Mutaxassis javobi: Ko'krak saratoni bilan og'rigan ayol kelgusida farzand ko'rishi mumkinmi?

0

Ko'pchilik ayollarni ko'krak sohasidagi o'zgarishlar, sut bezlaridagi og'riq vahimaga tushiradi. Ammo o'z vaqtida kerakli ma'lumotga ega bo'lish turli xil o'y-fikrlardan xoli bo'lishga yordam berib, muammolardan muhofaza etadi. Mushtariylarning tahririyatimizga yo'llagan murojaatlari asosida ayollarni qiziqtirgan va eng ko'p so'ralgan savollarga tibbiyot fanlari nomzodi Nigora Mahmudova javob beradi.

— Bolamni emizishdan chiqarganimga yarim yildan oshsa ham ko'kragimdan oz-moz suyuqlik (ajralma) kelib turadi. Dugonalarim bunday vaqtda gormonal preparatlar ichish kerak, deyishyapti. Siz nimani maslahat berasiz?

… 32-82 abonenti

— Ko'krakdan ajralmalar kelishida, albatta, endokrinolog ko'rigidan o'tib, gormonlarga qon tahlili topshirishingiz zarur. Shuningdek, gipofiz funsiyasining holati ham tekshirilib, natijasiga ko'ra kerakli muolaja buyuriladi. Endokrinolog muolajasidan keyingi o'zgarishga qarab mammolog ko'rigidan o'tishingiz mumkin. Agar bu gormonlar faoliyati bilan bog'liq holat bo'lmasa, mammografiya orqali ko'kraklar funksiyasi tekshirilib, zarur muolaja turi tayinlanadi.

— Bir necha haftadan beri chap ko'kragimning uchi kechga borib, achishib bezovta qiladi. Og'riqni qoldiruvchi surtmalardan foydalansam o'tib ketadi. Ammo ertasiga yana qaytalanadi. Bu biror kasallikning belgisimikin?

NOZIMA

— Ko'krak uchining achishib og'rishi ko'p hollarda nevrolgiya, ya'ni nerv chigallari, umurtqa pog'onasi kasalliklari yoki nervga yaqin joylashgan to'qimalar va a'zolardagi patalogik jarayonlar, shamollash, shikastlanish holatlari bilan bog'liq bo'lishi mumkin. Ba'zida umurtqa pog'onasiga og'irlik tushib, sut bezlarida og'riq yuzaga keladi va o'z navbatida so'rg'ichlarga ta'sir etadi. Yoki sintetik matodan ishlangan ich kiyimlar ham shunga o'xshash holatlarni keltirib chiqaradi. Agar og'riq zo'rayib, davomiy tusga kirsa, shifokor terapevtga uchrab, zarur muoalajalarni oling.

— Davolovchi shifokorim tuxumdonlardagi yallig'lanishga qarshi gormonal kontratseptik preparatlarni tavsiya qilgandi. Mana, ikki yildirki ularni qoldirmay qabul qilaman. Bu gormonal preparatlar sut bezlari faoliyatiga ta'sir qilishi mumkinmi?

… 89-99 abonenti

— Ha, gormonal preparatlar sut bezlari faoliyatiga ta'sir qilishi mumkin. Organizmning tabiiy muhitida ishlab chiqilayotgan gormonlarni doim nazoratda ushlay olmaysiz-ku. Shu sabab ortiqcha muammolar bo'lmasligi uchun hozirda qabul qilayotgan preparatingizni oxiriga yetkazib, shifokoringiz bilan boshqa kontratseptik vositalardan foydalanish haqida maslahatlashing.

Gormonal preparatni istagan vaqt tashlab bo'lmaydi. Shu sabab muolajani oxiriga yetkazing.

— Qizligimdan beri chap ko'kragimning tagida xolga o'xshash qizil rangli o'simta bor. Turmushga chiqib, farzandli bo'lganimdan so'ng ikkinchi ko'kragimda ham shunga o'xshash qizil xolcha paydo bo'ldi. Ammo bezovta qilmaydi. Bunday qizil xollar ko'kraklar faoliyatidagi buzilishlardan yuzaga kelishi mumkinmi?

BAHORA

— Qizil xolga o'xshash o'smalar ko'pchilikda uchraydigan holat. Ammo ular ko'krak yoki sut bezlari bilan bog'liq emas. Agar qizil xolning shakli kattalashsa, rangi o'zgarsa, ko'paysa yoki yuzasi qonasa, shifokorga uchrash shart.

