ShAYTANAT… (109-qism)

0

 

 

* * *

 

Marhumlarning faqat qiyomat qoyim bo'lganida, sur chalingan onda tirilmoqlari ma'lumdir. Shunday bo'lmaganda edi, Fir'avn tirilib kelib Xongireyning qilmishlarini ko'rib, a'yonlari Homon va Qorunga qarardi-da, «Senlar o'tmish hayotlaringdan ko'p ham kuymalaring. Senlardan battari ham bor ekan. Senlar-ku, meni xudo deb bilib qildilaring barcha gunohlarni. Bu befarosat bola esa o'zini o'z olamining xudosi deb fahm etyapti. Men do'zaxga hukm qilinganman, ammo bu aqli qosir bilan bir o'tda kuymoqlikdan hazar qilaman», degan bo'lardi.

Fir'avn taqdiridan bexabar o'nlab, yuzlab, balki minglab, balki undan-da ko'proq bandalar safidagi Xongireyni u dunyoda kutilajak azoblar mutlaqo tashvishga solmas edi.

Uning ayni damlarda tashvishi faqat bu dunyoga xos — singan Asadbek o'rniga o'zining sodiq vassalini qo'ymoq. Ha, u Asadbekni singan hisoblardi. Qurigan, singan shoxlarni gulxanga tashlab, olovda qo'llarini isitib rohat olgani kabi Asadbekning jon talvasasidan huzurlanishni istayotgan edi.

Qonundagi o'g'ri shohsupasida o'tirgan, ustozi Zelixon tomonidan «Knyaz» deb erkalangan Xongirey qimorbozlarni azaldan yoqtirmas edi. Hali o'g'rilar olamida suyagi qotmagan mahallarda sheriklari bilan militsiya libosini kiyib qimorxonalarni besh-olti marta bosgan edi. Omadi kelib katta yutuq olgan qimorbozlarning ham dodini bergan edi. Uning uchun davlat xazinasini urgandan ko'ra qimorbozlarning sho'rini quritish durustroq edi. Chunki qimorboz ahli hukumatga arz-dod qilmagani uchun ta'qib tashvishidan holi edi. Katta qimorbozlar bilan qonundagi o'g'rilar orasida sulh mavjud bo'lgani sababli «qonundagilar»ning kattalari Xongireyning tanobini tortib qo'yishgach, restoran direktorining sho'rini quritaman deganida o'zining sho'rginasi qurib qoldi. Shu holatning asosiy sababchilari qimorbozlar deb bilib ularga nisbatan so'nmas nafrati yuragiga muhrlandi.

Shundanmi, Xongirey o'zga o'g'rilardan farqli o'laroq, qimor o'ynamas edi. Hatto shunchaki havas yoki ko'ngil ochar uchun ham qo'liga qarta olmas, yonidagilar uchun ham qimorga yaqinlashmoqlikni man etgan edi. O'jarlik, o'z ahdida qat'iy turishda unga bas keluvchining topilishi qiyin. Ahdga vafo qilmoq, qat'iylik pokiza qalb egalari uchun yaxshi fazilat sanaladi. Zulm urug'i nish urgan yuraklar uchun esa ofat eshigining ochilmog'idir.

Xongireyning bu olamga kirib qolishiga asosiy sabab ham shu o'jarlik edi.

Qofqazning osmon bilan o'pishgan yerlarida joylashgan Hamzat ovuli faqat atrofidagi mag'rur cho'qqilari bilan emas, yigitlarining bo'ydor, baquvvatligi bilan ham boshqalardan ajralib turardi. Endigina o'n beshni qoralagan Aftondil esa gavdada ham, abjirlikda ham yigirma yoshlilar bilan baralla bahslasha olardi. Chavandozlikda, kurashda ovulning faxriga aylana borayotgan edi. Mayxo'rligi tufayli ovulga isnod keltirayotgan odamning o'g'li atrof ovullarning ham nazariga tushayotgan paytda shayton g'oliblik qildi.

Tengsiz chavandoz bo'lib yetishayotgan yigitchaning uyida ot tugul eshak ham yo'q edi.

