XOH IShONING, XOH IShONMANG…

0

 

 

QARG'A HAQIDA QIZIQARLI FAKTLAR

 

Qarg'a juda aqlli qush. Ammo odamlar qarg'alarni u qadar xush ko'rishmaydi. Bunga asos bor albatta. Masalan, qora qarg'a yerda yotgan narsa borki, titkilab, axlat uyumlarigacha sochib qochadi. Uy jonivorlariga kutilmaganda tashlanib qolishdan ham tiyila olmaydi. Qarg'a galasi qishloq xo'jalik ekinlariga ziyon yetkazishdan ham toymaydi. Quyida qarg'a haqidagi qiziqarli faktlarni e'tiboringizga havola etamiz.

1. Qarg'alar inni yo'g'on, baquvvat novdalardan quradi. Ichkarisini sherst yoki jun bilan bezaydi.

2. Qarg'aning o'ta yirik turi Indoneziyada yashaydi. Ularning uzunligi 60 santimetrgacha yetadi.

3. Oq qarg'a ham yovvoyi tabiatda uchrab turadi. Lekin ular rangi tufayli uzoq yashay olmaydi. Mahluqlardan berkinishda ham, ov mahali ham qarg'aga oq rangdaligi pand beraveradi.

4. Qarg'a erkagi ham, urg'ochisi ham sadoqatda tengsizdir. Ular juftni umrida bir marta tanlaydi va u bilan so'nggi nafasi qolguncha yashaydi. Jufti o'lgach, erkagi ham, urg'ochisi ham o'ziga yangi juft izlamaydi. Bir so'z bilan aytganda, odamzod ham sadoqatni qarg'adan o'rgansa ziyon qilmasdi.

5. Qarg'alarning tili taraqqiy topgan. Galani yig'ishga, ovga, xavfdan ogoh etishda, nikoh mavsumida turli tovushlardan foydalanadi. Umuman aytganda, qarg'a 300 tadan ziyod tovush chiqara oladi.

6. Qarg'a juda aqlli qush. U sanashni biladi, yemishgacha turli usullar yordamida yaqinlashadi. Masalan, yong'oqni chaqish uchun havoga ko'tariladi-da, yerga tashlaydi. Aytishlaricha, Yaponiya poytaxti Tokio shahrida yashovchi qarg'alar yong'oqni svetofor yaqiniga tashlab, keyin qizil chiroq yonishini kutarkan. Yonishi bilan darhol yerga tushib chaqilgan yong'oqlar mag'izini paqqos tushirib tashlarkan.

7. Qarg'a o'laksani yangi yemish topa olmay qolgandagina yeydi.

8. Qarg'ani qanotli kalamush deb atalsa ham to'g'ri bo'lardi. Chunki u ko'plab xavfli xastaliklarni u yurtdan bu yurtga tashiydi. O'zi esa hech qachon bu xastaliklar bilan og'rimaydi.

9. Qarg'ani o'qotar qurol yordamida o'ldirish ham mushkul. U tepki bosilganini o'nlab metr masofadan sezadi va qochib qolishga ulguradi. U yana odamning xayolini, niyatini ko'zlariga qarab turib ham o'qiy oladi.

10. Qarg'alar gala-gala bo'lib yashashni ma'qul ko'radi. Ular galadagi kasalga chalingan qarindoshini hech qachon arosatda qo'yib ketmaydi. Agar uning poloponlari bo'lsa, ko'plashib ularni boqadi.

11. Ertaklarda qarg'a 300 yil yashashi haqida so'z boradi. Real hayotda esa qarg'a nari borsa 50 yilgacha umr ko'radi. Odamlar orasida yashasa, 75-80 yilgacha yashashi mumkin.

12. Qarg'a ko'ngilochar o'yinlarni xush ko'radi. U muzda sirpanishga usta. Yana ularning bir o'yini bor. Qarg'a mayda toshmi, yo boshqa narsami yuqoridan turib tashlaydi. Bu narsani boshqa qarg'a ilib oladi.

13. Qarg'a yaltiroq buyumlarga o'ch. Agar yerdan yaltiroq narsa topib olsa, u nima bo'lishidan qat'i nazar, o'zining oldindan hozirlangan joyiga berkitib qo'yadi.

14. Qarg'a g'irt zararkunanda qush. U odam yo'q uylarga kirib mebel bormi, kiyim, poyafzal bormi, buzish, yirtishga harakat qiladi.

15. Qarg'a dushmanini bir umrga xotirasida saqlab qoladi. Agar odam bo'lsa, uni ko'rdi deguncha o'ch olish harakatiga tushadi.

Olimjon HAYIT tayyorladi