AROSATLAR OROLI… (49-qism. Uchinchi fasl)

0

 

 

* * *

 

Inson umri yanglishishlardangina iborat ekanini yo'l-yo'lakay ba'zi ishlarimni bitirgach, ishxonamga kirib borayotganimda chuqurroq his etdim.

Boyagina Sevara opa bilan kechgan dahanaki janjal tobora vujudimga singib borardi. Ters o'girilib keta boshlaganimdagi ruhiy yengillik birpasda g'oyib bo'ldi. Miyamda turli shaytoniy o'ylar charx ura boshladi. Qalbimni kuchli qo'rquv hissi chirmadi. Men suyukli oilamdan, ikki suyangan tog'imdan qandaydir yuzsiz ayol tufayli ajralib qolayotgan kabi vahima-yu, dahshatlar girdobiga g'arq bo'la boshlaganimni payqadim.

«Bizni aldab yurgan ekansiz, — derdi Susanna xayolot olamimga kirib kelib. — Hech qachon ishxonada o'ynashingiz borligini bizga aytmagandingiz. Demak, berkitgansiz, sir tutgansiz, bekitiqcha o'sha manjalaqi bilan don olishib yurgansiz. Afsus, qadrimizni bilmadingiz. Sizga sadoqatimiz bo'lakcha edi. Sizni qadrlardik, yaxshi ko'rardik, dunyoga ishonmasdik. Hammasini chippakka chiqardingiz. Bag'rimizni sovitdingiz. Endi bizdan umidvor bo'lmang. Boshimiz oqqan tarafga ketamiz. Qismatimizda nima bo'lsa ko'raveramiz. O'sha o'ynashingizminan qo'shmozor bo'ling!..»

«Yo'-o'q, — deya xayolan hayqirardim men. — Mening o'ynashim bo'lmagan, bo'lmagan! U tuhmat qilayapti. O'z manfaati, nafsini o'ylayapti! Nega menga ishonmaysizlar?..»

Ana shunday qarama-qarshi o'ylar iskanjasida kabinetga kirib keldim.

Ne ko'z bilan ko'rayki, Sevara opa mening stolim qarshisida o'tirar, ikki ko'zi tashqari eshikda edi.

Garchi ichimdan zil ketgan bo'lsam-da, o'tirgan muxbir qiz, yigitlar bilan til uchida salomlashdim. Ular hayron bo'lib Sevara opa tarafga ko'z tashlagan bo'lishdi-yu, hech narsa deyishmadi.

— Iltimos, o'rnimni bo'shatsangiz, — dedim muloyim ohangda Sevara opaning tepasiga kelib. — Men ishlashim kerak.

— Ishlayvering, — dedi u xotirjamlik bilan. — Kim sizga xalal beryapti.

— Tushunsangiz-chi, bu mening stolim. Shu yerda o'tirib ishlashim zarur.

Sevara opa shu gapimdan keyin dast o'rnidan turdi-da, titray boshladi.

Sezdim. Titroqlarning barchasi yasama, soxta. Shu sababli sir boy bermay joyimga o'tirishga tutindim.

Yana Sevara opa xalal berdi. U kursiga qo'l cho'zib o'zi tomon tortdi.

— Ishlatib bo'pman, — deya ko'zini lo'q qildi Sevara opa. — Oldin hal qilib qo'ying, erkak!

Bu gapni eshitgan yigit-qizlar bir menga, bir Sevara opaga hayrat aralash qarab qo'yishdi. Lekin hech kim hech narsa demadi. Men bo'lsam, adoyi tamom bo'layozgandim. Hech qachon hamkasblar qarshisida mulzam bo'lmagan odam ayni lahzalarda yer yorilsa-yu, yerga kirib ketsam derdim. Uyat, nomusdan ko'zlarim alang-jalang edi. Miyam qizib, tizzalarimgacha dag'-dag' titray boshlagandi. Mana shu holatda yana buvimning tanbehlarini esladim.

«Men yomg'irpo'sh ostida kelgandim-ku, — o'yladim yer ostidan Sevara opaga sovuq razm solib. — Nahotki, yoz yomg'irining tomchilari boshimga tushgan bo'lsa? Endi nima bo'ladi? Tomim ketadimi? Meni jinnixonaga olib ketishadimi? Ana, boshim aylanib-aylanib qo'ygandek bo'lyapti. Hozir miyam lovillab yonadi-yu, o'zim sezmagan, anglamagan holda almoyi-aljoyi so'zlarni aytib baqira boshlayman. Ha-a, bu ayol mening jinni bo'lishimga yordamlashish uchun yuborilgan ko'rinadi. Aks holda aynan bugun — yoz chillasida yomg'ir yoqqan kun yo'limdan chiqmasdi. Peshonamga jinnixonalarda yotib chiqish ham yozilgan ekan-da! Ming afsus!.. Qiziq, u holda nega miyam yaxshi ishlab turibdi? Yo jinnilarning miyasiyam ishlab turadi-yu, o'zlarini boshqara olishmaydimi? Mayli, nima bo'lsa ko'raman! Biroq bunday sharmandagarchilikka barham beraman. Bu ayolni xonadan haydab solaman!..»

