VPN’dan foydalanasizmi? Buning uchun jinoiy javobgarlikka tortilishingiz mumkin!…

2

O'zbekiston Respublikasining 2018 yil 22 oktyabrdagi ​«O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonuni bilan telekommunikatsiya tarmog'idan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanganlik (2787-modda) uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Ushbu modda nimani anglatadi? Bu internet foydalanuvchisining VPN ilovasidan foydalangani javobgarlikni nazarda tutadimi? Bu haqida kun.uz xabar qilmoqda.

O'zbekiston Respublikasining ​«Normativ-huquqiy hujjatlar to'g'risida»gi Qonunining 43-moddasiga muvofiq O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga rasmiy sharh O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan beriladi.

Shu tufayli Jinoyat kodeksining 2787-modda (telekommunikatsiya tarmog'idan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish)si yuzasidan ilmiy-nazariy tushuntirish uchun Toshkent davlat yuridik universitetiga murojaat qildik.

​«2787-modda ikki qismdan iborat. Mazkur moddaning birinchi qismiga ko'ra o'rnatilgan himoya tizimlarini chetlab o'tgan holda telekommunikatsiya tarmog'idan foydalanish va xalqaro trafikni o'tkazish maqsadida telekommunikatsiya tarmog'idan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish, shuningdek mazkur maqsadlar uchun mo'ljallangan maxsus dasturiy yoki apparat vositalarini qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) saqlash va ularning faoliyat ko'rsatishi uchun sharoitlar yaratish eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

1999 yil 20 avgustdagi 822-I-sonli O'zbekiston Respublikasining ​«Telekommunikatsiyalar to'g'risida»gi qonunda «telekommunikatsiyalar», ​«telekommunikatsiyalar tarmog'i» tushunchalariga ta'rif berilgan.

Unga muvofiq telekommunikatsiyalar – signallar, belgilar, matnlar, tasvirlar, tovushlar yoki axborotning boshqa turlarini o'tkazgichli, radio, optik yoki boshqa elektrmagnit tizimlaridan foydalangan holda uzatish, qabul qilish, qayta ishlash; telekommunikatsiyalar tarmog'i esa – uzatishlarning bir yoki bir necha turini: telefon, telegraf, faksimil turlarini, ma'lumotlar uzatish va hujjatli xabarlarning boshqa turlarini, televizion va radioeshittirish dasturlarini translyatsiya qilishni ta'minlovchi telekommunikatsiya vositalarining majmuini anglatadi.

Quyidagi qilmishlar Jinoyat kodeksi 2787-moddasi bilan javobgarlikka tortilishi mumkin:

– foyda ko'rish maqsadida qonunga xilof ravishda xalqaro so'zlashuvlarni tashkil etish;

– o'rnatilgan himoya tizimlarini chetlab o'tgan holda xalqaro trafikni davlatlararo uzatish;

– xalqaro telefon tarmog'ini chetlab o'tgan holda trafikni o'tkazish yo'li bilan g'ayriqonuniy xalqaro telefon aloqasini tashkil etish uchun Internetdan foydalanish;

– o'rnatilgan himoya tizimlarini chetlab o'tgan holda telekommunikatsiya tarmog'idan foydalanish;

– telekommunikatsiya tarmog'idan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanishga mo'ljallangan GSM, IP, SMS-shlyuzlar va shu kabi maxsus dasturiy yoki apparat vositalarini qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) saqlash yoki ularning faoliyat ko'rsatishi uchun sharoit yaratish va boshqalar.

Odatda, telekommunikatsiya tarmog'idan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanilganda GSM, IP va SMS-shlyuzlardan foydalaniladi. Bunday shlyuzlar tushunchasi O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining

2018 yil 21 maydagi 173-sonli buyrug'i bilan tasdiqlangan ​«Ma'lumotlar uzatish tarmog'i, shu jumladan Internet xizmatlarini ko'rsatish qoidalari»da keltirilgan:

– GSM-shlyuz – mobil aloqa tarmoqlari va telekommunikatsiyalarning boshqa tarmoqlari o'rtasida trafikni o'tkazish uchun mo'ljallangan apparat-dasturiy vosita;

– IP-shlyuz – IP tarmoqlar va telekommunikatsiyalarning boshqa tarmoqlari o'rtasida trafikni o'tkazish uchun mo'ljallangan apparat-dasturiy vosita;

– SMS-shlyuz – mobil telefondan foydalanmasdan SMS xabarlar jo'natish va olish imkonini beradigan apparat-dasturiy vosita.

2787-moddaning ikkinchi qismida og'irlashtiruvchi holatlar belgilangan. Ya'ni, so'z yuritilayotgan qilmishni bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, shaxsning o'z xizmat mavqeidan foydalanib, shuningdek uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko'zlab sodir etilishi eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi», – deyiladi TDYuU rasmiy vakili.

Eslatib o'tamiz, elektron texnika vositalari yordamida noqonuniy ravishda xalqaro aloqa xizmati ko'rsatish bilan shug'ullanayotgan shaxslarning faoliyati fosh bo'lgani haqida avval ham xabarlar berilgandi. Balki muhokamatalab masalalar yuzasidan O'zbekiston Konstitutsiyaviy sudi rasmiy sharhlar berib borish amaliyotini ko'paytirar.

2 FIKRLAR

  1. Telekommunikatsiya tarmog'idan foydalanish qoidalari to'g'risida kichik hajmdagi broshyuralar, tarqatma varaqlarni tashkil etish zarur. Bo'lmasa bilmagan holda ushbu dasturga kirib ishlayotganligini ko'pchilik bilmaydi. internet tarmog'i yaxshi ishlarkan deb ishlatib ketaveradi.

  2. Xar bir fukaro erkin ma'lumot izlash va uni urganishga xukukli, agarda bu davlat siri bulmasa. Bu ma'lumotlar xammasi ochik dostupdagi ma'lumotlar. Internetdagi mma'lumotlar. Ularga tusik davlat tomonidan kuyilgan. Feysbuk Yutub davlat siri emas. Kani inson xukuklari? Kani suz erkinligi?

Comments are closed.