Aftondil uchun esa bu bir adolatsiz hol edi. Bu nohaqlikka chek qo'yishga ahd qilgan damda qalbiga zulm o'rgimchagi hali to'rini yoymagan edi. Dastlab ahdini halol tarzdaamalga oshirmoqqa urindi. To'y-hashamdagi poygalarda, kurashlarda g'olib chiqsachiqmasa unga mehrini bog'laganlar suyunchi sifatida pul berar edilar. U ana shu pullarni yig'a boshladi. «Ot bo'lmasa toy olarman», deb niyat qildi. Nazran tomondagi Ingush ovulda bir toyning dovrug'ini eshitib, xaridor bo'lib bordi. Toyning egasi narxni aytganida Aftondilning kapalagi uchib ketdi: to'plagan puli toyning bitta tuyog'iga arang yetardi. U toyning qimmatini taxminan chamalab ko'rgan, ammo zotdor toyning bu qadar qimmat bo'lishini hisobga olmagan edi. O'jar, mag'rur, ayni damda soddadil yigitcha «hozircha shu pulni ola turing, qolganini ke-yinroq olib kelib beraman», dedi.

Toyning egasi bu soddalikdan kulib, «bo'lmaydi, inim», deb qo'ya qolsa bo'lardi. Ammo u hazillashib «bu pulingga eshak olib mina qol» deb mag'rur yigitchaning izzat-nafsiga tegib qo'ydi.

Xudo urganni, banda ham turtib o'tadi, deyishlari rost ekan. Nazrandagi Ingush ovuldan alam bilan qayt-gan Aftondilning g'am daryosi ikki kundan so'ng toshgandan toshib ketdi: otasi pulni o'g'irlab olib, sheriklari bilan bo'kib ichibdi. Aftondil har qancha alamda bo'lsa-da, otasiga qarshi gapirmadi — haddida turdi, mag'rur tog'liklar urfini buzmadi.

Aytilishi lozim bo'lgan gaplarni onasi aytdi: «Bu kuningizdan o'lganingiz ming marta yaxshi. O'g'lingiz ot olmoqchi edi bu pulga, sizda insof degan narsa bormi?! Kecha Nazranga borganida puli yetmagan ekan, tamom quritdingiz-ku endi!» dedi. Kayfi hali tarqamagan otasi esa qo'l siltab «Erkak odam pulim yetmadi, deb o'tiraveradimi, yoqqan bo'lsa minib kelavermaydimi? Bitta ingushning toyini tortib ololmagan chechen — chechenmi», deb ming'irladi. Shunchaki aytilgan gap Aftondilning qulog'iga o'rnashib qoldi. Ertasiga esa otasining kayf aralash aytganlari haq gapga aylandi. Eshak sotib olib minishni maslahat berib haqoratlagan odamni jazolashi kerak edi. Otasining aytganini amalga oshirishni paysalga solmadi. Nazranga toy minib kelish qasdida jo'nadi-yu… uyiga bir yarim yilda qaytdi. Toy minib emas, «ot o'g'risi» degan la'nat tamg'asi bilan qaytdi. Endi uning kurash maydoni ham, poyga maydoni ham o'zgardi. Ozodlikdagi kunlari bir yilga bormadi. Bir do'konni bosaman, deganda sakkiz yilga ketvordi. Yoshi o'n sakkizga yetguniga qadar o'smirlar axloq tuzatish lagerida bo'lib, so'ng Pskovdagi kattalar qamoqxonasiga ko'chirildi. Axloq tuzatishi lozim bo'lgan yerda o'g'irlik bobidagi chala ilmini ancha to'ldirgan edi. Pskovga kelib esa, «oliy ma'lumot» ola boshladi. Bu «oliy ma'lumot»ni «akademik» laqabi bilan mashhur Zelixon berdi. Keyinchalik «qonundagi o'g'ri» tojini kiyishi ham aynan shu ustozining tavsiyasi bilan amalga oshdi.

«Aftondil» ismining «Xongirey»ga aylanishi ham uning istagi bilan bo'ldi.

Birinchi marta o'tirganida unga «Zuluk» deb laqab berishgan edi. Bu nom Zelixonga yoqmadi. Yigitni sinab, hunarini o'rgatgach, bir kuni:

— Sen balchiqda tug'ilganmisan? — deb so'radi.

