o'sha Mashani ishga solishibdi.

— Masha? Qizning ismi shunaqamikan?

— Ha, yer yutsin iloyim!

Mirsoli shosha-pisha kissasidan telefonini oldi-da, Mashaning suratini topib kampirga ko'rsatdi.

— Shu qizmidi? Uni ko'rganmidingiz o'zingiz?

Kampir suratga bir qaradi-yu, qattiqroq yig'lay boshladi.

— Xuddi shu. Bolam, sen… Taniysanmi Mashani? Qaerdan taniysan?..

Mirsoli telefonni qaytadan cho'ntagiga soldi-yu, kampirning qo'lidan tutib o'rnidan turg'azishga tutindi.

— Dardimiz bir ekan, ena, — dedi ehtiyot shart shivirlab. — Bu qiz meniyam o'ldirmoqchiydi, ulgurmadi. Ena, hozir men bilan birga borasiz, men o'sha qizni jazolayman. Siz tashqarida tursangiz bas. Ajabmas yengil tortsangiz!

— Men? Uni… O'ldirasanmi? Yo'-o'q, men… Qo'rqaman, bolam. Qo'y, meni unaqa ishlarga boshlama! O'zim kuyikda zo'rg'a o'tiribman. Qo'y! Senam borma! Qizning akalari yomon odamlarakan. Tag'in..

— Qo'rqmang, hech kimni o'ldirmayman. Shunchaki po'pisa qilaman, xolos.

— Baribir bormayman. Menga tinchlik kerak.

— Unda uyingizga boring! Hisoblangki, Masha jazosini oldi! Tamom! Ortiq yig'lab o'zingizni qiynamang, kasal bo'p qolasiz.

— Bo'pti, bolam, hozir uyimga boraman. Senam uyoqlarga borma! Yosh ekansan.

Mirsoli kampirni taksiga o'tqazdi-da, o'zi boshqa taksi tutib, o'rmondagi barzangilarning birinikiga jo'nadi. Ko'ngli negadir Masha o'shanikida bo'lishi muqarrarligini sezgandek bo'laverdi.

— Bu gunoh emas, — deya yo'l-yo'lakay o'zini ishontirishga urinardi Mirsoli. — Ana, mushtipar bir kampirni ham zor qaqshatibdi Masha. Demak, uni o'ldirsam, gunohga botmayman…

Mirsoli yetib keldi-yu, birinchi navbatda daraxt panasiga o'tib, to'pponchani o'qladi. So'ngra tevarakni obdon kuzatdi. Yaqin orada hech kim yo'qligiga amin bo'lgach, hovli eshigini ochib ichkariga kirdi. Adashmagan ekan. Xuddi birinchi kelganidagidek Masha va barzangi hovli burchagidagi stol qarshisida chaqchaqlashib o'tirardi. Mirsolini birinchi bo'lib Masha ko'rdi. Rangi oqarinqirab bir Mirsoli, bir barzangi tarafga qo'rquv aralash boqdi. Barzangi ham hayron bo'lib ortga o'girildi-yu, dast o'rnidan turdi va yugurib borib tokchadagi uzun pichoqni qo'liga oldi.

— Sen yana bizni boplab do'pposlayman, xumordan chiqaman deb o'yladingmi? — deya xezlandi barzangi. — Yo'q, bu gal mening navbatim. Men xumordan chiqmoqchiman. Ammo senga qo'l tekkizmayman. Hamma ishni mana bu pichoq bajaradi.

Mirsoli barzangining po'pisasini eshitib silkina-silkina kuldi.

— Ahmoq ekansan, — dedi u Mashaga sovuq nazar tashlab qo'yib. — Xudo shuncha savlat beribdi-yu, aqldan qisibdi-da! Vey, qo'l-oyog'imni og'ritib seni do'pposlamayman, ishon! Nima qilay? Ifloslikni, sotqinlarni sira hazm qila olmayman. To'g'rimi, Masha? Seni o'lib ketgan sevgilimga o'xshatib, bir umr baxtli yashayman, senga suyanaman, seni sevaman deb o'ylabman. Sen manjalaqi bo'lsa, «Smex»ning nog'orasiga o'ynarkansan. Xo'sh, qani o'sha okaxoning? Yo'q, ko'rdingmi, yo'q! U turmada o'tiribdi. Afsuski, hali unga «peredachka» oborishga ulgurmabsan chog'i. Hechqisi yo'q. Okaxoningning yugurdaklari ko'p. Biri bo'lmasa, boshqasi albatta xabar oladi. Sen bo'lsang…

Mirsoli gapini davom ettira olmadi. Qalbi ruhiy qiynoqdan azoblanib, vujud-vujudiga o'rlagan yovvoyi alanga changalida qoldi. Xuddi shu olov otashi Mirsolini tezroq qurolini qo'liga olishga undayverdi.

