ALAMZADA… (11-qism. Birinchi fasl)

0

 

 

* * *

 

Meliboy mirob tanish kvartiraga yaqinlashib, eshikni bir necha marta dadil chertib ko'rdi. Javob bo'lmadi. Jig'ibiyroni chiqib oyog'i bilan tepdi. Tag'in jimlik. Jazava va shayton yetagida qolgan mirob beixtiyor qichqirdi:

— Hoy it emgan, chiqmaysanmi? Qilg'ilikni qilib qo'yib pusib yotishing nimasi? Erkakmisan o'zi?..

Shu mahal ro'paradagi kvartira eshigi sharaqlab ochildi-da, ostonada uzun bo'yli, mo'ylovdor erkak paydo bo'ldi. Mirob uni darrov tanidi. Tolib qo'shnisini qaysidir oziq-ovqat bazasidagi kattakonlardan degandi.

— Ha, otam, namuncha uyni boshingizga ko'tarib baqirmasangiz? — norozilanib mirobga o'shqirdi u. — Katta xolangizning uyimi bu baqirasiz?

— Men manavi nusxani qidiryapman, inim, — dedi bo'sh kelmay mirob. — Qani u? Nimaga eshigini ochmayapti?

— Men qaydan bilaman? Dachasidadir, yo boshqa uyidadir! Qichqiraverarkansiz-da allakimlarga o'xshab!..

— O'ldiraman uni, ha, o'ldiraman! — xirillagan ko'yi baqirishda davom etdi mirob. — Zo'rlik qilishni ko'rsatib qo'yaman u haromiga!..

— Hay, hay, — deya oldinga yurib mirobning oldini to'sdi erkak. — Haddingizdan oshmang! Melisa chaqiraman-a jahlim chiqsa! Keting tez bu yerdan! Enangizning uyimas bu!..

Shu gapdan keyingina mirob beixtiyor hushyor tortdi. Sal o'zini qo'lga olib, darrov past tushdi.

— Uzr, qizishib ketdim, asab-da, asab! — dedi-yu, pildiragan ko'yi tashqariga yo'l oldi…

 

* * *

 

Tashqariga chiqqach, Meliboy mirob bir nuqtaga tikilgancha tek turib qoldi. Azbaroyi asabiylashganidan tizzalaridan tortib, iyagiga qadar dag'-dag' titrayotganini his etdi. Ammo e'tibor qilmadi. Tolibni qay manzildan, qanday yo'l bilan topish haqida qayg'ura boshladi. Xayolan so'nggi bor o'zi bo'lib qaytgan hovlining qaerdaligini tusmolladi. Adashmasa, hovliga yetmay yo'lning o'ng tarafida ulkan chinor daraxti savlat to'kib turgandi. Chapida krandan suv oqayotgandi.

— Topaman, topa olaman, — dedi nihoyat sergaklanib. — Hozir taksiga o'tiraman-u, to'g'ri topib boraman. Ha, Tolib o'sha yerda. Qochib qaergayam borardi. Anavi chaqimchilari xabar topgandir hoynahoy. Kelayotganimni shipshitgan bo'lsa, berkinib olgandir-da, haromi!..

Tolibning qilmishi tufayli yashirinib olishi muqarrarligi mirobga yanada kuch bag'ishladi. U jisman dushmanini yer bilan yakson qila olishiga qattiq ishongan holda oldinga intildi. Shahdam qadamlar tashlab katta yo'lga chiqdi-yu, taksi to'xtatdi. Haydovchiga taxminan tushuntirgandi, darrov anglab mirobni mashinaga o'tqazdi-da, o'sha yoqqa jo'nadi…

Adashmabdi. Ana, xuddi o'sha chinor, krandan suv sharillab oqib turibdi. Huv anavi darvozadan ichkariga kirgan, o'sha yerdan kunlarning birida mana shu qo'llari bilan sovuqdan sovuq murdani ko'tarib chiqqan-u, mashinaga ortgan.

— Ablah, — deya shivirladi mirob darvoza tomon shoshilmasdan yurib borarkan. — Mashinalar turganiga qaraganda, «meni it toparmidi? Aysh qilaverman!» deb bemalol o'tirgandir-da! Aysh qilib bo'psan! Kissamda ajalingni opkeldim, hezalak! Bahrom aldamagan bo'lsa, nafas chiqarishga ulgurmay qolasan. Xudoyim, o'zing kechir men g'ofil bandangni! Mendan boshqasiyam shu ishni qilgan bo'lardi baribir. Axir, qizimni, yolg'izimni, suyanchig'imni, yetimchamni badnom qildi bu nusxa!..

Meliboy mirob ohista ostona hatlab hovliga kirdi. Qahqaha, poyintar-soyintar so'kinishlar ichkari xonadan kelayotgan ekan. Hovlida faqat ikki xizmatchi qiz qo'llarida patnis ko'targancha ichkarilashga tutinibdi.

