DARDIMIYoNA… (22-qism)

0

 

* * *

 

— Bundan qutulishning yo'li bor, — dedim o'zimga o'zim ichki qo'rquvni yengish uchun va atayin polni gursillatib bosib, oshxonaga kirdim. Muzlatkichni ochib, kechagi yarimtani oldim-da, turgan joyimda qultillatib ichdim. Xoh ishoning, xoh ishonmang, suvday ketdi. O'zimga o'zim qoyil qolib, ruhlanib, yutishda davom etdim. Buni qarangki, birpasda shishaning tagi ko'rindi. Keyin «Ey-y, bor-e!» deb bir tomchi qolguncha sipqordim. Stulga o'tirdim. Peshonamga qo'limni tiradim. «Hov, eshshak, — dedim o'zimga o'zim, — nima qilding?! Sen itni shu umidda birovning yurtiga jo'natishganmidi? Shu umiddami?!» Beixtiyor o'rnimdan sakrab turdim-da, stolni qarsillatib tepdim. Yana tepdim. Yana. Keyin mushtladim. Go'yoki hamma balo-qazoga stol aybdor-u, mayda-mayda qilib tashlamasam bo'lmaydigandek. Charchadim. Ammo qandaydir yengil tortib qolganday edim. Odam o'zini o'zi haqorat qilsa, boshqacha bo'larkan. Alamini jonsiz narsalardan olsa, yengil tortar ekan.

Ishdan chiqishimdan avval Aleksandra ismli sariq, yo'q, sariq emas, qandaydir oq sochli qiz bo'g'irsoq bergandi. Uyidan olib kelgan ekan. Onasi: «Tushlikda yeysan», deb berib yuborgan ekan. Lekin u tushlik uchun qahvaxonaga chiqibdi (tavba, kim kafeni qahvaxona deb o'zbekchalashtirgan? Sira mos kelmaydi-ya!). Bo'g'irsoqlarni qaytarib olib borsa, onasi xafa bo'larkan. Shuning uchun ko'ziga yaxshi ko'ringanlarga bo'lib berdi. Ikkitasi menga tekkandi. Tushdan keyin edi. Yo'q, beshlarga yaqin. Shu bo'g'irsoqlar sababmi, darrov mast bo'lib qolmadim. Qaytanga kallam ishlab ketdi. Lyuba kelyapti. Uyda yolg'iz o'zimman. U bilan qancha o'tiraman, bilmayman. Balki, oraga shayton tushib, kutilmagan ishlarga qo'l urishimizga majbur qilib qolar. Buning ustiga, ichdim. Hademay ichkilik ham karomatini ko'rsatib qolsa kerak. Hozircha, ha, xuddi shunday, hozircha u kayfimni oshirmayapti. Biroq yana besh-o'n daqiqadan keyin mast bo'lib qolsam-chi? Lyuba kelganidan keyin o'zimni tutib turolmasam-chi?.. Men, men uylanadigan qiz bunaqa ahvolga tushib, ana undan keyin menga xotin bo'lishini istamayman. Shoshma, topdim. Topdim.

Qo'limga telefonimni oldim-u, Genaga qo'ng'iroq qildim. U darrov telefonini olib: «Nima gap, tinchlikmi?» dedi.

— Oshna, bitta iltimos. To'g'rirog'i, yordaming kerak bo'lib qoldi.

— Bemalol aytaver.

— Masjidga borsang. Imomni bu yoqqa olib kelsang.

— Esing joyidami? Uni nima qilasan?

— Kerak, og'ayni. Olib kelganingdan keyin hammasini o'zing bilib olasan. Minnatdor bo'lardim. Unutmasdim yaxshiligingni.

— Lekin menga qimirlamaslik buyurilgan.

— Mendan xavotir olma. Qo'limda qurolim bor…

— To'pponchang ham ish bermay qoladi. Avval ishlatganmisan o'zi birorta qurolni?

— Muammosi yo'q.

— Qo'ysang-chi. Ajalimdan besh kun oldin o'lish niyatim yo'q.

Jahl bilan telefonni o'chirdim. So'ng devorni tepdim. Agar shayton suvidan ichmaganimda, hech qachon devorni tepmagan, so'kinmagan bo'lardim. Agar o'sha zahoti xayolimga Zohid kelmaganida, bilmadim, nima qilardim?!

— Shoshilmayapsanmi? — dedi Zohid iltimosimni oxirigacha eshitganidan keyin.

— Yo'q, hammasini oldindan o'ylab qo'yganman. Faqat tezroq bo'l.

— Bo'pti.

Kayfiyatim tubdan o'zgardi. Qo'shiq aytib yubordim.