Mirsoli qo'yin cho'ntagidagi to'pponchani qo'liga oldi-da, birinchi bo'lib barzangiga to'g'riladi.

— Senga aytuvdim-a, — dedi u barzangi tomon bir qadam tashlab. — Nina zahri, sendan yegan tepkilar azobi hali ketmadi. O'tirsam ham, tursam ham o'sha og'riqlar menga azob beryapti, jonim qiynalib ketdi, og'ayni!

Barzangi qurolni ko'rgandayoq jazavaga tushib qolgandi. Jonholatda oldinga intilib, qichqirdi.

— Otasanmi? Ot! Nega qarab turibsan? Erkakmisan o'zi? Ot dedim!..

Mirsoli barzangining so'nggi haqoratiga bardoshi yetmay, to'pponchadan o'q uzdi. Barzangi yerga yiqilgani hamono, keyingi o'q Mashaga qarata otildi. Mirsoli yerda qonga belanib yotgan yigit va qiz tepasiga borib yana bir martadan ularga qarata o'q uzdi-da, to'pponchani tomorqaga irg'itib, sira shoshilmasdan tashqariga yo'l oldi.

Taksida xomush ketib borarkan, xayolan o'ziga o'zi dedi:

— Men haromilarni o'ldirishdan charchamayman, to'xtamayman, qo'rqmayman!

 

* * *

 

Oradan bir kungina vaqt o'tdi. Mirsoli Masha va barzangini tinchitgach, umuman xavotirga tushmadi. Podpolkovnikka ishondi, qolaversa, bu galgi qotillikni negadir gunohga yo'ymadi. Qancha o'ylamasin, baribir o'zini oqlab chiqaverdi.

Erta tongda esa internet klub eshigi oldida turguvchi soqchi yigitlardan biri tashqarida kimdir kutayotganini aytib qoldi. Mirsoli sezdi. Kutayotgan odam podpolkovnik ekaniga ishonib, sovuq tirjayish qilgancha unga peshvoz chiqdi. To'g'ri sezibdi. Podpolkovnik telefon orqali aytilmaydigan ish chiqqan palladagina o'zi tashrif buyurardi. Mirsoli mashina tomon shoshmasdan yurib borarkan, ich-ichdan g'ururlanib qo'ydi. O'zini shunday katta lavozimli, hurmatli odamlar qidira boshlaganidan mamnun bo'ldi. Ammo podpolkovnikning qovoqlari uyiq, qandaydir badjahl qiyofada edi. Ustiga ustak har safargidek u mashinadan pastga tushmadi. Tek, Mirsoli tarafga hissiz tikilgan ko'yi o'tiraverdi.

«Bu ja haddidan oshyapti, — ko'nglidan o'tkazdi Mirsoli g'ijinib. — Mana, mashinadan tushmaydigan odat chiqaribdi. Hademay kabinetidan turib buyruq bera boshlaydimi nima balo?..»

— Uka, ishning pachavasini chiqaribsan-ku, — deya Mirsoli yoniga o'tirgani hamono zardali ohangda so'z qotdi podpolkovnik. — Meni ogohlantirmay, maslahatlashmay qilib qo'ygan ishing nimasi?

— Nima qilibman? — go'yo hech narsadan xabari yo'qdek savol tashladi Mirsoli. — Nima, bugun chap yoningiz bilan turganmisiz kelar-kelmasdan zahringizni sochyapsiz? Nima qilibmiz biz gunohkorlar, taqsir?

— Bilmaysanmi nima qilganingni? Masha, anavi Petya… Ularni nega o'ldirding? Dumingni bosvolishdimi?

— Ho'v, oka, — podpolkovnik bilan tanishgandan beri ilk bor do'q aralash so'z qotdi Mirsoli. — Og'zingizga qarab gapiring! Tilga ehtiyot bo'ling! Tag'in ari chaqvolmasin!

— O'sha ari senmi? — bo'sh kelmasdi podpolkovnik. — Qani, chaq, yoningda o'tiribman! Nega tek o'tiribsan? Chaqmaysanmi?

— Men chaqsam paytini topib, keyin… Juda yomon chaqaman, brat! Nega keldingiz? Bizga ish bormi? O'zingizcha o'dag'aylaysiz!.. Meni kim deb o'ylayapsiz?