— Men tog'liman! — dedi Aftondil g'urur bilan.

— Tog'da qo'ng'iz ham tug'iladi, burgut ham, — dedi Zelixon. — Sen burgut bo'la olarmikansan?

— Men burgutman! — dedi u ishonch bilan.

— Unda nima uchun shuncha yildan beri «zuluk» degan past nomni ortmoqlab yuribsan.

Burgut bo'la olsang, nimaga chang solishni bilib ol: quzg'unga o'xshab o'laksa ovlama.

Zulukning vazifasi nima, bilasanmi? Bilmasang bilib ol: u harom qonni so'radi. Harom qon so'ruvchi zuluk bilan o'laksa yeyuvchi quzg'unning nima farqi bor? Sen laqabingni o'zgartir. Zuluk degan nomdan or qilmaganingga hayronman.

Chindan ham or qilmagan edi. Bu dashnomdan so'ng izza chekdi.

— Men senga Xongirey deb nom beraman. Men Xongireevlar nasabidanman. Sen ham Girey xonlar singari bu olamning zo'ri bo'l, xoni bo'l!

Aftondil — Xongirey Oltin o'rdaga bo'yunsinmay, Qrim xonligiga asos solgan Girey xonlari sulolasini, ularning yevropaga dahshat solganlarini, Davlat Gireyning esa Moskvaning dodini berganini bilmas edi. Buni Zelixon ham yaxshi bilmas edi.

Shubhasizki, shogirdining Davlat Girey izidan borib, Moskvaga in qo'yishini, Moskvaning zo'rlaridan biriga aylanishini o'ylab ham ko'rmagan edi.

Aftondilga ustozining bittagina gapi kifoya qil-di — o'shandan beri u Xongirey. Ammo nomi o'zgargani bilan fe'li aslicha qolaverdi. Harom-xarishning, o'laksaning farqiga bormay yashayverdi. Zelixon vaqti-vaqti bilan unga dashnom berib turardi. Xongirey ustozining dashnomlarini indamaygina eshitardi, boshini egardi, keyin esa yana o'z yo'lida davom etaverardi. U garchi «Tog'likman!» deb g'ururlansa ham, burgutman, deb kerilsa ham, ustoziga xiyonat qilishga majbur bo'ldi: Zelixonni oxirigacha himoya qila olmadi. O'z jonini garovga qo'yib ustozini saqlab qolmog'i mumkin edi, ammo bunday qilmadi, yuragini moy kabi o'ragan xudbinlik bunga yo'l qo'ymadi.

Birinchi xiyonatni ko'pchilik sezmay ham qoldi. Zelixon o'ldirilgach, uning ruhiga ham xiyonat qildiki, buni boshqalar ham payqashdi. Birinchi galda Baygildin fahmladi.

Baygildin o'sha Pskovdagi qamoqda Xongireyni Zelixondan «qabul qilib olgan» o'g'ri edi.

Banklar bo'yicha «mutaxassis» hisoblangan Baygildin qamoqdan keyin ham Xongirey bilan birga bo'ldi. Mustaqil ishlashni yoqtirmaydigan Baygildin oqibatda Xongireyning o'ng qo'liga aylandi.

Mayda o'g'irliklar barham topib, Xongirey qulochini kattaroq ota boshlaganda Baygildinga ish ham qolmadi. Ammo Xongirey uni yolg'izlatmadi, Baygildin «maslahatchi» martabasida yuraverdi. Baygildin beradigan maslahatlari havoga uchib ketishini, Xongirey o'z bilganidan qolmasligini bilsa ham uni tashlab ketmadi.

Shogirdning Asadbekka osilayotganini fahmlagan Baygildin avvaliga indamadi.

Asadbekning o'g'illari hibsga olinganidan so'nggina aralashmoqlikni ma'qul ko'rdi.

Mamatbey kirib Asadbekning o'g'illari rayon militsiyasining qamoqxonasida o'tirishganini ma'lum qilgach:

— Kelishganimizdek, ertagacha kutamiz. Asad kelsa keldi, kelmasa o'g'illarini Lefortovoga o'tkazib yuboraveramizmi?

