Payg'ambar alayhissalomning o'zlariga xos xususiyatlari

0

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Ushbu maqolada Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o'zlariga xos bo'lgan bir qancha xususiyatlarni keltirib o'tamiz. Zero, u zotga bog'liq bo'lgan hamma narsani, jumladan, u zotning maqomu martabalarini o'rganish, bilish har birimiz uchun zarurdir. Chunki, mana shu narsalarni bilish Payg'ambarimizga bo'lgan iymonimizning, muhabbatimizning yanada oshishiga, muborak sunnatlariga ergashishimiz yana ham osonlashishiga yordam beradi.

Payg'ambar alayhissalomning xususiyatlari deganda Alloh taolo u zotgagina berib, o'shalar ila barcha Payg'ambarlardan va insonlardan fazilatli qilgan narsalar tushuniladi. U zotgagina berilgan mazkur xususiyatlarning orasida dunyoga tegishlilari ham, oxiratga tegishlilari ham, ummatlariga tegishlilari ham bor. Albatta, ummatlariga tegishli afzalliklar, bevosita, u zotga ham tegishli hisoblanadi. Chunki, o'sha ummat Muhammad sollallohu alayhi vasallam tufayli boshqa ummatlardan ustun bo'ldi.
Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deb marhamat qiladi: «Agar Sizga Allohning fazli va rahmati bo'lmaganida edi, ularning bir toifasi Sizni adashtirishga azmu qaror qilgan edilar. Ular o'zlarinigina adashtiradilar. Sizga esa biror zarar yetkazmaydilar. Alloh Sizga Kitob va Hikmatni nozil qildi va bilmaganingizni bildirdi. Allohning Sizga (nisbatan) fazli buyukdir» (Niso, 113).
Boshqa bir oyatda esa Alloh taolo bunday deydi: «O'sha payg'ambarlarning ba'zilaridan ba'zilarini afzal etdik. Ular ichida (Muso kabi) Alloh (u bilan) gaplashgani va (Muhammad kabi) darajasini (boshqa payg'ambarlardan) yuqori qilgani bor» (Baqara, 253).
Ha, Alloh taolo Payg'ambarimizga ko'plab afzalliklarni ato etgan. Keling, endi o'sha fazilatlarni, xususiyatlarni birma-bir ko'rib chiqaylik.
1. Alloh taolo Odam alayhissalomdan tortib, to Iso alayhissalomgacha hamma Payg'ambarlardan miysoq olgan.
O'sha miysoq quyidagicha: «Ey Elchilarim, agar birortangizning davringizda Payg'ambarim Muhammad zohir bo'lib, o'ziga iymon keltirishga va ergashishga da'vat qilsa, hech biringiz bo'yin tovlamasdan unga ergashinglar. Payg'ambarligingiz unga ergashishga to'sqinlik qilmasin».
Shunday qilib har bir Payg'ambar Allohga bergan ahdlarini o'z ummatlariga mana bunday tarzda yetgazganlar: «Agar oramizda Muhammad sollallohu alayhi vasallam zohir bo'lsa, hammalaringiz menga emas, o'sha Muhammadga ergashinglar». Bu so'zimizga dalil ushbu oyat: «Eslang, Alloh (payg'ambarlardan) shunday ahd olgan edi: «Men sizlarga Kitob va Hikmat bergan bo'lsam, endilikda sizlardagi (Kitob)ni tasdiq etuvchi bir payg'ambar (Muhammad) kelganda, albatta, unga imon keltirasiz va unga yordam berasiz!» (Alloh): «Tan oldingizmi va ahdnomamni shu (shart) bilan qabul qildingizmi?» – deganida, ular: «Tan oldik»,– deb javob berdilar. Alloh dedi: «Guvoh bo'lingiz, Men ham sizlar bilan birga guvohlardandirman» (Oli Imron, 181).
Shunday qilib, Alloh taolo har bir payg'ambardan o'zidan keyin keladigan payg'ambarga imon keltirib, ishlarida yordam berish xususida, agar o'zlari ko'risha olmasalar, qavmlariga vasiyat qilishlari yoki hamma payg'ambarlar Muhammad alayhissalomga imon keltirishlari xususida ahd-paymon olgan.