— Qani, bir jo'nab qolsinlar-chi, — deya kutilmaganda Sevara opaning tirsagidan tutib tashqariga sudraklay boshladim. — Bu yerda hamma ishlayapti. Bo'ling tez, chiqing! Xalal bermang!

— Qo'yvoring meni, qo'yvoring! — bir siltanib o'zini nari oldi u. — Hech qaerga ketmayman, bildingizmi? Qilar ishni qilib qo'yib, endi o'zingizni pok ko'rsatmoqchimisiz? Hozir boshlig'ingizga kiraman, ha! Hammasini aytaman! To nikoh o'qitmaguningizcha tinch qo'ymayman sizni!

— Yo'qo-ol! — deya baqirib yubordim beixtiyor. — Qanaqa vijdonsiz ayolsan o'zing? Qanaqa nikoh, ahmoq, qanaqa nikoh? Chiq xonadan, chiq!..

Sevara opa xuddi hayqirig'imdan hayiqqan kabi sumkachasini qo'liga oldi.

— Bo'pti, chiqaman, — dedi o'tirganlarga bir-bir masxaraomuz qarab. — Ammo ketmayman. Boshlig'ingizning oldiga kiraman. O'shalar ham bilib qo'ysin qanaqaligingizni!

— Bo'pti, bo'pti, sur bu yerdan, sur! — deya qo'lim bilan eshikka ishora qildim. — Qorangni o'chirsang bas!..

Sevara opa bir yelka uchirdi-da, xonani tark etdi.

 

* * *

 

Shunday janjaldan so'ng qanday ishlay? Qo'limga ruchkani oldim deguncha, xayollarim yovvoyi kaptardek uchdi-ketdi. Miyamda faqat Sevara opaning sovuqdan-sovuq ta'nalari, kesatiqlari, tuhmatlarigina aylanaverdi.

Aksiga olgandek, oradan besh daqiqa vaqt o'tmay meni boshliq huzuriga chorlayotganini aytishdi.

Bu xabarni eshitgandanoq tamom bo'lgandim. O'zim cheksiz hurmat qiladigan rahbar qarshisida eng rasvo xodim qiyofasida namoyon bo'lish, uning oldida mulzam tortgancha bosh egishimni tasavvur qilganim sayin a'zoyi badanim muzlab borardi. Lekin na iloj? Ko'rgilik kutib turmaydi. U go'yo chaqirilmagan mehmon yanglig' to'satdan tashrif buyuradi va boshingga yog'iladi.

Yo'q, boshliqning huzuriga kirmaydigan bo'libman. Sevara opa yo'lak o'rtasida qotib turar, unga yaqin borishimni kutardi.

— Insof qildim, — dedi u yasama tirjayish qilib. — Boshlig'ingiz bilmay qo'ya qolsin dedim. Sizni chaqirgan qizdan o'zim iltimos qiluvdim. Uzr!..

— Qarang-a, — dedim vujudimdagi titroqni bosolmay. — Juda mehribon odam ekansiz-ku!

— Ammo bir shartim bor, — deya chetroqqa o'tdi-da, devorga astoydil suyanib oldi Sevara opa. — Bajarsiz shu shartimni.

Men o'tgan-ketganlarga yer ostidan xijolat aralash qarab oldim. Sezilib turardi, Sevara opaning qilmishidan ko'pchilik xabardor. Shuning uchun ular bizga ma'noli tikilgancha bosh chayqab o'tishayapti…

Qanday bedodlik! Qanday dahshat! Shu kunga qadar jimgina ishlayotgandim. Hech kimga hozirgidek qo'rquv aralash boqmasdim. Har bir so'zimni dangal ayta olardim. Bu ayol esa meni yer bilan bitta qildi. Shuncha sharmandalikdan so'ng bu yerdagilarning yuziga qanday qarayman? Nima bo'ladi endi?..

— Ayting tezroq shartingizni, — dedim toqatim toq bo'lib. — Ayting-u, daf bo'ling, iltimos! Mening qiladigan ishlarim ko'p.

— Hozir xotinchangizga qo'ng'iroq qilasiz.

— Nimaga? Uning nima dahli bor?

— Mening unga aytib qo'yadigan gaplarim bor. Xo'sh, qo'ng'iroq qilasizmi?

Hayron bo'lib qoldim. Axir, Susanna bu ishlardan butkul bexabar. Qanday qilib aytaman? Nima deyman? U qanday javob qaytaradi? Mendan yuz burib ketmaydimi? Surishtirsa, qanday tushuntiraman unga?

— Kutayapman, — xayolimni bo'ldi Sevara opa g'olibona qaddini g'oz tutib. — Qo'ng'iroq qilasizmi-yo'qmi?

