ShAYTANAT… (16-qism. Birinchi kitob)

0

 

 

* * *

 

— Xuddi xo'ja qiziga o'xshaysiz-a? Jahlingiz chiqmasin, hazillashyapman. O'zim hozir yoningizga chiqmoqchi edim. So'raydigan gaplarim bor.

— Bolani tug'ib, boqib-boqib, qariganingda yoqmay qolarkansan, — dedi Risolat kampir, arazini davom ettirib.

— Buvamning xatlarini o'qidim. Hammasida afsus chekyapman, deganlar. Nimadan afsuslanishlari mumkin?

— Bilmayman.

— Nimadan afsuslanishlari mumkin? — dedi Anvar o'ziga o'zi gapirayotganday. — Qilgan xizmatlarigami yo yoshlikdagi xatolarigami? Balki yoshlik chog'larida biror do'stlariga xiyonat qilgandirlar?

— Gaping qursin sani, adam rahmatli chumoliga ham ozor bermasidilar. Chaquvdan bo'lgan hammasi. Stalinga qarshi to'ntarish yasamoqchi, deb tuhmat qilishdi. Stalinday odamni to'ntarib bo'larkanmi?

— Harholda qiziq… Shoakbar Zunnuniyni o'n to'qqizinchi yilda Buxoro amiri ostirgan. Oradan o'n sakkiz yil o'tgach, uning do'stini — mening buvamni qamashgan. Ikki hammaslak do'stning biri eski tuzumga yoqmagan, ikkinchisi yangisiga… — Anvar bir qo'li onasining yelkasida, ko'zi deraza ortida yog'ayotgan qor zarralarini ilib olayotgan daraxt shoxlarida edi.

— Aqlli odamning dushmanlari ko'p bo'ladi, bolam.

— Buvimga qiyin bo'lgan ekan-da.

— Oyim boyaqish hasratda o'tdilar, — Risolat kampirning ko'ngli to'lib, yengining uchi bilan ko'zyoshini artdi.

— Yuring, oyi, tanchangizda bir oz o'tiraylik, oyog'im qaqshab qoldi, — Anvar shunday degach, kampir o'rnidan turdi.

Anvar onasini uyiga kuzatib, birpasgina o'tirib qaytmoqchi edi. Onasi atayin uni ushlab qolmoqchi bo'ldimi yo chindan ham kitob o'qitib eshitgisi keldimi — Anvar farqlay olmadi. Xonzoda charm muqovali kitobni keltirgach, u qamaldagi odam holiga tushdi. Qishning bir tutam kunduzi tugab, shom qorong'isi bostirib kirdi.

 

***

 

Anvar o'rin solayotgan xotinini yelkasidan quchdi. Xonzoda cho'chib tushdi. Cho'chiganini yashirish uchun tezgina o'girildi-da, erining pinjiga kirdi — yelkasiga beozorgina bosh qo'ydi.

— Sizdan yana iltimos qilaman, — dedi Anvar uni bag'riga bosib. — Hamma o'ylasa ham, siz meni jinni demang. Hadeb oyimga yugurib chiqavermang. Men sog'man. Men ishxonadagilar uchun jinniman. Ular mendan qutulishning boshqa chorasini topisholmadi.

— O'sha ishingiz ham quribgina ketsin. Boshqa ishlar to'lib yotibdi-ku?

— Yo'-o'q, u yerdan ketmayman. Avval ishimni bitirib olay. Endi chekinsam, rostdanam jinni bo'laman. Bugun topib kelgan kitob-qog'ozlarim ularni portlatib yuboradigan atom bombaning o'zi. Tilka-tilka bo'lib ketishadi.

Xonzoda erini gapirtirmaslik uchun lablari bilan lablarini qidirib topdi…

Xonzoda odati bo'yicha yengil pishillay boshlagach, Anvar o'rnidan turib mehmonxonaga chiqdi. Deraza osha osmonga tikildi.

Tund osmon yorishmadi.

«Chaqirsang kelamiz, deyishgan edi. Nima uchun daraklari yo'q?..»

