ShIQIR… (4-qism)

0

 

 

* * *

 

Muhiddin yo'lakka chiqqach, sekin sonini chimchilab qo'ydi. Agar shunday qilmaganda, xoxolab kulib yuborishi, muharrir bilan Abduvalini laqillatganini oshkor qilib qo'yishi mumkin edi. Ammo, baribir, piqillab kulishdan o'zini tutolmadi va darrov kafti bilan og'zini yopdi. Ana shu mahal xonasining ro'parasida turgan O'jarqul otaga ko'zi tushdi. Xursandchiligi ikki hissa oshib, ko'ngli yorishdi. Tez-tez odimlab, otaning yoniga borib salom berdi.

— Jurnalist xalqi bir joyda o'tiradimi, yo'qmi? — dedi chol u bilan ko'risharkan. — Ikki kundan beri kelaman. Seni topolmayman.

— Ozgina mazam bo'lmagandi, shunga kelolmadim, — deb bahona qildi Muhiddin jilmayib.

— Hozir tuzukmisan?

— Xudoga shukur.

— Unda yur, senga zarur ish bor. Ha, aytgancha, vaqting qanday?

— Bugundan boshlab otpuskaga chiqdim, ota. Endi bir oy g'irt bekorchiman.

— Boplabsan. Kakraz, senga otpuskaga chiqishing kerakligini aytmoqchiydim.

— Qaerga boramiz, ota? — so'radi Muhiddin O'jarqul otaga tikilib.

— Har qalay, seni jahannamga obormayman. Do'konimni ko'rsataman.

— Unda jon-jon deb boraman, — deb jilmaydi Muhiddin.

O'jarqul otaning qop-qora «Mersedes»da kelishi Muhiddinning tushiga ham kirmagan edi. Albatta, uning piyoda kelmaganligini bilardi. Har qalay, shuncha do'koni bor odam o'zini bunchalik xafa qilib qo'ymas, biror ulovda yurar…

Muhiddin O'jarqul ota bilan ko'chaga chiqqanda, havo issiq bo'lishiga qaramay, kostyum-shim kiygan yigit chaqqon harakat qilib mashinaning orqa eshigini ochdi. Jurnalist yigit unga havas bilan qarab qo'yarkan, yonidan shunchaki o'tib ketmoqchi edi, kutilmaganda O'jar-qul ota to'xtab, «Mers»ning orqa o'rindig'iga o'tira boshladi. Muhiddin avval mashinaga, keyin eshikni ochib turgan qoruvli yigitga, undan so'ng O'jarqul otaga bir-bir nazar tashladi. Keyin boshqalarning e'tiborini tortmaslik uchun, mashinani aylanib o'tib, narigi tomondan orqa eshikni ochdi-da, O'jarqul otaning yoniga o'tirib oldi.

«Mers» odamga o'zgacha zavq bag'ishlar ekan. Yurganini sezmaysan ham. Mashinalar o'z-o'zidan ortda qolib ketayotganga o'xshaydi. «Shunaqa zo'r mashinada ketayotganimni anavi ikkala tirriq ko'rmadi-da, ko'rganda bormi, hasaddan kuyib yonishardi… Ming dollarim bor, deganimda, qanday o'zgarishdi-yu… Lekin qoyil. Odam degani ob-havodan ham battar bo'larkan. Ammo boplab laqillatdim. Battar bo'lsin. Endi, bundan bu yog'iga hamisha shunaqa qilib og'zidan suvini oqizaman», deya xayolidan o'tkazdi Muhiddin.

— Umringda biron nima sotib ko'rganmisan? — so'rab qoldi bir mahal O'jarqul ota jurnalist yigitdan.

— Ha-a, — deb kuldi Muhiddin, — lekin eng ko'p sotganim gap bo'ladi.

