GUBERNATORNING KUShANDASI… (yoxud «avtoritet»ning amalga oshmagan rejasi)

0

 

Yaqinda Rossiya poytaxti Moskva shahrida 2016 yili Volgograd viloyat gubernatori Andrey Bocharovning hayotiga suiqasd uyushtirgan shaxs qo'lga olindi. U Yevgeniy Remezev ismli kimsa bo'lib, tor doiradagi jinoiy guruhlar orasida «avtoritet» hisoblanarkan. Shubhasiz, to shu kunga qadar uning o'zi ham uyushgan jinoiy guruhga yetakchilik qilgan.

Tergov materiallarida ta'kidlanishicha, Remezev 2003 yili Volgograddagi katta bozordan o'ziga savdo shohobchalarini ijaraga olgan. Ammo oradan hech qancha o'tmay, gubernator Andrey Bocharov ijaradagi savdo shohobchalarini viloyat hisobiga o'tkazish haqidagi qarorga imzo chekdi. Qarorga ko'ra katta bozorlardagi ijaraga berilgan shohobchalar tortib olindi. Remezev ko'p marotaba gubernator bilan sudlashdi. Biroq har gal mag'lub bo'laverdi. Niyati amalga oshishiga umidi qolmagan Remezev jinoiy guruh a'zolariga gubernatorni o'ldirish vazifasini topshirdi. O'zi esa xorij safariga jo'nadi.

O'shanda 2016 yil 16 noyabr kuni edi. Jinoyatchilar gubernatorning Traktorozavodsk tumanidagi uyiga yaqinlashib kelib tez o't oladigan yoqilg'i yordamida uyni yoqib yuborishga chog'lanishdi. Rejaga ko'ra, uyga o't qo'yilgach, gubernatorni oilasi bilan birga to kuyib kul bo'lmaguncha ichkaridan chiqarmaslik zarur edi. Biroq yovuz niyatli kimsalarning ishi yurishmadi. Barchalarini qo'lga olishdi. Dastlabki tergov jarayonidayoq, besh kishidan iborat jinoyatchilar Remezevni ham sotishdi. Faqat Remezev xorijda bo'lgani sababli qo'lga olish operatsiyasi kechagi kunga qadar cho'zilib ketdi. Lekin baribir qo'lga tushdi. Endi uning taqdirini odil sud hal qiladi.