— Bo'pti, — dedim og'ir xo'rsinib. — Gaplashasizmi? Juda yaxshi, qani, yuring unda!..

Uni ergashtirgancha telefoni bor xonaga kirib bordim. Xayriyat hech kim yo'q ekan. Kerakli raqamlarni terdim. Go'shakdan Susannaning tovushi eshitilishi bilan gap boshladim.

— Bilasanmi, senminan bir tuhmatchi, shantajchi xotin gaplashmoqchi, — shoshilmay uqtira boshladim unga. — Ertalabdan beri tomdan tarasha tushgandek nikohimga olishimni talab qilayapti. Nima qilishni bilmay qoldim.

— Bering go'shakni unga, — dedi Susanna jiddiy ohangda. — Gaplashsam gaplashaveraman.

Men darrov go'shakni Sevara opaga tutqazdim.

— Marhamat, gaplashing!..

Sevara opa go'shakni qulog'iga mahkam bosdi-da, salom-alikni-da nasya qilib gap boshladi.

— Ha-a, sestraxon, — dedi u masxarali ohangda. — Birovning erini tortib oli-e-eb maza qilayapsanmi?

Go'shakdan Susannaning tovushi mengacha eshitilib turardi.

— Sen kimsan o'zi? — so'radi u Sevara opadan. — Gapir! Kimsan?

— Menmi? — kuldi Sevara opa. — Men Qodirning ikkinchi xotiniman. Bo'shatib qo'y mening erimni!

— Nima? — alamli kuldi Susanna. — Ikkinchi xotiniman dedingmi? Seni tanimas ekanman-ku! Hozir o'sha xonadan chiqmay o'tir! Men yetib boraman. Yaxshilab tanishamiz, xo'pmi?..

— Kelib bo'psan! — da'fatan baqirib yubordi Sevara opa. — Keltirib bo'pman! Yo'lini ochib qo'y erimning!..

— Yo'q, yo'q, boraman, — dedi Susanna. — Ketmay tur faqat!

Oxirgi gapni eshitib, negadir Sevara opaning rangi oqarinqiradi. Go'shak tutgan qo'llari titray boshladi. U bir muddat shu taxlit qotib turdi-yu, go'shakni sharaqlatib joyiga qo'ydi va men tomon yuzlanib qichqirdi:

— Kelmasin! Ayting, kelmasin, kelmasi-i-in!!!

Payqadimki, Sevara opa rostakamiga qo'rqib ketdi. Qo'rqayotgani titrashidan, yupqa lablari uchib-uchib qo'yayotganidan sezilib turardi.

«Shu ayol ham qo'rqishni bilarkan-a, — o'yladim beixtiyor ko'nglimda iliqlik tuyib. — Boyagina dunyoni ag'dar-to'ntar qiladigan shashti bor edi-ku! Qo'rqarkan! Susanna bilan yuzma-yuz bo'lishdan qo'rqdi bu tuhmatchi!.. Nima qilay? Urishib-urishib haydaymi? Yo kuch bilan shu xonada ushlab turaymi? Yo'q, aslo. Shuncha sharmandaliklar yetib-ortadi. Ayollar yuzma-yuz bo'lsa, nimalar bo'lishini yaxshi bilaman. Undan ko'ra, imi-jimida kuzatib qo'ya qolaman. Bilib turibman, Sevara opa ortiq tuhmatlarini davom ettira olmaydi. Qo'rquv bunga yo'l bermaydi…»

— Tez qo'ng'iroq qiling xotiningizga! — yana xayolimni bo'lib baqirdi Sevara opa. — Kelmasin deyapman, kelmasin!

— Kelaversin, — dedim atayin xotirjamlik bilan. — Ochiqchasiga gaplashib olasizlar.

— Yo'-o'q!!! — battar jazavaga tushdi u. — Qo'ng'iroq qiling dedim!..

— Keladi. Keladi-da, shaxsan o'sha arman xotinimning o'zi sizni melisaga topshiradi.

— Nima? Melisa?.. Topshirib bo'pti! Men unga… Ko'rsatib qo'yaman!..

— Juda yaxshi, — degancha tashqari eshikni yopish niyatida oldinga yurdim. — O'shanda ko'ramiz ahvolingizni. Siz armanlarminan hazillashayapsiz shekilli…

— Yopma-a-a!!! — endi eshikka cho'zilgan qo'llarimni siltab tashladi Sevara opa. — Qo'shmozor bo'llaring, qo'shmozor!..

Sevara opa shunday degancha o'zini tashqariga urdi. Uning ortidan qarab qolarkanman, rostakamiga balolardan xalos bo'lganimga ishongim kelmasdi. Bir jihatdan zarda bilan, qarshisidan chiqib qolganlarni turta-turta shaxdam yurib borayotgan Sevara opaga rahmim kelar, uni ham tushunishga urinar, xudodan o'ziga munosib er hadya etishini so'rardim.

