AROSATLAR OROLI… (31-qism. Ikkinchi fasl)

0

 

 

* * *

 

To'rt devor nazdimda zindon kabi ayanchli, qo'rqinchli va yoqimsiz edi. U har lahzada meni yutib yuborishga tayyor maxluq kabi tevarakdan hamla qiladigandek tuyulardi.

Shu taxlit uzoq muddat bir nuqtaga tikilgancha o'tirib qoldim. Ichkilikning kayfi ham tarqadi. Boshimda kuchli og'riq turdi. Ko'nglim ag'darilib, yuragim siqildi, nimadir yelkamdan qattiq bosgandek nafas olishim qiyinlasha bordi. Tiq etgan tovush asabimga tegib, mushtlarim tugildi, ko'ksimda noma'lum titroq tuydim.

«Nega Susannaga bu qadar bog'lanib qoldim? — o'ylardim o'zimcha. — Nima uchun sal sovuqqonroq bo'lmadim? Mehrimni berdim, usiz bir soniya bo'lsin, yashab ko'rishga urinmadim? Endi esa shularning kasri meni ezmoqda, bag'rimni parchalamoqda. Bu yog'iga nima qilaman? Hayotimni qanday quraman? Sezib turibman. Ayriliqdan xabar topishsa, qarindosh-urug'larim ham uyimdan qadamlarini uzishadi. Negaki ular mendan faqat yaxshi, quvonchli kunlarimdagina xabar olishadi, shodliklarimgagina sherik bo'lishadi. Menga xudoyim ana shunday beqadr qarindoshlarni hadya etgan…»

Ne-ne xayollar, taxminlar, asabiyliklar qurshovida tong ham otdi. Men kutgan onlar hanuz yiroqda edi. Kvartira eshigi taqillamadi, telefon bezovta jiringlamadi. Men sukunat asiriga aylangan holda tirik murda yanglig' joyimdan qimirlashga kuch topa olmay, tek o'tirishda davom etmoqdaman. Xo'sh, bu yana qancha davom etadi? Bir yilmi yoki abadiy? Odam bir joyda abadulabad o'tirishi, sukut saqlashi, kutishi, shu taxlit o'zini o'zi yeb bitirishi mumkinmi? Yo'q, bunday bo'lmaydi. Bu jussa ertami-kechmi, baribir, harakatga kelishi, jonsiz oyoqlar olg'a bosishi shart. Dunyo shunday yaralgan. Faqat murdalargina qimir etmaydi.

Ana, tashqarida quyosh nur sochib, qushlarni sayratib, yayratib qo'yibdi. Garchi men ularga o'xshab yayray bilmasam-da, saxovatli quyosh nuri ostida harakatlanishim lozim…

Bir mahal telefonim jiringlay boshladi. Men go'yoki uzoq kutilgan yaqin insonimni topgandek jonholatda yashil tugmachani bosib, telefonni qulog'imga qo'ydim.

— Allo! — dedim go'shakdan tovush eshitilishini ham kutib o'tirmay. — Kim bu? Susanna!

— Haliyam topolmadingmi xotiningni?

Lena ekan. Uning xotirjamlik bilan savol berishi g'ashimni keltirdi.

— Nega indamayapsan? Tirikmisan?

— O'lishimni kutganmiding? — sovuqqonlik bilan so'z qotdim. — Yaqin orada orzung ushaladi.

— Tentakmisan? Qayoqdagi gaplarni gapirasan-a?! Dugonam topildimi, deb so'radim sendan?

— Topilsa, birinchi bo'lib senga xabar beraman, — dedim battar achchiqlanib. — Ishon, albatta, shunday qilaman.

— Bo'ldi, hadeb siqilaverma, — dedi Lena. — Tez biznikiga kel! Birgalashib qidiramiz xotiningni!

— Nima, sen qaerdaligini bilarmiding? Ayt, bilarmiding?

— Voy, tavba, bu nima deganing? Bilsam, senga aytardim-ku, jinnivoy! Tezroq kel!

