O'ylab ko'rdingizmi? 2019 yil 19 aprel kuni yulduzlar sizga nimalarni va'da qilarkin?

0

 

 

QO'Y (21. 03 — 20. 04)

Moliyaviy masalada mahkam bo'lmasangiz, holingiz tanglashib qolishi tayin. Zudlik bilan daromad va xarajatlarni qat'iy nazoratga oling. Shaxsiy hayotda optimistik kayfiyatda bo'lishingiz talab etiladi. Shunda juftingiz yoki bo'lg'usi juftingiz bilan oradagi munosabatlarda balans saqlanib qoladi. Atrofdagilarga nisbatan adolatli bo'lishni ham unutmang. Kechqurun toza havo sayriga chiqing va uxlashga yotishdan oldin imkon bo'lsa ovqatlanmang.

 

BUZOQ (21. 04 — 21. 05)

 

19 aprel kuni astoydil, chin ko'ngildan, qora terga botib ishlashingiz uchun qulay imkoniyatlar tug'iladi. Asosiysi, sizni qo'llab-quvvatlovchi odamlar bilan munosabatlarni yo'qotmang. Oilali do'stlarimiz bola tarbiyasida xatoliklarga yo'l qo'ygan bo'lsalar, bugun o'sha xatolarni tuzatish uchun imkoniyat bor, undan unumli foydalanib qoling. Ro'zg'or ikir-chikirlarini ham shu orada bartaraf eta boring. Ovqatlanish rejimiga amal qiling.

 

EGIZAKLAR (22. 05 — 21. 06)

 

Hayot hech kimga oson kechmaydi. Buni bilasiz. Shuning uchun o'zingizga yoqadigan hayotni qurish uchun zararli odatlardan voz kechishingiz, masalaga ochiq ko'z bilan boqishingiz, sergak, qat'iyatli, kuchli irodali bo'lishingiz va nihoyat salomatligingizni doimiy tarzda nazoratda ushlashingiz kerak bo'ladi. Bugun kunning ikkinchi yarmida surunkali xastaliklar qo'zg'alish ehtimoli bor. Muhabbatda ko'plab quvonchli lahzalarni boshdan kechirasiz.

 

QISQIChBAQA (22. 06 — 23. 07)

 

19 aprelda professional kasbingiz bilan bog'liq ishlarni bajarishda o'tmishda orttirilgan ozmi-ko'pmi tajriba asqotishi mumkin. Oilasiz bo'lsangiz, muhabbatda sir saqlashni biling. Sirlaringizni faqat bo'lg'usi juftingizgina bilsin, vassalom. Shaxsiy hayotda ham, ishda ham o'zingizga to'liq ishongan holda harakatlar sodir eting. Hayotga real ko'z bilan boqing va yomon xayollarni miyangizdan haydab soling. Kechqurun toza havoda sayr qiling. O'zingizni asrang!

 

ARSLON (24. 07 — 23. 08)

 

Atrofingizni qurshab turganlarni saralash payti yetdi. Sizni sevguvchi, hurmatlaguvchilarni bir tomonga, hasad va g'iybatdan bo'shamaydiganlarni bir tomonga qo'ying. Ikkinchi tomondagilar bilan aloqani uzing. Moliyaviy masalada omadga erishishni xohlasangiz, prinsiplardan voz keching. Hayot bilan hisoblashgan holda oldinga intiling. Tejamkorlikka alohida e'tibor qarating. Pulni topish qiyin, ammo sarflash chikoraligini unutmang. O'zingizni ehtiyot qiling.

 

PARIZOD (24. 08 — 23. 09)

 

19 aprel kuni zahiradagi maqsadingizni ishga solgan holda to'g'ri va tekis yo'ldan borishni xohlab qolasiz. Agar martabangiz oshishini kutayotgan bo'lsangiz, bu qaroringiz juda asqotadi. Shaxsiy hayotingizda yo'l qo'yilgan xatolaringizni yo'l-yo'lakay tuzata borish tadbirini ko'ring. Juftingiz bilan muloyim ohangda so'zlashing. Shunda munosabatlarga putur yetmaydi. Kechqurun salomatligingiz haqida qattiqroq qayg'uring. Surunkali xastalikka chalingan bo'lsangiz, muolajalarni ortga surmang.