Ular mirobni ko'rishdi-yu, bir-birlariga ma'noli qarab qo'yishdi. Ammo hech narsa deyishmadi. O'q urgandek xonaga kirib ketishdi.

«Ana, hozir bu qaqildoqlar akasiga xabar beradi, — xayolidan o'tkazdi mirob negadir eti uvishib. — Nima derkin? Qanday kutib olarkin? Bular ko'pchilikka o'xshaydi. Men bo'lsam bir g'aribman. Yoshim ham o'tib qolgan. Bir turtishsa ag'darilib tushadigan holim bor. Nimaga keldim o'zi? «Echkining ajali yetsa qassobga teginadi» deganlari shumikan? Qo'rqmasdan, hayiqmasdan kelganim nimasi?.. Yo'q, nimalar deb valdirayapman? Qasos-chi? Hozir…. Qizim qaerda ekan? Shularning orasidamikan? Nahotki, yo'rig'iga yurgizvolgan bo'lsa bu it? Axir, Sevinchim unaqa qiz emasdi-ku! Hayoli, iboli, nomusli qiz edi. Bir necha oy ichida shunchalik o'zgarib ketdimikan? Hozir kirib borsam-u, Sevinch anavi ifloslar qurshovida o'tirgan bo'lsa, qay ko'yga tushaman? Jonim chiqib ketmaydimi? Shunisi durust edi. Ko'rmasdim, kuymasdim ortiq. Hammasidan qutulardim. Bezovtaliklar, sarosima-yu tahlikalar yer ustida qolib ketardi. Xudoyim, o'zing insof ber yomonlarga! Ularniyam to'g'ri yo'lga boshla!..»

Hali o'ylab o'yining oxiriga yetmay ichkaridan uzun bo'yli, egniga yangi kostyum-shim kiyib, bo'yniga bo'yinbog' taqqan jingalaksoch yigit chiqdi-da, mirobga yaqin keldi.

— Ota, sizga kim kerak? — so'radi u dag'dag'anamo ohangda Meliboy mirobga boshdan oyoq razm solib. — Birovni qidiryapsizmi?

Mirob bu dag'dag'ani eshitib, battarroq mulzam tortdi. Tolibga yuzma-yuz bo'lishini tasavvur etib tug'ilganlariga ming pushaymonlar yedi. Qalbini qaytadan dahshatli darajada qo'rquv hissi chulg'ab oldi. Zo'rlarga bas kela olmasligiga ko'zi yetgani sayin afsuslardan ado bo'lay dedi. Biroq endi kech edi. U allaqachon xavf bo'sag'asiga qadam qo'yib bo'lgan. Buyog'iga qancha chiranmasin, peshonasiga yozilganidan bo'lagini ko'rmaydi.

— Menga… Tolibboy kerak edi, — deya javdiradi mirob titrab. — Haligi…

— U kishini nima qilasiz? — so'radi unga yanada sovuqroq tikilib yigit. — Nima ishingiz bor?

Shu orada xona eshigi ochilib, tashqariga Tolibning o'zi chiqib qoldi. Uning ancha kayfi tarang edi. Birpas Meliboy mirob va yigit tarafga qarab qoldi-da, to'satdan baqirdi.

— Hoy, Ilhom, olib kir bu cholni ichkariga! Unda alohida gapim bor! Tez bo'l! Huv anavi alohida xonaga olib kir!

— Xo'p bo'ladi, aka! — qo'lini ko'ksiga qo'yib mirobga qaragancha zo'rma zo'raki jilmaydi yigit. — Qani, ota, ichkariga yursinlar!..

Tolib erinmasdan mirobning harakatlari, o'zini tutishi, yuz tuzilishini kuzatib turdi-da, lab tishlagan ko'yi ortga qaytdi.

 

* * *

 

Unchalik katta bo'lmagan, bir burchagiga divan, ikkinchi burchagiga kiyim solinadigan shkaf qo'yilgan bu xona sukunat va zax girdobida edi. Zax isi har nafas olganda dimoqqa urilardi. Bundan xonaga yaqin orada hech kim oyoq bosmaganini anglab olish mushkul emasdi.

Meliboy mirob yolg'iz qolgandanoq talvasali lahzalarni boshdan kechira boshladi. Bir xayoli bilan qizining qaerdaligi, qay ahvolda ekani haqida bosh qotirsa, ikkinchi xayoli Tolibning qutqusi, gapirajak gaplarini taxmin qilishga undadi. Shu taxlit o'n-o'n besh daqiqacha ich etini yedi. Xayolan dahshatning barcha ko'chasiga kirib chiqdi. Iloji boricha bo'sh kelmaslikka, dadil turishga, qanday bo'lmasin so'nggi nafasi qolgunga qadar kurashishga tirishdi. Ammo halitdan irodasi sustlik qilaverdi. O'zi uchun xavfli, qo'rqinchli, nojoiz maskanga qay maqsadda kelganini unutmagan bo'lsa-da, Tolibga rostakamiga ro'baro' bo'lgach, baribir ojiz qolishi mumkinligini his etaverdi…

Nihoyat eshik ochilib, aytilganidek, Tolib xonaga yolg'iz o'zi kirdi. Uning kayfi chog', qo'lidagi pichoq yordamida kattakon olmani archish bilan band edi. Shu holatda mirobdan ko'z uzmay divanga cho'kdi va qo'lidagi olma va pichoqni divan qarshisidagi xontaxta ustiga qo'ydi.