O'jarqul ota hiringlab kulib, Muhiddinning yelkasiga qoqib qo'ydi:

— Xudo biladi shu gapni sotganingniyam… Menimcha, tekin ulashgansan. Afti-angoring aytib turibdi buni. Lekin biznesda bunaqa tekin ulashish ketmaydi. Har bitta narsa qadr-qimmati darajasida sotilishi kerak. Biz juda ko'p narsalarni pul bilan o'lchaymiz. Ammo bahosi yo'q narsalar ham bor. Ularni birma-bir aytib, kallangni qotirmoqchimasman. O'zing bilib olganing yaxshi, shunda qadrliroq bo'ladi, — deb xo'rsinib qo'ydi.

— Ota, — deb boshini qashladi Muhiddin, — anavi kungi aytgan gapingiz jiddiymi?

— Men hech qachon hazil gap gapirmayman. Nimaiki aytgan bo'lsam, demak, shunday.

— Qanday qilib…

— Qo'y shu gapni. Do'konga boraylik. Vaqt o'tsin, o'zing hamma narsani tushunib olaverasan.

Muhiddin qariyadan yana bir nimalarni so'ramoqchi bo'lib turuvdi, ammo tilini tiyishga majbur bo'ldi. O'ylab qarasa, uni qiziqtirayotgan savollarning asosiysiga O'jarqul ota bilan ilk marotaba ko'rishganlaridayoq javob olib bo'lgan ekan. Faqat bir narsani: qariya butun boshli do'konini besh-begona yigitga nima sababdan hadya qilib yuborayotganini haligacha tushunolmasdi.

Taxminan yigirma daqiqalardan so'ng mashina peshtoqiga «Minimarket» deb yozilgan ixchamgina do'kon yonida to'xtadi. Haydovchi yigit chaqqonlik bilan mashinadan tushib, tag'in orqa eshikni ochdi.

«Mers»dan tushgan O'jarqul ota bir muddat do'konga termilib turdi, pastki labini tishladi. Muhiddin yoniga kelganidan keyin:

— Bu do'kon tashqaridan qaraganda kichkina ko'rinadi, lekin ichi keng, ataylab shunday qurdirganman, toki bemazalarning nazariga tushmasin, qani, yur, — dedi va bir qo'li bilan Muhiddinning tirsagidan ushlab oldi.

Shu turishda ular ota-bolaga o'xshashar, tashqaridan qaragan odam bu yigit do'konini ko'rsatish uchun otasini yetaklab kelayotgan bo'lsa kerak, deb o'ylardi.

Ular do'kon ichkarisiga kirishlari bilan sotuvchilar birin-ketin salom bera boshlashdi, O'jarqul ota bosh irg'ab alik oldi-da, to'g'riga o'tib, baldog'i misdan, rangi qizg'ish eshikni ochib ichkariga kirdi. Muhiddin uning izidan bordi.

— Do'kon boshlig'i shu yerda o'tiradi, — dedi qariya biroz ichkarilagach to'xtab, — divan bor charchaganda dam olish uchun. Stol-stul bor. Anavi devordagi sher rasmini ko'rayapsanmi?

— Ha, — dedi xonani ko'zdan kechirayotgan Muhiddin qariya ko'rsatgan tomonga o'girilib.

— Shu kartinani chet eldan olib kelganman. Bir daydidan yuz ellik dollarga sotvolganman. O'shanda sheriklarim kaminani ahmoqqa chiqarib qo'yishgandi. Odam shunaqa narsalarniyam yuz ellik dollarga sotib oladimi, deyishgandi ular. Aslida esa, ularning o'zi hech nimani tushunishmagan. Bu kartinada odamning diqqatini tortadigan nimadir bor. Bir qarashda buni ilg'ayolmaysan. Qayta-qayta tikilishing kerak bunga. Birinchi marta ko'rganimda, men ham yonidan o'tib ketayotuvdim. Shunda yana bir qaragim kep qoldi. Hayron bo'ldim. Men ilg'agan narsani til bilan izohlab bo'lmaydi… Xullas, aytmoqchi bo'lganim, har nima bo'lsayam, shu kartinani asrash kerak… Xo'sh, qani, divanga o'tir-chi.

Muhiddin O'jarqul otadan avval o'tirishga istihola qilib, taraddudlandi.

— Qani, marhamat, o'zingiz… — dedi u qo'lini ko'ksiga qo'yib.

