Mirjalol Qosimov: «To'ydan oldin nog'ora chalmaylik»

0

AGMK – «Istiqlol» uchrashuvidan oldingi matbuot anjumanida mezbonlar ustozi Mirjalol Qosimov va yarim himoyachi Jasur Hasanov ishtirok etdi.

«Xudo xohlasa ertaga AGMK jamoamiz uchun yangi mavsum boshlanmoqda. Fursatdan foydalanib «Paxtakor» jamoasiga omad tilab qolaman. Keyinroq «Lokomotiv» klubiga ham omad yor bo'lishini tilayman. Ertaga yaxshi niyat bilan maydonga tushamiz. Hozir hamma futbol o'ynashni o'rganib olgan. Bitta muammo – mavsum boshida ekanligimiz. Raqibni hurmat qilamiz, ammo maydonga g'alaba uchun tushamiz», – deydi Mirjalol Qosimov.

«Tayyorgarlik yaxshi bo'ldi. Ertaga qiyin o'yin kutib turibdi. «Istiqlol» bilan uchrashuvga 100 foiz tayyormiz. Muxlislarga g'alaba taqdim etishga harakat qilamiz», – deydi Jasur Hasanov.

– Ikkala jamoada ham yangi murabbiy va yangi futbolchilar kelgan. Bundan tashqari mavsum boshi. Shunday holatda g'alaba qozonishda nima muhim rol o'ynaydi deb o'ylaysiz?
– Maydonga katta ishtiyoq bilan tushish kerak. Yangi jamoa bo'lgani uchun chiziqlar o'rtasidagi bog'liqlikni o'rnatishga urindik. Jamoaviy o'yin bo'lganidan keyin bir birini yaxshi tushunib harakat qilish lozim. O'rtoqlik o'yinlarida tarkibni o'zgartirib ham turdik. Jamoaviy o'yinni yo'lga qo'yish uchun 10 kun yoki bir oy yetarli emas.

– Legioner haqida fikrlaringiz qanday?
– Hozircha ular to'liq tayyor emas. Bundan tashqari bir legionerimiz jarohat olib qoldi. Hali mavsum uzoq davom etadi. Shu bois yaqin orada ularning foydasi tegadi. Ular jamoaga moslashib ketishlari lozim.

– «Istiqlol» haqida qanday fikrdasiz?
– Jamoaning mavsumoldi yig'inlardagi o'yinlarini ko'rdik. Ammo videoda ko'rish boshqa, maydonda ko'rish boshqa. Barchasi ertaga maydonda ko'ramiz.

– AGMK tayyorgarlik doirasida mashg'ulotlarni turli stadionlarda o'tkazdi. Futbolchilarning kayfiyati qanday?
Jasur Hasanov: – Barchaning kayfiyati ajoyib. Xorijda, Dubayda yig'in o'tkazdik. Yigitlar bilan bo'lajak bahslarga yaxshi tayyorgarlik ko'rdik.

– Tarkibga ko'plab yangi futbolchilar taklif etildi. Ammo tan olish kerak o'zini ortidan ergashtira oladigan futbolchi yo'q. AGMK yangi mavsumda «Lokomotiv» va «Paxtakor» kabi klublarga raqobat qiladimi?
– Agar Messi bo'lganida boshqa gap edi (kuladi). Tarkib imkon qadar kuchaytirildi. Ammo seleksiya ishlari butun mavsum davomida kechadi.

– «Istiqlol»ni hurmat qilgan holda keyingi raqibni o'rganish ishlari boshlandimi?
– Har qanday raqibni hurmat qilish kerak. Mening prinsipim shunday: Dastlab birinchi zinaga chiqish, undan keyin ikkinchi zinaga chiqish. Shunday ekan hozir bu haqida gapirishga biroz erta.

– Siz O'zbekistonda 5ta klub safida OChLda o'ynagan yagona futbolchiga aylandingiz. Tajribali futbolchi sifatida jamoada yetakchilikni qo'lga olishga tayyormisiz?
Jasur Hasanov: – Albatta bundan xursandman. «Bunyodkor» safida bir necha yillar davomida OChLda o'ynab tajriba to'plaganman. Shunday ekan boshqalardan katta futbolchi sifatida yoshlarga yordam berishga tayyorman.

– Olmaliq kon metallurgiya kombinati rahbariyati va olmaliqlik muxlislarga qanday tilaklarni bildirasiz?
– Avvalo rahbariyatga rahmat aytaman. Bizga sharoitlarni yaratib berishganiga yigitlar nomidan minnatdorchilik bildirib qolaman. Muxlislarga esa stadionga kelib bizni qo'llab turishlarini so'rab qolaman. Moskva ham bir kunda qurilmagan. AGMKni kuchli jamoaga aylantirishga harakat qilamiz.

– Siz faoliyatingiz davomida ko'plab futbolchilarni kashf qilgansiz. AGMKda ham shunday yashirin qurol bormi?
– To'ydan oldin nog'ora chalmaylik. Tarkibda ko'plab yoshlar bor, agar o'zini ko'rsata oladigan yoshlar yetishib chiqsa albatta xursand bo'laman.

Narzulla Saydullayev

Championat.asia