2. U zot butun insoniyatning sayyididirlar.
Bir hadisda shunday deyiladi: «Faxr emasku, men insoniyatning sayyidiman». Ibn Hibbon rivoyati.
Odatda sayyid bo'lgan kishi eng oliy sifatlar, eng buyuk axloqiy fazilatlar bilan bezangan bo'ladi. Ha, Payg'ambarimiz bu dunyoda go'zal axloqlari bilan insonlarning sayyidi, oxiratda esa, martabayu darajalarda ularning sayyidi hisoblanadilar. Yuqoridagi hadisda Payg'ambarimiz Robbilarining huzurida nechog'li baland martabada ekanliklarini e'lon qilmoqdalar. Odatda inson o'zini maqtagan paytda, ko'pincha, faxrlanib maqtaydi. Payg'ambar alayhissalom hadisda «Faxr emasku» degan so'zlari bilan aytayotgan so'zlari faxrlanish emasligini, balki, Allohning u zotga bergan buyuk martabasini e'lon qilib qo'yayotganlarini ta'kidlayaptilar.
3. Payg'ambar alayhissalom shunday deganlar: «Faxr emasku, qiyomat kuni qo'limda «Hamd» bayrog'i bo'ladi».
4. Alloh taolo u zotning oldingi va keyingi gunohlarini kechirgan.
Qur'oni karimda aytiladi: «(Ey, Muhammad!) Biz Sizga aniq fath (g'alaba) baxsh etdik. (Bu fath) Siz uchun Allohning oldingi va keyingi gunohlaringizni kechishi, Sizga O'z ne'matini mukammal qilib berishi, Sizni To'g'ri yo'lga hidoyat qilishi, shuningdek, Allohning Sizga kuchli yordam berishi uchundir» (Fath, 1-3).
Birorta Payg'ambarning oldingi va keyingi gunohlari kechirilgani manbalarda naql qilinmagan. Qolaversa, qiyomat kuni ularning har birlaridan shafot qilishlari iltimos qilinganda, ular o'zlari qilgan xatolarini eslab: «Nafsim, nafsim» deyishadi. Agar birortalari o'z gunohlari kechirilganini bilganlarida edi, bunday deb xavfsiramagan bo'lishardi. Keyin hamma insonlar Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan shafoatni so'rashganida, u zot: «Shafoat menga berilgan» deb aytadilar.
5. Ummatlarini o'zlaridan ustun qo'yishlari.
Ya'ni, Alloh taolo hamma Payg'ambarga ijobat qilinadigan bitta duoning imkonini bergan. Hammalari o'sha duolarini bu dunyoda so'rab bo'lishgan. Ammo Payg'ambarimiz alayhissalom esa, ummatlarini shafoat qilish uchun o'sha duoni oxiratga zahira qilib olib qo'yganlar.
6. Alloh taolo u kishining hayotlari bilan qasam ichdi.
Qur'oni karimda shunday deyiladi: «(Ey, Muhammad!) Umringizga qasamki, ular o'z «mastliklarida» gangib yurar edilar» (Hijr, 72). Odatda sharafli narsa bilan qasam ichiladi. Ha, Payg'ambarimizning hayotlari qasam ichishga loyiq bo'lgan sharafli, fazilatli, barakotli hayot edi. Alloh boshqa birorta Payg'ambarning hayoti bilan qasam ichmagan.
7. Alloh taolo u zotga nido qilishda e'zozlab nido qildi.
Ya'ni, «Ey Nabiy», «Ey Rasul» deb nido qildi. Boshqa birorta Payg'ambarni bunday chaqirmadi, balki, ularni o'z ismlari bilan chaqirdi.