— Men bunaqa joylarga o'tirolmayman. Oyog'im yaxshi qayrilmaydi, — deb O'jarqul ota stulni o'ziga o'ng'aylab o'tirdi. Shu payt nozik, ko'hlikkina bir qiz kirib keldi-da:

— Har doimgiday ko'k choy olib kelayinmi? — deb so'radi.

— Ha, olib kelaver, qizim, — javob qildi O'jarqul ota.

Qiz chiqib ketgach, kostyumining ichki cho'ntagidan bejirimgina quticha olib, ichini ochdi-da, dumaloq dorini og'ziga tashladi, so'ng stol ustidagi grafindan stakanga suv quyib ichdi. Ho'l bo'lgan labini artdi.

— Endi, bolam, — deb Muhiddinga qaradi u: — mana shu do'konni senga atadim.

Muhiddin noqulay ahvolga tushib qizardi. Qariya uning uzoqroq qarindoshi bo'lgandayam, bu hadyani bexijolat qabul qilib olardi. Ular bor-yo'g'i ikkinchi marta uchrashib turishibdi. Shu ikki uchrashuvdayoq Muhiddinga butun boshli do'konni tutqazib qo'yayotgani g'alati-da.

— Nima haqda o'ylayotganingni bilib o'tiribman, — dedi qariya Muhiddinga sinchkov tikilib. — Bilaman, dabdurustdan begona odamning butun boshli do'konini qabul qilish seni noqulay ahvolga soldi. Ammo buning sababini avval ko'rishganimizda senga aytgandim. Shuning uchun hozir takrorlab o'tirmayman. Lekin birdaniga do'konga ega chiqishni xayolinggayam keltirma. Xohlaysanmi, yo'qmi, men do'konni kimga qoldirib ketayotganimni bilishim uchun avval seni obdan sinab ko'raman. Agar sinovimdan o'tsang, shuncha boylikka ega chiqasan. Hujjatlarni rasmiylashtirib, rasman nomingga o'tkazib berganimdan keyin bu do'konga qayrilib ham qaramayman.

— Lekin… ota, baribir… qanday qilib, he yo'q, be yo'q, do'koningizni olaman axir?

— Bo'ldi, ezmalik qilma. Undan ko'ra, shunday eshikdan chiqqin-da, Botir degan bolani chaqirib kel. U kassada o'tiribdi. Tashqari eshikni yopib, hamma xodimlarni bu yoqqa chaqirib kelsin, — dedi O'jarqul ota va ikkala qo'lini stol ustiga qo'ydi.

Muhiddin darrov o'rnidan turib, uning aytganini bajarib keldi. Hayal o'tmasdan, do'kon boshlig'ining xonasida to'rt qiz va bir yigit paydo bo'ldi. O'jarqul ota gapirishdan avval ularning har biriga ko'z tashlab oldi. So'ng ko'zini yumib ochdi, shu bilan go'yo qilayotgan ishidan ichki bir qoniqish hosil qildi.

— Bugundan boshlab manavi yigit, — deb yig'ilganlarga yuzlanib, Muhiddinga ishora qildi u. — Sizlarga boshliq bo'ladi. Agar avvalgi boshliqlaringga o'xshaydigan bo'lsa, ikki kungayam bormaydi. Odamga o'xshab ishlasa, hali ko'-o'-p birga ishlaysizlar. Botir, — deb, qo'lini ko'kragiga chalishtirib turgan yigitga qaradi qariya, — sen bunga hamma narsani ko'rsatib chiqasan.

— Xo'p, — deb bosh irg'adi Botir deganlari.

Shundan so'ng O'jarqul ota qizlarga yuzlandi.

— Sizlar aytganidan chiqmaysizlar. Bu gapni men aytyapman, nimani so'rasa, topib berasizlar. Xo'sh, aytmoqchi bo'lganlarim hozircha shu. Tushundinglarmi?

Hamma baravariga bosh irg'ab, tasdiq ishorasini qildi.