— Shoshilma, — dedi Xongirey esnab, — sen o'zbeklarni yaxshi bilmaysan. O'lar joyda bo'lsa ham yetib keladi. O'zbekning ko'ziga joni emas, bolasi ko'rinadi. Mening ko'nglim to'q. Shu bir-ikki kun ichida Asadning masalasi hal bo'ladi.

— O'g'illaridan qaysi biri?..

— Aytuvdim-ku? Bo'shangrog'i qolsin, otasiga o'xshaganini tinchitasan.

— Bittasi aeroportda g'alva ko'tardi. Jangariroq ekan.

— Ana, hukm tayin ekan-ku? — Xongirey bu safar obdon kerishib, esnadi. — Nima balo, lanjlik tarqamayapti-ku?

— Konyak quyaymi? — dedi Mamatbey o'rnidan turib.

— Yo'q, sen chiqib ayt, achchiq qahva berishsin.

Mamatbey eshikni qiya ochib buyruqni yetkazgach, yana Baygildin yoniga o'tirdi.

— Xon, — dedi Baygildin, — Sen Zelyani unutdingmi?

Xongirey unga qarab qo'ydi-yu, javob bermadi. Baygildin ham javobga mushtoq bo'lmagan odamday boshqa gap qo'shmadi. Savol Xongireyga yoqmadimi, demak javobdan umid qilmaslik kerak. Savolni ikkinchi bor qaytarmoqqa hojat ham yo'q.

O'n oltidan endigina oshgan durkun qiz ishva bilan olib kirgan qahvadan uch-to'rt xo'plagach, Xongirey ustoziga qaradi.

— O'zbeklarga qo'l ko'tarishga haqqim yo'qligini bilaman. Chechenlarga non berganlarga qo'l ko'tarsam, Zeli og'amning ruhi chirqiraydi, shuni aytmoqchimisiz?

Bu gap Mamatbeyga ma'lum edi, shu bois hojasini quvvatladi:

— Ular o'yin qoidasini buzdilar, jazosiz qoldirib bo'lmaydi.

— Sen to'g'ri gapir, jazolamaymiz, tarbiya qilamiz, — Xongirey shunday deb oyoqlarini pastqam stol ustiga qo'yib, chalishtirib oldi.

Baygildin shogirdining o'zi tomon uzatilgan oyoqlariga e'tibor bermadi, ko'ngli ham og'rimadi. Odob degan tushunchadan yiroq bo'lgan olam uchun bunday o'tirish nima ekan, agar Xongirey shu tomon qarab tahorat ushatsa ham parvoyiga kelmagan bo'lardi.

Chunki bunda yosh emas, martaba muhimroq.

Baygildin shogirdini ogohlantirish bilan vazifasini ado etgan hisoblab, gapni chuvalashtirmadi. Xongirey esa o'ng bilagidagi soatga qarab, yana esnadi-da:

— Ponchikni soat nechaga aytgansan? — deb so'radi.

— Vaqt bo'ldi, kelgandir, — dedi Mamatbey.

— Qara, kelgan bo'lsa chaqir.

Mamatbey yana o'rnidan turib, eshikni ochdi-da, amr-ga mahtal turgan yigitga imlagach, yana joyiga qaytdi. Dam o'tmay eshik baralla ochilib, ostonada Selim ko'rindi.

— Selim, bormisan, orqadoshim! — dedi Xongirey o'tirgan yerida.

Selim salom berdi-da, gavdasiga yarashmagan holda tez-tez yurib kelib, so'rashish uchun uzatilgan qo'lni o'pib, ko'ziga surtdi. Bu qiliq ma'qul kelib, Xongirey o'zini chin xon kabi his qilib jilmaydi-da, Selimga yonidan joy ko'rsatdi.

— Qaerlarda tentirab yuribsan? — deb so'radi u Selim o'tirgach, yelkasiga qo'lini tashlab. — Qorabog'da eding, Bokuga ko'chibsanmi?

— Ha, endi… — Selim aybdor boladay boshini egdi. — Qorabog'dagi qarindoshlarni qora tortib boruvdim, u yerning tinchi ham buzildi… Boku tinchroq bizga.