— Bo'ldi, bo'ldi, uka, o'zingni bos, — podpolkovnik Mirsolini hayratga solib bir zumda qiyofasini, muomalasini o'zgartirdi va bosiqlik bilan davom etdi. — O'shalarni o'ldirishdan oldin menga shipshitib qo'ysang yaxshi bo'lardi-da! Har holda odam-ku ular!..

— Menga muddaongizni ayting! Aql o'rgatadiganlarim allaqachon o'lib ketishgan.

— Bo'pti, jahling chiqmasin, Krutoy! Asosiysiga o'taman. Bo'ldi, o'zingni bos!

— Nima u asosiysi?

— Sen bir qonunni yaxshi bilmaysan shekilli-a?

— Qanaqa qonun?

— Har bir qarz o'z vaqtida uzilishi kerak. Shuni bilasanmi?

— Xo'sh, kimdan qarzdor ekanman? Tushunmadim.

— Mendan, albatta.

— Sizdan? Yo'g'-e, adashmasam, qarzimni to'laganman shekilli? Yo noto'g'rimi?

— U boshqa qarzing uchun edi. Anavi ikkita jasadning xunini to'lamading hali. Harqalay, qotillikka qo'l urgansan. Bu jinoyat. Turmaga tushishing kerak aslida.

— Iltimos, turma haqida gapirmang! Men turmaga tushmasligim kerak.

— Bilaman, chunki turmaga tushsang, tirik chiqmasliging tayin. Nega deganda u yerda senga tish qayrab turganlar juda ko'p.

— Bu-ku, mayli, boshga tushganni ko'z ko'radi. Lekin men turmaga tushsam, sizni tortib ketishdan qo'rqaman. Axir, biz birgalashib qancha gunohlar qilganimizni bilasiz… Ha, mayli, o'tgan ishga salovat. Ayting, nima qilay? Tushuntiribroq gapirsangiz, yaxshi bo'lardi, brat!

Podpolkovnik Mirsolining so'nggi so'zlarini tek turib eshitdi. Keyin esa majburan kulimsiradi. Jilmayish soxta ekani uning yuzlaridan aniq sezilib turardi. Shu holatda Mirsoliga ayyorona yer ostidan boqib, bosh chayqadi.

— Yomonsan, sira bo'sh kelging yo'q. Nuqul esimga solasan. Mayli, uka, turma ikkovimizgayam to'g'ri kelmaydi. Buyog'iga ahil bo'laylik. Odam dunyoga bir marta keladi. Bizam boshqalarga o'xshab yashab qolaylik. Nima deysan?

— Sizdan gapning indallosini kutyapman.

— Ha, shunday edi-a?.. Xullas, Masha va barzangining xunini to'laysan. Evaziga men ishni yopdi-yopdi qilvoraman. Ya'ni, ikkala jasadni boshqa birovning gardaniga yuklayman. Sen tinchgina ishingni qilaverasan.

— Ja ayyorsiz-a, podpolkovnik! Xo'p, qancha bo'larkan o'shalarning xuni?

— Har biri uchun ellik mingdan ko'kida to'laysan.

— O'h-ho', ishtaha zo'r-ku, brat! Sizning-cha, shuncha pulni qaerdan olaman?

— Bunisi sening muammong. Men bo'ladigan gapni aytdim. Bir tiyin kam bo'lmasligi kerak. Chunki meniyam beradigan joylarim bor. Og'zini nahang baliqday kappa ochib o'tiradiganlar bor. O'shalarni tinchlantirishim kerak. Endi tushungandirsan?

— Yaxshi, bunisigayam ko'ndim. Unda, ikki soatdan keyin o'sha o'zimiz ko'rishadigan joyga boring, yigitlardan biri olib boradi pullarni!

— Yo'q, bunisi menga ma'qul emas. Bu ishni sen va mendan bo'lak hech kim bilmasligi shart. O'zing boraqol, uka!

— Xo'p, o'zim boraman. Yaxshi boring, omadingizni bersin!

— Krutoy, yana bir gapni aytmoqchiydim…

Mirsoli toqati toq bo'lib jahl aralash podpolkovnikka yuzlandi.

— Nima gap tag'in?

— Internet klubingda kechqurunlari kazino yo'lga qo'yilganidan xabarim bor. Bu ish taqiqlanganini bilasanmi?

— Bilaman. Nimaydi?

— Demak, bu ishniyam men bosdi-bosdi qilib yurishimga to'g'ri keladi. Har oyda besh ming ko'kida berib turasan. Aks holda tekshiruvchilar kelsa, o'zing javob berishingga to'g'ri keladi. Harqalay, politsiya bo'limida o'tirib so'roq berish sengayam yoqmas-a? Yo adashdimmi?