— Xo'p, hozir boraman.

Baribir, ko'nglimga iliqlik yugurdi. Lena nimadandir xabardorligiga ishondim. Uning so'nggi so'zlaridan bir achchiqlandim, bir mamnun bo'ldim. Ammo hozir bosh qotirib o'tirishga fursat yo'q edi. Tezroq Lena bilan uchrashmasam, Susannani qidirmasam bo'lmasdi.

 

* * *

 

Etib kelganimda, Lena allaqachon kiyinib, meni kutib turgan ekan. Meni ko'rib miyig'ida jilmaydi-da, tashqariga ishora qildi:

— Xo'sh, ketdikmi xotiningni qidirishga?

— Qaerga boramiz? — so'radim tutilib. — Izlamagan yerim qolmadi. Hech qaerda yo'q!

— Seni bir joyga olib boraman, — kuldi Lena. — Susannang o'sha yerda bo'lishi mumkin.

— O'zing ham aniq bilmaysanmi? Tavakkal qilmoqchimisan?

— Shunday qilmasam, xoli-jonimga qo'yarmiding, sen qaysar! Yur, kechikmaylik! Hali qiladigan bir dunyo ishim bor.

Bu gaplardan so'ng Susannaning topilishiga unchalik ishonqiramay qoldim. Axir Lena ham tavakkal qilayapti. Qaerdaligini o'zi ham bilmas ekan. Nima keragi bor ekan ortiqcha ovoragarchilikning?! Yaxshisi, militsiyaga xabar berganim ma'qul edi. Tezroq aniqlardim…

Shunday o'ylar iskanjasida Lenaga ergashdim. U tabiatan shaddod va cho'rtkesar ayol. Agar hozir bir og'iz ortiqcha gapirsam, shartta ortga qaytishdan ham toymaydi. Har holda, noumid shayton deganlar. Balki, biror gumoni bordir. Behuda yo'lga otlanmagandir?!

Biz avtobusda chamasi besh-olti bekat yurib, tushib qoldik. Lena meni ergashtirgancha o'ngdagi ko'chaga burildi. Bu ko'cha yuzida qator do'konlar qurilgan. Do'konlar tugagach, tug'ruqxona boshlanadi.

Meni hayron qoldirib, Lena tug'ruqxona ro'parasida to'xtadi. Tushunmadim. Nega bu yerda to'xtadi? Susanna homilador emasdi-ku!

— Nega to'xtadik? — so'radim yelka qisib. — Tinchlikmi, Lena?

— Xotinchang shu yerda yotibdi, — dedi Lena pinak buzmay. — Ayolniyam hadeb azoblayverish yaxshimas, do'stim. Mana, xiyonating tufayli Susanna shu yerga kelib qoldi.

— Nima? Nega bu yerga kelib qoladi? U homilador emasdi-ku!

— Kim aytdi senga tug'ruqxonaga faqat homiladorlar keladi, deb? Ayollarning ming xil dardi bor. Ular ham shu yerda yotib davolanishadi.

— Demak, Susanna kasal bo'lib qolgan, degin?

— Ha, sen tufayli. He, qahramon!

Lenaning kinoyali qochirimlari qulog'imga kirmadi. Ikki xayolim Susannada edi. Tezroq uni ko'rish, kechirim so'rash, kasalini aniqlash ilinjida tipirchilardim.

— Iltimos, menga qaysi binoda, qaysi palatada yotganini ayt! — yolvora boshladim Lenaga. — Vaqtni cho'zmagin! Yuragim yorilib ketguday bo'lyapti!

Lena bir necha soniya menga hissiz tikilib turgach, qo'li bilan chapdagi binoni ko'rsatdi.

— Huv o'sha binoga kirsang, topasan. Men seni shu yerda kutaman.

Men go'yo qanot bog'lagandek tug'ruqxona hovlisiga uchdim. Pirpirak kabi yelib borarkanman, yuragim keragidan o'n chandon tezroq urar, ko'zlarim hech narsani ko'rmasdi.