— Olmani archib yeyish foydali ekan, — dedi u tirjayib. — To'g'rimi, boboy?

Uning nimadandir mamnunligi Meliboy mirobni darrov yengil torttirgandi. Vujudini chirmab olgan qo'rquv va sarosima hiyla nari chekinib, erkinroq nafas ola boshladi.

«Iloyo shu olmaga tiqilib o'l, — ko'nglidan kechirdi u ikki qo'lini qorniga tiragancha yer chizarkan. — Pinaginiyam buzmayaptimi? Yo o'zicha qilmishini sir tutmoqchimi? Yoki meni mensimayaptimi? To'g'ri-da, bu nusxalar bizdaqalarni qaydanam mensisin? O'zicha zo'ravon, kuchli, qudratli. Nima qilsam ham menga mumkin deb o'ylaydi. Yo'-o'q, akasi, chuchvarani xom sanabsan. Hali qizimning ahvolini bilmaganim uchun jim turibman. Xudo ko'rsatmasin, Bahromning gaplari rost chiqsa, meni to'xtatib bo'psan! Teringga somon tiqaman. Ana undan keyin o'lib ketsam ham mayli…»

— Haliyam tirikmidingiz? — mirobning xayolini bo'lib o'tirgan yerida savol tashladi Tolib. — Qarang-a, sizga allaqachon aza ochvorgandik-ku! Buyog'i qandoq bo'ldi?

— Tirik odamga aza ochish gunoh, inim, — dadil javob qaytardi mirob beixtiyor alami kelib. — Har holda…

— Yo'g'-e, — Tolib dast o'rnidan turdi-da, mirobga yaqin keldi. — Hali shularniyam bilarmidingiz? Siz-a?..

— Bilaman, nega bilmay? Bolalagimda otam rahmatli qulog'imga quygan.

— Ko'p aljirayvermang! Undan ko'ra, mening yog'ochlarimni kimga pullavordingiz? Shundan gapiring!

— Pullab? — mirob yalt etib qarshisidagi Tolibga boqdi. — Qanaqa yog'och? Axir, yog'ochlar kuyib kul bo'ldi-ku! Men…

— Shunaqami? Vey, sassiq chol, men kelib-kelib shuncha molni senga ishonib topshirdimmi? Bilasanmi bo'yningga qancha qarz ilingan? Bilasanmi?

Tolib uning yoqasini mahkam siqimlab bo'g'ishga shaylandi. Meliboy mirob esa kuchli qo'llarga yopishdi-yu, nari surib tashlashga kuchi ham, jur'ati ham yetmadi. Siltash zarbidan bir necha marta ko'tarilib-ko'tarilib oldi xolos.

— Yuz ming so'm manavi qiltiriq bo'yningda turibdi, — davom etdi Tolib. — Xo'sh, kim uzadi? Katta xolangmi? Qachon? Qanday qilib? Bu qanchalik katta pul ekanini bilarmiding o'zi? Bilarmiding?

— M-men nima qilay-y? — deya siltana boshladi mirob Tolibning changalidan xalos bo'lishga yo'l qidirib. — Begonalar yoqib yuborishibdi. Hamqishlog'im bedarak yo'qolgan bo'lsa, o'zim it kunini ko'rdim o'rmonlarda. Sal bo'lmasa o'lib ketayozdim, inim!..

— O'lib ketganing ming marta yaxshiydi! — mirobning zorlanishiga e'tibor qilmay, tomog'idan mahkamroq bo'g'ardi Tolib. — Meni xonavayron qilmoqchi bo'ldingmi? Sen-a?..

— Xudo ursin shunday niyatim bo'lsa! Menga tuhmat qilma-ang! O'zim ham bir o'limdan qolib o'tiribman!

Shu gapidan so'ng Tolib mirobni qo'yib yubordi. Sal past tushgan kabi ortga tislandi.

— Xo'sh, unda o'sha o'rmondan qanday chiqib oldingiz-u, bu yergacha qay yo'l bilan yetib keldingiz? — alamli ohangda so'radi Tolib. — Samolyotda kelmagandirsiz har holda? Gapiring, kim sizni yo'lga solvordi? Kim?

