Turkiya O'zbekiston 20 yil avval dunyoning ko'zini ochganini tan oldi

0

“Fathulloh Gulen boshchiligidagi FETO terroristik harakatining buzg'unchi, nopok g'oyalarini anglagan va unga qarshi kurash olib borib, 90-yillar oxirida mamlakatda FETO`ga tegishli maktablarni yopib, dunyo mamlakatlarining ko'zini ochgan davlat O'zbekiston bo'lgan edi”, deydi Turkiya Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Surayyo Er.

2016 yil, 15 iyul. Turkiya Hukumatiga va qurolli kuchlariga kirib olgan bir guruh kimsalar mamlakatning konstitutsion tuzumi va demokratik yo'l bilan saylangan Prezidentiga qarshi isyon ko'tarib, davlat to'ntarishiga urinishni amalga oshirgan edilar.

Ayni daqiqalarda ushbu davlat to'ntarishi ustidan xalq irodasi bilan qozonilgan g'alabaga uch yil to'lishi munosabati bilan poytaxt Toshkentda “Turkiyada 15 iyul – xoinona davlat to'ntarishiga urinish bartaraf etilganining uch yilligi” nomli konferensiya bo'lib o'tmoqda. Unda Turkiya Respublikasining O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Surayyo Er, Turkiya Respublikasi Prezidentining Bosh maslahatchisi Yalchin To'pchu, Islom Karimov ilmiy-ma'rifiy majmuasi rahbari o'rinbosari, professor Tursunali Qo'ziyev, Turkiya Respublikasi Prezidenti Devoni Xavfsizlik va tashqi siyosat kengashi a'zosi Mehmet Akif Kirechji, Xavfsizlik ishlari boshlig'i Erto'g'rul Uchar nutq so'zlamoqda.

Elchi Surayyo Er  o'z nutqida 2016 yil 15 iyulda ro'y bergan davlatga qarshi fitnada Fathulloh Gulenni ayblarkan, unga tegishli maktab, kolldej va universitetlar dunyoning 160 mamlakatida faoliyat yuritib kelayotganini, byuo'lib o'tgan voqealardan keyin Turkiya barcha mamlakatlarga ogohlantirish bilan chiqqani, shundan so'ng ko'pchilik mamlakatlarda Gulen maktablari o'z faoliyatini to'xtatganini qayd etdi. U o'z so'zida, bu ogohlantirish bilan birinchi bo'lib O'zbekiston dunyoga yuzlanganini, o'sha vaqtlarda hatto Turkiya ham buni payqamaganini tan oldi. Oradan 17 yil o'tib, Turkiya o'z zaminida ildiz otgan va tomirlari Hukumatgacha yetib borgan ulkan fitna qurboniga aylandi. Mamlakat terror bosqini ostida qoldi.

378 bola yetim qolgan mudhish tun

Hammasi soat 20:00dan keyin boshlangandi. Mamlakat poytaxti Anqaraning sayyohlar va mahalliy aholi eng gavjum bo'lgan nuqtasi – Qiziloy maydonida odamlar o'qqa tutildi. Parlament binosi bombalandi. Istanbuldagi Bo'g'oz ko'prigi yopib qo'yildi, mamlakatda harbiy kuchlar tomonidan “Sulh operatsiyasi” boshlangani e'lon qilindi.

Bu voqealar boshlangan vaqtda Prezident Rajab Toyib Erdo'g'an Marmarisda dam olayotgan edi. U tunab qolgan mehmonxonaga ham hujum uyushtirildi. Tasodifki, Erdo'g'an hujum ro'y bergan vaqtda mehmonxonani tark etgandi.

Bu orada mamlakatning rasmiy telekanallaridan biri TRT bosh ofisiga hujum qilindi. Jonli efirda davlat to'ntarishi amalga oshirilgani, hokimiyat Turkiya qurolli kuchlari qo'liga o'tgani e'lon qilindi. Oradan ko'p o'tmay Rajab Toyib Erdo'g'an Skype orqali CNN TURK telekanalida chiqish qildi va turk xalqini birlashishga, mamlakat mustaqilligini saqlab qolishga, ko'chalarga chiqib, demokratik hokimiyatni ag'darmoqchi bo'lgan xoinlarga qarshi turishga chaqirdi. Olomon ko'chalarga yoyildi. Nafaqat erkaklar, ayollar, yosh qizlar, bolalar ham qo'lida bayroq bilan ko'chalarga chiqdi. O'ziga qarata o'qtalingan qurollar, tanklarni xoinlar qo'lidan olishga urindi va buning uddasidan chiqdi. Qurolli to'qnashuvlar 251 kishi qurbon bo'ldi, 2740 kishi jarohatlandi. 378 bola otasiz va onasiz qoldi.

Ushbu davlat to'ntarishiga harakat ayni damda AQShning Pensilvaniya shtatida istiqomat qilib kelayotgan Fathulloh Gulen boshchiligidagi FETO terroristik guruhi va uning davlatdagi korchalonlari orqali amalga oshirilgani ma'lum qilindi.

Bo'lib o'tgan voqealar Turkiya hukumati uchun katta dars bo'ldi. Mamlakat xorijdagi elchixonalari orqali Fathulloh Gulen harakati haqida bayonotlar berdi, qo'shnilari, do'stlarini, dunyoni ogohlikka chaqirdi, Gulenga tegishli xususiy maktablar, universitetlarni yopish yuzasidan taklif kiritdi va buni o'zi boshlab berdi. Yuzlab maktablar yopildi, o'qituvchilar lavozimlardan ozod etildi, ayrimlari jinoiy javobgarlikka tortildi.

Qurbon bo'lganlar xotirasiga hurmat o'laroq Istanbuldagi ko'prik ular nomi bilan ataldi. Yodgorlik majmuasi o'rnatildi, 251 nafar halok bo'lganlar nomlari abadiyatga muhrlandi. Bugun mamlakatda ushbu kun munosabati bilan xotira tadbirlari o'tkazilmoqda. 15 iyul xotira muzeyi va xotira bog'i ochildi. O'sha kuni portlatilgan Anqara xavfsizlik boshqarmasining yangi binosi foydalanishga topshirilmoqda.

 

qalampir.uz