Dasturxonni qo'ldan kelgancha bezatdim. Kamina oldin sira bunaqa yumushni bajarmagan. Juda qiyin ekan.

Ko'p o'tmay eshik qo'ng'irog'i jiringladi. Yo'q, bundan oldin pastda, mashinada o'tirgan Gena qo'ng'iroq qildi. «Anavi qizing keldi», dedi. «Shu safar, mayli, o'tkazib yuboraman», dedi. «Keyingi safar ogohlantirib qo'y», dedi. Men gapirishga ulgurmadim. Telefonini o'chirib qo'ydi.

Nazarimda, Lyuba har doimgidan-da ochilib ketganday edi. Uning jilmayishi o'ziga shunaqa yarashardiki, zo'rg'a o'zimni bosdim. Shunda ham qo'lidan ushladim. «Kir, zoriqib kutayotgandim», dedim. Uning ko'zlari charaqlab ketdi. Oh, bu go'zallikni ko'rsangiz edi! Lekin bir hisobdan, ko'rmaganingiz ham ma'qul. Axir rashk qilaman.

— Meni hayron qoldirding, — dedi u ichkariga qadam tashlarkan.

— Hayron qoladiganing hali oldinda… Ertaroq kelganing yaxshi bo'ldi. Pishir-kuydirni yaxshi bilasan, to'g'rimi? Hali ikkalamiz kamida ikki xil taom pishirishimiz kerak.

Undan xushbo'y atir hidi kelardi. Boyagidan mast bo'lmagandim. Ammo xushbo'y anbar hidi mast qilayozgandi. Dovdiragancha shoshib-pishib gapirayotgandim.

— Tinchlikmi? Nima bo'ldi? Birorta bayram, tug'ilgan kun bormi? Sening tug'ilgan kuningmi? Nega ertaroq aytmading? — dedi u savollarni qalashtirib.

— Bayram bor. Ammo tug'ilgan kun emas. Bayram ikkalamizniki… Agar sen… Agar sen… Yaxshisi, darrov oshxonaga yur, halizamon kelib qolishadi. Ulgurmaymiz.

— Tushuntiribroq gapirsang-chi, nima bo'ldi o'zi? Kim kelib qoladi? Faqat ota-onam dema. Shunaqa desang, sendan judayam qattiq xafa bo'laman. Chunki ota-onang kelishiga boshqacha tayyorgarlik qilish kerak.

 

***

 

 

Men unga jilmaygancha qarab turar, so'zlagani sayin qattiqroq yaxshi ko'rib ketayotgan edim.

— Senga aytmasdan bir ish qilib qo'ydim, Lyuba. Agar hozir sen yo'q desang, hech nima bo'lmaydi, — dedim nigohimni undan uzmay. Shu bilan birga hali u menga jufti halol emas. Hali u begona. Tikilishim — zino. Ko'z zinosi. Ey, Tangrim, O'zing kechir.

Ming, million martalab istamasdan ko'zimni undan oldim.

— Nahotki. Qani, ayting-chi, jentlmen. Agar…

— Oshxonaga yur, shu yerda biron nimalar pishirayotib gaplashamiz.

Lyuba oshxonaga kirdi. Fartuk taqdi. Men kartoshka-piyozni stol ustiga qo'ydim. U pichoqni qo'liga oldi. O'zicha o'qraygan bo'ldi-da:

— Qo'limda qurolim bor. Tezroq ustimdan qilingan ish to'g'risida aytmasang, qurolimdan foydalanaman.

— Men senga uylanaman. Bugun. Yana bir soatlardan so'ng. Mulla keladi. Nikoh o'qiydi.

Unga qaramadim. Qaramasdan gapirdim. Qaraganimda hech nima deyolmasdim. Qanchalik undagi o'zgarishni ko'rgim kelgandi. Ammo nima qilayki, so'zlashdan ortig'i qo'limdan kelmaydi hozir.

— Rustam…

Uning ovozi qaltirab chiqdi. Shu bois Lyubaga boqishga majbur bo'ldim. Chehrasida nim qizillik paydo bo'lgan, labi bilinar-bilinmas titrardi.

— Rustam, — takrorladi u, — iltimos, meni qiynama. Hammasini bir boshdan gapirib ber. Agar ozgina hurmatim bo'lsa, tushuntir.

— Aytdim-ku. Men senga uylanmoqchiman…

— Lekin sen mendan rozilik olmading. Hattoki yoqtirishingni aytmading. Birdan uylanaman, nikoh o'qiydi, deysan. Menimcha, bularning bari boshqacha bo'lishi kerak edi. Nazarimda, sen mening xo'jayinimsan. Buyruq beryapsan va buyrug'ing ado etilishi kerak. Bunday o'ylab qarasang, men hisobda yo'qdayman.