Boshimni eggancha xonamga kirdim-u, hamkasblarning hazil aralash kulgilarini eshitmaslik uchun kaftlarim bilan quloqlarimni yopib oldim. Shu ko'yi xayolan marhuma buvijonimga so'z berdim:

«Buvijon, ishoning, endi hech qachon yozda yomg'ir yog'sa ko'chaga chiqmayman!»

 

* * *

 

Bolaligimdan kuz faslini yaxshi ko'raman. Biz kuz keldi deguncha qo'limizga qop, qanor va cho'ltoq supurgilarni olardik-da, ko'chaga chopardik. Shu faslda negadir kattakon ariqning suvi qurib, ichini sarg'aygan xazon qoplardi. Xazonlar esa mol-qo'ylarimizning joni dili. Jonivorlar xazonni oldiga keltirib to'ksangiz, zumda paqqos tushirishardi. Biz qo'limizdagi qop, qanorlarni turli daraxtdan to'kilgan xazonga to'ldirar, hatto, qo'shni bolalar bilan joy talashardik. Xullas, yetimning yuzi yanglig' sarg'aygan o'sha xazonlar ko'zimizga xuddi oltindek ko'rinardi.

Mana, yana o'sha o'zim suygan fasl eshik qoqdi. Shahardagi yakkam-dukkam daraxt yaproqlari yer bilan bitta bo'ldi. Afsuski, ularni hech kim terib olmaydi. Yo yerga qorishgancha yo'q bo'ladi, yoki obodonlashtirish xizmati xodimlari barchalarini bir joyga to'plab yoqib yuborishadi. Qanday dahshat!..

Biroq ayni chog'da yuragimda afsusga o'rin yo'q edi. Bugun yana bir kitobimni chop qilishibdi. Bunisi oldingisidan kattaroq bo'ldi. Ba'zilar «Ja o'qishli kitob ekan» deb maqtab ham qo'yishibdi. Ana shu maqtovlardan boshim osmonni teshgudek quvongancha uyga kirib keldim.

Susanna xabarimni telefon orqali eshitgandanoq qo'shnilarga suyunchilagan ekan.

Ikki kvartira narida beva qo'shnimiz bor. Negadir birovlarga hasad qilgani qilgan. Susannadan kitobim chiqqanini eshitibdi-yu, uyiga kirib olib javrashga tushibdi. Na iloj? Kvartiralarning devori juda yupqa. Tunda qattiqroq nafas olinsa, yon qo'shnini uyg'otib yuborish hech gap emas.

Uyga kirdim-u, qo'shni ayolning javrayotgani qulog'imga chalindi.

— Ha-a, oy chiqsayam, kun chiqsayam shularga bo'p qoldi! — deya sannardi u. — Mening erim yo'q, bevaman. Kim menga yelkadosh bo'lardi? Hech kim. Jonimni chiqarib maqtanishi-chi xotinining! Eringning kitobi chiqsa, nima qilay? Eski ko'ylagimni yechib beraymi? He beting qursin! Atayin aytgan-da o'zini ko'rsatish uchun! Kuyib o'l degan! Kuyib bo'pman! Meni kuysin deguncha-chi, kitobginalaring boshingda ordona qolsin, tuzukmi?!.

Bu qarg'ishlarni eshitib, xursandchiligimdan asar qolmadi. Kim bilsin? Susanna ikkimizga quvonish begona shekilli. Endi mamnun bo'lib, boshimizni baland ko'tardik deganda qaerdandir ofatmi, ko'ngilsizlikmi yugurib keladi. Mana, birinchi kitobim nashrdan chiqqan kuni issiq suvchilarning g'azabiga uchradim. Bir hafta deganda zo'rg'a yodimdan chiqardim o'sha janjalni. Endi bo'lsa…

— Biror o'rinsiz gap aytdingmi unga? — so'radim ichkariga kirgach, ikki qo'lim bilan boshimni changallab. — Namuncha javramasa? Adashmasam, bizni qarg'ayapti.

— Men kitobingiz chiqqanini aytdim xolos, — yelka qisdi Susanna. — Bilsin, eshitishsin, havas qilishsin dedim-da! Buning nimasi yomon? Vaqti kelganda, qiyinchiliklarimizniyam shu qo'shnilarga aytib yig'laganman. Yig'lab-yig'lab yengil tortganman. O'shanda bular orqavarotdan ustimdan kulisharkan. Shuning uchun endi yaxshi kunlarimizniyam aytayapman. Bu gal o'sha kulganlarning o'zi yig'lasin! Buni qaytar dunyo deb qo'yibdi.

— Gulhayoga bekor aytibsan-da, — dedim sovuq jilmayib. — Sho'rlik beva bo'lsa, bolalarini bir o'zi katta qilsa. Biz yordam bermasak…

— Biz xoloyi, tog'oyisimidik yordam berib? — meni qayirib tashladi Susanna. — Nima so'rasa, o'zimda bo'lsa beraman. Menam oshib-toshib ketganim yo'q-ku!..