 

* * *

 

Ko'rsatilgan palataga yaqin borganimdan keyin taqqa to'xtadim. Biroz o'zimni bosib olish, nimalar deyish haqida o'ylab olishga urindim. Biroq bardoshim menga bo'ysunadigan ahvolda emasdi. Qo'llarim beixtiyor eshik tutqichiga yo'naldi. Men ichkariga qadam qo'ydim.

Haqiqatan, Susanna deraza ostidagi karavotda teskari o'girilgan ko'yi yotgan ekan. Qadam tovushini eshitdi-yu, shoshib eshik tomon burildi.

Ko'zlar to'qnashdi. Men ehtiyotkorlik bilan unga yaqinlashib, tiz cho'kdim. Afsuski, harakatlarim bekor ketdi.

Susanna menga alamli tikilib turdi-da, beixtiyor titradi va ohista shivirladi:

— Yo'qoling! Nega keldingiz? Daf bo'ling bu yerdan!

— Nega? Bilaman, hammasiga men aybdorman… Axir tushunsang-chi, seni yo'qotib, bo'lganimcha bo'ldim. Tuni bilan uxlaganim yo'q. Bormagan yerim qolmadi. O'lib qolayozdim. Kechir!

Susanna sal o'zini bosgan bo'lib, egniga qalin xalatni ildi va karavotga qaytadan cho'kib, bosh egdi.

— Ne niyatlarda yurgandim? — dedi boshini ko'tarmay. — Erimni xursand qilaman, unga syurpriz qilaman deb o'ylovdim. Xom sut emgan banda ekanman. Bu kishim begona ayollar bilan don olishib yuribdi ekan…

— Nimalar deyapsan? Aytdim-ku, endi qaytarilmaydi! To'xta, qanaqa syurpriz haqida gapirayapsan? Tushunmadim…

— Meni tamom qildingiz, — dedi Susanna. — Birgina xatongiz umrimga tatiydigan bo'ldi.

— Nima bo'ldi? — uni siltab savolga tuta boshladim. — Meni deb-a? Qaering og'riyapti o'zi? Ayta qolsang-chi!

— Qanchalar go'l va soddasiz-a?! — deya Susanna qo'llarimni yelkasidan olib tashladi. — Biz farzandli bo'lishimiz mumkin edi. Ammo…

— Nima?! Sen homilador edingmi?

Susanna bosh irg'adi-yu, lekin hech narsa demadi.

Shu ishorasining o'zi yetarli edi. Barchasini tushunib yetdim. Angladim. Nega bu yerda yotgani ham ma'lum bo'ldi. Demak, u ikkiqat bo'lgan-u… Men ahmoqning dastidan qattiq siqilish natijasida homiladan ayrilgan.

Men nimalar qilib qo'yganimni endi angladim. O'zimga bo'lgan nafrat hissi vujud-vujudimni egalladi…

Baxtga qarshi kech edi. Ko'ksimga mushtlagancha titrab-qaqshab, xona aylanishdan bo'lak chora topolmadim.

 

* * *

 

Bir necha daqiqa ichida ko'nglimdan bugunga qadar o'ylagan orzularim, niyatlarim, armonlarim ipdek tizildi. Ko'z o'ngimda Sobirjonim gavdalandi. Uni quchishga, erkalashga, shirin so'zlar bilan ko'nglini olishga, kuldirishga qanchalar zorligimni ayni pallada yana bir bor chuqur his etdim.

Ne-ne maqsadlarim bor edi-ya. Susannaning farzand ato etishiga ishongandim. Kelgusi umrimiz shodonlikda o'tishidan umidvor edim. Afsus! Tag'in saroblar zardobini tatib ko'rmoqdaman. Bu zardob zahridan vujudim kuymoqda, o'zim murda qiyofasiga kirib qolgandekman…

Siniq nigohimni Susannaga tikdim. U bosh eggancha jim o'tirardi. Peshonada shunday bitiklar bo'lsa, unda ne ayb?