Bandasining joni temirdan emas. Agar qiynoqlar, azob-uqubatlar davomsiz chang solaversa, paymonasi to'ladi, ko'zlariga yorug' dunyo ko'rinmay qoladi. O'limga chin dildan rozi bo'ladi. Tavakkal qiladi. Tanasini nimtalab tashlasalar-da, qaytmas, hayiqmas, bo'ysunmas darajaga yetadi…

Mirob ham bo'laricha bo'lgandi. O'rmondagi vahimali sarguzashtlar, o'lim sharpasi bilan g'oyibona olishish, har lahzada ajal tashrifini kutib yashashdan tamom bo'layozgani Tolibning qiynog'iga qo'shildi-yu, uni oyoqqa turg'azdi. Endi mirob zo'ravon nima qilmasin, ne ko'yga solmasin, baribir yuziga tik qarab haqiqatni anglashga qaror qildi.

Meliboy mirob ko'ziini chirt yumdi-da,, qaltiray-qaltiray, ortga tislandi.

— Oldin qizimni ko'rsating, — dedi asabiy shivirlab. — Mening qizim qani? Nima bo'ldi unga? Nega u ko'rinmayapti?

— Nima? — oldinga yurdi Tolib. — Hali men bilan shunaqa ohangda gaplashasanmi sen chol? Tiling chiqib qoldimi?

— Ha, qizimni salomat ko'rmagunimcha tinchimayman! Hech kim… Hech kimni ayab o'tirmayman! Hech kimdan qo'rqmayman!..

— Qo'rqmaysan? O', ja botir bo'p ketibdilar-ku bizning boboy! Barakalla!..

— Men… Men ezilim ketdim, inim, — beixtiyor yig'lab yubordi Meliboy mirob. — Bolajonimning nomusiga tekkanmishsiz! Uni badnom qilganmishsiz! Nahotki…

— Nima-a? Men-a? — Tolib kutilmagan xabarni eshitiboq, birdan xontaxta ustidagi pichoqni qo'liga oldi va mirobga yaqinlashdi. — Kim aytdi bu gapni sizga? Kim?

— Bahrom aytdi-i! — hanuz yig'idan o'zini tiyolmay javob berdi mirob. — Bahrom degan dushmaningiz borakan. O'sha tutvolib aytdi. Buyoqqayam Bahrom jo'natdi.

— Ha-a, gap buyoqda de-eng! — sovuq tirjayib mirobga qattiqroq tikildi Tolib. — Shunga ja qo'rs, dadil bo'p qolgan ekansiz-da-a? Aytdim, bizning boboy bunchalik shakkokmasiydi, yuvosh-mo'min odam qayoqdan bunaqangi cho'rtkesar bo'p qoldi deb! Bahrom bilan osh qatiq bo'libsiz-da! Qoyil! Qoyil!.. Menga qarang, men shunaqa pastkashga o'xshaymanmi? Kelib-kelib yetimcha bir qizga teginarkanmanmi? Men-a? Vey, teginaman desam, bilasizmi qanchasi kuniga yo'limni to'sadi?!. E, qizingizni tuzatib qishlog'iga eson-omon elttirib qo'yganimgami bu? Odammasakansiz-ku!.. Ko'rnamak!..

Tolibning jahl ustida kuyinib aytgan so'zlari mirobni sergak tortishga majbur etgandi. U ko'ngli bekorga g'ash torta qolmaganiga, yuragi bir maromda, xotirjam urib turmaganiga amin bo'la boshladi. Tolibning deyarli qasamga teng javobiga ishondi. Ishonishni istadi. Shu sababli hayajon, ehtiroslarni sira jilovlay olmay, kutilmaganda tiz cho'kdi.

Shu taxlit bir necha o'n soniya o'tirib qoldi. So'ngra boshini ko'tardi. Tolib hamon asabiy edi. Qo'lidagi sigaretni cho'zib-cho'zib tortar, ora-sirada mirobga alam aralash qarab qo'yardi.

— Kechiring! Men g'ofil bandani kechiring, inim! — deya yolvorishga tushdi mirob boshini polga tirab. — Omilik qilib qo'ydim! Tuz ichgan joyimga tupurdim! O'ldirmang, o'tinaman, o'ldirmang! Qizginam yetim bo'lib qolmasin!

— Turing-e, sadqai odam keting! — Tolib qo'l siltab nari ketdi. — Sizni o'ldirganning haqi ketadi. Turing dedim sizga!

Mirob inqillay-inqillay o'rnidan turdi. Qaddini tiklab olgach, kiyimlarini to'g'rilab, ikki qo'lini ko'ksiga qo'ygan ko'yi Tolibning so'nggi qarorini kuta boshladi.

Tolib esa qaror chiqarishga shoshilmasdi. U chuqur xo'rsina-xo'rsina divanga qayta cho'kib, archilgan olmani qo'liga oldi. Uni kaftlari orasida aylantirib, go'yoki asablarini tinchlantirgan bo'ldi. So'ngra boshini ko'tarib, qo'lini dasturxon chetiga artdi-da, mirobga yuzlandi.