 

***

 

Shaharning eng katta restorani ikki kun davomida Asadbek xizmatida bo'ldi. Xonaki qimorbozdan tortib, orqa oynasiga oq parda tortilgan oq «Volga»larda yuruvchi zotlargacha xizmatda bo'lishdi.

To'yning daragini eshitib Zohid ham, garchi taklif etilmagan bo'lsa-da, keldi. U boshqalardek yelib-yugurib xizmat qilmadi. Asadbekning ko'ziga ko'rinib, jilmayib, ta'zim ham qilmadi. Bir chetda turib kuzatdi. Xizmat restoran xodimlariyu xodimalaridan ortmasa ham, «qamishdan bel bog'lab xizmat qilishni niyat etganlar» tinib-tinchishmasdi. To'y harakatlari ichkarida bo'lishiga qaramay, Asadbek turgan yerda ivirsishardi. Ayrimlari yugurib kelib, Asadbekdan maslahat olib ketardi. Ayrimlari shunchaki kirib-chiqib turardi. Ular orasida tanish odamlarini ko'rib, Zohid «hokim deyishganicha bor ekan», deb qo'ydi.

Zohid nikoh oqshomida kuyovning yonida Anvarni ko'rib avvaliga ajablandi. Ustozi sabab bo'lib, Anvar bilan bir-ikki suhbat qurgan edi. Adolat deb kuyinib yurgan yigitning adolatsizlik bilan topilgan pullar evaziga tuzalgan dasturxon to'rida o'tirishi unga g'alati tuyuldi. Uning qarichi bilan o'lchansa, Anvar do'stining bu xonadonga kuyov bo'lishiga yo'l qo'ymasligi lozim edi. Do'stini qaytarolmagan taqdirda ham kuyovjo'ra bo'lib to'rda o'tirmasligi kerak edi.

Chumoli uyasidek qaynayotgan to'yxonada Anvar ham Zohidni ko'rib, «Bu yigit nima qilib yuribdi?» deb ajablandi. «Xizmati yuzasidandir» degan gap xayoliga kelmay biroz g'ijindi.

Zohidning to'yda ishtirok etayotganini faqat Anvar emas, Asadbekning odamlari ham payqashdi. To'y o'z yo'liga, xizmat o'z yo'liga, deganlaridek, Asadbekning odamlari hushyor va ziyrak edilar. Kim keldi, kim ketdi, kim nima dedi — ularning nazaridan chetda qolmas edi. To'ydagilarning qariyb yarmi taklif etilmasalar-da, Asadbekka sadoqatlarini bildirishib, o'z ixtiyorlari bilan kelishgandi. Zohid ham taklif etilmaganlar safida, ammo uning maqsadi Asadbek odamlari uchun noaniq edi. Shu sababli «Sharif Namozov ishini ko'rgan, hozir Shilimshiqning ishi bilan shug'ullanayotgan» «bola»ning kelganini Asadbekka ma'lum qilib qo'yishdi.

— Yeb-ichib o'tiraversin, indamalaring, — dedi Asadbek. Keyin yonida qo'l qovushtirib turgan Kesakpolvonga qaradi. — Haydar, direktoring ko'rinmadimi?

— Kishinyovda o'tiribdi. Samolyoti uchmayotganmish.

— Prokuror bolaning akasi o'ldirilgan, devdingmi?

— Ha, shunaqa bo'lgan ekan.

— Prokuror bola…. tuzukroq odammi?

— Bu yoqda hali tuzukroq ish bermadi. Milisadaligida sal o'jarroq ekan. Odam bo'lishi qiyin-ov…

— Xo'jayini nima deydi?

— Odam bo'lmasa dumini tugadi-da…

— O'zing ham urinib ko'r. Oyog'imiz ostida o'ralashmasin. Kavkazlik bolalarni topdilaringmi?

— Yo'q, izi quribdi. Ularni akademik topgan bo'lishi kerak. Prokuror bolaga o'shani ro'para qilaymi?

