Alkogolning har qanday miqdori insultga olib keladi!

0

Hattoki, kichik miqdordagi spirtli ichimlik ham qon bosimini ko'tarib, insultning yuzaga kelish xavfini oshiradi, degan xulosa havola qilinadi nufuzli Lancet jurnalida e'lon qilingan yirik tadqiqotda.

Bunga qadar kuniga ichilgan oz miqdordagi alkogol kishi salomatligiga ziyon yetkazmaydi, deb hisoblab kelinar edi.

BBC ma'lum qilishicha, Buyuk Britaniya va Xitoy olimlari 10 yil davomida 500 ming nafar xitoylikni kuzatganlar.

Olimlarga ko'ra, tadqiqot natijalari barcha millatlarga mos tushadi. Olimlar mazkur natijalarni alkogolning tanaga to'g'ridan-to'g'ri ta'sirini namoyon qiluvchi eng yaxshi dalil sifatida tasvirlagan.

Ekspertlar har kim alkogol iste'molini kamaytirishi zarurligini ta'kidlaydi.

Ko'p ichishning zarari tibbiyotga uzoq vaqtdan beri ma'lum edi, ammo ba'zi tadqiqotlar kam miqdordagi alkogol salomatlik uchun foyda keltirishi mumkin, degan xulosaga kelgan. Biroq mazkur tadqiqot hech qaysi miqdordagi ichkilik xavfsiz emasligini ko'rsatgan.

Tadqiqotda nima deyiladi?

Tadqiqotni olib borgan Oksford, Pekin universitetlari va Xitoy Tibbiy Fanlar Akademiyasi olimlari quyidagi xulosalarni taqdim qilgan:

kuniga bir yoki ikki marta alkogol ichish insult xavfini 10-15 foizgacha oshiradi;
kuniga to'rt marta ichish insult xavfini 35 foizga qadar oshiradi.

Tadqiqotda bir martalik ichkilik quyidagicha tavsiflangan:

kichik bokaldagi vino;
bir shisha pivo;
bir marta ko'tarishga yetuvchi boshqa spirtli ichimliklar.

Tadqiqot davomida oz miqdorda ichilgan vino yoki pivoning salomatlik uchun foyda keltirishi isbotlanmagan.

Olimlarga ko'ra, alkogolning yurak faoliyatiga salbiy ta'siri yuzasidan tugal xulosaga kelish uchun yana bir necha davomida izlanish olib borishga to'g'ri keladi.

Nega aynan xitoyliklar kuzatildi?

Sharqiy Osiyo alkogolning ta'sirlarini o'rganish uchun qulay joy sanaladi.

Xitoyda ko'plab odamlar ichishdan qaytaruvchi qadimiy genlar kombinatsiyasiga ega. Ushbu genlar alkogolga nisbatan yoqimsiz reaksiya yuzaga kelishiga ta'sir qiladi. Shu sababdan xitoylik erkaklarning uchdan bir qismi ichmaydi. Juda kam ayollar alkogol iste'mol qilishi mumkin.

Olimlarning ma'lum qilishicha, genetik bichimiga qarab ichuvchilar va ichmaydigan odamlarning salomatligini qiyoslash bilan alkogolning bevosita asoratlarini aniq o'rganish mumkin.

G'arbliklarda bunday genlarning mavjud emasligi tufayli o'xshash tadqiqotni boshqa yerda o'tkazishning imkoni bo'lmasligi mumkin.

Boshqa ekspertlar nima deydi?

Kembrij Universitetidan doktor Stiven Berjes yuqorida tilga olingan tadqiqotning ayrim cheklovlari borligini aytadi – unda faqatgina Xitoy aholisi o'rganilgan va asosiy e'tibor vinoga emas, balki spirtlar hamda pivoga qaratilgan.

Biroq doktor Berjes tadqiqot so'nggi o'n yilliklarda o'tkazilgan boshqa ko'plab ilmiy ishlar natijalarini o'zida aks ettirganini ta'kidlaydi.

«Insult xavfi iste'mol qilingan alkogol miqdoriga monand ravishda oshib boradi. Shuning uchun odamlar o'zini ichkilikdan tiya olmasa, hech bo'lmaganda, uning miqdorini kamaytirishi lozim.»

Amaliy statistika fani bo'yicha faxriy professor Kevin Makvoy esa tadqiqotning hamma savolga javob bermaganini ma'lum qiladi.

«Bu tadqiqot bizning alkogol to'g'risidagi bilimlarimizni yanada oshiradi, ammo u alkogolning nega insult xavfini orttiradiyu, lekin yurak xurujiga sabab bo'lmasligining tagiga yetmagan.»

Kembrij Universitetidan boshqa bir professor Devid Spigelhalter tadqiqot bilan tanishib chiqqanidan so'ng o'zida ikkilanish paydo bo'lgani haqida so'zlaydi.

«Men doimo me'yorida ichilgan alkogolning yurak-qon tomir xastaliklariga sabab bo'lmasligiga ishonar edim, endi bu borada shubhaga borib qoldim».

O'zA