— Roziman. Buniyam olasiz.

— Juda yaxshi. Unda xayrlashmaymiz. Seni ikki soatdan keyin o'sha joyda kutaman.

Mirsoli podpolkovnik bilan xayrlashdi-da, qovog'ini uygancha ofisga kirib ketdi.

 

* * *

 

Mirsoli internet klubdan mo'maygina daromad olardi. Bundan tashqari, «Smex»ga tegishli «tochka»lar ham unga yomon daromad hadya etmayotgandi. Tungi kazino ham millionlab pullarni hadya etardi. Keyingi kunlarda hashamatli uy, mashina sotib olish haqida o'yladi-yu, biroq hadeganda ikkilanaverdi. Negadir ko'ngli chopa qolmadi. Ikkilanishlardan ko'ngli g'ashlanib, yakshanba kuni tushga yaqin shaharni piyoda, yolg'iz sayr qilishni xohladi. Shu bahonada olamdan o'tgan ikki onasi, Zarina haqida o'ylash, shirin xayollar dengiziga sho'ng'ishini, bahonada yengil tortishini qalban seza oldi.

Qishloqda o'zini kuta-kuta dunyodan ko'z yumgan onasini ko'z oldiga keltirib, undan xayolan uzr so'ray-so'ray, yerosti yo'liga tushdi. Shu yo'l markaziy do'konlardan biriga olib borardi. Hech qursa bir dona o'ziga yoqqan kiyim xarid qilish ilinjida oldinga yurdi. Yerosti yo'lining yarmiga yetganda, chetda tik turgan ko'yi tilanayotgan o'smirga ko'zi tushdi. O'smir qora ko'zoynakda bo'lib, chamasi o'n ikki yosh atrofida edi. Mirsoli yaqinroq borib o'smirning nolali so'zlanishlariga jim quloq tutdi.

— Birodarlar, xudo bizni so'qir yaratdi, shu yo'l bilan qo'lingizga qaratdi! Nolishimdan ranjimang, birodarlar! Menday notavonga xayr qiling! Xudodan sizlarga baxt so'ray!

Mirsoli o'smirning nolalari, tashqi ko'rinishidan qattiq ta'sirlanib, uning qo'liga bir dona besh mingtalik pul tutqazdi. O'smir pulni qo'liga oliboq bir necha marta siypaladi-da, negadir boshini u yon, bu yonga tashlab bezovtalana boshladi.

— Senga nima bo'ldi, uka? — so'radi Mirsoli o'smirning ikki bilagidan tutib. — Nega pulni kissangga solmayapsan?

— Axir… Bu ko'p-ku, — dedi o'smir pul tutgan qo'llari bilinar-bilinmas titrab. — Menda… Qaytim yo'g'idi…

— Sendan qaytim so'ramadim. Kissangga sol pulni!

— R-rahmat, og'a, — dedi o'smir beixtiyor yig'lamsirab. — Umringiz uzoq bo'lsin! Kennoyim bilan baxtli bo'ling!

— Men uylanmagan bo'lsam-chi? — Mirsoli o'zi sezmagan holda shu o'smir bilan qiziqa boshlagandi. Shuning uchun atayin gapni cho'zishga urindi. — Xo'sh, unda nima bo'ladi?

— Kechiring, og'a! Men… Ko'zim ko'rmagani pand berdi-da!

— Menga qara, — dedi Mirsoli o'smirga boshdan oyoq razm solib. — Bu… Ko'zlaring tug'ilganingdan beri shunaqa… Ko'rmaydimi?

— Yo'q, albatta, — dedi o'smir ehtiyotkorlik bilan qo'lidagi pulni kissasiga solarkan. — Ikki yil bo'ldi bunga.

— Nima bo'ldi? Avariyaga uchradingmi?

— Shundan ko'ra avariyaga uchrab o'lsam yaxshiydi. Undanam battari bo'lgan.

— Shunaqa degin? Qani, menga boshidan ayt-chi! Aytaver, balki yordamim tegib qolar!?.

— Afsuski, hech kim yordam bera olmaydi, — dardli ohangda so'z boshladi o'smir. — Ko'zlarim endi o'la o'lgunimcha ko'rmasligi aniq.

— Menga qara, uka, — dedi Mirsoli asabiy lab tishlab. — Nima bo'lganini menga aytgin-chi! O'zingam yengil tortasan, ishon!

— Ikki yil burun yomon odamlarning qo'liga tushib qoldim. O'shandan beri…

— Ota-onang bormi?

— Yo'q, men bolalar uyida o'sganman.

— Tushunarli. Xo'sh, qanday qilib yomon odamlarning qo'liga tushding?