— Qayg'uraverma, — dedim dardimni ichimga yutib, — hali hayot oldinda. Shu ko'ngilsizlikdan fojia yasasak, u yog'i nima bo'ladi?

Susanna asta boshini ko'tardi-da, o'rnidan qo'zg'aldi. Aftidan, nimadir demoqqa shaylandi-yu, negadir dilidagini tiliga ko'chirishga ikkilandi.

— Bor gapni aytaver, — deya uni gapirishga undadim. — Bo'lar ish bo'lgan. Endi qanday gap bo'lsa, o'rtaga tashlayver!

— Bosh vrach mendan nimanidir bekityapti, — dedi, nihoyat, Susanna. — Shuncha qistalang qilsam ham, aytmadi. Balki, o'zingiz gaplashib ko'rarsiz…

— Hozirmi?

— Ha, tezroq gaplashing, bu yerda ortiq qololmayman.

Men o'rnimdan turib, eshikka yo'naldim. Ochig'i, shu tobda bosh vrach menga umid baxsh etadigandek tuyuldi. Uni tezroq topishga, o'sha noma'lum umiddan bahra olishga oshiqdim.

 

* * *

 

Meni to'ladan kelgan ayol — bosh vrach sovuq qarshi oldi. U ro'paradagi kursiga ishora qilib, «O'tiring», dedi-yu, nimalarnidir yozishda davom etdi.

Bir muddat sukut saqlashdan so'ng tavakkal so'z boshladim:

— Kechirasiz, men siz bilan bir masalada gaplashmoqchiydim. Agar…

Ayol keskin boshini ko'tardi-da, qo'lidagi ruchkani stol ustiga tashlab, menga tik boqdi.

— Kim bo'lasiz o'zi, ukam? — so'radi u og'ir xo'rsinib. — Nima gapingiz bor?

— Susanna masalasida…

— Ha-a, — deya darrov qovoq uyib oldi ayol, — anavi arman juvonmi? Siz kimi bo'lasiz?

— Turmush o'rtog'i.

— Shunaqami?! Menga qarang, uka, xotiningizga tug'ish mumkinmasligini bilarmidingiz?

— Nima? Nega mumkin bo'lmaydi? U soppa-sog'-ku axir?!

— Qon bosimini hech o'lchatib ko'rganmisiz? Buyragini-chi?! Biror marta beli og'riyotganidan shikoyat qilganmi?

— Yo'q, — dedim dovdirab.

— Homiladorlikni buyragi ko'tara olmaydi.

Bu gapni eshitib, ustimdan birov sovuq suv quygandek muzlab ketdim.

Nima deyishni bilmay kalovlandim. Bosh vrachning shartakiligi, sovuqqonligi g'ashimni keltirdi. Biroq indamadim. Vrachning so'nggi so'zini kutdim.

— Xullas, mening boshqa gapim yo'q, — dedi asta o'rnidan qo'zg'alib shifokor. — Agar xotiningizning umri aziz bo'lsa, yaxshilab o'ylab ko'ring.

— Bolasiz nima qilamiz?

Ayol bu gapimni eshitgach, birdan o'zgardi. Javdiragan ko'zlarimga boqib, bir necha marta og'ir uf tortdi. Chamasi, nimalarnidir maslahat bermoqchi edi.

— O'rtada farzand yo'q, — dedim xiyla o'zimni qo'lga olib. — Shunga… Ovunchoq bo'larmikan devdik. Axir bola oilani mustahkamlaydi, deyishadi-ku!

— Siz haqsiz, — dedi bosh vrach lab tishlab. — Bolasiz uy uymi?! Lekin sog'liq hamma narsadan muhim-da. Agar juda xohlayotgan bo'lsangiz, ikkovingiz kelishinglar-da, bola asrab oling. Mehr berib o'stirsangiz, birovning bolasiyam bolalik qila oladi. Tushuning, uka, xotiningizga farzand ko'rish umuman mumkinmas. Qon bosimi juda xavfli darajada. Buning ustiga, buyragi ham bo'sh ekan. Tag'in o'zlaring bilasizlar…

Bosh vrachning xonasidan bir ahvolda chiqdim. Bo'lib o'tgan gaplarni Susannaga aytishni ham, aytmaslikni ham bilmasdim. Aytsam, asabiyligi ortib, jazavaga tushisa-chi? Yana ajrashishni istab qolsa-chi? Unda nima qilaman? Qanday uqtiraman? Susannaga bola asrab olishni maslahat solsam-chi? Nima derkin? Siltab tashlamasmikan?