— Alamiga chidamay kechasi yuragi xuruj qilib qolmasin deyman-da, — kinoyali so'z qotdim unga. — Undaylar ich-etini o'zlari yeb bitirishadi. Aybimizni yuvish uchun osh damlab chaqirsakmikan? Nima deysan?

Bu gapni hazil aralash aytgandim. Ammo Susanna gapimni chinga yo'yib battar tutoqdi.

— Xo'sh, biz ko'chalarda bir burda nonga zor bo'lib yurganimizda, qay biri osh damlab chaqirgan-a bizni? Gulhayomi, yo yonidagi og'zi polvonlarmi? Hech kim!..

— Mayli, hazillashdim, — dedim uning yelkasidan quchib. — Osh damlash boshqa kunga qoldiriladi. Xo'sh, Qobiljon qachon uxlab qoldi? Kech tushganda uxlaydigan odati yo'q edi-ku!

— Charchagandir-da, — deb qo'ydi Susanna farzandim pishillab uxlayotgan karavot tomon bosh burib. — Kun bo'yi ko'chadan beri kelmadik. Hali stadionga, hali do'kon tarafga qarab qochadi. Ortidan quvlayverib o'zimniyam oyog'imda oyoq qolmadi.

— Demak, bu charchoqlarni yozish kerak, — deya o'rnimdan qo'zg'aldim. — Bola uyg'onishiminan kafega jo'naymiz. Harqalay, bugun o'ziga xos kun. Yuvmasak bo'lmas!

— Yana joy bo'lmasa-chi o'sha kafengizda? — kulgi aralash luqma tashladi Susanna. — Muzqaymoqminan siylaysizmi tag'in? Tumshaygancha birovlarning muzqaymoq yeyishini kuzatasizmi? Yo'q, yaxshisi, osh damlab uyda o'tira qolaylik!

— Tumshaygan nomard, — dedim qat'iylik bilan. — Bugun kayfiyatim a'lo. Ishon, maza qilib o'tirib kelamiz.

— Mayli, Qobiljon uyg'onsin-chi, — deya xo'rsindi Susanna. — Bir gap bo'lar…

 

* * *

 

Yuz qo'limni chayish ilinjida vannaxonaga yo'l olgandim. Qo'l telefonim jiringlay boshladi. Raqamga ko'z tashladim. Begona ekan. Odatda begona raqamdan qo'ng'iroq qilishsa, olmay qo'ya qolardim. Bu gal telefon betinim jiringlayvergach, go'shakni ko'tarishga majbur bo'ldim.

Narigi tarafdan begona erkakning bo'g'iq tovushi eshitildi.

— Qodirjon, o'zingmisan, jiyan? — so'radi tovush egasi. — Allo! Nimaga indamaysan? Qodirjonmisan?

— Ha, menman, — javob qildim sovuqqonlik bilan. — Sizni tanimayroq turibman. Kimsiz?

— Ie, odam tug'ishgan tog'asiniyam tanimaydimi? Bu qanaqasi? Katta shaharlik bo'lib qondoshlarniyam esingdan chiqarib yubordingmi deyman, jiyan?

— Rostdan tanimadim, uzr, — dedim toqatim toq bo'lib. — Xafa bo'lmang-u, ovozingiz umuman notanish.

— Eh, jiyan, — xo'rsiniq aralash kinoya qildi tovush egasi. — Men Masodiq tog'ang bo'laman. Endi tanigandirsan, xumpar?

— Baribir tanimadim. O'lay agar, eslolmadim sizni.

— Dada tarafingdan Masodiq tog'angman! Dadangga amakivachcha bo'laman. Senga tog'aman-da! Albatta, tog'am deb qabul qilsang… Xohlamasang, Masodiq aka debam chaqiraver!

— Shunaqami? Qalaysiz, tog'a? Uy-ichlar salomatmi?

— Biz-ku, salomat, — ginaxonlikka o'tdi Masodiq tog'a. — O'zing nega qorangni ko'rsatmaysan. Ja savlatli, katta odam bo'p ketgan jiyaning deyishadi-yu, seni sira ko'rolmadim-da!

— Oshirvorishibdi, — dedim kulib. — Katta odam bo'lmadim. O'sha-o'shaman. Hamma qatori oddiy odamman.

— Ha bo'pti, — deya ikki-uch yo'talib oldi Masodiq tog'a. — Endi quloq sol, yaqinda kitob chiqarganmishsan. Shu rostmi?

— Ie, siz qaerdan eshitdingiz? O'zim ham bugun xabar topdim-ku!

— Sen bizni kim deb o'ylayapsan, jiyanvoy? — maqtanishga o'tdi Masodiq tog'a. — «ITAR TASS» imiz-chi, juda tez ishlaydi. Hozir, ishonsang, butun qishloqda duv-duv gap.

— Xo'sh, nima deyishayapti qishloqdagilar?

— O'n milyon qalam haqi olibsan. Mana shuni gapirishayapti. Rostmi shu?

— Qo'ysangiz-chi! Qanaqa o'n milyon? Gapiraveradi-da odamlar!..

