Zokirova hamda Rahmatova juftligi Tokio Olimpiadasiga uchinchi litsenziyani qo'lga kiritishdi!

0

Vengriyaning Seged shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo'yicha jahon chempionati o'z yakuniga yetib bormoqda. Biroz avval o'zbekistonlik kanoechi qizlar Nilufar Zokirova hamda Dilnoza Rahmatova 500 metrga juftlik yo'nalishida kechgan bahsda Tokio Olimpiadasining yo'llanmasini qo'lga kiritishdi.

Final bellashuvida yurtdoshlarimiz beshinchi bo'lib marra chizig'ini kesib o'tishdi. Reglamentga ko'ra, dastlabki sakkiz o'rinda marraga kelgan qayiq egalari kelasi yili Tokio Olimpiadasida ishtirok etish huquqiga ega bo'lishar edi.

Kanoeda eshkak eshish, JCh. Vengriya
Juftlik, 500 metr:

1. Sun / Su (Xitoy) – 2:02.81

2. Takash / Balla (Vengriya) – 2:04.49

3. Klimova / Makarchanka (Belarus) – 2:07.74

4. Yan / Preller (Germaniya) – 2:08.18

5. Rahmatova / Zokirova (O'zbekiston) – 2:08.47

Shu tariqa O'zbekiston terma jamoasining Tokio-2020 Olimpiadasiga qo'lga kiritgan litsenziyalari soni 3 taga yetdi. Bundan avval tennischi Denis Istomin hamda velosportchi Olga Zabelinskaya yo'llanma egalariga aylanishgandi.

Ma'lumot uchun, Zokirova hamda Rahmatova bugungi bellashuvlar davomida birozdan so'ng 200 metrga juftlik yo'nalishida ham finalda startga chiqishadi.