— Xo'sh, nimalar dedi o'sha suyukli iningiz? — so'radi u istehzoli ohangda. — Toza osh-qatiq bo'lgandirsiz? Mehmonam qilgandir? Gapiring!

— Osh-qatiq bo'lish qayoqda? — tilga kirdi mirob qo'rqa-pisa. — O'ziyam turmadan qochib o'rmonda berkinib yurganakan. Yonida besh-olti chog'li sheriklariyam bor. Hammalari turma kiyimida. Qo'llarida miltiq. Sal qursa meniyam otib qo'yayozdi bachchag'arlar.

— Qochib yuribdi deysizmi? Turmadan-a?

— Ha, mana shu quloqlarim bilan eshitdim, inim. Qochib-pusib yuribdiykan.

— Siz uning Bahromligini qaerdan bila qoldingiz?

— O'zi aytdi. Yo'q, oldiniga meni «Dushmanimning elchisi» deb edi. Tushunmay qarab turdim. Keyin «Men Bahromman, o'sha yog'ochlarniyam biz yoqqanmiz. Lokigin bu bilan Tolib kambag'allashib qolmaydi» dedi.

— Shunaqa dedimi? Qarang-a! Ja xotirangiz zo'r ishlarkan-u-a, boboy? Shuncha gaplarni miyangizda saqlab qolibsiz-a vey!

— Ha endi… Inim…

— Siz uni qayirib tashlamadingizmi? «Nimaga Tolibga yomonlik qilding?» demadingizmi? Do'qlamadingizmi? Bizning tarafimizni olmadingizmi?

— Qo'rqdim-da! Naq belimga miltiq tirab olishgandi. Qimirlashgayam qo'yishmadi yaramaslar!

— Shu xolosmi? Urishib-urishib qo'yvoraverishdimi? Boshqa hech narsa deyishmadimi?

Bu savolni eshitib, Meliboy mirob ilkis orqaga o'girildi-da, hech kim yo'qligiga amin bo'lgach, belidagi belbog'ini yechib orasiga joylangan lattaga o'rog'lik shishachani chiqardi.

— Manavini berib yubordi, — dedi u qaltiray-qaltiray lattani ochib ichidagi dorini Tolibga ko'rsatdi. — Bu zaharmish, inim, zahar!

— Ie, qani, buyoqqa bering-chi!

Tolib shishachani ko'zdan kechirib, xontaxta ustiga qo'ydi.

— Buni nima maqsadda berdi? — so'radi u mirobdan tishlarini g'ijirlatib. — Nega opkeldingiz buni mening peshonamga?

Mirob beixtiyor kalovlandi. Aytmoqchi bo'lgan gapini tiliga ko'chira olmay, qisqa-qisqa yo'tala boshladi.

— E, gapirmaysizmi? — jerkib berdi uni Tolib. — Ayting, nima niyatda bu zaharni opkeldingiz?

— Sizni… O'-o'ldirishimni buyurishdi, — dedi mirob qattiqroq titrab. — Agar o'ldirmasam… Orqamdan poyloqchi qo'yarmish. Meni… Tiriklay go'rga tiqarmish!

— Vah, mana bunisi zo'r gap bo'ldi! — deya ikki qo'lini baland ko'tardi Tolib. — Demak, siz menikiga shunday niyatda kirib kelgan ekansiz-da? Xo'sh, nega qarab turibsiz? O'ldirmaysizmi? Duxingiz yetadimi o'zi?

Meliboy mirob qarshisidagi ko'zlari yona boshlagan Tolibga yalt etib qaradi-yu, birdan ortga tislandi.

— Sizni o'ldirishdan xudoning o'zi asrasin! — shivirladi zo'rg'a. — Men… Shunchaki… Dag'dag'asidan qo'rqib olvolgandim-da!

— Tulkisi-iz, tulki! — sovuqqonlik bilan so'z qotdi Tolib sal shashtidan tushgan kabi zo'rma zo'raki tirjayib. — Kerak bo'lsa, tulkining enasiga dars berasiz, ha! Vodiyliksiz-da nima bo'lgandayam! Sersalomsiz, dog'ulisiz, hiylagar, ayyorsiz!.. Dag'dag'asidan qo'rqqanmish! Men-chi? Meni o'ylamadingizmi? Demak, shu yerga kelib o'sha it emgan tag'in dag'dag'a qilsa, menga tig' tortishdanam tiyilmas ekansiz-da-a? Shundaymi, boboy?