— Bilmadim. Birdan o'z-o'zidan shunday qilgim keldi. Chunki seni yoqtiraman. Seni boshqa birov ilib ketishini istamayman.

— Sen hech qachon sevishingni aytmagansan.

— Faqat, faqat Yaratganni sevish mumkin. Qolganlarni yoqtirish, yaxshi ko'rish mumkin.

Lyubaning qo'lidagi pichoq tushib ketdi.

— Yaramas! — deya pichirladi u. — Bitta gul ham sovg'a qilmading-a. Oh! Ammo original chiqdi. Bunaqasini sira kutmagandim.

— Sensiz bo'lmayapti. Nikohsiz yoningga yaqinlasholmayman. Men fuqarolik nikohi degan narsani tushunmayman. Shuning uchun uylanmoqchiman.

— Vaqt o'tib yoqtirmay qolsang-chi.

— Yaratganga, keyin o'zimga ishonaman. Sen yomon qizmassan.

— Seni men yoqtirmasam-chi. Umuman olganda, men uchun ham qaror chiqarganing…

— Sen rozimasmisan? — deya unga termildim.

— Men… Men… Men roziman! Roziman, Rustam! — u shunday deya birdan bo'ynimga osildi va yig'lab yubordi.

To'g'risini aytsam, o'zimning ham o'pkam to'lib, ko'zimga yosh keldi. Zo'rg'a o'zimni bosib:

— Xonim. Xonim, hozir odamlar kelishadi. Biz esa tayyormasmiz, — dedim.

U oldin yuzimdan o'pib qo'ydi. So'ng «Jinni!» dedi. Ana undan keyin ishga kirishdi. U kartoshka archirkan, «Hech narsam yo'q, tayyor emasman. Odam ham shunaqa qiladimi? G'alati. Sal oldinroq aytganingda tayyor bo'lib kelardim», der, shuning bilan birga ovoz chiqarib kulardi.

Endi biz yettinchi osmondamiz. Qo'yib bersa, sakrab o'ynab ketadigan chog'imiz bor. Oh-oh-oh! Hammagayam shunaqangi baxt nasib qilsin-da. Hammayam mendayin o'zini qo'yarga joy topolmay, shoshib surinib qolsin-da. Hammayam qo'shiq aytib yuborsin-da.

— Haligi, Lyuba, bilasanmi, men… Men, aslida, boshqacha qilmoqchiydim. Ammo…

— Yaxshi yigit, — dedi u jilmaygancha menga tikilib, — nechta odam keladi?

— Uchta… Ey-y, to'rtta. Zohid. Keyin dugonang Nadya, mulla va pastda boshqa ish topolmaganida meni qo'riqlab mashinada o'tirgan Gena…

Lyubaning yuzi jiddiy tortdi.

— Nadya nikohlanayotganimni mendan oldin bildimi? — deya so'radi kipriklari pirpirab.

— Yo'q. Uniyam hech nimadan xabari yo'q. Bittagina Zohid biladi. Endi unga aytmasdan ilojim yo'q edi. Chunki mulla olib keladi-da.

— Sizlar bizni aniq jinni qilasizlar. Bo'pti, sen piyoz archib tur, men dasturxondan xabar olayin.

Ikkimiz hash-pash deguncha ikki xil ovqatni qozonga bosdik. So'ng Lyuba tayyorgarligini boshladi. Men qo'limni orqamga qilgancha u yoqdan bu yoqqa yurib, o'zimcha reja tuza boshladim.

Ovqat tayyor bo'lganidan keyin taxminan o'n daqiqa o'tib Zohid keldi. Albatta, u bilan birga Nadejda va mulla ham bor edi. Men ularning kelishi haqida Gennadiyga xabar berib, o'zining ham mehmonlar bilan birga chiqishini tayinlagandim.

To'g'risi, hamma hayratda edi. Kim mana shunaqa yarim kechasi nikohlanadi? Menimcha, hali bunaqasi bo'lmagan. Lekin nima qilayin, endi taqdirning o'zi shunga boshqarib turgan bo'lsa?

— Nima qilyapsan? — dedi Gennadiy qo'limdan ushlab, chekkaroqqa tortarkan.

— Ko'rmayapsanmi, uylanyapman.

— Shuni boshqa payt qilsang bo'lmaydimi? Hozir, bugun tunni birga o'tkazaver. Ertaga…

— Boshqa gapirma, — dedim uning gapini bo'lib.