— Bo'lmasa, men ketdim. Muhiddin, sen qol. Avval bular bilan tanishib chiq. Keyin ishga kirish. Faqat aytganlarimni tezroq bajar, shoshilmasang bo'lmaydi, vaqt juda oz qolyapti. Mening hali ulgurishim kerak bo'lgan ishlarim anchagina.

O'jarqul ota bir qo'li bilan stolga suyanib o'rnidan turdi-yu, ko'zini chirt yumib ochdi. Shunda Muhiddin uning ichida qandaydir og'ir dardi borligini ilg'ab qoldi. Qo'ltig'iga kirib mashinagacha kuzatib qo'ymoqchi bo'ldi. Lekin O'jarqul ota o'jarlik qildi.

— O'zim ketaveraman. Sen aytganlarimni bajarishga kirish, — dedi u.

 

***

 

Do'konning haqiqiy egasi mashinaga o'tirib, jo'nab ketdi. Qizlar joylarini egallashdi. Botir kassaga o'tirdi. Muhiddinning esa boshi qotgan edi. U o'ziga ajratilgan xonaga kirdi. Nima qilarini bilmay, bir muddat kalovlanib turib qoldi. So'ng xonaning u boshidan bu boshiga borib kela boshladi. Shu vaqt ichida bir dona sigareta chekdi. So'ng chuqur xo'rsinib qo'ydi-da, savdo bo'limiga o'tib, hali choy damlab kelgan qizning yoniga bordi.

— Do'kondagi mollar ro'yxatini bersangiz, — dedi.

— Xo'p, — dedi qiz mayin tabassum qilib, — hozir xonangizga oboraman.

— Umuman, hujjatlar kimda turadi?

— Buxgalteriyada.

— Unda siz buxgalterga ayting, hamma hujjatlarni olib, mening xonamga kirsin.

— Xo'p bo'ladi, — deb qiz do'konning so'l tarafiga yurdi.

Ko'p o'tmay, to'ladan kelgan, sochini sariqqa bo'yagan, ko'zlari katta-katta, xiyla ochiqroq kiyingan o'ttiz besh-qirq yoshlardagi ayol eshikni taqillatmay, ichkariga kirib keldi.

— Siz kimsiz? — so'radi undan Muhiddin.

— Fotimaman, buxgalterman, — javob berdi ayol.

— Meni shu yerga boshliq qilib tayinlab ketishdi. Ismim Muhiddin, — dedi jurnalist yigit o'tirgan joyida qaddini rostlab, — bundan keyin bu yerga kirishdan avval eshikni taqillatishingizni iltimos qilaman.

— Voy, kechirasiz, bilmay… Boshqa takrorlanmaydi, — dedi ayol xijolatli kulimsirab.

— Yaxshi, unda ikkalamiz hamma hujjatlarni birma-bir ko'rib chiqamiz, — deb Muhiddin ayolga o'tirishi uchun joy ko'rsatdi.

Shu kuni yarim kechgacha u tinim bilmadi. Hatto kechki ovqat ham esidan chiqib ketdi. Do'konda sotilayotgan, saqlanayotgan mollarning har birini keltirilgan sanasidan tortib, qanchasi sotilganigacha e'tibor berdi. Keyin do'kondagi barcha mahsulotlar ro'yxatini alohida daftarga yozib oldi… Soat sakkizlarga yaqinlashib qolganida, buxgalterga javob berib yuborib, o'zi yana qog'ozlar ichiga sho'ng'idi.

Ertasiga xodimlari kelishgach, do'konni yopib:

— Men mollarning ro'yxatini nomma-nom aytaman, sizlar qaysi mol qaerdaligini menga ko'rsatasizlar. Qisqasi, birgalashib taftish qilamiz, — dedi u.

Xodimlar qarashsa, bu safargi rahbar boshqacharoq, demak, bunday paytda tezroq obro' topish lozim. Buning uchun, albatta, yaxshi muomala, yuzda tabassum bilan mumkin qadar yumshoqroq ohangda gapirish kerakligini ular yaxshi bilishardi. Shu boisdan Muhiddinning atrofida girdikapalak bo'lishdi.