— Yo'q, odamlar bir nimasi bo'lmasa bekordan bekorga gapirmaydi. Shunday ish bo'lganki, gap tarqatishgan. Endi menga qara, jiyan, bir iltimosim… Yo'q, qanaqa iltimos-e?.. Jiyandanam iltimos qilinadimi?.. Talabim bor senga. Haddim sig'adi talab qilishga. Chunki sen halq ichidan chiqqan ijodkorsan. Men bo'lsam o'sha halqingman, ham qadrdon tog'angman!..

— Xo'p, men bir narsa deyotganim yo'q-ku, tog'a, — dedim ensam qotib. — Aytavering talabingizni!

— Bu boshqa gap, — Masodiq tog'a yana bir-ikki tomoq qirgan bo'ldi-da, davom etdi. — Ikkita jiyaning maktabni bitirgan. Qizitaloqlar TOShMI ga kiramiz deb hol-jonimga qo'yishmaydi. Axir, men oddiy ketmonchi bo'lsam, shunday dargohga o'qishga kiritish uchun pulni qaerdan olaman? Shuni o'yla-ab, boshim qotib turgandi, kennoying ko'chadan haligi gapni topib keldi. Ishonsang, xursand bo'lganimdan yig'lavordim, ha! Hozir ham o'zimni zo'rg'a tutib turibman. Axir… Katta shaharda shunday jiyanim bo'ladi-yu, u qalam qitirlati-ib o'tirib birdan boyib ketadi-yu, yig'lamaymanmi, jiyan? Xullas, Qodirboy, gap bitta, Xudo bitta. Ikkala jiyaningni o'qishiga o'sha pulning yarmisini berib turasan. Kamini qishloqdan surishtirib toparman. Lokigin-chi, yo'q desang, u dunyo- bu dunyo sendan rozi bo'lmayman. Boyagi gap — gap! Men ham halqing, ham qiyomatli tog'angman!..

Telefonni o'chirgach, bo'shashgancha yo'lakda o'tirib qoldim. Bir necha daqiqa Masodiq tog'ani eslashga urindim. Iloji bo'lmadi. Negaki, bunday tog'am borligini umrim bino bo'lib birinchi marta eshitib turibman. Qanday eslay? Nimani eslay?..

Shu asnoda tog'aning so'nggi so'zlari bir kulgimni qistatsa, bir xo'rligimni keltirdi.

Bir tarafdan o'sha qishloqdagilar men haqimda shu taxlit iliq mish-mishlar tarqatishgani qalbimni quvontirdi. Ammo «O'roqda yo'q, mashoqda yo'q, xirmonda hozir» degan maqol bor elda. Shu maqolni buvijonim rahmatli tez-tez takrorlardi. Mana, bugun o'sha maqol haqligini isbotlab turibdi. Men ne-ne ko'ylarga tushdim, boshimdan ne-ne xo'rliklarni kechirdim, qancha o'limlardan qoldim. Ko'chalarda Susannani ergashtirib vaqtinchalik vatan izladim, jonim qiynaldi, sho'rimga sho'rvalar to'kildi, yaqinlarimning qahriga chidadim, bardosh qildim. Masodiq tog'a esa tomdan tarasha tushgan kabi mendan pul talab qilsa, bunisiga qanday toqat qilay, qanday? U hatto meni norozi bo'lish bilan qo'rqitdi, po'pisa qildi. Bu alamni qanday ko'tarib yuray?..

— Sizga nima bo'ldi? — beixtiyor xayolim bo'linib boshimni ko'tardim.

Tepamda Susanna turgan ekan. Unga xuddi tog'a aytganiday, o'n milyon pulim bordek, tovush chiqarsam, birov eshitib qoladigandek barchasini shivirlab aytdim.

— Ie, shartta-shartta javob berib qo'ya qolmadingizmi? — dedi Susanna norozilanib. — «Ha, shuncha pul oldim, lekin hovli olib qo'ygandim, sal kechikibsiz, oldinroq qo'ng'iroq qilsangiz, albatta yordam berardim» demadingizmi? Nima deyishni bilmay tilini tishlab qolmaydimi o'sha tog'a!?.

— Qara, xayolimga kelmaganini, — deya ohista o'rnimdan qo'zg'aldim-da, qaytadan vannaxonaga yuzlandim. — Mayli, qurib ketmaydimi hammasi. Sekin-sekin tayyorgarligingni ko'raver. Hademay Qobiljonim uyg'onsa kerak. Kafega boramiz. Men yuz-qo'limni chayib olay!..

 

* * *

 

Hali vannaxonadan chiqib ulgurmagandim, tashqari eshik taqillay boshladi.

Ildam yurib yo'lakka chiqdim va eshikni ochdim.

Ne ko'z bilan ko'rayki, qarshimda soqollari o'sgan, yelkasiga kattakon xalta ilgan, uzun choponga o'ralgan dadam kulimsirab turardi.