— Sen qaerga borsang, g'alva chiqyapti, nima balo shumqadammisan? — Xongirey shunday deb kuldi. Mamatbey hojasining ko'ngli uchun tirjaydi. Dam sigaret tutatib, dam qahva ho'playotgan Baygildin esa bu gaplarni eshitmaganday jimgina o'tiraverdi.

— Sen nima uchun Hosil bilan chiqishmay qolgan eding? — deb so'radi Xongirey jiddiylashib. — Otang-dan qolgan molingni talashdingmi?

— U narxni past oldi, bizga tiyin ham qolmadi.

— Hosil mening odamim-ku?

— Buni bilmabman.

— Sen mentlarga xizmat qildingmi?

— Yo'q. — Selim shunday dedi-yu, ichida nimadir uzilganday bo'ldi.

— Zeli og'am seni nima uchun do'pposladi?

— Tushunmovchilik bo'lgan…

— Zeli og'amni o'ldirishdi. Uning o'limi sening bo'yningda. — Xongirey shunday deb Selimning bo'yniga uch-to'rt shapatiladi. — Sening har bir tomiringni bitta-bitta kesib tashlasam ham xumordan chiqmayman. Bo'ri o'libdi, eshitgandirsan?

— Yo'q…

— Laqillatma, eshitgansan. Sen har bir baloni bilasan. Sen titrama, ponchik. Nima balo, ishtoningni ho'l qilib qo'ydingmi, tur, chiqib almashtirib kel. Mamatbey bunga loyiq ishtoning bormi? Xotinlarniki ham bo'laveradi. Buning erkakka o'xshamay qolibdi.

O'zingni tut, shu yurak bilan Hosilga osildingmi? — Xongirey shunday deb uni yelkasiga yengil mushtladi. — Seni o'ldirmayman. Bir qop go'shtning jonini sug'urib olsam isnodga qolaman. Sen hozir ko'ch-ko'roningni ko'tarasanu O'zbekistonga qaytasan.

— Nega?

— Kokoin bilan shug'ullanasan.

— Kim bilan… ishlayman? Yana Hosil bilanmi?

Xongirey «Hosilning o'limini rostdan ham bilmaysanmi?» deganday unga tikildi:

— Har holda Iliko bilan emas…

Bu gapdan so'ng Selim rostdan ham ishtonini ho'l qilay dedi. Farg'onada ekanida, hali Zelixonning tepkisini yemay turib, «Bo'ri» — Fedyaning yo'rig'iga yurmasidan avval g'ilay Shomil uni siquvga olganida «Iliko bilan maslahatlashaychi…» deb, kimga suyanajagini ishora qilib qo'ygan edi. Hosilning Xongirey bilan aloqasi borligini bilganda bu gapni zinhor aytmagan bo'lardi.

— Iliko bilan… aloqam yo'q, — dedi Selim titroq tovushda. — Menga osilavermasin, deb shunchaki aytuvdim.

— Bilaman, — dedi Xongirey, — Iliko sen bilan ishlaydigan ahmoq emas. Ikki qulog'ingga quyib ol: O'zbekiston meniki. U yerga bir-ikki ishonchli odam kerak.

Aloqalaringni yo'qotmagandirsan, a?

— Bor… siz bilan ishlash biz uchun baxt.

— Tilyog'lamalik qilma. Men bilan ishlagan odam hech qachon baxtli bo'lmaydi. Sen O'zbekistonga boraver, nima qilishingni keyin aytaman.

— Men avval o'zim borib, joy-poy qilsam…

— Ha, albatta, bir o'zing borasan. Oilang esa Moskvada turadi. Sen u yerda boshqaga uylanib, maisha-tingni qilaver. Mamatbey, buning o'ynashlaridan xabar olib keldingmi?

Mamatbey bosh barmog'ini ko'rsatib, «Zo'r!» degan ishorani qilganicha ishshaydi. Selim esa oilasi garovda ekanini anglab zil ketdi.

— Balki Bokuda… — deb gap boshlagan edi, Xongirey unga o'qraydi.