Shunday savollarga ko'milib, bo'shashgan ko'yi Susanna yotgan palata tomon yurdim…

 

* * *

 

Biz oldinma-keyin uyga kirib keldik. Ammo hanuz jimmiz. Go'yo bir-birimizga aytadigan so'zimiz yo'qdek.

Susannaga yer ostidan hissiz nazar tashlayman. Menga uning yuzlarida afsus ifodasi ko'zga tashlanmayotgandek ko'rinadi. Qo'lidagi qahva to'ldirilgan idishchani kaftlari orasida aylantirgancha o'y surmoqda. Nimalarni o'ylayapti, maqsadi nima, qanday rejalari bor? Bularni ko'zlariga qarab ilg'ab bo'lmasdi.

Tag'in Sobirjonning siymosi ko'z oldimda paydo bo'ldi. U injiqlanadi, o'zini u yon-bu yonga tashlab, kimnidir qidiradi. Balki, erkalangisi kelayotgandir? Kim bilsin? Xayolan unga talpinaman. Ammo qo'llarim yetmaydi. Juda olisda bo'lganim bois o'g'lim ovozimni ham eshitmayapti.

Yo alhazar! Bu qanday ko'rgilikki, o'z farzandingni ko'rishga, bag'ringga bosishga haqsizsan! O'zingni o'tga, cho'qqa ursang ham, bu niyating amalga oshmaydi. Nahotki endi bir umr shunday hayot kechirsam? Ilgari anglamagan ekanman, farzand bo'lmasa, er-xotinning gapi qovushmas, bir-biriga sovuqqon bo'lib qolarkan. Buni ilk bor vujudimda tuyarkanman, Susannadan soviy boshlaganimni tushunib yetgandek bo'ldim. Qanday dahshat! Yaqin-yaqingacha uni yeru ko'kka ishonmasdim. Endi esa…

Aksiga olgandek, qo'shni kvartiradan chaqaloq chinqirgani eshitildi. U bor ovozda dunyoga jar solib yig'lardi. Erkak kishi chaqaloqni ovutishga urinib, turli erkalovchi so'zlarni aytardi.

Bu tovush a'zoyi badanimni qaqshatib yubordi. Qalbim larzaga keldi. Miyamni kemirayotgan og'ir dardning zahri yuz chandon ortdi. Dast o'rnimdan turdim-da, bir muddat quloqlarimni kaftim bilan yopib oldim. Qaniydi, chaqaloq yig'isini shu tobda eshitmasam! Koshkiydi, bir necha soat sukunat girdobida qolsam!

Yo'q, bunday bo'lmadi. Garchi chaqaloq yig'lashdan to'xtagan bo'lsa-da, uning yig'isi quloqlarim ostida hamon jaranglardi. Qaerlargadir bosh olib ketgim keldi. Yolg'iz qolishni, o'zim bilan o'zim dardlashishni xohladim.

Afsuski, bu istagim ham amalga oshmadi. Hech qaerga keta olmadim.

Taqdirga tan berishdan o'zga chora topolmay, ko'rpacha ustiga cho'zildim-u, boshimni changallagancha ko'zlarimni yumdim.

 

* * *

 

Bir mahal eshik taqillay boshladi. Asta o'rnimdan qo'zg'aldim-da, Susanna tomon yuzlandim. U kitobga mukkasidan ketibdi. Eshik taqillashiga e'tibor ham qilmadi.

O'zim borib eshikni ochishga majbur bo'ldim. Lena kelibdi. U ichkariga kirdi-da, mening avzoyimga razm solgan bo'ldi.