— Yo'q, yo'q, qasam! Xudo ursin! Non ursin! — hovliqib qasam icha ketdi mirob. — Men… Hech qachon…

— Shunaqami? — unga ayyorona tikilib qaradi Tolib. — Yaxshi-i, ko'ramiz unda! Qani, shu qasamingizda tura olarmikansiz?!. Endi-chi, boboy, munday qilamiz!.. Mayli, bo'lar ishlar bo'lib o'tdi, ketgan molni qaytarib bo'lmaydi. Qolaversa, menam ahmoqmasman. Hali o'sha yog'ochlarni o'n baravar qilib qaytarvolaman. Xullas, hozir ichkariga o'tamiz, qittay-qittay qiling, og'aynilar bilan tanishing! Har holda mening mehrimni qozongan odamsiz. Yo'qsa, siz bilan pachakilashib, o'ralashib yurmasdim. Xullas, o'tirasiz, dam olasiz, isstirohat qilasiz. Keyin zo'r ish bor sizga! Uni ertaga aytaman. Ma'qulmi?

— Ma'qul, ma'qul, — shosha-pisha javob qildi mirob birdan yengil tortib. — Siz nima desangiz shu! Umrimning oxirigacha sizga qulday xizmat qilaman, ha, ishoning!

— Ko'ramiz, — deb qo'ydi Tolib aftiini bujmaytirib. — Yuring endi, qo'rqmang, yeb qo'ymayman! Yesam boya kirib kelganingizdayoq masalangiz hal bo'lardi. Tez bo'ling!

Mirob itoat bilan Tolibning oldiga tushgancha mehmonlar o'tirgan xonaga zipilladi.

 

* * *

 

Tongga yaqin Tolibning mehmonlari tarqadi. Mirob ham ularga qo'shilib picha ichgandi. Ichkilik oradan birmuncha vaqt o'tib negadir ko'nglini behuzur qildi. Uy egasi bergan dorini ichdi-yu, o'ringa cho'zildi. Shu zahoti tanasiga qadrdon va suyukli iliq taft yugurib, joni orom topdi. Yotgan yerida ishonqiramay tez-tez boshini ko'tarib tashqariga quloq tutaverdi. «Ishqilib, Tolib aldamagan, chalg'itmagan bo'lsin! Ko'zim ilinsa-yu, o'ch olish ilinjida kirib bo'g'izlab tashlasa-ya?!.» degan xayol hadeganda tinchlik bera qolmadi. Qalbi esa sokin edi. Shaytoniy xayollarni yo'qqa chiqarib, Meliboy mirobning vujudiga xotirjamlik hadya etdi. Miyasidan yomon, bo'lmag'ur xayollarni aritdi.

«Iloyim, shularning bari rost bo'lsin, — ko'nglidan o'tkazdi mirob oqarishib kelayotgan tongni chalqancha yotgan ko'yi tek kuzatarkan. — Haqiqatan xudoga aytganim borakan. Yana panohiga oldi. Kallakesarning g'azabidan asradi. Unga insof ato etdi. Iloyim oxirigacha shunday bo'lsin!.. Qiziq, tag'in nima ish buyurarkin Tolib? Go'r kovlatarmikan? Bu safar kimning boshiga yetdiykin bu xonasalot?.. Umuman, nega meni haydavormaydi o'zi? Yoshi o'tayozgan ibr odam bo'lsam. Nima zaril ekan bu yigitga? Boshqa qiladigan ishi yo'qmi nima balo? Qaydam, bir baloni o'ylagandir-da!..»

Shunday o'ylar iskanjasida ko'zi ilinibdi.

Kimningdir turtkisidan uyg'onib ketdi.

Tolibning o'zi ekan. Mirob hayron bo'ldi. Ilgarilari u mirob uxlayotgan xonaga kirib o'tirmas, yo o'tirgan yerida qichqirib chorlar, yo shataklaridan kimnidir buyurardi. Nima bo'ldi ekan? Tinchlikmikan? Yo yugurdaklari arazlab ketib qolishdimikan?

Ayni lahzalarda bu kabi xayollarga berilib o'tirishga fursat yo'q edi. Mirob shosha-pisha o'rnidan turdi-da, xuddi askar kabi Tolibning qarshisida qaddini g'oz tutib quloqlarini ding qildi.

— Bundan buyon sizga ilgarigidek muruvvat ko'rsatilmaydi, — dedi Tolib qovoq uyib. — Bilasizmi nega?

— Y-yo'q, bilmadim, — javob qildi mirob tutilib. — Harqalay…

— Chunki siz dushmanning tuzini totib qo'ydingiz. Buning badalini to'lamaguningizcha mening huzurimda haddingizni bilib yashashingizga to'g'ri keladi. Ya'ni, har bir qadamingiz kuzatuvda bo'ladi, yeydigan noningizni oqlash uchun biz buyurgan ishni bajarasiz. Agar xohlamasangiz, o'zingiz bilasiz. Boshqacharoq yo'l tutish ham qo'limdan keladi. Xo'sh, rozimisiz?

— Siz nima desangiz shu, inim, — dedi mirob. — Har qanaqangi ishni qilib ketaveraman. Faqat bir iltimosim boridi. Agar… Aybga buyurmasangiz, urishmasangiz, aytsam.

— Ayting! Nimaydi?