Masalan, «Biz yana aytdik: «Ey, Odam, sen va jufting (Havvo) jannatda yashangiz va xohlagan joylaringizda undan (ne'matlaridan) bemalol tanovul qilingiz. Faqat mana bu daraxtga yaqinlashmangiz, (aks holda) zolimlardan bo'lib qolursiz»;
«Eslang, Alloh: «Ey, Iso ibn Maryam! Senga va onangga bergan ne'matimni yodingga ol…»;
«Bas, uning oldiga yetib kelgach, u muborak joydagi vodiyning o'ng tarafidan – daraxtdan unga nido qilindi: «Ey, Muso! Men (barcha) olamlarning Parvardigori – Allohdirman»;
«Aytildi: «Ey, Nuh! Bizdan (bo'lmish) salomatlik va senga va sen bilan birgalikdagi jamoalarga (atalgan) barakotlar bilan (kemadan yerga) tushgin!»;
«Ey, Dovud! Darhaqiqat, Biz seni yerda xalifa qildik»;
«Unga Biz nido qildik: «Ey, Ibrohim!..»;
«(Farishtalar) aytdilar: «Ey, Lut! Biz Rabbingning elchilarimiz…»;
«(Alloh aytdi): «Ey, Zakariyo! Biz senga bir farzand xushxabarini berurmiz; uning ismi Yahyo bo'lib, ilgari unga biror (kimsani) hamnom qilgan emasmiz»;
«(Biz unga): «Ey, Yahyo! Kitobni (ya'ni Tavrotni) jiddiylik bilan qo'lga ol!» – (dedik) va unga go'daklik chog'idayoq hikmat (va ilm) ato etdik».
Oyatlardan ko'rinib turibdiki, Alloh taolo barcha Payg'ambarlarga o'z ismlari bilan nido qilyapti. O'z hayotimizdan misol keltiradigan bo'lsak, birovni o'z ismi bilan chaqirmay, balki, o'sha odam shuhrat qozongan biror kasbi yoki fazilatini anglatadigan nom bilan chaqirilsa, uni o'sha ishda naqadar mohir ekanligini, qolaversa, o'sha chaqiruvchi uni qanchalik hurmat qilishini anglatadi.
8. Har bir Payg'ambarning mo''jizasi o'z davrida ta'sirini ko'rsatib, keyin to'xtagan. Ammo Payg'ambarimizning mo''jizalari bo'lmish Qur'on qiyomat kunigacha boqiydir.
9. Toshlar u zotga salom bergan, daraxtlar u zotga ta'zim qilgan. Bunday hol boshqa birorta Payg'ambarda ko'rilmagan.
10. Boshqa Payg'ambarlarda mo''jiza sanalgan narsalar u zotda oddiy hol edi.
Masalan, barmoqlari orasidan suvning otilib chiqishi. Muso alayhissalomning toshdan suv chiqish mo''jizalari bor. O'ylab ko'rsak, aslida tosh jinslaridan suv chiqishi bor narsa. Ammo barmoq orasidan chiqadigan suv tosh orasidan suv chiqishidan ko'ra ancha nodirroqdir.
11. Alloh taolo har bir Payg'ambarga ummatining adadi, qilgan amali barobarida ajr beradi. Payg'ambarimiz alayhissalomning ummatlari esa jannat ahlining yarmini tashkil etadi. Zero, uzotning ummatlarini Alloh taolo «Insonlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat» deya maqtagan.
12. Har bir Payg'ambar o'zi yashab turgan davrdagi o'z qavmigagina Payg'ambar qilib yuborilgan. Bizning Payg'ambarimiz esa, qiyomatgacha keladigan inson va jinlarning hammasiga Payg'ambar qilib yuborilganlar.
Qolaversa, har bir Payg'ambarga risolatni yetkazgani uchun savob belgilangan. Payg'ambarimizning risolatni yetkazishda oladigan savoblari cheksizdir. Chunki, u zot qiyomatgacha dunyoga kelib ketadigan birchaga birdek yuborilganlar. Bu risolatni yetkazish xoh bevosita o'zlari tomonlaridan bo'lsin, xoh u zotdan keyingi ummatlarining ichidan chiqqan ulamolar tomonidan bo'lsin, farqi yo'q. Shuning uchun ham Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan: «Agar Biz xohlasak, har qishloq (va shahar)ga bir ogohlantiruvchi (payg'ambar) yuborgan bo'lur edik» (Furqon, 51).
Ya'ni, agar Alloh taolo har bir qishloqqa bittadan elchi yuborganda Payg'ambar alayhissalomga risolatni yetkazganlari uchun bu qadar ko'p savob tegmasdan, faqat Qurayshga yetkazgan risolatlari uchungina savobga ega bo'lar edilar.
13. Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Tur tog'ida, muqaddas vodiyda gaplashdi. Payg'ambarimiz alayhissalom bilan esa, Sidratul Muntahoda gaplashdi.
14. Bir hadisda shunday deyiladi: «Biz dunyo ahlining oxirgilari, qiyomatda esa, avvalgilarimiz. Barcha xalqlardan oldin bizni hisob-kitob qilinadi, jannatga kiruvchilarning birinchisi ham biz bo'lamiz». Muslim rivoyati.
15. Hamma insonlar, hatto Ibrohim alayhissalom ham qiyomat kuni u zotdan gunohlari kechirilishini Allohdan so'rab berishlarini iltimos qiladilar.
16. Bir hadisda shunday deyiladi: «Vasila – jannatdagi bir manzil bo'lib, u Alloh bandalaridan faqat bir bandaga nasib etadi. O'sha banda men bo'lishimni orzu qilaman. Kim men uchun o'sha vasilani so'rasa, unga shafoatim vojib bo'ladi». Muslim rivoyati.
17. U zotning ummatlaridan yetmish ming kishi hisob-kitobsiz jannatga kiradi. Boshqa Payg'ambarlarning ummatlarida bu hol bo'lmaydi.
18. Alloh taolo u zotga jannatda Kavsarni, mahshar maydonida esa, Havzni ato etdi.
19. Bir hadisda shunday deyiladi: «Biz oxirgilar va avvalgilarmiz». Ya'ni, zamon jihatidan oxirgilar, martaba va fazilat jihatidan avvalgilar, peshqadamlarmiz.
20. U zotga urushdan tushadigan o'ljalar halol qilindi. Avvalgi Payg'ambarlarga o'lja halol qilinmagan edi. U zot ummatlarining saflari farishtalarning saflari kabi qilindi. Yer sharining hamma joyi u zot va ummatlari uchun sajda qilinadigan maskan qilib berildi. Uning tuprog'i ham poklovchi qilib berildi.
Albatta, bu xususiyatlar u zotning martabalari, ummatlarining martabasi qanchalik ulug' ekanligini ko'rsatadi.
21. Alloh taolo u zotning xulqlarini maqtab shunday dedi: «Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!» (Qalam, 4).
22. Alloh u zotga turlicha vahiy yubordi. Masalan, rost tush ko'rinishida, vositasiz so'zlashish, Jabroil vositasida va hokazo.
23. U zotga nozil qilingan Qur'oni karim Zabur, Tavrot va Injildagi ma'nolarni ham o'z ichiga oldi.
24. U zotning ummatlari, hadisda kelganidek, oz amal qilsalarda, ko'p ajrga ega bo'ladilar.
25. Alloh u zotga yerdagi barcha xazinalarning kalitlarini hamda yer yuziga podshohlikni taklif qildi.
U zot Jabroil alayhissalom bilan bu borada maslahatlashdilar. Jabroil alayhissalom tavozu'li bo'lishga ishora qildilar.
26. Alloh u zotni olamlarga rahmat qilib yubordi.
Ummatlari u zotga osiylik qilsa, Alloh ularga tavba qilishlari uchun muhlat berdi. Boshqa Payg'ambarlarning ummatlari osiy bo'lishganda, Payg'ambarlarini yolg'onchi qilishganda, ularga darhol azob yuborilgan edi. Masalan, Lut alayhissalom, Hud alayhissalom hamda Solih alayhissalomning qavmlariga dahshatli azoblar kelgan. Qolaversa, Payg'ambarimiz alayhissalom kechirimli, sabrli, shukrli, muloyim edilar. Hech qachon o'zlari uchun g'azablanmaganlar. U zot eng oliy xulqlarni kamolga yetkazish uchun kelgan edilar. Ovqatlanishda, ichimlik ichishda, yashashda va boshqa barcha holatlarda xushu'li, tavozu'li edilar. Ummatlariga nasihatgo'y, mehribon edilar. Qavmlaridan yetgan barcha ozorlarga sabr qildilar, ularni duoyibad qilmadilar. Keyinchalik esa, hammalarini kechirib yubordilar. Bu borada shamoil kitoblarda batafsil yoritilgan.