— Ha, ikkovingiz ham suvga tushgan mushukday shumshayib o'tiribsiz… — Susanna bilan ko'rishib, o'rtadagi dilxiralikni tarqatish ilinjida hazillashdi Lena. — Urishib qoldingizmi?

— Urishmadik, — dedi Susanna qovoq uyib. — Hali yarashmadik ham.

— Obbo, — qo'l siltab ko'rpachaga o'tirdi Lena. — Do'xtirning qayoqdagi gapini deb, iztirobga tushishingiz nimasi? Aytaveradi-da do'xtirlar! Hali ko'rasiz, bir etak bola atrofingizda chuvillab qolsin, qochishga yo'l topolmay qolasiz…

— Qaniydi, shunday bo'lsa, — yer chizdi Susanna. — Qodir akamning paytavasiga qurt tushmasdi. Afsus, mening aybim bilan…

— Menga qaranglar, — qaytadan o'rnidan turib, ikkimizga javdiradi Lena. — Rostdanam bola asrab olsangiz bo'lmaydimi?

— Begonaning bolasini-ya? — norozilandi Susanna. — Birovning bolasi bolalik qilarmidi?

— Nega bolalik qilmasin? Qiziq ekansan-ku! Odamlar-chi, yovvoyi hayvonlarni qo'lga o'rgatib, boladay parvarish qilishadi. U odam-ku, nodon! Sizlar mehr berib boqsangiz, albatta, bolalik qiladi.

— Xo'p, shunday ham qildik deylik, — oraga tushdim men toqatim toq bo'lib, — kim bizga tuqqan bolasini berib qo'yardi?

— Men sizlarga shu masalada yordam berishim mumkin, — dedi Lena jonlanib. — O'zi, aslida, shu niyatda keluvdim.

— Nima, bolasini birovga berishga rozi odamni topdingmi? — so'radi Susanna negadir ishonqiramay.

— Topdim. Bir tanishim bor. Ismi Hayitgul. Eri bilan yaqinda ajrashgan. Kuni kecha tug'ruqxonaga yotibdi. Menga qo'ng'iroq qilib, «Shu bolam tug'ilsa, tirnoqqa zorga berib yuborardim, menga qolgani ham yetadi», dedi. Uning gapini eshitdim-u, darrov sizlarni o'yladim. Voy, bunaqa imkoniyat har doim ham bo'lavermaydi. Vaqt borida otni qamchilab qolmaysizlarmi? Xudoga shukr, Qodir ishlaydi, bir bolani boqishga qurbingiz yetadi. Buning nimasi yomon?

— Rostdan berarmikan? — Susanna ko'zlari chaqnab bir menga, bir Lenaga tikildi. — Aldamasmikan, ishqilib?

— Aldasa, atayin qo'ng'iroq qilmasdi-ku! Qisqasi, Hayitgul farzandini tanish odamlar olishini istayapti. «Bolamni keyinchalik uzoqdan bo'lsayam ko'rib tursam bas», deyapti. Tushundilaringmi?

Men bu gaplarni eshitgach, o'zimcha mulohaza qilib ko'rdim. Xo'p, chaqaloqni berdi ham deylik. Uni biz katta qilamiz. Tetapoya bo'lib, ko'chaga chiqadi. Hayitgul deganlari bolasini ko'rgach, birdan aynib qolsa-chi? Unda nima bo'ladi?

— Sira ishongim kelmayapti, — dedim shubhamni yashira olmay. — Ayollarning kutilmaganda so'zidan qaytadigan odati bor. Keyinini ham o'ylash zarur, Lena.

— E, o'zingiz ham o'taketgan ezma ekansizlar! Chaqaloqni darrov qo'lingizga tutqazmaydi-ku, axir! Oldin kelishasiz, tegishli idoralarga borib, nomingizga rasmiylashtirasiz. Sizning bolangiz bo'lgandan keyin Hayitgul hech narsa qila olmaydi. Umuman, uning bunaqa niyati ham yo'q. Uzoqni o'ylab, shunday yo'l tutishga majbur bo'layapti.