Inson qancha ulg'aymasin, necha yoshga kirmasin, baribir padarini ko'rgach, go'yo bolaga aylanib qolarkan.

Men ham bir muddat shu ko'yga tushib qolgandim. Nuqul erkalanish aralash kulimsirar, yuragim qinidan chiqqudek potirlar, peshonamni marjon-marjon ter bosgandi. Uzoq yillar ota mehriga zor qalbim o'rtanar, vujudim titrardi.

Bilaman, anglayman, men hech qachon ota mehriga o'rganmaganman, bu hisni vujudimda tuyib ko'rmaganman. Qarshimdagi bu odamni ko'p yillardan biri ko'rmadim. So'nggi bor so'zlashganimda ham u mast-alast holda aljirashdan, meni bemavrid koyish, norozi bo'lishdan nariga o'tmagan. Nahotki, meni sog'inib keldi? Nahotki, mening qalbimda haqiqiy ota mehriga, muhabbatiga tashnalik tug'ilish arafasida bo'lsa? Ha, ha, mana shu odam mening padarim. Bolaligimda tengqurlarimga xuddi shu odamni aytib maqtanardim. Uyga kelgach, otam menga albatta kattakon sovg'alar keltirishidan umidvor bo'lib vaqt o'tkazardim. Kunlar, oylar, yillar o'tib, o'zim kutgan otam kelmasa, yig'lab-yig'lab tong ottirardim. Mana, o'sha meni kutdirgan padarim qarshimda turibdi. Unga tikilayapman-u, yelkasidagi xaltadan ko'z uzolmayapman. Bolalarcha qo'limga arzimas, kip-kichik bo'lsa-da, sovg'a tutqazishini, «o'zimning askar o'g'lim» deya bag'riga bosib erkalashini kutmoqdaman.

Afsuski, bunday bo'lmadi. Otam garchi quchoqlashib ko'rishsa-da, sovuqqina salomlashib ichkariga kirdi. Qo'lidagi xalta to'la buyumlarni esa oyoqlari ostiga berkitgancha fotihaga qo'l ochdi…

— Kutmaganding-a, Qodirboy? — so'radi otam yuzaki hol so'rashdan so'ng. — To'g'ri-da, kutmasliging tayin edi. Lekin men bu kunni anchadan beri ezilib kutardim, ha! Juda ezilib kutardim. Mana, orzum ushaldi. Seni topib keldim.

— Juda yaxshi qipsiz topib kelib, — otamga yer ostidan tikilib qaradim men. — Anchadan beri ko'rishmadik, axir!

— Ha-a, — boshini sarak-sarak qildi u. — Ko'rishmadik… Ko'rishmadik…

— Hozir qaerda yashayapsiz? — so'radim ehtiyotkorlik bilan. — O'z uyingizdami yo…

— E, uy qoptimi? — qo'l siltadi otam yuzini ters burib. — Uyni boy berib bo'lganman qimorga.

— Qimorga? Hali siz…

— Yo'q, yo'q, tushunmading, — deya sovuq kulimsiradi otam. — Qimor deb hayotning o'yinini nazarda tutdim. Yoshlik qildim, ahmoq ekanman. Ichilikning ketidan qolmadim. Mana, oqibati nima bo'ldi? Uyni arzongarovga bervordim o'sha o'zing ko'rgan odamga. Endi bo'lsa, hali ammangniki, hali begona yurtlarda yurishga majburman. Sen uy olib ham bermading…

— Men?.. Q-qanday qilib?.. Axir…

— O'zingni ja bechoraga solma, bola, — endi po'pisa qilishga o'tdi otam. — Kechagina qishlog'imga bordim. Hammaning tilida sen. Boyib ketganmishsan. Puling ko'p emish. Shuncha boylikka ega bo'la turib otangni o'ylamadingmi? Shu g'aribgayam bitta vatan qilib beray demadingmi?

Hali Masodiq tog'aning kinoyalari unut bo'lmagandi. Bunisi oshib tushdi. Hozirgina borlig'imni chulg'ab olgan yovvoyi mehr, orziqishlar bir zumda qayoqqadir g'oyib bo'ldi. Yuragim tub-tubigacha muzlab ketgandek bo'ldi.

Xayolimdan bolalikning alamli lahzalari, so'nggi bor ko'rishganimizda otamning aytgan nomaqbul gaplari yashin tezligida o'ta boshladi.

Ustiga-ustak, otam shosha-pisha pastga engashdi-da, xaltachasidan ikki-uch shisha sharob chiqarib xontaxta ustiga qo'ydi. Endigina uyg'ongan Qobiljonim unga termilgancha onasining tizzasida o'tirar, chamasi mehmon qo'liga nimadir tutqazishini kutardi. Otam esa shunchaki sovuqqonlik bilan uni o'tirgan yerida alqagan bo'ldi xolos. Bu qilig'i ham g'ashimni keltirdi, ham nafsoniyatimga tegdi. Ammo sir boy bermadim. Nima bo'lgandayam shu odam mening otam. Dilini og'ritish gunoh. Qolaversa, mening xonadonimda o'tiribdi…

— Bilasizmi, — bosiqlik bilan so'z boshladim. — Mana shu hozir siz o'tirgan katalakdek kvartirada yashayman. Bu hali o'z nomimga o'tganiyam yo'q. Pulim ko'p bo'lsa, kattaroq uy sotvolmasmidim?