Ish kechgacha cho'zildi. Kamomad naqd uch yuz ming chiqdi. Muhiddinning boshi qotdi. Xonasiga kirib, ketma-ket tamaki tutatdi. «Kichkina summa emas. O'jarqul otaga aytmasam bo'lmaydi. Odamlarimdan shubhalanayapsanmi hali, deb oldiga solib haydasayam mayli», deb o'ylab, stol ustidagi telefondan raqam tera boshladi.

Qariya darrov go'shakni ko'tardi.

— Ertaga telefon qilsang kerak, deb o'ylagandim, — dedi Muhiddinning ovozini eshitganidan so'ng.

— Ishlarimning bir qismini tugatdim. Shunga hisobot berib qo'ysam, degandim, — dedi Muhiddin bir nuqtaga termilib.

— Menga natijani aytsang bo'ldi, — deya gapni qisqa qilishga undadi O'jarqul ota.

— Uch yuz ming kamomad chiqdi, — dedi Muhiddin istar-istamay.

Bu xabarni eshitgan O'jarqul ota bir muddat jim turgach:

— Qizlar toza ishlaydi. Lekin Botirning qo'li sal egriligini avval ham sezgandim. Unga ayt, ertadan boshlab ishga kelmasin. Peshinga yaqin o'taman, — deb go'shakni qo'ydi.

Muhiddin savdo bo'limiga o'tdi.

— Ismingiz nimaydi? — deb so'radi kecha choy damlagan qizdan.

— Dilorom, — dedi u jilmayib.

— Yaxshi, Diloromxon, siz ertaga kassada o'tirasiz.

Qiz hayron bo'lib kipriklarini pirpiratdi. Muhiddin esa tushuntirish berishni istamay, og'ir-og'ir qadam tashlab, Botirning yoniga bordi.

— Og'ayni, — dedi uning yelkasiga qo'lini tashlab, — ertadan boshlab dam olib turasiz.

— Nega? — dedi birdan qizarib ketgan Botir.

— Kamomad sabab.

— Cholga sotibsiz-da, a? Mayli, — deb o'rnidan turdi Botir va shu asnoda yelkasidan Muhiddinning qo'lini olib tashladi. — Men bir yildan beri shu yerda ishlayman. Kimligimni hamma biladi. Ilgariyam meni olib tashlamoqchi bo'lishgandi. Lekin hech kimning qo'lidan kelmagan. Siz bo'lsa… kelganingizga ikki kun ham bo'lmay, geroylik qilgingiz kep qopti, gap bo'lishi mumkinmas. Ammo bilib qo'ying, men sizga padarkamasman! Ertaga burningiz yerga ishqalanganda, stukachlik qilganingiz uchun afsuslanasiz!

Botirning gerdayishi Muhiddinning asabini o'ynatib yubordi. Ammo o'zini bosdi.

— Eshikning qaerdaligini bilsang kerak? — dedi uni kelgandan beri ilk marotaba sensirab.

Botir qizarib bo'zardi, qo'llari musht bo'lib tugildi. Biroq u ham ayni damda hech vaqo qilolmadi. Eshikni qarsillatib yopib chiqib ketdi. Muhiddin esa o'zining xonasiga kirdi. Uning boshi tinimsiz lo'qillardi. «Padaringga la'nat, qaerga bormayin, bitta ishkal chiqadi. Redaksiyada anavi ikkovi asabimga tegardi. Bu yerga hali tuzukroq joylashib ulgurmasimdan tag'in burnimni yerga ishqalaydigani chiqib turibdi», o'yladi u va yana alamini sigaretdan oldi.

Kechki payt O'jarqul ota keldi. Uning chiroyi ochiq, yuzida tabassum bor edi. Muhiddin uni ko'rishi bilan o'rnidan turib salom berdi.

— Ishni yo'lga qo'yib yuboribsan-u, tag'in savdoni tushunmayman, deysan, — dedi qariya Muhiddinning qo'lini siqib.

— Aslidayam bilmayman. Lekin supermarket to'g'risida maqola yozganman. O'shanda do'konga mollarning kelish-ketishini bilib olganman. Boshqasiga o'zingiz ustozlik qilib yuborasiz, deb o'ylagandim, — deya jilmaydi Muhiddin. — O'tiring, hozir choy aytaman.