Lena haq. Rasman bola bizning nomimizga o'tgach, haqiqatan, hech kim bizdan uni tortib ololmaydi.

— O'sha bolani olamiz, — deya qat'iylik bilan Susanna tomon o'girildim. — Xo'sh, azizam, sen nima deysan?

Susannaning chehrasi ochildi. Miyig'ida jilmaydi-da, bosh irg'adi:

 

* * *

 

Shahar uzra tun cho'kdi. Hatto akillab barchaning tinchini buzadigan itlarning ham uni o'chdi. Faqat men va Susanna uyg'oq edik. Hanuz devorga suyangancha sukut saqlab, ahyon-ahyonda nimadir demoqqa shaylangan kabi bir-birimizga qarab olardik.

Ha, biz ayni pallada o'zimiz bilan o'zimiz ovora edik. Ikkimiz ham o'z xayollarimizga asir bo'lgancha, orzular ummonida suzar, uyimizga mehmon bo'lajak farzand haqida o'ylardik. Turli rejalar tuzardik.

«Agar qiz bo'lsa, ismini Oygul qo'yaman, — o'ylardim o'zimcha. — U hech narsadan kamlik ko'rmaydi. Dunyoda eng go'zal va aqlli qiz bo'lib voyaga yetadi. O'g'il bo'lsa…»

O'ylarim oxiriga yetmay qoldi. Susanna men tomon o'girildi-da, ikki yelkamdan tutdi.

— Chaqaloqqa ertagayoq kiyimlar olishimiz zarur, — dedi u vahima aralash. — Erta-indin chaqirib qolsa, quruq qo'l bilan bormaymiz-ku, axir!

— Gaping to'g'ri, — men ham bu gapdan so'ng hushyor tortib o'rnimdan qo'zg'aldim. — Ertaga… To'xta, hali uning o'g'il yo qizligini bilmaymiz-ku! Qanaqa kiyim olamiz?

— E, bunisini o'ylamabman, — boshiga urib qo'ydi Susanna. — Tug'ilishini kutamiz. Boshqa iloji yo'q.

— Ertalab mayda-chuyda qilamiz-da, Lenani yonimizga olib, o'sha ayolni ko'rgani boramiz, — dedim salmoq bilan. — Oldin onasining ko'nglini olaylik. Tanishaylik, uyam bizning kimligimizni, qanday odamligimizni ko'rsin, bir to'xtamga kelsin.

— Yaxshi, shunday qilamiz. Kiyim-kechak olish qochmas. Lekin-chi… — Susanna ko'zlarimga tik boqib, asabiy lab tishladi. — Yuragim g'ash. Negadir yomon xayollar miyamdan ketmayapti. Xuddi bolani olgach, bir kun kelib siz meni haydab yuboradigandek qo'rqib ketayapman.

— Haydab yuboraman? Qayoqqa? O'ylab gapirayapsanmi?

— «Mana, endi bolam bor, buni, baribir, sen tug'magansan, tuyog'ingni shiqillat!» deb qolsangiz-chi? Unda men nima qilaman?

Susannaning bu gaplaridan kulgim qistab, uni bag'rimga bosdim:

— Jinni-pinni bo'lganmisan, nima balo? Bu bola ikkimizniki bo'ladi. Birgalashib katta qilamiz. Yo sen meni shunchalik pastkash deb o'ylaysanmi?

Susanna lablari titragancha bosh chayqadi.

— Bu boshqa gap, — deya uni ko'rpachaga o'tqazdim. — Hech qachon bunday bo'lmag'ur gaplarni gapirma. Meni sevsang, bunday xayollarni miyangdan chiqarib tashla. Undan ko'ra, ertangi kunimiz haqida o'yla.

— Xo'p, — dedi Susanna yuzini yuzimga bosib. — Endi sira bunday demayman…

(davomi bor)

Olimjon HAYIT