Ko'krak qismidagi xollar xususida mammolog bilan maslahatlashish mumkin. Biroq ularga teginish, yulish yoki ustini tirnash aslo mumkin emas. Nojo'ya ta'siri yuzaga kelganda, onkologik turdagi kasallikka aylanish xavfi yo'q emas.

— Qizimning ikki ko'kragining o'rtasida kichik qora xolchasi bor edi. Balog'at yoshiga yetganidan so'ng xol kattalashishni boshladi. Bu xavfli emasmikin, deya xavotirdaman. Keyinchalik sut bezlariga t'sir qilmasmikin?

NORGUL

— Yo'q, bunday xollar ko'kraklar bilan bog'liq emas. Buning uchun xollar bo'yicha jarroh-shifokorga ko'rinib, ko'rikdan o'tishingiz kerak. Xolning ko'rinishi va holatiga ko'ra zarur tekshiruvlar o'tkazilib, muolaja turi tanlanadi.

— Ko'krak saratoni bilan og'rigan ayol kelgusida farzand ko'rishi mumkinmi?

ShARIFA

— Kasallikning darajasi, muoalaja natijalari asoratlarini to'liq baholagachgina aniq xulosani aytish mumkin. Bunday holatlarda, albatta, davolovchi shifokor bilan maslahatlashib ish ko'rish kerak. Agar ayolning organizmida kasallikning asoratlari qolmasa, nasl qoldirish masalasini ko'rib chiqish lozim. Ammo oldindan aniq xulosani aytib bo'lmaydi.

— Mammografiya qildirish uchun qaysi kunlarda murojaat qilish kerak? UTTdan tashqari yana qanday tahlillar topshiriladi?

MA'MURA

— Hayz sikli yakunlangach, 5-6 kundan so'ng mammolog ko'rigidan o'tib, mammografiya qildirishingiz mumkin. Zarur hollarda shifokor xulosasiga ko'ra tuxumdonlar, qalqonsimon bez faoliyati ham tekshiriladi. Masalan, fibroz tashxisi qo'yilganida UTTning o'zi yetarli bo'lsa, ko'krakdagi qattiqlashish holatida mammografiya, zarur hollarda biopsiya tayinlanishi mumkin.

— Ko'krakning qo'ltiq osti sohasi bilan bog'langan qismidagi limfa tugunlarida shish bo'lsa, nima qilish kerak?

… 75-57 abonenti

— Ehtimol, limfa tugunlaridagi yallig'lanish (limfoadenit) yuzaga kelgan bo'lishi mumkin. Bu kasallik limfa tugunlari yoki ko'krakdagi yallig'lanish bilan bog'liq holatda bo'lishi ham ehtimoldan xoli emas. Ba'zi vaqtlarda ko'krakdagi yallig'lanish limfa tugunlariga ham ta'sir etadi. Mammolog ko'rigidan o'tib, limfa tugunlarining holatini tekshirtiring. Agar bu yallig'lanish bo'lsa, unga qarshi preparatlar tayinlanadi. Ammo o'zingizcha bilib-bilmay davolamang.

— Homiladorlik va emizikli bo'lgan vaqtim ko'kraklarim shishib qolardi. Ammo emizishdan chiqarishim bilan bu holat o'zgardi. Gohida ko'kraklarimni paypaslab ko'rsam, tugunlar bordek tuyuladi…

… 11-21 abonenti

— Sut bezlari faol bo'lgan vaqtda ko'kraklar shishi tabiiy hol. Ammo tugunlar hosil bo'lishiga e'tiborli bo'lish kerak. Sut qotib qolganda ko'krakda tugunlar bordek tuyuladi. Tugunlar zichlashib, qattiqlashmasligi uchun tez-tez sutni sog'ib turish kerak. Emizishdan chiqargandan keyin ham ko'krakda sut bezlari qattiqlashib qolmasligiga e'tiborli bo'ling. Agar tugunlar tarqalib, so'rilib ketmasa, shifokorga murojaat etib, bir necha turdagi muolajalardan birini qo'llash mumkin.

— Yoshim 22 da. Turmushga chiqqanman. Chap ko'kragim o'ngidan kichikroq. Farqi shundoqqina ko'zga tashlanadi. Bunday ikki xillik xavfli emasmi? Shifokorga borishdan uyalaman…

… 66-56 abonenti

— Yo'q, xavfli emas. Ko'kraklarning bir-biridan
farqlanishi ko'pchilikda kuzatiladi. Ehtimol, bu tug'ma anomaliyadir yoki sut bezlarining biri yaxshi rivojlanmagan bo'lishi ham mumkin. Agar jiddiy bezovtalik bo'lmasa, ortiqcha xavotirga o'rin yo'q.

KOMILA yozib oldi.