— Ko'k choy olib kelsin, — deb O'jarqul ota divanga yastanib o'tirdi. Keyin qo'llarini chalkashtirib o'yga toldi.

Muhiddin savdo bo'limidagi qizlardan biriga choy buyurib qaytib kelganda, O'jarqul ota xomush o'tirardi.

— Tinchlikmi? — so'radi u bo'lajak ustozining ro'parasiga stul qo'yib o'tirarkan.

— Ha-a, hammasi joyida. Odamning sira o'lgisi kelmaskan. Ayniqsa, senga o'xshab g'ayrati qaynagan bolalarni ko'rganda.

— Siz hali-beri o'lmaysiz. O'limni o'ylashga sizga hali juda erta bo'lsa kerak, — deya qariyaning ko'nglini ko'tarishga urindi Muhiddin.

— O'zimdan o'tganini o'zim bilaman, sen bola nimaniyam bilarding? Mayli, bu gaplarni qo'y. Xo'sh, endi bundan bu yog'iga nima qilmoqchisan?.. Shoshma, gap boshlashingdan oldin bitta kamchiligingni aytib qo'yayin. Xonaga qara, tutab ketibdi. Chekishni tashla, bolam. Nima qilasan yosh tanangni erta qaritib? — deya chol nigohini yigitga qaratdi.

Muhiddin boshini egdi, bir lahza jim bo'ldi. So'ng:

— Urinib ko'rganman. Lekin sira qo'limdan kelmayapti. Irodam bo'sh bo'lsa kerak, — dedi.

— Odamning qo'lidan kelmaydigan narsaning o'zi yo'q. Buning uchun qunt kerak. Tashlash qo'lingdan kelmaskan, ofisda chekma. Tashqariga o'ra qildirib qo'yganman. O'sha yerga borib chek… Eh, umrim o'tib qo'ydi-da, bo'lmasa men sizlarga ishlash qanaqa bo'lishini ko'rsatib qo'yardim. Sening yoshingda odam yeb to'ymasligi, ishlab charchamasligi kerak. Hali uylanaman, deb yuribsan. Bo'pti, bu gaplarni qo'yib turaylik. Menga nima qilmoqchiligingdan gapir. Hali yana qancha joyga borishimga to'g'ri keladi.

— Shu atrofda boshqa oziq-ovqat do'konlari ham ko'p ekan, borib ular qanday savdo qilayotganliklarini ko'rsammi, deb o'ylab o'tirgandim, — dedi Muhiddin noto'g'ri gapirib qo'ymadimmi, degan xayolda xavotirlanib qariyaga qararkan.

— Bu ishing yaxshi, aniqlashtir, surishtir, bil, ular nimani qanchadan sotayotganini, keyin shunga qarab ish qil.

— Xo'p, xuddi aytganingizday qilaman.

— Menimcha, yana uch-to'rt kundan keyin ba'zi mollaringning oxiri ko'rinib qolsa kerak. Qaerdan mol olishni bilasanmi?

— Yo'q.

— Mayli, bunisini men senga aytaman. Oqshom o'nlarda uyga borasan, manavi mening uy manzilim, — deb kichkinagina «vizitka» berdi O'jarqul ota Muhiddinga. — Lekin bir narsani senga aytib qo'yayin, men hammasining adresini beraman, ammo qanaqa qilib ular bilan kelishasan, ixtiyoring. Mabodo, bitta-yarimta narsani qimmatroq olib qo'ysang, keyin qanday sotishniyam o'yla.

— Men hozir butunlay kimsasiz orolga tushib qolgandayman. Atrofimdagilarning hammasi notanish.

— Juda yaxshi-da. Ana endi o'zingga kelding. Kimsasiz orolga tushgan odam qanday qilib yashab qolish to'g'risida boshini qotiradi. Sen ham kallangni ishlat. Faqat tezroq, vaqt ketayapti.

(davomi bor)

Nuriddin ISMOILOV