— Galvars! Odamlar Moskvada yashashga yetisholmaydilaru sen noz qilasanmi? Agar halol ishlasang, uch yildan so'ng ana u yerda, — Xongirey ustozi o'tirgan yerni imlab ko'rsatdi, — o'tirasan.

Xongirey shu gapni aytgach, Selim masala hal bo'lganini anglab, o'rnidan turdi.

Ostonaga yetay deganida Xongirey uni to'xtatdi:

— Hosildan qo'rqma, u ham o'lgan.

Selim bu xabarni endi eshitganday, Xongireyga ajablanib qaradi. Xongirey boshqa gapirmadi. Ichida «Ha, tulki!» deb qo'yib so'kindi.

Bir necha soatdan so'ng Kesakpolvon qo'ng'iroq qilib, Asadbekning Moskvaga qarab uchganini bildirdi.

 

***

 

 

Bu voqeadan to'rt kun avval Asadbek Chuvrindining janozasidan so'ng eski uyiga kelib o'tirganida Xongirey Moskvadan salkam ikki yuz chaqirim narida joylashgan Shaxovskoy deb nomlanuvchi o'rmon bag'rida barpo etilgan qarorgohida maishat qilib yotardi.

Chuvrindining o'limi xususidagi Kesakpolvonning xabari unga aynan shu yerga yetkazilgandi. O'shanda Xongirey xushxabarni aytgan Mamatbeydan:

— Asadbekning o'g'illari Germaniyada edimi? — deb so'rab, savoliga javob kutmayoq amr etgan edi: — Xabar olchi, har holda qadrdonimning bolalari, uyiga qaytadigan bo'lishsa, Moskvada uch-to'rt kun mehmon qilaylik.

Ularni qanday kutib olish, qanday mehmon qilish rejasi aynan o'sha yerda, o'sha damda pishib yetilgan edi. Yovlashib qolgan ikki odamning biri otasidan qolgan eski uyida, bolalik chog'ida basharasiga tuflab, xalq dushmani o'g'liga nafratini izhor etgan do'stlari uchun osh damlatib o'tirardi. Do'stlarini kutayotgan Asadbekning xayoli bolalik xotiralari bilan emas, balki ukasiday qadrdon bo'lib qolgan Chuvrindining halokati bilan band edi.

Shaxovskoydagi qarorgohda esa Xongirey shoxona dasturxon tuzab, o'g'rilar olamiga kirib topgan Kats, Yaponchik, Tengiz, Jamal, Mixas, Karo, Yakutyonok kabi laqablar bilan nom chiqargan do'stlarini kutayotgan edi. Mazkur maishat Kozlov saltanatining barbod etilgani suyunchisi edi. Xongirey shu ziyofat bahonasida O'zbekistonda ham to'la nazorat o'rnata boshlaganini ma'lum qilib, «senlar u tomonlarga burinlaringni tiqmalaring», deb ishora qilib qo'ymoqchi edi.

Osmonga hukmini o'tkazishga, quyosh yuzini to'sishga ahd qilgan qora bulutlar ohista va sokin suzib yurgan bo'lsalar ham, ulardan qo'rqqulik. Yetarli quvvat to'plagach, bir-biriga yaqinlashadi-yu, yashin chaqnab hamma-yoq ostin-ustin bo'lib ketadi. Shamol ularni haydab, quyosh yuzi ochilgunga qadar qora bulutlar bag'ridan to'kilgan do'l ekinlarni payhon qilishga ulguradi. Shaxovskoydagi qarorgoh bilan Asadbekning eski uyi orasida salkam beshming chaqirim masofa bo'lsa-da, bu ikki joyni, bu ikki jonni ko'zga tashlanmas iblisning zulm iplari bir-biriga bog'lab turardi. Qora bulutlarni-ku shamol haydar, ammo qora niyatlarga nima to'siq bo'la olar ekan?

Asadbek «do'stlar davrasida bir oz taskin toparmikinman», deb yanglishgan edi. Tancha atrofida faqatgina uning jismi o'tirardi. Palov suzilib, hidi nafsni bir qalqitib oldi-yu, biroq tomoqdan ovqat o'tmadi. Ayniqsa Jalilning bir gapi boshiga gurzi kabi urildi…

(davomi bor)

Tohir MALIK