Asadbekka bu taklif ma'qul tushganday bo'ldi. So'ng Zelixon izidan is olgan prokuror oqibat Elchinga ro'para kelishini o'ylab, fikridan qaytdi.

— Yo'q, — dedi u keskin ohangda. — Unga tegmalaring.

Zohid «yuqori doiralarning» o'zi haqida so'z yuritayotganidan bexabar, «meni bu yerda hech kim tanimaydi», degan xotirjam o'yda to'y tamoshasini kuzatardi. Uning nazarida xonandalar ustidan sochilib, xipchabel raqqosalar oyog'i ostida bosilayotgan pullar qog'ozdan emas, odam qonidan ishlangan edi. Mast basharalar sanchqiga hil-hil pishgan qo'y go'shtini emas, odam go'shtini ilib og'izga solishayotganday edi… Shuni o'ylaganida ko'ngli ag'darilib ketayozdi. Go'yo ashulachi san'atini qadrlaganday pul sochayotgan, aslida o'z qudratini, ayni choqda, Asadbekka bo'lgan e'tiqodini namoyish etayotgan bu kiborlarning qay biri Jalol Komilovning erkakligini kesib tashlagan ekan, qay biri yuragiga pichoq sanchib, qay biri osib qo'ygan ekan? Zohid «bu vahshiylik faqat mafiyaning qo'lidan keladi, guruhlar orasida ixtilof chiqqanu Komilov qurbon bo'lgan», degan qarorga kelgan edi. Bu vahshiylik «ijodkori» pul sochayotganlar emas, qo'shiq aytib ko'pning dilini o'ziga rom qilishi mumkin bo'lgan, hozir esa to'rda kuyov saruposida o'tirgan Elchin ekani xayoliga kelmaydi. Bu haqiqat tagiga yetgunicha ko'p qoqiladi, peshonasi ko'p g'urra bo'ladi…

 

***

 

Davraboshi Elchindan bittagina qo'shiq eshitish taklifi tushayotganini aytishi hamonoq qiyqiriq bo'lib ketdi. Elchin qamalmasidan avval bu sharafga ko'nikib qolgan edi. Shunday kezlarda u sahnaga yurib emas, go'yo parqu bulutlar ustida suzib chiqar edi. Hozir o'sha damlar qaytganday bo'lib yuragi bir entikdi. Bosh chayqab «yo'q», dedi. O'rnidan turib, qo'lini ko'ksiga qo'yib ta'zim qildi. Davraboshi unga tor uzatgach, noiloj qolib qo'liga oldi. Shunda ham o'rtaga chiqmadi.

Kimga to'y, kimga aza, deydilar. Elchin zohiran kuyovlik shohsupasida xurram ko'rinar, botinan esa, yuragi temir tirnoqlar hukmida edi. Yaxshilab qaragan kishi uning yuzlari kulgani bilan ko'zlari g'am pardasi ortida ma'yus tortganini payqay oladi. Yaxshiki, to'yda odamlar sinchkov bo'lishmaydi. Ko'pchilik Elchinning «ashula aytmayman» deyishini shunchaki noz o'rnida qabul qildi. Elchin hozir ular istagan qo'shiqlarni aytolmasdi, ularni xursand qilolmasdi.

Qo'liga tor olgach, «nimani aytsam ekan» deganday o'ylanib qoldi… Elektr organ cholg'uchisi uning mushkulini oson qilish uchunmi bir vaqtlar mashhur bo'lgan ashulasining kuyini chaldi…

Bugun qo'shni chorboqqa

kelin tushdi, yor-yor…

Elchin bu kuyni eshitmadi.

… Pullar sochilib yotgan to'yxonaga… Noila kirib keldi. Oppoq uzun ko'ylakda. Chap ko'kragida pichoq, lekin qon yo'q. Ma'yus kulimsirab turib:

— Ayting, Elchin aka, o'sha ashulangizni sog'indim… — dedi.

— Qo'shiq faqat senga atalgan edi.