— Bu… O'zimning muammmom. Sizga dahli yo'q, aka.

— Yo'q, undaymas, — dedi Mirsoli. — Bu meniyam muammom. Gapir, uka, qo'rqma! Har holda o'zing manavinaqangi tilanchilikni tanlamagandirsan? Nahotki, o'zing tanlagan bo'lsang?

— Yo'q, men bolaligimdan militsioner bo'lishni orzu qilardim. Hoziram orzu qilaman.

— Xo'p, nima xalal beryapti senga? Puling yo'qligimi?

— Yo'q, men u odamlarga qarshi bora olmayman.

— Qiziq, — Mirsoli yanada sergak tortib, o'smirga qattiqroq tikildi. — Oting nimaydi?

— Bogdan.

— Menga qara, Bogdan, qaysi odamlarni nazarda tutding hozir?

— Baribir aytmayman. Haqim yo'q.

— Shunaqami? Mayli, oldin menga ayt, ko'zing nima sabab bo'lib ko'rmay qoldi unda? Biror xavfli xastalikka uchradingmi?

Bogdan chuqur xo'rsinib, bir muddat o'yga toldi. So'ngra yana so'z boshladi.

— Men soppa-sog' edim. O'sha yaramas Misha ko'zimni… Ko'zlarimni ko'rmaydigan qilib qo'ydi.

— Qaysi Misha? Kim haqida gapiryapsan? Tushunmadim.

— Misha juda yomon odam. U so'ziga kirmaganlarni ayab o'tirmaydi. Yomo-on uradi.

— Shunaqa degin?!. Xo'sh, Misha nima qildiki, ko'zlaring ko'rmay qoldi?

— Ular ko'pchilik. Adashmasam, olti kishi. Meni Misha ko'chada ko'rib qolib, o'sha yerto'laga sudrab kelgan. Borishni xohlamagandim, rosa tepdi. Keyin majbur bo'ldim. Yerto'lada esa yana menga o'xshagan bolalar yetti kishi ekan. Ularniyam ko'zlarini ko'rmaydigan qip qo'yishgan.

— Voy ifloslar-ey! Nima qilishdi? Ko'zlaringga biror o'tkir narsa tiqishdimi?

— Yo'q, ular qo'l-oyoqlarimni boylab qo'yib… Keyin ko'zlarimga qizib turgan qoshiqni bosishgan. Men hushimdan ketib qolganman. O'zimga kelganimda esa… Ko'r bo'lib qolgandim. Ha, baqir-chaqir qilmasligim uchun og'zimni skotchlab qo'yishdi… Undan so'ng Misha yonidagilar bilan birga meni tilanishga o'rgatdi. Siz pul bergan vaqtdagi so'zlarni yodlatgan. Hozir esa biz bolalar bilan sakkizta «tochka»da turib tilanamiz. Kechqurun bizni mashinada yig'ib yerto'laga olib borishadi. Bor pullarimizni tiyin-tiyinigacha olib qo'yishadi.

— Ovqat-chi? Berishadimi?

— Non va suv berishadi… Aka, qachon issiq ovqat ichganim esimdan chiqib ketgan. Lekin judayam go'shtli ovqat yeyishni istardim…

— Bo'ladi senga go'shtli ovqat, uka, — Bogdanning g'amgin hikoyasini eshitib, Mirsoli g'azabga to'ldi. Shu lahzadayoq bu so'qir bolakayga yordam bermasa bo'lmasligi, zo'ravon, ablahlarning jazosini bermasa tinchlana olmasligini anglab yetdi. — Sen hech narsadan, hech kimdan qo'rqma! Meni hoziroq o'sha yerto'lanngga olib borasan. Qolgan bolalarniyam yig'ib chiqamiz.

— Yo'-o'q, — turgan yerida bezovta yer tepib norozilandi Bogdan. — Hali ish vaqtim tugashiga ancha bor, aka! Q-qo'rqaman!

— Qo'rqma dedim-ku! Senga yordam bermoqchiman. Ishon, sen ortiq yerto'lada yashamaysan. Mening himoyamda yashaysan. Sen albatta katta odam bo'lasan! Senga so'z beraman.

— Aka, ular yomon odamlar! Sizniyam…

— Mendan xavotir olma! Yaxshisi, ko'rsat menga ularni! Sheriklaringniyam himoyamga olaman. Sizlar endi hech qachon tilanmaysiz…

Bogdan Mirsolining so'zlaridan ruhlandimi, ortiq qarshilik qilmadi.

Mirsoli uning qo'ltig'idan olib, tashqariga yetakladi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT