EChL. Bugun Ronaldu va Messi klublari yarim finalga chiqish uchun kurashadi (+foto)

0

Bugun, 16-aprel kuni Toshkent vaqti bilan 00:00da Yevropa chempionlar ligasining chorak final javob uchrashuvlari doirasida 2ta bahs bo'lib o'tadi. «Yuventus» o'z maydonida «Ayaks»ni qabu qilsa, «Manchester Yunayted» esa Kataloniyada mehmon bo'ladi

«Yuventus» – «Ayaks»

«Yuventus» va «Ayaks»ning ilk uchrashuvida durang (1:1) natija qayd etilgandi. O'sha o'yinda gollarni o'z hisobiga Krishtianu Ronaldu va David Neres yozib qo'ygan. Umuman jamoalar shu vaqtgacha o'zaro 13 bora to'qnash kelishgan. O'tkazilgan uchrashuvlarning 6tasida «Yuventus»ning qo'li baland kelgan bo'lsa, 2tasida «Ayaks» zafar quchgan. Qolgan 5ta o'yinda esa murosa yo'li tanalangan. Mazkur bahsni turinliklar safida M.Kaseres, J.Kyellini, M.Manjujich, M,Perin o'tkazib yuborsa, amsterdamliklarda esa X.Bande. N.Talyafiko, K.Eyting maydonga tusha olmaydi. Bo'lajak o'yinni fransiyalik Kleman Tyurpen boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib boradi.

«Barselona» – «Manchester Yunayted»

Ushbu ikki jamoaning «Old Trafford» stadionida o'tkazilgan uchrashuvida mezbonlar a'zosi Lyuk Shouning avtogoli evaziga kataloniyaliklar minimal hisobda (0:1) muvaffaqiyat qozongandi. «Kamp Nou»dagi javob bahsini «ko'k-anorranglilar» safida T.Vermalen va R.Alkantara o'tkazib yuborsa, «qizil iblislar»da esa E.Bayi, A.Valensiya, L.Shou, A.Errera maydonga tusha olmaydi. «Barselona» va «Manchester Yunayted» shu paytgacha o'zaro 15 marta uchrashgan. 6ta g'alaba «blaugranas»larda bo'lsa, 5ta g'alaba MYu tarafida. Qolgan to'rtta o'yinda esa durang natija qayd etilgan. Germaniyalik hakam Feliks Brix Kataloniyadagi bellashuvni boshqarib boradi.