— Ayting, mayli, bular ham eshitishsin. Zora tosh yuraklari yumshasa…

To'yxona birdan jimib qoldi.

Qamoqxonadagi to'lg'oqli kechalarda tug'ilgan, uzoq yillar yurak qafasidagi tutqinlikda potirlayotgan qo'shiq ozodlikka chiqdi…

Xayr endi, qalbimda bir vido qoldi…

Xayr endi, sen ketding, begunoh ohu…

Bugun sen qaydasan,

Qaylarda qolding…

Bugun boshing uzra kimning panohi…

Elchinning nazarida to'yxona jim edi. Barcha uning yuragidan otilib chiqayotgan nidoni tinglardi. Aslida esa… dasturxonga boshlangan yalpi hujum susaymagan holda davom etardi.

Seni kech topgandim… erta yo'qotdim…

Qarg'agin, loyiqman sening qahringga…

Qarg'agin… Qarg'agin…

Elchin o'zga olamga ko'chgan edi.

To'yxonada esa Asadbekning ichkari kirishiga tayyorgarlik boshlanayotgan edi. Harholda kuyovi ashula aytyapti, pul qistirmasa bo'lmas…

Bo'shagan likopchalarni yig'ishtirib yurgan to'rt ayol Jamshidning ishorasi bilan sochilib yotgan pullarni tezlik bilan terib olishdi. Ular ishlarini yakunlamay turib bir yigit qo'lida dastalangan pul bilan paydo bo'ldi-da, yuztaliklarni ikki qator qilib xuddi poyandozday tera boshladi.

Qarg'agin, loyiqman sening qahringga…

Yuz so'mlik puldan iborat poyandoz hosil bo'lgach, bazmxonada Asadbek ko'rindi.

O'zgalar qalbida mehr uyg'otdim…

Asadbek pullarni bosmay, chetlab o'tib, ashula aytayotgan kuyovi tomon yurdi. Yo'l-yo'lakay Jamshidni ko'zi bilan izlab topib qovoq uyib qo'ydi. Jamshid buni tushunib darrov xipchabellarga imo qildi. Ularga jon kirib, pullarni yig'ishtirishga tushishdi. Asadbek kelin-kuyovga yaqinlashib cho'ntagiga qo'l soldi. Ko'pchilik bir dasta pul sochilishini kutgan edi. Asadbek hech bir to'yda, yoki yig'inda pul sochmagan. Uning bu odatini bilgan yaqinlari «o'zining to'yida bu odatini buzarmikin» deb o'ylashgandi. Ular kutgan ish bo'lmadi. Asadbek ikkita yuztalik chiqarib uzatdi.

Elchin boshqa olamda edi — egilmadi. Asadbek pul qistirolmadi. Unga Elchinning hozirgi holati begona edi. Shu sababli Elchinning egilmaganini mag'rurlik belgisi sifatida qabul qilib g'ijindi. U o'zini mag'lub his etdi. Ammo mag'lubligini to'yga yig'ilganlar u yoqda tursin, yonidagi a'yonlariga ham sezdirishi mumkin emas edi. U darhol cho'ntagiga qo'l soldi-da, bir tutam yuztalik chiqarib, kuyovi ustidan sochdi. To'yxonani qiyqiriq bosdi. Asadbek ikkinchi cho'ntagidan pul chiqarib uni qizi ustidan sochdi. Avval Kesakpolvon, so'ng Chuvrindi xo'jayinlari ishini takrorlashdi. Asadbek kulimsiragan holda to'yxonadan chiqdi.

… Qarg'agin, loyiqman sening qahringga…

Elchin ustidan pul yog'ilardi…

Tuyg'ulari esa toptalardi…

Uning ko'zlaridan sizib chiqqan yoshni hech kim sezmasdi, hatto Anvar ham…

… O'zgalar qalbida mehr uyg'otdim…

 

***

 

«Siz o'shami?..»

Zaynab bu lahzani qancha kutdi? Yettinchi sinfdaligida «O'tgan kunlar»ni birinchi marta o'qib chiqqan edi. Yettinchi sinfdaligida kitobdagi Zaynabni qarg'ab, Kumushga o'zicha motam tutdi. O'ziga Zaynab deb ism qo'ygani uchun ota-onasidan xafa bo'ldi. Romanni ikkinchi yo uchinchi marta o'qiyotganida onasiga yig'ladi. «Otimni o'zgartiraylik», deb yalindi. Manzura qizining bu qilig'idan kuldi. Quchoqladi, boshini siladi, peshonasidan o'pdi. «Aylanay qizim, bu yomon ism emas, kitobda yozaverishadi-da», dedi. Keyin qiziga qiziqib o'zi ham kitobni o'qib chiqdi. O'zi ham yig'ladi. «Oyijon, ismimni Kumush deb o'zgartirmaysizlarmi, Kumushga o'xshab o'lib ketsam ham mayli edi…» Bu Zaynabning ko'nglidan kechgan gap. Uni tilga chiqarib aytolmaydi, uyaladi. Chunki kitobdagi Kumushning Otabegi bor…. orada totli damlar bor. Zaynabning orzulari ortida hozircha yashirin bo'lmish shundayin hislar borligini otasi bilib qolsa — sharmandalik emasmi?

Uzoq vaqtgacha birov uni otini aytib chaqirsa xuddi «Kumushga zahar bergan sensan», deganday bo'laverdi. Hatto bir kuni tushida Kumushni ko'rdi. Kumush — kinodagidan ming chandon go'zal, yuzlaridan nur taralayotgan bir juvon «nima uchun meni o'ldirdingiz?» deb o'pkaladi.

O'zining ismidan uyalish barobarinda u xayolan Otabegini izlardi. Sinfdagi bolalar orasida Otabek o'rnini bosuvchi bolani topmadi. Tanaffus paytida xuddi qizlarday to'planib olishib kiyim-kechaklar haqidagi gaplardan ortmovchi o'g'il bolalardan Otabek chiqishi mushkul edi. Uning nazarida arzirli bola maktabda yo'q edi. Norasta qiz yuragini otasining ishonchli mahramlaridan biri bo'lgan jingalaksoch yigit — Jamshid rom etsami?! Jamshid esa qizchaning ko'nglidan nelar kechishini bilmay, hovlida ro'para kelib qolganida «Ha, puchuq, o'qishlar qalay endi?» deb qo'yadi. Zaynab ba'zan shu so'zlarni ham eshitishga mushtoq bo'lib qoladi. «Otam meni unga berarmikinlar?» deb o'ylaydi. Hatto «Nimaga meni olib qochib keta qolmaydi?» deb ham fikr qiladi.

Balog'at yoshiga shu o'ylar, orzular bilan kirib keldi. Ko'nglidagi bolalikning o'tkinchi hislari emas ekan. Yurakka urug' bo'lib qadalgan o'sha hislar endi unib chiqa boshladi, qizning yuragini, aqlu hushini Jamshid tamom bandi qildi. Yoshi o'tayotgan bo'lsa-da, uylanmay yurgan yigit nima uchundir bu xonadonda ajib bir gul unayotganini sezmas edi. Jamshid deyarli har kuni shu yerda bo'lgani uchun ham uni o'z singlisiday ko'rardi, unga boshqacha ko'z bilan qarashni o'ylamasdi. Zaynab mana shundan to'lg'oqda edi.

U bekor qoldi degunicha Kumushbibi qismatini o'qirdi. Kitobning ko'p sahifalari yod bo'lib ketgan edi.

«Bilurmikin, bilmasmikin, u zolim!

Kunlar, tunlar tortgan ohu zorimni!..»