 

TAROZI (24. 09 — 23. 10)

 

Kuningiz unumli kechadi. Shaxsiy hayotda, salomatlik masalasida muammolar ko'zga tashlanmaydi. Tanani chiniqtirishga yo'naltirilgan muolajalar oling. Ovqatlanish rejimi va me'yorlar haqida ham unutib qo'ymang. Ortiqcha vaznga ega bo'lsangiz, fitnes bilan shug'ullanib ko'ring, foydasini albatta sezasiz. Olis safarga otlanishdan buguncha voz keching.

 

ChAYoN (24. 10 — 22. 11)

 

19 aprelda aqlan o'sish haqida o'ylang. Ish bajarishda, muammolarni bartaraf etishda yangi usullarni o'ylab topish uchun sizga qo'shimcha bilim juda zarur bo'ladi. Qarindoshlar bilan o'zaro munosabatlar bugun yuqori darajada bo'ladi. Ulardan kimdir ichidagi bor dardlarini to'kib solishni istab qolar. Tinglang. Ochiqchasiga suhbatlashing. Ko'ngilni keng qiling. Kechqurun ayrimlarning xonadonida chaqaloq yig'isi jaranglashi mumkin. Umri bilan bergan bo'lsin!

 

O'QOTAR (23. 11 — 21. 12)

 

Shaxsiy biznesiga egalar, siyosat va adabiyot sohasida faoliyat yurituvchilar bugun yuqori natijalarni qo'lga kiritishadi. Harakatlaringiz zoe ketmaydi. Faqat tezlikni kamaytirmang. Xizmat safari, muhim hujjatlarni rasmiylashtirish va tadbirkorlar uchun yangi foydali shartnomani imzolash muvaffaqiyatli kechadi. Oila qurmagan bo'lsangiz, muhabbatda mo''jizalarga ishonib qolmang. Ular ertakdan boshqasini hadya eta olmaydi. Ertakni esa bolajonlar eshita tursin. Siz amaliy ishga o'ting.

 

TOG' EChKISI (22. 12 — 20. 01)

 

19 aprel kuni ham qalban, ham jisman mustahkamlikka erishishingiz kerak. Tashqarida bahor. Demak, siz ham yoqimli tanaffuslarni paydo qiling va hayotingiz yanada yorqin tus olishini ta'minlang. Moliyaviy muammolarni juda katta tezlikda bartaraf eting. Birovlardan qarz ola ko'rmang, omadsizlikka yuz tutasiz. Suyukli insoningiz bilan munosabatlarda illyuziyadan qoching. Barchasi reallikka yaqin bo'lishiga erishing. Omadingizni bersin!

 

QOVG'A (21. 01 — 19. 02)

 

Muammolaringiz oz emas. Ularni mardona turgan holda o'z foydangizga hal etish taraddudida bo'ling. Moddiy to'kinlikka erishish yo'lidagi harakatlaringiz zoe ketmaydi. Badavlat tanishlaringizdan biri sizga albatta yordam qo'lini cho'zadi. Salomatligingiz ham pand bermoqchi emas. Ammo zarar keltiradigan mahsulotlarni iste'mol qilishingiz ham tavsiya etilmaydi. Aks holda zaharlanib qolishingiz hech gap emas.

 

BALIQ (20. 02 — 20. 03)

 

19 aprelda g'ayratingiz bir dunyo bo'lib, o'zingizdan tajribasi ko'p hamkasblarni ham ish bajarishda ortda qoldira olasiz. Ayrim rejalaringiz siz mo'ljallagandek hal bo'lmasligi mumkin. Biroq bu qo'rqinchli emas. Hisob-kitobni joyiga qo'ya olsangiz, moliyaviy muammolar ham sizga so'zsiz bo'ysunardi. Zahirangizni ham mustahkamlab olardingiz. Muhabbatda faqat omadli lahzalar hamrohingiz bo'ladi.

Xushvaqt bo'ling! Hammavaqt bo'ling!

Olimjon HAYIT tayyorladi