27. Uzotning muloyimliklarini Alloh Qur'oni karimda maqtadi: «Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag'al va toshbag'ir bo'lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo'lur edilar» (Oli Imron, 159).
28. Kofirlarga qattiqqo'l, mo'minlarga mehribonliklarini ham Alloh Qur'onda vasf etdi: «Muhammad Allohning rasulidir. U bilan birga bo'lgan (mo'min)lar kofirlarga qahrli, o'z oralarida (mo'minlarga nisbatan) esa rahm-shafqatlidirlar» (Fath, 29).
29. Ummatlarining iymoga kelishlariga haris edilar. Alloh taolo aytadi: «(Ey, Makka ahli!) Haqiqatan, sizlarga o'zlaringizdan (chiqqan), qiyinchiliklaringizdan alam chekadigan, sizlar bilan (hidoyat topishingiz bilan) qiziquvchi, mo'minlarga mushfiq va rahmdil Rasul keldi» (Tavba, 128).
30. Risolatni yetkazish borasida malomatga uchramasliklarini Allohning o'zi va'da qildi. U zot aytadi: «Bas, (ey, Muhammad!) Siz ulardan yuz o'giring! Endi Siz malomat qilinuvchi emassiz» (Zariyat, 54).
Ya'ni siz risolatni yetkazdingiz. Mabodo ular iymonga kelmasalar ham siz malomat qilinmaysiz. Chunki, siz qilishingiz kerak bo'lgan ishni qilib, zimmangizdagi vazifani ado etdingiz.
31. U zotning ummatlari guvoh ummat qilindi.
Ya'ni qiyomat kuni boshqa ummatlar o'z Payg'ambarlari risolatni yetkazmaganini da'vo qilganlarida, Muhammad alayhissalomning ummatlari barcha Payg'ambarlar o'zlariga topshirilgan vazifani ado etib, risolatni yetkazganlari haqida guvohlik beradilar. Bunday xususiyat boshqa birorta Payg'ambar ummatiga berilmagan.
32. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlari hech qachon zalolat ustida jam bo'lmaydilar.
U zot bir hadisi sharifda «Albatta, Alloh mening ummatimni faqat hidoyat ustida jam qiladi» deganlar.
33. Qur'onning qiyomatga qadar saqlanishi.
Agar butun insoniyat to'planib, Qur'onga bitta so'z qo'shishga yoki undan bitta so'zni olib tashlashga urinsalar ham, bu ishni aslo qila olmaydilar. Hozirgi Tavrot va Injilda juda ko'p o'zgarish va buzilishlar borligi hech kimga sir emas.
34. Alloh Payg'ambarimizni javome'ul kalim sifati bilan yubordi.
Ya'ni u zot qisqa jumlalar bilan olam-olam ma'nolarni ifoda etish qobiliyatiga ega edilar. So'zlarining tuzilishi sodda va qisqa, ammo undagi fasohat, balog'at, ma'no-mazmun butun insoniyatni lol qoldiradi. Masalan, «Boshqaga zarar berish ham, boshqadan zarar ko'rish ham yo'q» degan hadis. Mana shu hadisni sharhlash, batafsil tushuntirish uchun jild-jild kitoblar yozish mumkin.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o'zlariga xos xususiyatlari haqida mana shularni aytmoqchi edik. Albatta, bular dengizdan tomchi, xolos. Aslida, u zotning fazilatlariga dalolat qiluvchi o'ziga xosliklar juda ham ko'pdir. Ushbu keltirilganlar u zotni yanada yaxshiroq tanishimiz, ko'proq sevishimiz va sunnatlariga og'ishmay amal qilishimiz uchun yetarli deb umid qilamiz.
Alloh taolo barchalarimizni u zotning xulqlari bilan xulqlanib yashashimizni nasib etsin. U zotga esa cheksiz salovot va salomlarini yuborsin. Omin!

Alloma Izzuddin ibn Abdussalomning
«Bidayatus sul fiy tafzili Rosul» asaridan
Nozimjon Hoshimjon tarjimasi