Kumushning to'yida qizlar aytgan qo'shiqdan shu baytni ko'p takrorlardi. Jamshid ko'rinmay qolsa «toblari qochdimi, meni o'ylab xasta bo'ldilarmi», degan xayolga borardi. Xayolni o'zicha haqiqatga aylantiray deganida Jamshid ko'rinib qolsa, uning sochlarini bittalab yulgisi kelardi. Kechalari bilan to'lg'onib «yaxshi ko'rishimni o'zim aytaman», deb qaror qilardi. Tong bo'zarishi bilan uning bu dadilligi uyquga ketar edi. Jamshidning mashinasiga chiqqanida esa siri oshkor etilib sharmanda bo'lganday yuzlari lovullab, tili kalimaga kelmay qotib qolardi. Zaynab faqatgina o'z dunyosida yashardi. Bu dunyoga o'zgalar kirishi mumkin bo'lgan eshik esa taqa-taq berk edi. Bu eshikni, istasa, faqat Jamshid ocha olardi. Ammo unda bunday xohish uchquni sezilmadi. Zaynab noshukurlik qilmadi. «Uzoqdan bo'lsa ham har kuni ko'rib tursam bas», dedi. Nazarida Jamshid bo'lmasa uning bu dunyoda yurishiga hojat ham qolmas edi.

Yigit kishi ham shunchalar beparvo bo'larmi? Gullarning ochilishiga zor bulbullar qani? Gul ishqida yonib kuylovchi qumrilar qani? Qani Otabek? Zahar faqat Kumushbibi jonini sug'urib olmay, Otabek yuragidagi muhabbatni ham o'ldirdimi ekan? Shu bois bu yorug' dunyoda Otabeklar qolmadimi ekan?

Jamshid Otabek kabi sevganida edi, Zaynabimiz Kumush kabi o'lib ketishga ming marta rozi edi. Ha, Zaynabimiz ana shunday telba muhabbat cho'risi edi. U Jamshidning yuragidan ayol zotiga nisbatan muhabbat quvib chiqarilganini, bu qalb faqat nafrat bilan tepayotganini bilmas edi. Chunki Jamshid ham o'z dunyosida yashardi. Uning dunyosiga o'zgalarning kiruvi mumkin bo'lgan eshik ham taqa-taq berk edi. Bu eshikni Zaynab ham ocha olmas edi…

Zaynab muhabbatning aldamchi bulutlari ustida suzib yurganida o'zining bo'lajak to'yini xayol ko'zi bilan ko'rardi. Yo'q, yo'q, siz uni ersirab qolibdi, deb o'ylamang. Asti bunday emas. To'y deganda uning ko'z oldiga to'shak kelmaydi. To'y deganda u… Otabeknigina ko'rardi. Xotirasiga muhrlanib qolgan yozuvchi satrlari bilan ko'rardi…

«… kuyov kelar edi: ikki tomonni sirib olgan xotin-qizlar o'rtasidan Otabek kelar edi…»

Otabek — shubhasiz, jingalaksoch yigit.

«… uning ketidan Oftob oyimning egachisi isirig' tutatar edi…»

Demak, isirig'ni xolasi tutatadi.

«… xotinlar qo'llarida sham bilan bunga qarar va uzatib qolur edilar…»

Elektr chiroq o'chib qolsa qanday yaxshi bo'lar edi…

«Kuyov uyning yoniga yetdi. Uning yuzi uyatdan juda qizargan, qochgali joy topolmas edi. Shu kezda uyning eshigi ochildi-da, yanga tomonidan qarshilandi.

— Kiringiz, bek!»

Yanga kim bo'larkin? Kichik xolasi durust. Kattasi sal qo'polroq, bema'ni gaplarni ham aytvoradi.

«… Otabekning yurak urishi ehtimol yangasiga ham eshitilar edi…»

Yangasiga eshitilmas balki, ammo u eshitadi. O'z yuragining qafasdagi qushday potirlashiga hamohang bo'ladi…

«… Otabek uyga kirgandan keyin yangasi tashqari chiqib, eshikni o'zi ko'rarli qiya qilib yopdi…»

Kichik xolasi mo'ralamaydi, gap poylamaydi. Unga aytib qo'yadi: eshikni zich yopib ustlaridan qulflaydi…

(davomi bor)

Tohir MALIK