Sog'liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Jahon sog'liqni saqlash assambleyasining vitse-prezidenti etib saylandi

0

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqasi bo'yicha vitse-prezidenti etib O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov saylandi.

20 may kuni Jenevada Jahon sog'liqni saqlash assambleyasi (JSSA)ning 72-sessiyasi o'z ishini boshladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

O'zbekistonning Jenevadagi doimiy vakolatxonasi ma'lumotiga ko'ra, JSSAning Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropa mintaqasi bo'yicha vitse-prezidenti etib O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov saylangan.

«Bu O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida amalga oshirilayotgan sog'liqni saqlash tizimini yaxshilash, sog'lom avlodni tarbiyalash uchun zarur sharoitlarni shakllantirish va profilaktik tibbiyotni rivojlantirishga yo'naltirilgan keng qamrovli islohotlarning JSST tomonidan e'tirof etilishidan dalolat beradi», — deyiladi manbada.

Jahon sog'liqni saqlash assambleyasi — JSSTning oliy organi bo'lib, uning faoliyatida tashkilotga a'zo barcha davlatlar delegatsiyalari ishtirok etadi. Uning asosiy funksiyalariga JSST faoliyati yo'nalishlarini belgilash, tashkilot bosh direktorini tanlash, byudjetni tasdiqlash va nazorat qilish kiradi. Assambleya raisi va uning 5 nafar o'rinbosari JSSTning har bir hududidan bittadan saylanadi va JSSA yalpi sessiyalarida navbatma-navbat raislik qiladi.

JSSAning hozirgi sessiyasida dunyoning 190 dan ziyod mamlakatidan 3 mingga yaqin delegat ishtirok etmoqda. 150 nafarga yaqin sog'liqni saqlash vaziri, yetakchi xalqaro tashkilotlar, yirik korporatsiyalar, xalqaro jamg'armalar va ilmiy doiralar shular jumlasidandir.

«Ta'kidlash joizki, O'zbekistonning sog'liqni saqlash sohasidagi yutuqlari JSSA tadbiri ochilish marosimida JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesusning chiqishida ham o'z aksini topdi. U, xususan, O'zbekiston dunyoning oz sonli mamlakatlari qatorida o'z hududida bezgakni to'liq yo'q qilishga erishganini ta'kidladi», — deyiladi TIV xabarida.

Tadbir doirasida O'zbekiston delegatsiyasi rahbarining yalpi sessiyada chiqishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, JSST rahbariyati hamda xorijiy davlatlar delegatsiyalari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o'tkazilishi va sog'liqni saqlash tizimidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga doir ustuvor masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.

Jahon sog'liqni saqlash assambleyasi sessiyasi 28 mayga qadar davom etadi.