BILASIZMI…

0

 

 

YoShARISh SIRI NIMADA?..

 

Bundan 5000, 10 000 yil oldin ham odamlar imkon boricha uzoqroq yashash, tashqi ko'rinishini yoshartirish harakatida bo'lishgan. Bu yo'lda turli giyohlardan foydalanib ko'rishgan.

Masalan, Qadimiy Misrda sarimsoq tanani yoshartiradi, umrni uzaytiradi deb hisoblashgan. Fir'avn Ramzes esa doimo tamaki chaynashni odat qilgan. U tamaki chaynash umrni uzaytiradi deb hisoblagan. Kim bilsin. Balki shuning uchun 95 yil umr ko'rgandir…

Assiriyaliklar baliq oviga borishni xosiyatli deb bilishgan. Baliq ovida o'tirib o'tkazilgan vaqt xudo tarafidan umrni xomcho't qilishda hisobga olinmaydi deb umid qilishgan.

Xitoy monaxlari esa odamni yoshartiruvchi, uzoq umr ko'rishiga sababchi bo'luvchi sehrli ichimlikdan so'z ochishgan. Jinoyatchilar o'tgan asrning yetmishinchi yillarida shunday monaxlardan birini tutib olib qiynoqqa ham solishgan. Biroq monax bu sirni aytmagan.

O'tmishda dunyoning turli burchaklarida yashovchilar yosharish va uzoq umr ko'rishning turli usullarini qo'llab ko'rishgan. Ayrimlar bokira qizlar qoni aralash vanna qabul qilgan, boshqa birovlar navqiron yigitning murdasi singgan yerdan o'sib chiqqan giyohdan damlama tayyorlab ichgan.

Shu o'rinda bir voqeani misol sifatida keltirib o'tish joiz bo'lsa kerak. O'tgan asrning to'qsoninchi yillari avvalida yaponiyalik Senagon Sey ismli yoshi ancha o'tib qolgan ayol tomiridan kosmetologlar adashib katta dozadagi gormonlarni yuborishdi. Ishonasizmi, shundan keyin yoshi o'tgan ayolda yangi tishlar paydo bo'ldi. Yuz va tanasining boshqa joylaridagi ajinlar yo'qoldi. Oppoq sochlari qop-qora tusga kirdi. Bu-ku mayli, tez orada turmushga chiqib, farzandini ham dunyoga keltirdi. Yaponlar bundan xabar topib, xuddi o'sha gormonlarni tomirlaridan yubortirib ko'rishdi. Afsuski, hech kim kutilgan natijaga erisha olmadi. To'g'ri, yaxshilik ham, yomonlik ham, yosharish-u keksayish ham yolg'iz Ollohdan-da!

Olimjon HAYIT tayyorladi