— Qizimni… Juda sog'ingandim. Shunga…

— Buyog'idan xavotir olmang. Men aytmoqchi bo'lgan ishni do'ndiring, jo'natamiz qizingizning oldiga. Tushuntira oldimmi?

— Xo'p, xo'p, xudo xayringizni bersin! Buyuravering, buyuravering!

Tolib yer ostidan mirobga qarab tirjaydi-da, kissasidan o'zi bergan shishachani chiqardi.

— Mana shuni zahar debmidingiz? — so'radi u jiddiylashib. — To'g'ri topdimmi? Yo noto'g'ri eshitganmidim?

— T-to'g'ri, zahar degandim.

— Qaerdan bilasiz buning zaharligini?

— B-Bahrom aytib edi, Bahrom.

— Shunaqami? U qaerdan bilibdi?

— Unisidan xabarim yo'g'idi.

— Demak, uyam bilmasligi mumkin. Nimayam qilardim? Bilasizmi, juda qiziqib ketyapman. Qanaqangi zaharni atagan ekan menga deb toqatim toq bo'lyapti. Boboy, shu zaharni o'zingiz sinovdan o'tkazib berasiz.

— N-nima? — mirobning da'fatan rangi bo'zardi. — Q-qanday qilib?

— Ie, meni qanaqa yo'l bilan o'ldirmoqchiydingiz? Aytganmidi o'sha zahar bergan?

— H-ha… Choygami, ichkilikkami solib qo'yishimni tayinlagandi qizig'ar.

— O', unda sizam choyga solasiz-da, ichib ko'rasiz. Agar…

— O'-o'lib qolaman-ku! — javdiray-javdiray ortga tislana boshladi mirob. — Axir…

— Xa-xa-xa-xa-xa-a-a-a!!!

Tolib mirobning so'nggi gapini eshitib qotib-qotib kuldi. Biroq tezda o'zini bosib qaytadan gap boshladi.

— Qo'rqmang, hazillashdim, — dedi mirobning yelkasiga qoqib. — Sizni bir tekshirib ko'rdim-da, boboy!.. Bu narsaning nimaligini o'zim ham yaxshi bilaman. Qo'rqmang! Buni-chi, boshqa bir odamga ichiramiz. Shuni aytmoqchiydim.

— Kimga? Tanishmi?

— Shaxsan sizga tanishmas. U ayol kishi. Bahromning suyukli xotini. Hozir bannisada o'sal yotibdi. O'shanga ichirib kelasiz. Dushmandan xuddi shunday yo'l bilan o'ch olamiz. Tushundingizmi yo yana qaytaraymi?

— Haligi… Q-qo'lga tushib qolsam-chi?

— Buyog'i sizning muammongiz. Ehtiyot shart yoningizga yigitlardan birovini qo'shib beraman. Ammo u ichkariga kirmaydi. Nima deysiz, ayolga o'zingizni qanday tanishtirasiz, qanaqa yo'l topasiz, bu sizning ishingiz. O'ylang, kallani ishlating. Aks holda…

Mirob gapning indallosini eshitishga toqat qila olmadi. Shoshib Tolibning so'zini kesdi.

— Bo'ldi, inim, tushundim, tushundim. Aytganingizday qilaman!..

Shunday deyishga dedi-yu, ammo ichidan zil ketdi. Sababi, u umri bino bo'lib odam bolasini o'z qo'llari bilan o'ldirib ko'rmagan. Bunday ishga qo'l urishini tasavvur ham eta olmasdi.

 

* * *

 

Meliboy mirob qiziga shikast yetmagani, nomusi toptalmaganiga allaqachon amin bo'lgandi. Buni Tolibning ko'z qarashlari aytib turardi. Ana endi agar shunga qadar intiqom mirobdek yuvosh, beozor, kamsuqum odamni qotillikka qo'l urishga undagan, bu chirkin, kir ishni bemalol uddalashiga qattiq ishongan bo'lsa-da, qalbi xotirjam tortib, ruhan yengillashgach, yuragini vahm bosdi. Birovga dori berib, uning o'lishini tomosha qilishini qayta-qayta tasavvur etdi-yu, qalban tipirchilab qoldi. Peshonasini halitdan sovuq ter bosib, ikki o't orasida qolgan banda kabi garangsiy boshladi. Tahlika iskanjasida ekaniga qaramay, qanday bo'lmasin, bir bahona topishi, Tolibni chalg'itishi, bu ishni yo'qqa chiqarishi lozimligini payqadi. Ammo qanday qilib? Tolib allaqachon dushmanning zavjasini yo'q qilish harakatiga tushib bo'ldi. O'z niyatini amalga oshirish, xumordan chiqish uchun mirobni qotillikka undamoqda. Mayliydi, agar o'lajak Bahromning o'zi bo'lsa alam qilmasdi. Axir, u ojiza ayol-ku! O'sal yotgan bir begunoh ayolni qaysi vijdon bilan o'ldiradi? Mana shu qo'llari bilan-a? Aslo! Bundan ko'ra, mirobning o'zi o'lib ketgani durust. Shunda tinch bo'ladi, sof vijdon bilan jon taslim qiladi. U dunyoga yorug' yuz bilan boradi. Mirob o'zicha sal ayyorlik qilishni ma'qul ko'rdi.