— Men bilmayman, — dedi otam shishalardan birini ochib piyolani sharobga to'ldirarkan. — Men bekorga bu yerga bosh egib kelmadim. Odamlar «O'g'ling shaharda katta odam bo'p ketibdi, bitta uy qurib bersa bo'lmaydimi?» deyaverib ko'z ochishga qo'ymayapti. Nomuslarga o'lib bo'ldim men bu ta'nalarni eshitaverib. Xo'sh, uy qurib berasanmi-yo'qmi?

— Kechiring, hozir sirayam iloji yo'q buning, — dedim hafsalam pir bo'lib. — Keliningiz, nevarangiz uchchalamiz arang kun ko'rib turibmiz.

— Hali shunaqami? — otam piyoladagi sharobni bir ko'tarishda sipqordi-da, menga yuzlandi. — Uy qurib bermaysanmi?

— Ota, tushuning, bitimga uy quramanmi hozir? Nahotki, ko'rmayotgan bo'lsangiz o'tirishimizni? Namuncha odamni qiynayverasiz? Buning o'rniga… Keling, anavi shishalarni berkitaylik! O'zim qo'lbola osh damlay, chaqchaqlashib o'tiraylik!

Otam javob o'rniga piyolani tag'in sharobga to'ldirdi va uni ham sipqordi.

So'ngra shisha qopqog'ini qaytadan mahkam yopdi-da, xontaxta ustidagi qolgan shishalar bilan qo'shib xaltaga joyladi va dast o'rnidan turdi.

— Sen bola bekorga aytganimni qilmading, — dedi u boshini eggan ko'yi asabiy ohangda. — Puling bo'la turib qizg'onding. To'g'ri, sendan qachonlardir xabar olmadim, ota-boladay tez-tez ko'rishib turmadik. Xo'sh, bungayam men aybdormanmi? Yo'q, hammasiga onang aybdor, onang! O'sha senlarni menga qarshi qo'ygan. Meni yomonlagan, bo'lmag'urdan olib, bo'lmag'urga solgan. Yo'-o'q, men bo'lmag'urmasman. Topish-tutishim ham chakanamas. Ha-a, o'zimni hech kimga xafa qildirib qo'ymayman!..

— Qaerga ketmoqchisiz? — go'yo uning noto'g'ri ta'nalarini eshitmagan kabi yo'lini to'sdim. — Kech tushib qoldi. Hozirgina kelgan bo'lsangiz…

— Ishing bo'lmasin, sendan pul so'ramayman, — dedi otam zarda aralash. — Xudoga shukr, cho'ntagim to'la pul. Ko'chada qolmayman! Bo'pti, xayr! Kuzatib ovora bo'lma! Yo'lni o'zim yaxshi bilaman!..

U chiqib ketdi. Otamni ostonadan kuzatib qolarkanman, xayollarim chalkashib ketgandi. Kimga nima deyishni, qanday yo'l tutishni, nima qilishni bilmay hayron edim.

Otamning achchiq so'zlari, ichkilikning uy ichini tutgan badbo'y isi ko'ksimga tig'dek sanchilar, eng yomoni Susannaning qarshisida bo'lganimcha bo'lgandim. Unga tik boqib nimadir deyishga qo'rqardim.

— Xafa bo'lmang, — xonaga qaytgach, Susannaning o'zi meni yupatishga, tinchlantirishga tushdi. — Otangizning qandayligini men ham ko'rdim. Sizda sirayam ayb yo'q. Xudo bor-ku tepada! Hammasini ko'rib, bilib turibdi. Qovoq uyib, ich-etingizni yeganingiz bilan otangizning bir tuki qilt etmaydi.

— To'g'ri aytasan, — dedim og'ir uf tortib. — Buni yana bir marta isbotladi. Otasizligimga yana bir karra amin bo'ldim. Lekin undan xafa emasman. Xafa bo'lib qaergayam borardim? Koshkiydi qurbim yetsaykan, albatta uy qurib berardim unga.

— O'sha kunlar ham kelib qolar, — dedi Susanna menga taskin berib. — Bir umr shunday o'tib ketmaymiz-ku, axir!.. Aytgancha, nima qilamiz? Kafega boradigan bo'ldikmi?

Men ilkis boshimni ko'tardim-da, Qobiljonimni qo'limga olib mahkam quchdim va Susannaga shivirladim:

— Kel, bugun o'zim osh damlay! Damlagandayam ko'-o'p osh damlay! Bugungi alamlarniyam o'sha oshdan olaylik!

(davomi bor)

Olimjon HAYIT