— Unda menga quyib ber. Ikkovingning baxting uchun olayin-da, pastga tushib ketayin, — deya irjaydi Gennadiy.

— Bo'pti.

Bor-yo'g'i ikki qadam tashlagandim. Birdan o'q ovozi eshitildi. Deraza oynasi chil-chil sindi. Qizlardan biri chinqirib yubordi.

Gennadiy tashqariga yugurdi. Yashin tezligida. Uning qanday qilib qo'lidagi idishni tashlab yuborganini va eshik ortiga o'tganini sezmay ham qoldim. Sezganim, eshikning qarsillab yopilgani bo'ldi.

Deraza yoniga bordim. Butun gavdamni devor ortiga bekitib, pardani ozgina surdim-da, pastga qaradim. Bir odam uy yonidagi yo'lning o'rtasida cho'zilib yotibdi. Boshqa hech nima yo'q. O'q ovozi bor-yo'g'i bir marta eshitildi. Agar o'sha o'q bizning derazaga tekkan bo'lsa, unda pastdagi odam qanday qilib cho'zilib qoldi.

Oradan ikki-uch daqiqa o'tar-o'tmas tashqarida Gennadiy paydo bo'ldi. Gena u yoq-bu yoqqa qaradi. Keyin telefonini oldi. Qo'ng'iroq qildi. Menga. Men shoshib telefonimni oldim-u, qulog'imga tutdim.

— Bizga daxli yo'q, — dedi u.

— Cho'zilib yotgan kim? — so'radim hovliqib.

— O'zaro janjal bo'lganga o'xshaydi. Ikkitasi qochib ketyapti. Men mashinani uzoqroqqa qo'yaman. Yo'q, yaxshisi, bu yerdan ketganlaring ma'qul. Yo'q joydan boshlaringga balo orttirib olasizlar, — dedi Gennadiy.

Shu yetmay turgandi. Bu falokat endi qaysi go'rdan chiqib qoldi. Gennadiy haq. Bu yerdan ketmasak, boshimiz baloga qolib ketishi aniq.

— Nima bo'lyapti? — deya so'radi Lyuba yonimga kelib.

— Ketishimiz kerak. Derazamiz sinmaganida ham mayli edi, — dedim unga va shosha-pisha mullaning yoniga borayotganimda Lyuba qo'limdan qattiqroq tortib, to'xtatdi.

— Baribir, hech narsaga tushunmayapman. Nima bo'lyapti o'zi?! — dedi u yig'lamoqdan beri bo'lib.

— Lyuba, bitta narsani hech qachon esingdan chiqarma. Hech nima o'z-o'zidan sodir bo'lib qolmaydi. Hozir tasodiflar dunyosi emas. Darrov tayyor bo'l, hovli tomondan chiqamiz.

Mulla ham nimadir demoqchi bo'ldi. Mening ham unga aytadigan gapim bor edi. Shuning uchun ham Lyuba to'xtatmasidan burun uning yoniga ketayotgandim. Ammo Lyuba bilan gaplashgach, tilimni tishladim.

Biz shoshardik. Zinalarning ikkitasini bir qilib pastga shitob bilan tushardik. Qariyb tushib bo'lgandik. Bir qavatgina qolgandi. Birdan Nadejda yiqilib tushdi-da, «A-a-a!» deya baqirib yubordi. Hammamiz to'xtab, unga qaradik. Tuflisining poshnasi baland ekan. Poshna yoki oyoq qayrilgan. Balki, ikkovi ham barobar. Shuningdek, ikkalasi ham jabrlanganga o'xshaydi. Poshna, ko'rinib turibdi, sinib yotibdi. Oyoq-chi? Nadejdaning ingrashiga qaraganda, unga ham bir nima bo'lgan.

— Ko'tar! — dedim Zohidga baqirib.

U avval menga ko'zini olaytirib qaradi, so'ng mullaga.

— Hali… — deya endi gap boshlagan edi hamki, og'ziga urdim:

— Hali-palini yig'ishtir-da, ko'tar!

Zohidning bilagi baquvvat. Nadejdadan ikkitasini bemalol ko'tarib keta oladi. Ammo Nadya begona. Qanday ko'tarsin?

— Anqovlanib turaverasanmi?! — deya baqirib yubordim sof o'zbek tilida. Shundan keyin u harakatga tushdi. Hovli tomon ko'cha tarafga nisbatan xiyla qorong'i edi. Yaqiniga bormasang, birovni taniyolmaysan. Yaxshi, dedim o'zimga o'zim, suratkash matohining «ko'zi» o'tmaydi.

(davomi bor)

Nuriddin ISMOILOV