— Inim, — nihoyat ikkilana-ikkilana tilga kirdi mirob. — Bahrom aytgandiki, shotirlari meni izma-iz kuzatib yurarmish. Ularga sizni o'ldirganimni isbot qilib berishim lozim ekan. Aks holda…

— Shunaqa deng? — mirobga ayyorona boqdi Tolib. — Qo'rqyapsizmi? Halitdan vahimaga tushib qoldingizmi?

— Gap undamas-ku, — dedi mirob hayiqqannamo Tolibga qarab qo'yarkan. — Baribir ular dushmanimiz-da!

— Gapingizda jon bor, boboy! Dushmanni yo'q qilish uchun birinchi navbatda nima qilish kerak? Bilasizmi?

— Bilmasam, — yelka qisdi mirob. — Bunaqa ishlarga manavi xomkalla yetmasa.

— Chalg'itish kerak, boboy, chalg'itish.

— Chalg'itish deysizmi? Qanday qilib? Men… Shahar ko'chalarini yaxshi bilmasam. Ular bo'lsa…

Tolib Meliboy mirobning soddalarcha bergan javobini eshitib qota-qota kuldi. Lekin darrov jiddiy tortib mushtlarini tuggancha fikrlay boshladi.

— Ha, munday qilamiz, — dedi u to'satdan qarshisidagi stolni bir mushtlab. — Siz meni o'ldirishingiz kerak.

— Yo'g'-e, xudo asrasin! — deb yubordi mirob qo'rqa-pisa ortga tislanib. — Sizday odamni o'ldirish… Yo'-o'q, men unday qila olmayman. Axir…

— E, qanaqa odamsiz o'zi? — mirobni jerkib berdi Tolib. — O'lguday ovsarsiz-a vey! Men bog'dan kelsam, siz tog'dan kelasiz. Eshiting-da munday gapni oxirigacha!

— Xo'p, xo'p, xo'p, inim, — aybdorona bosh egdi mirob. — Q-qo'rqib ketdim-da!

— Armiyada xizmat qilganmisiz o'zi? Sizdan so'rayapman!

— Ha, inim, girmonda xizmat qilganman, girmonda!

— Jangga kirgan askar qo'rqmasligi, botir va dovyurak bo'lishi kerakligini uqtirishganmidi kamandirlaringiz?

— Uqtirishgan, uqtirishgan.

— Unda nega ishtonini ho'l qilgan boladay qaltirab qoldingiz? Biz jang maydonidamiz. Sizga o'xshaganlar qo'rqib qochaversa, dushman hammamizni yer tishlatib ketadi-ku! Yo noto'g'ri gapirdimmi?

— Juda to'g'ri! — dedi mirob hamon yer chizib. — Bilmay… Haligiday…

— Biling, biling! Hammasini bilishingiz shart! Ilgariyam aytganman, o'zimga qolsa, sizdaqa cholni ortimdan dumday ergashtirib yurishga sira toqatim yo'q. Nima qilayki, majburman! Shunday bo'lgandan keyin men suvga o'zimni otsam, otasiz, chiqsam, chiqasiz. Uqdingizmi, boboy?

— Uqdim, tushundim! Aytavering, inim, aytavering!

— Biz zo'r yo'l qilamiz, — davom etdi Tolib. — Shunday yo'l topamizki, dushman g'aflatda qoladi. Judayam ayyorona yo'l tutamiz.

— Xo'p, siz nima desangiz, men tayyorman! Nima qilay?

— Ayol masalasini keyinga surib turamiz. Siz ertaga barvaqt ko'chaga chiqasiz. Hushyorlik bilan orqa-oldingizni kuzatasiz. Agar rostdanam Bahrom ortingizdan odam qo'ygan bo'lsa, ko'rasiz o'shani. Hozircha shuni aniqlang, qolganini keyin gaplashamiz!

— Bo'pti, xuddi shunday qilaman. Ertagayoq vaqtli ko'chaga chiqaman.

— Endi boring, damingizni oling! Shu ish bitsin, ana undan keyin qishlog'ingizga jo'nataman. Qizingizdan xabar olib kelasiz.

— Umringiz ziyoda bo'lsin! U dunyoi bu dunyo kamlik ko'rmang!

— Boring, hammayoq duoga to'lib ketdi! Sal chakagingiz tinsin! Xonangizga kiring!

Meliboy mirob Tolibning so'nggi zardali va kinoyali so'zlari alam qilsa-da, ilojsiz tishni tishga bosdi-yu, xayolan qarg'anib, pildiragancha o'zi uchun ajratilgan xonaga yo'l oldi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here